Yigirma yillik tarixga ega “Zakovat” o‘yinlari g‘oliblari taqdirlandi

Saqlash
09:10 / 13.10.2021 1689 0

Kecha Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Bukhara Desert Oasis” turizm maskanida “Zakovat” intellektual o‘yinining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Finalda Xorazm va Navoiy viloyati jamoalari bahsga kirishdi. Yakunda xorazmlik o‘yinchilar g‘olib bo‘ldi.

Tadbir so‘ngida Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlarkan, finalni Buxoroda o‘tayotganiga alohida urg‘u berdi. Bu zamindan Imom Buxoriy, Ibn Sino, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Muhammad Narshaxiy, Abdurauf Fitrat kabi ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqanini qayd etib, bugungi yoshlar ularga munosib voris bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Bu yil “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etilganiga 20 yil to‘ldi. Prezident bilimdon yoshlarga sharoit yaratish uchun ko‘plab tashabbuslarni bildirdi. Avvalo, mamlakatimiz yoshlaridagi ilmga intilish va intellektual salohiyatni inobatga olib, “Zakovat” o‘yinlari ommaviy ma’rifiy harakatga aylantiriladi.

Harakatni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun har yili 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Har bir maktab, har bir oliygohda “Zakovat” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Gʻoliblar uchun “Zakovat” stipendiyasi joriy qilinadi. Toshkentda alohida bino va Intellektual o‘yinlar shaharchasi barpo etiladi. Viloyatlarda esa “Intellektual parklar”, Bo‘stonliq tumanidagi Yoshlar oromgohida “Intellektual maktab” tashkil qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘sha yerning o‘zida “Zakovat” intellektual o‘yini faol ishtirokchilaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Quyidagilar o‘zining yuqori intellektual salohiyati, iqtidor va izlanuvchanligi, tashabbuskorligi va yetakchiligi bilan yoshlarni chuqur bilim olishga, ilm-fan sirlarini egallashga undab kelayotgani, ular o‘rtasida sog‘lom ilmiy-ma’rifiy raqobat muhitini shakllantirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish va rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lgan barkamol avlodni voyaga yetkazishda farzandlarimizga alohida o‘rnak va namuna bo‘layotgani, «Zakovat» intellektual klubining qizg‘in va murosasiz bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgani hamda professional bilimdonlar safini kengaytirishga katta hissa qo‘shayotgani uchun” taqdirlandi:

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni bilan

Abdullayev Abdurasul Muminovich – «Zakovat» intellektual klubi» nodavlat notijorat tashkiloti direktori

«Kelajak bunyodkori» medali bilan

Jumanov Behzod Tursunbayevich – Gurlan tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi, Xorazm viloyati

Xodjayev Navruz Azamatovich – Urganch shahridagi yakka tartibdagi tadbirkor, Xorazm viloyati

Xodjayev Feruzbek Kaxramon o‘g‘li – «Ishonch» do‘konlar tarmog‘ining Xiva filiali boshqaruvchisi, Xorazm viloyati

«Shuhrat» medali bilan

Matkarimov Azamat Xurmatovich – Xiva shahridagi Prezident maktabining informatika fani o‘qituvchisi, Xorazm viloyati

Tajiyev Jamoladdin Nurlayevich – Xiva shahridagi yakka tartibdagi tadbirkor, Xorazm viloyati

Hasanov Shodlik Bekpo‘latovich – Xorazm Ma’mun akademiyasi raisining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Xorazm viloyati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//