Yahudiy bolalarni o‘limdan asrab qolgan kartoshkachi


Saqlash
15:11 / 28.11.2023 0 2355

Inson vijdonining kuchi shunchalik ulug‘vorki, hech qachon unga nisbatan uzil-kesil ishonchni yo‘qotmaslik kerak. Yaqinda tanish bir yozuvchi menga juda hayratlanarli voqeani hikoya qilib berdi.

 

Bu yozuvchi Riga shahrida o‘sib-ulg‘aygan va latish tilini yaxshi bilardi.  Urushdan keyingi yillarda ittifoqo elektropoyezdda ketar ekan uning qarshisiga keksayib qolgan, tund basharali latish o‘tirib qoladi. U bilan suhbatimiz qanday boshlanganligini eslay olmayman, ammo u so‘zlab bergan voqeani unuta olmayman, dedi yozuvchi.

 

– Men Rigaga tutash bir manzilda yashayman, – deb gap boshladi qariya.   Urush boshlanishidan biroz avval qo‘shni uyga bir odam kelib joylashdi. U juda yomon edi. Aytish mumkinki, unda na or-nomus, na uyat bor edi – bir so‘z bilan aytganda yaramas bir kimsa edi. U chayqovchilik bilan shug‘ullanardi. O‘zingiz yaxshi bilasizki, bunday odamlarda qalb ham, oriyat ham bo‘lmaydi. Ayrimlar chayqovchilikni shunchaki boylik orttirishning yo‘li deb bilishadi. Biroq nima hisobiga? Odamlarning kulfati, bolalarning ko‘z yoshi va ayrim hollarda bizning ochko‘zligimiz hisobiga-da. U xotini bilan birgalikda chayqovchilik qilardi. Lo‘p etdi-yu, Rigani nemislar egallab olishdi. Bir qismini o‘ldirish va yana bir qismini ochlikdan tiriklayin go‘rga tiqish uchun barcha yahudiylarni “getto”ga qamashdi. “Getto” hamma tomondan qurshab olingandi, bu yerdan, hatto, mushuk ham chiqa olmasdi. Yahudiylar, ayniqsa, ularning yuzlab bolalari har kuni o‘lardi. Ana shunday sharoitda chayqovchi qo‘shnimning kallasiga bir fikr kelib qoldi: qopga solingan kartoshkani aravaga joylab, qo‘riqchi nemis askarining “qo‘liga bir nima berib” “getto”ga kiradi va ochlikdan sillasi qurigan yahudiylarning oltin taqinchoqlariga kartoshkani almashtiradi!

 

“Getto”dagi yahudiylar qo‘lida hali oltin buyumlar bor degan gaplar yurardi. U  “getto”ga yo‘l olishdan avval ko‘chada menga duch keldi va shunday dedi:

 

– Men kartoshkani tilla taqinchoqlarga faqat bolasi bor ayollar bilan almashaman.

 

– Nega, bunday qilasan? – deb so‘radim

 

– Chunki ayollar bolasi uchun hamma narsadan voz kechishga tayyor turishadi, men ularning xuddi shu ojizliklaridan uch hissa ko‘p mablag‘ ishlab olaman.

 

Men jim bo‘lib qoldim. Ammo bu sukutim menga qimmatga tushdi. Ko‘rayapsizmi? Latish og‘zidan trubkasini oldi va tishlarini ko‘rsatdi – bir nechta tishi yo‘q edi.

 

– Men jim bo‘lish va o‘zimni bosish uchun trubkamni tishlarim orasiga olib shunchalik qattiq tishlabmanki, ikkita tishim sinib tushgan ekan. Bunday paytlar odamning miyasiga qon qo‘yiladi, deyishadi. Bilmadim. O‘sha paytda boshimga emas bilaklarim va qo‘llarimga qon qo‘yildi. Ular shu qadar og‘irlashib ketdiki, go‘yoki qo‘llarimga qo‘rg‘oshin qo‘yilgandek bo‘ldi. Mabodo u lip etib jo‘nab qolmaganida edi, bir zarba bilan o‘ldirib qo‘yishim hech gap emasdi.

 

Bu manfur kimsa tunda qoplarni kartoshka bilan to‘ldirib, aravaga yuklab Rigadagi “getto”ga yo‘l oladi. Soqchi  to‘xtatаdi. Bilasizki, ablahlar bir-birini bir qarashdayoq tanishadi. U pora berganda soqchi: “o‘taver, ammo ahmoq ekansan, ularning och qorinlaridan boshqa hech vaqosi qolmagan. Chirigan kartoshkangni qaytarib olib ketasan. Ishonmasang, kel, garov o‘ynaymiz”, deydi

 

“Getto”dagi bir uyning katta hovlisiga kirib kelganda uning kartoshka yuklangan aravasini ayollar va bolalalar o‘rab olishadi. U birinchi qopni aravadan tushirishini jim kuzatib turishadi. Qo‘lida allaqachon o‘lib qolgan o‘g‘lini ko‘tarib olgan ayol oynasi darz ketgan tilla soatini tutadi. “Aqlingdan ozdingmi! – deb baqirib yuboradi chayqovchi. – Bolang o‘lgan bo‘lsa, senga kartoshka nimaga kerak? Chetga chiqib tur!”

 

Keyin uning o‘zi aytib bergandi, – o‘shanda u bilan nima hodisa sodir bo‘lganligini bilmay qoladi. U darhol qoplardan kartoshakani yerga to‘ka boshlaydi. “Qani tez bo‘ling, – ayollarga qichqiradi u. – Bolalarni olib keling. Men ularni bu yerdan olib chiqaman. Faqat qop ichida jim turishsa bas. Tez bo‘ling!”  Onalar shosha-pisha bolalarini qop ichiga tiqa boshlashadi. Vaqt shunday tig‘iz kelib qolgandiki, bu ayollar bolalarini qayta ko‘rmasliklarini bilib turishsa-da, hatto, ularni peshonasidan o‘pishga ham ulgurishmadi. Aravaning yon qismlariga bir-ikkita kartoshkali qoplarni terib qo‘yib, otlariga qamchi bosadi chayqovchi. Onalar unsiz yig‘lab aravaning kir-chir g‘ildiraklarini o‘pib, bolalari bilan xayrlashadilar. U bolalardan birortasi qop ichida yig‘lab qolishidan cho‘chirdi. Shukrki, bolalar jim qotdi. Tanish soqchi unga uzoqda baqiradi: “Xo‘sh, senga ahmoqsan deb aytmabmidim? Qani, leytenant kelmasidan tezroq tuyog‘ingni shiqqillatib qolchi”.

 

U soqchi yonidan o‘tar ekan bu qashshoq yahudiylar va ularning bolalarini bo‘ralatib so‘kadi.

 

U uyiga ham kirmasdan aylanma yo‘llar bilan o‘rmonda joylashgan partizanlar qo‘nalg‘asiga kelib, bolalarni ularga topshiradi. Partizanlar esa o‘limdan qutilib qolgan go‘daklarni ishonchli joyga yashirib, ularning hayotini saqlab qoladi.

 

Chayqovchi uyiga kelib xotiniga kartoshkani nemislar olib qo‘ydi, o‘zimni esa ikki sutka hibsda ushlab turishdi, deb yolg‘on to‘qiydi. Urushdan keyin esa xotini bilan ajrashib, Rigadan jo‘nab ketdi.

 

Keksa latish jim bo‘lib qoldi.

 

– Endilikda o‘shanda o‘zimni bosa olmay, unga musht tushirib o‘ldirib qo‘ysam, nima bo‘lardi? deb o‘ylab qolaman, – dedi ilk bora kulimsirab qariya.  – Mabodo shunday qilganimda o‘ta yomon ish qilib qo‘ygan bo‘lardim – chayqovchining dilida diyonat uyg‘onmasdan bu yorug‘ olamni tark etardi va eng dahshatlisi, bolalar ochlikdan, azob-uqubatdan o‘lib ketardi.

 

Konstantin PAUSTOVSKIYning

“Diyonatning uyg‘onishi” hikoyasi

 

Jaloliddin SAFOYEV tarjimasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

14:07 / 11.07.2024 0 343
“Oqshom”mi, “ag‘sham”?

Bilasizmi?

18:06 / 25.06.2024 0 455
Mashrabning “o‘rtar”i

Bir kuni...

17:06 / 24.06.2024 0 416
Ajina ismli qiz



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 210071
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 99390
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 24701
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 24192
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 18105
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 17135
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 16227
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 14460
Ommaviy madaniyat

//