Bir maymun olmasak bo‘lmaydi-yov...


Saqlash
10:02 / 27.02.2023 0 1392

Adabiyot – bir o‘yin, o‘yinda yig‘lagan kal bo‘ladi...

 

Xivalik iste’dodli shoir Otabek Ismoilov ustoz Matnazar Abdulhakim haqida shunday eslagan edi:

 

“Endi she’rlar mashq qila boshlaganingda kimdandir rag‘bat kutishing bor gap. Kimningdir yozganlaring haqida aytgan iliq fikri, so‘zidan ilhomlanib bir daftar she’r yozib tashlashing ham hech gapmas. Lekin bu she’rlar adabiyot tarozisiga tortilganida qancha tosh bosishi asarning umrini belgilaydi.

 

Bir kuni jiddiy davralarning birida she’rlarimni rosa tanqid qilishdi. To‘g‘ri, quruq maqtovdan adolatli tanqid yaxshi-yu, ammo tanqid ko‘nglingga tegadi-da baribir. Xullas, she’r o‘qishdan oldingi mamnun yuzim zum o‘tmay mahzun tortdi.

 

Uyga qaytgach o‘z ustimda hali ko‘p ishlashim kerakligi haqida o‘yladim. Oradan biroz vaqt o‘tib davradagi ahvolimga guvoh bo‘lgan Matnazar ustozdan xat oldim. Sevinchim ichimga sig‘mas, chunki ustozdan birinchi marta maktub kelishi edi.

 

Ochdim-u o‘qiy boshladim: “Otabek, siz ijoddan to‘xtamang. Adabiyot – bir o‘yin, o‘yinda yig‘lagan kal bo‘ladi, deyishadi...” Matnazar ustozning hazil aralash bu daldasidan o‘zimga xulosa yasadim”.

 

Bir maymun olmasak bo‘lmaydi-yov...

 

Vohalik qiziqchi-shoir Oybek Tillo shunday bir qiziq voqeani aytib bergandi:

 

“Bir bayram arafasida ustoz Matnazar Abdulhakim bilan shahardagi maktablardan biriga tadbir uchun bordik. Maktabga sirk kelgan ekan. Ancha payt eshik oldida kimdir bizni kutib olarmikan, deb turdik.

 

Biror odam oldimizga kelib, kimsiz, nima ishingiz bor, deb so‘ramadi. Hamma maktabning sport zalida sirk tomoshasi bilan mashg‘ul edi. Sirkchilar maymun olib kelishgan, barchaning ko‘zi u yoqdan bu yoqqa tinmay borib kelayotgan, qo‘lga o‘rgatilgan maymunda edi. Yarim soatlar kutgach, nailoj, dedik-da ortga qaytdik.

 

Qaytayotganimizda Matnazar og‘a menga yuzlanib: “Oybek, endi keyingi boradigan tadbirlarimiz uchun yonimizga bir maymun olmasak bo‘lmaydi-yov”, dedi. Qotib-qotib kulibman. Ustozning bu kinoya gapi tagida qanchalik achchiq haqiqat yotganini keyinchalik anglab yetganman...”

 

Burda non

 

Shoir Elnur Niyozmuhammad Matnazar Abdulhakim bilan bog‘liq bir voqeani so‘zlab berdi:

 

“Matnazar Abdulhakim hamisha “So‘z – amal demak”, der va o‘zi ham shunga amal qilardi. Ustoz ijodda ham, hayotda ham halol inson edi. Bir kuni mashqlarim jamlangan daftarni ko‘tarib, ming hadik bilan bir ko‘z tashlaysizmi, deganday yoniga olib bordim. Matnazar og‘a she’rlarimni shu ondayoq o‘qishga kirishdi. 

 

Bir mahal bosh chayqab:

 

– Mana bu satringizning o‘zi bir she’r, – dedi. – Mana. “Naqadar shirinsan bir burda nonim.” To‘g‘ri yozibsiz! Non ikki bo‘lsa, hech qachon shirin bo‘lmaydi...

 

Matnazar Abdulhakim qo‘liga qalam olgan har qanday insondan birinchi navbatda halollik, to‘g‘rilik, so‘z va amal birligini kutib yashagan shoir edi”.

 

Ustozning o‘tkir nigohi...

 

Matnazar Abdulhakimning 70 yillik yubileyi arafasi edi. Bir tadbirni yakunlab, uyga qaytamiz, deb tursak ustoz shoir Mahmud Rajab qistovga soldi: “Muzaffar (Matnazar Abdulhakimning katta o‘g‘li) uyda osh damlatib qo‘yibdi, bormasak uyat bo‘lar...”

 

Yosh shoirlar Otabek Odil, Zumrad Daryo, Otabek Safar, Shohrux Najot va kaminadan iborat kichik guruh  yo‘lga otlandik. Matnazar Abdulhakim yashab ijod etgan uyga kirar ekanmiz, xonadon to‘rida osig‘liq turgan suratga ko‘zimiz tushdi. Suratda o‘tkir nigohli, o‘ychan Matnazar Abdulhakim bizga qarab turardi.

 

Ustozlar bilan yuqori qavatga ko‘tarildik, gurung ham qizigandan qizidi. Matnazar og‘aning xotiralari bilan boshlangan suhbat mushoiraga ulandi. Uyga qaytadigan payt ham yaqinlashdi, yoshlar hammamiz tonggacha mushoira qilamiz, deb kelishgandik. Ko‘chaga chiqqan payti Mahmud aka: “Bu yerda bir o‘zim qolmay. Shohrux, balki, sen qolarsan?!” dedi. Shohruh Najot shoirning suhbatini sog‘ingan ekanmi, darhol rozi bo‘ldi va biz bilan xayrlashdi.

 

Qolganlar birga uyga qaytdik. Ertasiga ham mushoiralar, badiiy kechalarda birga qatnashdik. Oxirgi tadbirni yakunlab, peshin uyga qaytarkanmiz Shohrux miyig‘ida kulib so‘z boshladi: “Kecha sizlar bilan qaytolmadim, uzr, bir xayolim qaytmoqchi bo‘ldim, ammo ichkariga kiraverishda “qaytaman” deb oxirgi marta ahd qildimu, birdan devordagi Matnazar ustozning suratiga, uning o‘tkir nigohiga ko‘zim tushdi. Darrov qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, “Bo‘ldi ustoz, bo‘ldi, qolaman”, deb yuboribman”.

 

Rahmat BOBOJON

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

19:05 / 13.05.2024 0 313
“Amudaryo”ning ma’nosi nima? “Jayxun”ning-chi?

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 1 371
Omad yosh tanlamaydi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 206081
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96560
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22863
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 22210
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16832
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16087
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 14457
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 12576
Ommaviy madaniyat