O‘z uyida xalq kutubxonasi tashkil qilgan millat ziyolisi


Saqlash
12:09 / 13.09.2021 1161 0

Ehtiyoj kishini harakatga keltiradi. Bizningcha, Isʼhoqxon to‘raning matbaachilikka azm aylashi zamirida ham shu ichki kuch yotadi. Avvalo, o‘zida odamlarning ma’naviy dunyosini ilmu ma’rifat nuri bilan yoritish istagi azaldan tug‘yonli edi. U qo‘lyozma kitobatchilik davri oxirlayotganini zukkolik bilan anglab yetoldi. Yetuk xattotlarning kamligi, bori ham ming urinmasin, yiliga o‘ntacha kitobni ko‘chirish imkoniyatiga egaligi, bu ham aqliy, ham jismoniy qo‘shaloq ishning sust maromi tezob zamon talablariga javob berolmasligini o‘z vaqtida payqadi. Ayniqsa, mahallada yangicha maktab ochganida bolalarga kitoblar berolmagandi, o‘zi yozgan qo‘lyozma asari esa Toshkent chopmaxonalarida (“Lug‘ati sittati alsina”, 1898-yili tayyor bo‘lgan) 1901-yilning oxiridagina bosilgandi. Qanday ishga jazm aylasa, albatta, o‘shani uddalamaguncha harakatdan to‘xtamaydigan fe’li Ibratni Namangan matbaachiligiga tamal toshi qo‘yishiga olib keldi.               

Tarix fanlari nomzodi Aziz Boboxonovning “Asrdan oshgan ziyo maskanlari” kitobidagi fikrlar juda asosli va dalillarga boy. Isʼhoqxon Junaydullayev “Lug‘ati sittati alsina” nashridan keyin kitob nashri shaydosi bo‘lib qoladi. U nashr ishlarini zimdan o‘rganib yurib, bosmaxona anjomlarini qo‘lga kiritishdan oldin ularning qaysi usuli va turini qishloq sharoitida ishlatish osonroq ko‘chishini chamalab ko‘rgandan so‘ng, Turkiston general-gubernatori mahkamasiga litografiya, ya’ni toshbosma ochish uchun iltimosnoma yozadi. Biroq Sankt-Peterburgdan ruxsatnoma kelmaydi. Shunga qaramay, o‘zbek ziyolisi shoir Ibrat o‘zining navbatdagi asarini katta umid bilan nashrga tayyorlab boradi va asarning nashriga ruxsatnoma olish uchun kitob qo‘lyozmasini Sankt-Peterburg senzorining Bosh boshqarmasiga yo‘llaydi. Isʼhoqxon Junaydullayev tavakkal qilib, bosmaxona ochishga ruxsat olmasdan turib, 1907-yili Orenburgdan litografiya uskunalarini katta mablag‘ va mashaqqatlar evaziga oldin Qo‘qonga poyezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga  tuyalarda yetkazadi. 1908-yilda o‘zi qurdirgan hammomi o‘rnida toshbosma matbaa tashkil qiladi va uni “Matbaai Is’hoqiya” nomi bilan 1909-yili “Ruxsatnoma olgan yildan ilgari, ya’ni Sankt-Peterburgning Bosh boshqarmasi senzori tomonidan 1908-yil bosishga ruxsat berilgan kitob - “San’ati Ibrat qalami Mirrajab Bandiy”ni chop etishdan o‘z faoliyatini boshladi”.       

Ibratning o‘zi bu haqda “Tarixi chopxona” g‘azalida quyidagilarni bitgan:

Ming uch yuzu yigirma oltida chopmaxona

Ochmoqg‘a bo‘ldi ruxsat va so‘z berib zamona.

Maqsad bu ishdan erdi olamg‘a ilm qasri,

Ham qo‘ymoqg‘a asarlar yodovari jahona.

Bizdin keyingilar ko‘p ilmu hunar toparlar,

Hayfoki, anda biz yo‘q, yo‘q e’timodxona

Olamdin ushbu ona sonsiz kishilar o‘tdi,

Mingdin biri qo‘yubdur olamg‘a bir nishona

Men katta boy emasdim kim aylasam binoye,

Daxlim yetishmas erdi ro‘zg‘ori choyu nona.          

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, hamyurtimiz o‘z oldiga ezgu maqsadlar qo‘ygan. Bu borada matbaachilikdan yaxshi xabardor bo‘lgan Husayn Makayev Isʼhoqxonga beminnat ko‘maklashadi. Shunisi diqqatga sazovorki, Ibrat hatto o‘z bosmaxonasining muhrini ham tayyorlatadi. Toshbosmada chop etilgan kitoblarning muqovasiga muhr tushirib borilgan. Uning ko‘rinishi nur sochayotgan quyosh bo‘lib, markazida ilm so‘zi o‘yib bitilgandi.         

Albatta, shaxsiy kichik korxona tez orada kengaytirildi. Matbaachining butun diqqat-e’tibori millatiga ilm-ma’rifat tarqatadigan eng qimmatli, o‘qishga oson, serma’no va tushunarli asarlarni chop etishga qaratildi. Mahalliy xalqning kitobga mehri oshirildi. Natijada bu ishni avj oldirish uchun litografiya 1910-yili Namangan shahriga ko‘chirildi. Matbaa mix va toshbosmaga aylandi. Ishlari yurishgach, butun Turkiston miqyosida ma’lumu mashhur bo‘lib ketdi. Katta hajmdagi asarlargacha nashr qilishga  kirishila boshlandi.

Matbaachilik sanoatning o‘ziga xos turi. Uning mahsulotlarini muxlislarga yetkazish uchun esa alohida do‘konlar ochish ham zarur edi. Shuning uchun bu masalaning ijobiy yechimiga erishishga astoydil bel bog‘ladi. Taniqli olim Ulug‘bek Dolimovning keltirgan quyidagi dalillari Ibratning o‘sha paytda matbaachilik ishi yildan-yilga rivojlanganidan dalolat beradi: “Namangan matbaasi mahsulotining kun sayin ortib borishi shahar va qishloqlarda kitob do‘konlari va bozorlarining bir muncha ko‘payishiga sabab bo‘ldi. 1910-yildan boshlab Namangan shahrida 13 ta, Chustda 2 ta, Popda 2 ta, Yangiqo‘rg‘onda 1 ta, To‘raqo‘rg‘onda 1 ta kitob do‘koni ochildi. Bu do‘konlarda asosan, “Matbaai Is’hoqiya”da nashr qilingan kitoblar juda arzon narxlarda sotilar edi. Bu matbaada ma’rifatparvarlikka oid risolalar nashr qilingan. Bu ishda asosiy tashabbusni Isʼhoqxon Ibrat ko‘rsatgan”.          

Hamyurtimiz matbaachilik bilangina kifoyalanib qolishni istamadi. 1913-yilga kelib, bosmaxona qoshida “At-tijor al-Namangan” nomli gazeta chop etishni niyat qildi. Hatto mas’ul idoralarga ruxsat olish uchun murojaat bilan chiqdi. Biroq o‘sha paytdagi hukumat unga bu imkoniyatni bermadi.       

Shunga qaramay, u ma’rifatchilikning boshqa yo‘llaridan foydalanishga astoydil intildi. Ya’ni o‘z uyida xalq uchun boy kutubxona tashkil qildi. Uning nomini “Kutubxonai Is’hoqiya” deya nomladi. Uzoq-yaqindan ta’lim-tarbiyaga oid eng nodir risolalarni izlab-topib, o‘quvga qo‘ydi. Kutubxonaning fondi kundan-kunga boyitildi. Shaxsiy kutubxonasida o‘zbek va fors-tojik ijodkorlarining mingdan ziyod qo‘lyozma va bosma kitoblari jamlanganligi haqida ma’lumotlar bor. Birgina misol, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga eltuvchi ilm”) asarining Namangan nusxasi deb nom olgan nodir qo‘lyozmasi ham Ibratning kutubxonasida bo‘lganligi bizga ma’lum.           

“Matbuot bilan matbaa egizak”, biri-birisiz nomukammal Matbaa korxonasi go‘yo tandir, matbuot nashri esa unga yopiladigan xom xamirday gap, - deydi Sodiq Sayhun ikki sohani uzviy bog‘liqlikda tasavvur etishimiz uchun muqoyasalab. - Xamirturushi joyida bo‘lsa, xamir yaxshi qorilsa, sifatli non yasaladi, keyin esa shunga munosib ravishda o‘t qalangan, maromida qizitilgan, cho‘g‘li tandirga yopilsagina, biz kutgan chiroyli shakldagi,  xushta’m non uziladi undan. Shunga monand ravishda hayotiy va haqqoniy bitilgan, dizayni nigohtortar maqolalardan iborat gazeta yoki jurnal o‘ziga yarasha muxlislarga manzur mahsulotga aylanishi bosmaxona bag‘rida kechadi.              

Ibrat siymosida bir vaqtning o‘zida har ikkisini birday qo‘shib faoliyat yuritgan tashabbuskor va tashkilotchi inson gavdalanadi”.

Vodiyning ko‘zga ko‘ringan shaxsi qatorida turgan aqli zukko, qalbi qaynoq, zehni o‘tkir, fikri teran Isʼhoqxon to‘ra nainki og‘zaki so‘z aytmoq bilan qanoat hosil qildi, o‘lka minbari - “Turkiston viloyati gazeti”ga dolzarb mavzularda maqolalar yozdi. Hatto, Chor hukumatining saylovlar siyosatiga islohlar joizligini dangal aytishdan, gazetaga ro‘yi-rost yozishdan hadiksiramadi. U adolatli tartib-qoidalarnigina yoqlashini yashirmadi, e’tirozlari xalq manfaatlariga daxldorligi uchun shaxsiy halovatini orqaga surib qo‘ydi. Chunonchi, 1910-yili o‘lkada qozilar saylovi e’lon qilinadi. Gazeta mazkur masalani keng yoritishga mas’ulligidan foydalanib, mulohazali maqolalar yo‘lladi. O‘sha davr matbuoti sahifalari bizga daliliy manba bo‘la oladi. “Polojeniyada 223-nchi bobida zikr qilingandurki, - deya yozadi “Turkiston viloyatining gazeti”ning 1908-yilgi 56-sonida Ibrat, - e’tibori bor, yetti kundan ziyoda hibs bo‘lmagan o‘ttuz so‘mdan ziyod ishlab to‘lamagan, yoshi yigirma beshdan past emas odam” qozi bo‘lar ekan. Olim yo omi, ahmoq yo dono kishi, yo shariat biladurgan va yoki nizom biladurgan demagan... Ko‘rasiz  kimlarni(ng) qo‘llariga bu katta shariat hukmini topshiradurlar. Fikr andisha qiladurgan kishi yo‘q. Andisha qiladurgan odamni odam ham hisob qilmaydilar... Polojeniya bobig‘a muvofiq ellikboshi degan kimgaki, shar ko‘p tushsa, ani yozar ekan. Na qilsunlar, bu xil qilsalar polojeniyaga muvofiq. Polojeniyada shariat biladurgan mulladan degan emas ekan... ularga kim va nima bo‘lishi ham darkor emas ekan. Befikr o‘tsang, ey do‘st muhtoji non o‘lursan”.          

Yuqoridagi satrlarni o‘qib gazeta nonini yeb tirikchilik o‘tkazayotgan uncha-muncha jurnalistlarning qo‘lidan bunday jur’at kelmasligi xayolimizdan o‘tadi. Qarang-a, hukmron Chor hukumati saylov qonun-qoidalarini o‘zgartirish kerak, degan fikrni  kinoyali tarzda matbuot orqali butun Turkiston viloyatiga yoyishga tobe yer farzandining haddi qanday sig‘ganiga aql bovar qilmaydi.           

Farg‘ona davlatchiligi tarixida katta o‘rin tutgan Axsikent xususida 1913-yilning yozida Toshkent arxeologiya jamiyati ilmiy munozara tashkill qiladi. Tadbirga vodiy vakillari safida Isʼhoqxon to‘raning taklif qilingani ayni muddao edi. “Turkiston viloyatining gazeti”dagi munozara uning maqolasi bilan boshlanganida ham ramziylikni uqishimiz qiyin emas. Boisi, Ibrat qadimgi Axsikentga yondosh qishloqning farzandi, yurtga taniqli shaxs, havaskor arxeologlarning beta’ma sardori edi. U ko‘hna shahar xarobalarini o‘rganish - yurtning kechasini ayon ko‘rish bilan barobarligini chuqur idroklab, bu masalaga chor hukumatining, xalqining diqqat-e’tiborini tortishni istab, o‘zi kitoblarda, ayniqsa “Boburnoma”da o‘qiganlari, odamlardan tinglaganlariga tayanib, Axsi shahri to‘g‘risida g‘oyat qiziqarli va ahamiyatli ma’lumotlarni keltiradi. O‘lkamiz tarixini o‘rganishga barchani undaydi.       

Matbuot faoliga aylangan qalamkash 1911-yili Qo‘qon-Namangan temir yo‘lining qurilishi va ishga tushirilishi haqida maqola yozgan bo‘lsa, 1912-yili 15-iyulda uning ishga tushirilishini olqishlab reportaj bitdi. Shuningdek, “Eski maktablar xususida”, “Millatni kim isloh etar?”, “To‘raqo‘rg‘ondan maktub” singari maqolalari esa gazeta va “Oyna” jaridasida yoritildi.      

Ibratning birinchi matbaachi va faol matbuotchi sifatidagi xizmatlari keng o‘rganishga va targ‘ib etishga arziydi. Bizning bitiklarimiz esa dastlabki izlanishlar, ya’ni dengizdan tomchi kabidir desak xato qilmaymiz.

Manzura ABDULLAYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:05 / 24.05.2024 0 73
Ma’naviyat – inson bo‘lib yashash degani





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19493
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16931
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi