“Temur tuzuklari”da davlat xizmatini tashkil etish va kadrlar masalasi


Saqlash
11:09 / 29.09.2021 3218 0

Davlat xizmati samaradorligini oshirish, xususan uni yuqori malakali, yetuk kadrlar bilan ta’minlash Yangi O‘zbekistonda dolzarb masalaga aylandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosatini va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5843-son Farmoni bilan davlat fuqarolik xizmati sohasini rivojlantirishning yo‘nalishlari belgilandi.

Avvalo, mazkur farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmati funksional jihatdan davlat fuqarolik xizmati va davlatning maxsus xizmatiga bo‘lindi. Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi harbiy xizmat va huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi xizmat davlatning maxsus xizmati hisoblanishi va ular alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi belgilab qo‘yilgan. “Davlat fuqarolik xizmati” tushunchasi esa harbiy yoki huquqni muhofaza qilish xizmatidan tashqari barcha davlat boshqaruvini ta’minlaydigan davlat xizmatini tushunishda qo‘llanilishi belgilandi. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlari Davlat reestriga kiritilgan lavozimlar ko‘rinishida tasdiqlanadi. Ushbu xizmatchilar qatoriga markaziy va mahalliy darajada faoliyat ko‘rsatadigan barcha davlat fuqarolik xizmatchilari kiradi.

Shuningdek, davlat xizmati sohasi bo‘yicha vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Farmonda agentlik davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul etib eng istiqbolli kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilishni tashkillashtirish belgilandi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosatini va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5843-son Farmoni // O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi – https://lex.uz/docs/4549998).

Bu borada milliy-tarixiy tajriba, xususan Amir Temur davlatida mazkur masala qay tarzda yo‘lga qo‘yilganligini o‘rganish va uning ayrim jihatlarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash bugungi kun davlat xizmatining eng muhim jihatlaridan hisoblanadi.

Amir Temur davrida boshqaruv ikki idora: dargoh va devonlarga (vazirliklarga) bo‘lingan. Dargoh – eng oliy davlat idorasi hisoblanib, uning boshlig‘i oliy hukmdor, ya’ni Amir Temurning o‘zi bo‘lgan. Dargoh faoliyatini boshqarish, uning vazirliklar, mahalliy hokimiyat idoralarini saltanat faoliyati bilan bog‘lab turish ishlarini oliy devon – “Devoni buzruk” olib borgan. Unga devonbegi boshchilik qilgan.

Bundan tashqari, akademik Bo‘riboy Ahmedov davlatda tashqi ishlar vazirligi, adliya vazirligi va davlat nazoratchisi vazirligi kabi vazirliklar faoliyat yuritganligini ta’kidlagan. Dargohdagi muhim lavozimlardan biri arzbegi hisoblangan. Unga dargohga arz-dod, shikoyat bilan kelganlar hamda mamlakatdagi o‘z munosabatini bildiruvchilarni qabul qilishni uyushtirish, tushgan arzlar, shikoyat va takliflarni oliy hukmdorga yetkazib turish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, davlat muassasalarida tavochi (lashkar to‘plovchi), bosh hojib, rasmiy tadbirlar boshqaruvchisi, xazinador, xonsolar, qushchi, qushbegi, kotiblar, sozandalar, g‘azalxonlar, tabiblar, farroshlar kabi bir qancha lavozimlar bo‘lgan (Ahmedov B. Amir Temurni yod etib. – T.: O‘zbekiston, 14-b).

Buyuk davlat arbobi Amir Temurning “Temur tuzuklari” davlat boshqaruvi va davlat xizmati to‘g‘risidagi fan va amliyotning rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Unda, ayniqsa, davlat xizmati sohasida faoliyat yurituvchi kadrlar uchun ta’kidlangan sifatlarning ayrimlari bugungi kunda ham dolzarbdir.

Amir Temur “Kuch – adolatdadir” degan shiorga rioya qilgan holda mamlakatni idora qilgan. Sohibqiron mazkur shiorga o‘zi amal qilish bilan bir qatorda vazirlarni ham unga amal qilishga undagan. Vazirlar, davlat xizmatchilariga qo‘yilgan boshqa sifatlar aynan shu shiordan kelib chiqib shakllangan, deyish mumkin. Amir Temur hukmdorning mansabdor shaxslarni tanlab olish va ularni joy-joyiga qo‘yish qobiliyatini hokimiyatni amalga oshirish va mustahkamlashning bosh sharti deb hisoblagan. Jumladan, “Temur tuzuklari”da ta’kidlanishicha, vazir lavozimiga talabgor shaxs to‘rt fazilatga ega bo‘lishi lozim: “birinchisi – asillik, toza nasllilik; ikkinchisi – aql, farosatlilik; uchinchisi – sipoh-u raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalada bo‘lishlik; to‘rtinchisi – sabr-chidamlilik va tinchliksevarlik”.

Asillik, toza nasllilik fazilati temuriylar davrida vazirlarni, mansabdorlarni tanlashning eng muhim jihati hisoblanadi. Boisi, mamlakatlar o‘rtasida josuslik xizmatlari keng avj olgan vaziyatda mamlakat uchun sadoqatli kadrlarni topish dolzarb edi. Vazir lavozimiga talabgor shaxs uchun talab qilinadigan qolgan fazilatlar esa bugunni kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolgan. Mazkur fazilatlardan O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmatiga kirish va davlat xizmatchilarini baholashda keng foydalanilmoqda.

Tadqiqotchi Ziyodulla Muqimovning fikricha, Amir Temur ortiqcha qattiqqo‘llikni qoralaydi. U kechirimli hukmdor edi. Oltin O‘rda xoni To‘xtamish unga uch marta xiyonat qilgan bo‘lsa ham uni kechirdi yoki Zindachashm uch marta xiyonat qilsa-da, uni ham kechirdi. “Sen podshohlar etagiga yopishma, halok bo‘lasan, birovlarning toza qo‘lini qonga bo‘yaysan”, deya nasihat qildi va unga yetarli mablag‘, sovg‘a-salomlar berib, och ko‘zlarini to‘ydirdi. Bu o‘rinda u o‘z pirining: “Mamlakat kufr bilan turishi mumkin, lekin zulm bor yerda tura olmaydi”, degan fikrlariga amal qilgan. Tadqiqotchi Muqimov “Temur tuzuklari” borasida quyidagi xulosaga keladi: birinchidan, vazir tutish tuzugi orqali Amir Temur, avvalo, mamlakatning osoyishtaligi-yu raiyatning ijtimoiy ahvolini, ikkinchidan, saltanat foydasini va nihoyat, podshohning kelajagi vazirning donoligiga bog‘liqligini e’tirof etadi.

Azamat Ziyo Ibn Arabshoh ma’lumotlariga asoslanib, Amir Temur davrida tashqi razvedka faoliyati nihoyatda yuksak darajada yo‘lga qo‘yilganligini e’tirof etadi. Mazkur xizmat vakillari chakanafurush, yirik savdogar, polvon, dorboz, hunarmand, munajjim, qalandar, darvish, dengizchi, sayyoh, meshkobchi, etikdo‘z, tolib niqobi ostida turli mamlakatlarda bo‘lib, u yerlardagi shaharlar, qishloqlar, yo‘llar, tog‘-u toshlar, suvlar, har bir joyning aholisi, boshliqlari, ulug‘lari, amirlari, fozillari, shariflari, boy-u kambag‘allari to‘g‘risida har tomonlama batafsil ma’lumotlar yig‘ib, haggo suratlari bilan Samarqandga yuborib turganlar. Bu bilan ham cheklanmay, Amir Temur harbiy, siyosiy munosabatlarga kirishayotgan mamlakatlar tarixi, urf-odatlariga oid asarlarni sinchiklab o‘rgangan.

Umuman olganda, “Amir Temurning davlat tizimi va boshqaruvni tashkil etishdagi o‘ziga xos maktabi adolatli, insonparvar jamiyatni qaror toptirish kerakligini uqtiradi. Amir Temurning davlatchilik tamoyillari bevosita o‘z tafakkur kuchiga, o‘z fikrining to‘g‘riligiga, aql-idrok salohiyatiga, taktika va strategiyasining puxta, hayotiy va yashovchi ekanligiga qat’iy ishonch asosida shakllangan edi. Bu bevosita uning davlat va siyosat arbobi sifatida to‘laqonli siymosini, betakror shaxs sifatidagi noyob iqtidorini, fe’l-atvorini, irodasi va olisni ko‘ra olish qobiliyatini ko‘rsatadi”.

Xulosa qilganda, “Temur tuzuklari”da davlat xizmatiga oid qismlarni tahlil qilish orqali quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

Birinchidan, davlat boshqaruvi, avvalo, dargoh va devondan iborat hukumat tarzida tuzilgan. Davlat xizmatchilari aynan shu klassifikatsiyadan kelib chiqib lavozimlarga tayinlangan;

Ikkinchidan, Amir Temur davlatida bir qancha vazirliklar tizimi yaratilgan bo‘lib, ular faqatgina eng muhim masalalarni qamrab olgan;

Uchinchidan, “Temur tuzuklari”da nafaqat davlat boshlig‘i, balki mamlakatdagi boshqa davlat mansabdorlari ega bo‘lishi lozim bo‘lgan ma’naviy fazilatlar ta’riflab berilgan. Amir Temur aynan shu fazilatlardan kelib chiqib, davlat xizmatini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlagan.

Dilmurodjon RAXIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat boshqaruvi akademiyasi tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:05 / 24.05.2024 0 74
Ma’naviyat – inson bo‘lib yashash degani





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19493
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16931
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi