Bu kurashda gʻolib ham, magʻlub ham yoʻq. Oʻzbek jamiyatidagi dilemmalar


Saqlash
11:04 / 26.04.2023 3032 0

Jamiyatimiz ikkita qarama-qarshi pozitsiyaga ega asos, yaʼni dilemmalarga toʻla. Taraflarning koʻrinmas kurashi kecha yoki bugun boshlanmagan. Real vaziyatlar va turli taʼsirlar ostidagi odamlar tabiatida haqlik va nohaqlik tushunchalari uzoq yillardan beri toʻqnashib kelmoqda.

 

Oyina.uz kolumnisti Sirojiddin Rustamov bugun jamiyatimiz qarashlariga singib ketgan dilemmalarni tahlil qilishga urinadi.

 

 

Ayollar va erkaklar

 

 

Eng koʻp bahslar ostida qoladigan dilemma jamiyatdagi ayollar va erkaklar huquqlarining tarozisi bilan bogʻliq. Bir tomondan, gender tengligi yoʻlidagi harakatlar ayollar uchun alohida “bonuslar” ishlab chiqadi, boshqa tomondan esa jamiyat ayollar uchun sunʼiy toʻsiqlar yaratadi. Sir emaski, oilada, mehnat munosabatlarida, mansab va masʼuliyatli lavozimlarda erkaklar olgʻirroq... Bu millatga xos azaliy qadriyatlar natijasi. Erkaklar nuqtayi nazari boʻyicha ayollar bir qadam orqada boʻlgani toʻgʻriroq. Bu fikrni qoʻllab-quvvatlaydigan ayollar yoʻq emas. Lekin oʻz imkoniyatlarini erkaklardan yuqori baholaydiganlar ham topiladi.

 

Masalan, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva oʻz chiqishlarining birida “Oʻylaymanki, bizda bitta ayol qiladigan ishni, xafa boʻlmanglar, oʻnta erkak ham qila olmaydi” degan edi va bu fikr taraflarning turli muhokamalariga sabab boʻlgan.

 

 

Kelinlar va qaynonalar

 

 

Trenddagi mahalliy syujetlarning navbatchi personajlari oʻrtasida chin maʼnoda dilemma mavjud. Odamlar aytishadiki, qaynona hech qachon ona, kelin esa qiz boʻlolmaydi. Bu fikr koʻp hollarda oʻzini oqlaydi. Masalan, oʻz onamiz dakki berishini toʻgʻri tushunamiz, lekin qaynonaning dakki berishi zulm bilan barobar. Yoki farzandimiz erkalik qilishini toʻgʻri qabul qilamiz, lekin kelinning erkalik qilishi uchiga chiqqan surbetlik. Maʼlum boʻladiki, aksariyat qaynona-kelinlarning psixologiyasi aynan raqobat va ziddiyat formulasiga moslangan. Shunday ekan, har ikki taraf oʻzicha haq va har ikki taraf kurashda “jabr” koʻradi.

 

Bir qarashda maishiy darajadagi bu dilemmaning taʼsiri sabab qanchadan-qancha oilalar buziladi, farzandlar ota-onasidan ayriladi... Soʻnggi yillarda mashmashalar soyasida fojiaviy toʻqnashuvlar ham sodir boʻlayapti.

 

Aslini olganda, jamiyatdagi munosabatlarni tartibga solishdan oldin oʻz oilamizdagi ziddiyatlarga barham berishimiz lozim.

 

 

Poytaxtliklar va viloyatliklar

 

 

Koʻngilni xira qiluvchi yana bir dilemma ishtirokchilari poytaxtliklar va viloyatliklar. Umuman olganda, poytaxtda qolgan viloyatliklar mavzusini askiya qilish tendensiyaga aylangan. Syujetlarda esa asosan viloyatliklar kamsitiladi: yoki shevasini unutgan, yoki bosar-tusarini bilmay qolgan, yoki shahar madaniyatini oʻzlashtira olmagan chapani qiyofalarda namoyon boʻlishadi. Real hayotda ham baʼzi Toshkent odamlari viloyatliklarning erkinligiga norozilik bilan qarashadi. Xuddiki shaharni ulardan “himoya” qilmoqchi boʻlishadi. Viloyatliklarga hatto “avatar”, “indeys” deb laqab ham qoʻyishgan. Viloyatliklar esa koʻpincha poytaxt ahlini takabbur, yolgʻonchi va “quruq” odamlar deya sifatlaydi. Zamonaviy sharoitda yashayotgani uchun shaharliklar baʼzi qishloq odamlarining gʻashini keltirishi ham mumkin. Xullas, ayb kimdandir qidiriladi.

 

Umuman olganda, mahalliychilik va tarafkashlik boshqa viloyatlar oʻrtasida ham uchrab turadi. Bu xuddi Vatan ichida Vatan talashishga oʻxshaydi. Tomonlarning haqiqatini bu borada oqlab boʻlmaydi.

 

 

Dindorlar va liberallar

 

 

Aslida turli din vakillari oʻrtasida oʻz eʼtiqodini ustun qoʻyish borasida asosiy dilemma mavjud. Lekin eʼtiborni boshqa tarafga qaratamiz. Bugun jamiyatimizda dindor va din borasida liberal fikrlaydigan ikki qatlam oʻrtasida ham koʻrinmas toʻqnashuvlar boʻlib turadi. Kimlardir toʻla shariat asosida yashash tarafdori,  kimlardir dunyoviy davlat tamoyillariga tayanib dinga erkinroq yondashadilar. Masalan, bir shaxsning zamonaviy videosi ostida taxminan ikki xil izohga koʻzingiz tushadi:

        Video juda yaxshi chiqibdi, ijodingizga omad;

        Essiz vaqt... Undan koʻra ibodat qilsangiz boʻlmaydimi?

 

Bu real dilemma, shubhasiz, bu vaziyatda haq va nohaqlarni aniqlashning imkoni yoʻq.

 

Yoshlar va keksalar

 

 

 

 

 

Jamiyatda bir-biriga qarama qarshi fikrlaydigan yana bir muhim qatlam – yoshlar va keksalardir. Yoshlar keksalardagi prinsiplarni qabul qila olishmaydi, keksalar yoshlardagi beboshlikka toqat qila olmaydi. Bu ikki qatlamni qabul qilishda ham fikrlar ikki xil: kimdir katta avloddagi tajriba va donishmandlikni ustun qoʻysa, kimdir yoshlardagi energiya va yangilikka moyillikni qadrlaydi. Baʼzida ikki taraf ham oʻzini jabrdiyda qilib koʻrsatishga urinadi. Masalan, talabalikda ijodiy qarashlarimizga past baho bergan ustozlarimizni keksalikda va qotib qolganlikda ayblardik. Ishonch bilan hukm ham chiqarardik:

 

– Oʻrnini egallab olishimdan qoʻrqadi!..

 

Xuddi shunday, katta avlodga yosh rahbarlar tomonidan biroz zamonaviy talab qoʻyilsa, haqiqiy tushkunlik boshlanadi:

 

– Yoshimiz bir joyga borib qoldi, yoshlar bizni atay chetga chiqarishmoqchi...

 

Bir qarashda tomonlarning oʻz haqiqatlari bor va bu kurashda gʻolib ham, magʻlub ham yoʻq.

 

 

Pedagoglar va talabalar

 

 

Yosh va davrlar bilan bogʻliq dilemmaning yana bir koʻrinish bor. Deylik, taʼlim sohasi misolida izohlaymiz. Bir tomonda, oʻqituvchilar talabalar ustidan shikoyat qilishadi:

        Hozirgilarga oʻqish kerak emas... Kalla boʻm-boʻsh!

 

Boshqa tomonda, talabalar oʻqituvchilaridan norozi:

 

        Dars oʻtishni bilmaydi... Umuman, oʻz ustida ishlamaydi!

 

Siz ham tushundingiz, navbatdagi kurash qahramonlari talabalar va oʻqituvchilar. Taʼlim sohasiga begona boʻlmagan har qanday inson bu kurashdan chetda qolmagan. Aslida aybni boshqalardan emas, oʻzidan qidiradigan jamiyatga aylangan kunimiz bu dilemma oʻz ahamiyatini yoʻqotadi.

 

 

Bemorlar va shifokorlar

 

Har bir sohada maʼlum dilemmaga duch kelish mumkin. Katta ehtimol bilan, ular stereotiplar, qadriyatlar yoki hoʻl-u quruq baravar yongan vaziyatlar orqali vujudga kelgan. Masalan, tibbiyot sohasida shifokor va bemorlarning haqiqatlari toʻqnashadi.

 

Shifokorlar aytadi:

        Odamlar sogʻligʻini qadriga yetmaydi va yiqilib qolsagina shifokorga murojaat qilishadi...

 

Bemorlar aytadi:

        Hozirgi shifokorlarning dard-u hayoli pul, ulardan davo topib boʻlmaydi.

 

Yaʼni, bu oʻrinda ham tomonlar aybni bir-biriga toʻnkashadi. Aynan mana shu dilemma taʼsirida yoqimsiz voqealar ham tez-tez sodir boʻlib turibdi: shifokor bemorga qoʻpollik qilyapti yoki uning hayotini saqlab qola olmayapti; bemor va uning yaqinlari esa shifokorlarga tahdid qilmoqda yoki kaltaklayapti.

 

Odamlar bu dilemmani yoʻqolishiga umid ham qilmay qoʻyishgan.

 

Piyodalar va haydovchilar

 

Tirband shahar koʻchalarida bu taraflarning toʻqnashuvlari avjiga chiqib borayapti. Inkor qilib boʻlmaydigan haqiqat shuki, agar siz rulda boʻlsangiz, piyoda nohaq, agar siz piyoda boʻlsangiz haydovchi nohaq. Boshqacha aytganda, haydovchining nazarida hamma piyodalar yoʻl qoidasini buzadi va piyodalar yoʻlakchasida imillaydi. Piyodalarning haqiqatiga koʻra haydovchilarning aksariyati “oʻpkasini bosolmaydi”. Achinarlisi, bu dilemma atrofidagi qurbonlar soni yildan yilga koʻpayib bormoqda. Real vaziyat soʻnggi hukmni chiqaradi: ikki taraf ham shunchaki suvdan quruq chiqib keta olmaydi.

 

Mansabdorlar va xalq

 

 

Mansabdorlar va xalq – butun jamiyatning yaxlit ikki qatlami. Ular bir-biriga uzviy bogʻliq. Shunday boʻlsa-da, oʻrtada katta bir jarlik paydo boʻlgan. Mansabdorlar uchun xalq doim negativ, alamzada, yaxshilikni bilmaydigan va dangasa xususiyatlarida gavdalanadi. Xalq uchun esa mansabdorlar doim beparvo, oʻzini oʻylaydigan, oʻzgalar haqqini oʻzlashtirib oladigan, qoʻpol va qoʻrs shaxslardir.  

 

 

Afsuski, bu sifatlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan. Mansabdorlar yoki xalq orasidagi ijobiy “qahramonlar” ham koʻp hollarda mana shu sifatlar soyasida qolib ketishadi. Eng yomoni, koʻrinmas ziddiyatlarning taʼsirida ikki qatlam tobora bir-biridan uzoqlashib ketaveradi. Bir-biridan qoʻrqishadi yoki nafratlanishadi. Kerak boʻlsa, bir-birining musibatidan huzurlanishadi. Toʻqnashuvlar oqibatida mansabdorlar xalq ishonchini, xalq esa mansabdorlarning xayrixohligini yoʻqotib qoʻyadi. Tan olaylik, bu juda xavfli signal.

 

Maʼlum dilemmalar vaqt omili yoki qadriyatlar almashinuvi taʼsirida yoʻqolib borishi mumkin. Lekin aksariyati oxiri koʻrinmaydigan kurashga qurilgan. Yuqoridagi tahlildan maʼlum boʻladiki, dilemmalarning sababi ikki turdagi feʼl-atvorga borib taqaladi:

 

        aybni oʻzgalardan qidirish;

        kibr va xudbinlik.

 

Agar jamiyatimizni toʻzib ketgan uyga qiyos qiladigan boʻlsak, bilingki, hech kim chetdan kelib tartibga keltirib bermaydi. Hamma gap oʻzimizda. Ana endi oʻylab koʻring. Kibr va xudbinlikni chetga surib tartib oʻrnatamizmi yoki toʻzib yotgan “uyda” yashayveramizmi?

 

Sirojiddin RUSTAMOV.

Oyina.uz

Foto: Xolida MUSULMONOVA

Suratda: OʻzJOKU talabalari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15756
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi