Oʻzbekistonda dam olish uchun eng yaxshi maskanlar top-10 taligi


Saqlash
01:07 / 22.07.2023 6355 4

Oʻzbekistonning turistik salohiyati yuqoriligi, tarixiy obidalar, xushmanzara joylarga boyligi haqida koʻp va hoʻp gapirganmiz. Shu sabab yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazilgan “Oʻzbekistonning turistik maskanlaridan boxabarlik” haqidagi kichik soʻrovnomaning natijalari ham kutilmagan, shu bilan birga kutilgandek boʻlib chiqdi: aksar yurtdoshlarimiz sayohat qilish mumkin boʻlgan joylar deganda, faqat Samarqand, Buxoro va Xivanigina bilishadi. Shu soʻrovnoma turtkisi sabab, 35 kun uzliksiz davom etgan “Oʻzbekiston boʻylab sayohat” loyihasida yurtimizdagi turli goʻzal maskanlarga sayohat uyushtirildi.

 

Oyina.uz sayohat davomida borilgan va har bir yurtdoshimiz tashrif buyurishi kerak boʻlgan dam olish uchun eng zoʻr maskanlarning TOP-10 taligini keltirib oʻtadi.

 

 

10. Amirsoy. Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumanida joylashgan ushbu turistik kompleksning asosiy xususiyati togʻ choʻqqisida joylashgani boʻlib, bu yerda salqin va musaffo togʻ havosidan nafas olishingiz hamda zamonaviy kanat orqali togʻ choʻqqisiga koʻtarilib, betakror manzaralardan bahramand boʻlishingiz mumkin. Kompleks qishda changʻi sporti bilan shugʻullanuvchilar uchun ham xizmat koʻrsatadi, ammo bu yerda katta (ochiq) suv havzasi yaʼni koʻl mavjud emas. Narxlar boshqa dam olish maskanlariga nisbatan qimmat.

 

 

9. Toshkent dengizi. Toshkent viloyatining Tuyaboʻgʻiz suv omboriga suv toʻlishi evaziga hosil boʻlgan dam olish maskani. Xalq tilida “Tashmore” deb ataladigan ushbu koʻl juda katta hududni egallagan boʻlib, sohili dam olish va choʻmilish uchun juda qulay. Koʻl sayoz boʻlgani uchun suv harorati iliq va nisbatan xavfsiz. Toshkent shahridan bor yoʻgʻi 1 soatlik yoʻl (50km) uzoqlikda joylashgan ushbu hudud shahar shovqinidan charchagan, issiqdan qochib salqin joy axtarganlar uchun ayni muddao. Bu yerda shunchaki dam olishingiz yoki sohil boʻyida “piknik” uyushtirishingiz mumkin. Shuningdek, koʻlda sayr qilish uchun qayiq va boshqa attraksion xizmatlar ham yoʻlga qoʻyilgan. Narxlar oʻrtacha.

 

 

8. Aydarkoʻl. Jizzax hamda Navoiy viloyatlarida joylashgan Oʻzbekistondagi eng katta suv havzasi. Yetib borish uzoq va birmuncha noqulayligini aytmasa, sohil boʻyida dam olishni istovchilar uchun ajoyib maskan. Aydarkoʻl havzasi boʻyida har ikki viloyat tomonida ham bir nechta dam olish joylari qurilgan. Hududning ajoyib tomonlaridan biri, shaxsiy avtomobilingizda borsangiz, sohil boʻyida bemalol chodir qurib dam olsangiz boʻladi. Nisbatan iliq va sohilga yaqin joylari sayoz boʻlgan koʻlda esa yosh bolalar ham bemalol suzishlari mumkin. Biroq, shahardan uzoqligi sabab maskanda infrastruktura yaxshi yoʻlga qoʻyilmagani yaqqol seziladi. Shuningdek, koʻlda qayiq va boshqa suv transport vositalarida harakatlanish taqiqlangan.

 

 

7. Xonobod. Bu kichik shaharcha Oʻzbekistoning eng sharqiy nuqtasida, yaqinda Qirgʻiziston bilan tuzilgan chegara bitimiga koʻra, toʻliq Oʻzbekiston hududi deb belgilangan Andijon (Kampirvot) ulkan suv omborining etagida joylashgan. Shundanmi, shaharcha xuddi Yevropa shaharlaridek yam-yashil, daraxtlar oʻrmonmisol zich va baland. Harorat qanchalar baland boʻlmasin, atrofdagi sersoya atmosfera hisobiga siz uni deyarli his etmaysiz. Qushlarning navbat talashib sayrashi dilga hush yoqadi. Ayniqsa, bogʻ hududida sayr etish sizga unutilmas onlarni baxsh etishi aniq. Xayolingizda tarixda xonlar bejiz bu yerlarga dam olish uchun kelmagan ekan, degan oʻy aylanadi. Biroq, shaharda katta koʻl mavjud emas, suv ombori havzasida esa choʻmilishga ruxsat berilmaydi. 

 

 

6. Boysun togʻ kanyoni. Surxondaryo viloyati, Boysun tumanidagi Darband darasidan Machay gʻori tomon harakatlanganda yoʻl sizni ulkan togʻlar bagʻriga olib kirib ketadi. Ichkarida oʻta noyob tabiat goʻzalligiga guvoh boʻlasiz: ikki tarafingizda xuddi chizib qoʻyilgandek qizgʻish rang baland togʻ va yoʻl yoqalab yuqoridan oqib tushayotgan sharqiroq soy manzarasida odam oʻzini tush koʻrayotgandek his qiladi. Bunday goʻzallikni Oʻzbekistoning boshqa yeridan topa olmaysiz. Sal teparoqda muzdekkina, Xojaimayxona bulogʻining shifobaxsh suvi goʻyo tanangizdagi gʻuborlarni yuvib ketgandek boʻladi. Undan ham yuqorilab chiqilganda, Machay darasi keladi. Darada toshlar oralab sayr qilgan kishi bu manzaralarni bir umr unutmaydi. Hududda dam olish uchun alohida joylar bor, ammo yegulikni oʻzingiz bilan olib kelishingiz lozim. Sayoz biroq tez oquvchi soy suvi juda muzdekligi hisobiga choʻmilish deyarli imkonsiz. Xullas, ekstremalga yaqin dam olishni xohlovchilar uchun ajoyib maskan. 

 

 

5. Chodak. Namangan viloyati, Pop tumanida, shundoqqina Qamchiq dovonidan tushaverishda chap tomonda joylashgan bahavo qishloq. Bu yer oʻzining soʻlim tabiati va musaffo togʻ havosi bilan ajralib turadi. Chodakda soy boʻyiga, hattoki ustiga oʻrnatilgan ayvonli xonadonlarni ijaraga olishingiz yoki shu kabi oshxonalarda ovqatlanishingiz mumkin. Qishloq yuqorisida joylashgan “Moʻjiza” deb nomlangan sharshara ham sizga unutilmas zavq beroladi. Undan ham teparoqda esa Oʻzbekistondagi ilk shisha koʻprikka duch kelasiz. Adrenalin ishqibozlari uchun ekstremal imkoniyat! Shuningdek, bu yerda bolalar uchun ham attraksionlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Xullas, qishloq oilaviy dam olishni istaganlar uchun eng maqbul maskanlardan biri.

 

 

 4. Nanay. Shundoqqina Qirgʻiziston togʻlari biqinida, Namangan viloyati, Yangiqoʻrgʻon tumanida joylashgan qishloqqa yaqinlashganingiz sari gorizontda goʻzal togʻ manzarasining guvohi boʻlasiz. Manzilga yetib borganingizda esa atrofdagi tabiiy koʻkalamzorlik va musaffo togʻ havosi sehrlab qoʻyadi goʻyo. Bu yerda dam oluvchilar uchun ijaraga beriluvchi xonadonlar bilan birga, mehmonlarga toza qirgʻiz qimizi va beshbarmogʻidan tortiq qiladigan soʻlim tamaddixonalar ham bor. Qishloq yoʻli boʻylab choʻmilish mumkin boʻlgan oʻrtacha chuqurlikdagi soy oqib oʻtadi. Shuningdek, bu yerda ot mingan chavandozlarni koʻp uchratasiz, istasangiz, pul toʻlab oʻzingiz ham ularning safiga qoʻshilishingiz mumkin. Yovvoyi tabiat bilan yolgʻiz qolishni istaganlar esa togʻning tepasiga chiqib “piknik” uyushtirishi, betakror manzaradan bahra olishlari mumkin. 

 

 

3. Chorvoq. Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumanida joylashgan shu nomdagi ulkan suv ombori havzasi atrofida toza togʻ havosidan bahramand boʻlishingiz va choʻmilib hordiq chiqarishingiz mumkin. Dam oluvchilar uchun yaxta, qayiq va skuterda sayr etish xizmatlari mavjud. Aytish kerakki, bu turdagi xizmatlarni yurtimizning boshqa hududlaridan topish qiyin. Umuman olganda, Chorvoqda infrastruktura va xizmat koʻrsatish sifati deyarli poytaxtnikidek. Shu bois yoz mavsumida bu yerda dam oluvchilar soni juda koʻp boʻlib, narxlar ham shunga mutanosib balandroq. Bu yerda dam olish uchun tanlov keng – sohil boʻyidagi soʻrilardan tortib, xonadon va dachalar ijarasi hamda alohida lyuks kategoriyadagi kurort zonalarni topish mumkin.

 

 

2. Zomin. Jizzax viloyatining “Zomin togʻlari” oʻzining noyob tabiati bilan tashrif buyuruvchilarni lol qoldirib keladi. Archazorlar bilan burkangan baland togʻlar boʻylab ichkariga kirib borganingiz sari havoning sofligini, nafas olganingizda tanangiz yayrayotganini his eta boshlaysiz. Tepalikka koʻtarilganingiz sari togʻlarning maftunkorligi ortib boraveradi. Bekorga Zomin “Oʻzbekiston Shveysariyasi” deb atalmaganiga guvoh boʻlasiz. Salqinlik, sokinlik va toza togʻ havosida dam olishni istaganlar uchun Zomin ajoyib tanlov. Bu yerda mahalliy aholi xonadonlarining ayvonlarini ijaraga olish, alohida kemping yoki zamonaviy mehmonxonalarda qolish mumkin. Togʻlarning katta qismi oʻrmon qoʻriqxonasi boʻlgani uchun olov yoqish taqiqlangan. Shu bois belgilangan hududlardan boshqa joylarda dam olish tavsiya etilmaydi. Mehmonxonalarni hisobga olmaganda, narxlarning hamyonbopligi esa joningizni kiritadi. 

 

 

1. Oʻzbekiston Shveysariyasi deb nisbat beriladigan yana bir maskan –Shohimardon. Fargʻona viloyati Fargʻona tumanida joylashgan Oʻzbekistonning Qirgʻizistondagi eksklaviga oʻtish uchun Qirgʻiziston hududidan kesib oʻtish lozim. Shu bois Shohimardonga borish uchun xorijga chiqish pasporti talab etiladi. Vodil orqali chegaradan piyoda yoki shaxsiy avtomobilda oʻtish mumkin. Avval chegaradan chiqib, Qirgʻizistonga kirasiz va 20 kmdan soʻng yana Oʻzbekistonga yaʼni Shohimardonga kirib borasiz. Shu tariqa manzilga yetib borguncha 4-marta postdan oʻtiladi. Qaytishda ham shu holat takrorlanadi. Toʻgʻri, yetib borish biroz mashaqqatli jarayon, biroq Shohimardondagi betakror va noyob tabiat manzarasini koʻriboq, barchasini unutasiz. Atrofdagi goʻzallik monitordan charchagan koʻzlaringizga huzur bersa, sharqirab oqayotgan soyning tovushi asablaringizga malham boʻladi. Olayotgan nafasingiz sofligidan tanangiz orom oladi. 

 

 

Shohimardonda unikal tabiat kompleksiga guvoh boʻlasiz – bir tomon ulkan toshli, boshqa tomon oʻrmonli togʻlar bilan qoplangan, bir yon sharqiroq soyli adirlik boʻlsa, togʻlar tepasida ulkan Qubbon koʻli hosil boʻlgan. Bu yerga kelgan shahar shovqini va sivilizatsiyadan charchagan kishi oʻz uyini topgandek, oʻzini yovvoyi tabiatga singib ketgandek his eta boshlaydi. Shohimardonda, albatta, bir kun qolib tong ottirish tavsiya etiladi. Ishoning, bu hayotingizning eng unutilmas onlari boʻlib qoladi. Buning uchun narxi u qadar qimmat boʻlmagan xonadonlar yoki dachalarda qolishingiz mumkin. Shuningdek, togʻ yonbagʻirlarida chodir qurib dam olishga ham imkon bor. 

 

 

Aytish kerakki, ushbu 10 maskanning har biriga qilingan bir kunlik sayohat sizga bir umrlik taassurot va goʻzal xotiralarni ulasha oladi. Shunday ekan, televizor yo monitor qarshisidan uzoqlashib sayohatga chiqishingizni va hayotingizni yorqin sahifalar bilan boyitishingizni tavsiya qilamiz. 

 

Obidjon LATIPOV.

Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni Telegramda oʻqing! 

 

 

4 Izohlar

Nurali

18:04 / 11.04.2024

Borsa odam Zominga keyin chorvoqqa undan so'ng shohimardonga borgan yaxshi

Mansur

13:04 / 11.04.2024

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani dagi Sangardak sharsharasini ham qo'shsa bo'lardi lekin qolganlariham ajoyib

Izzat

11:04 / 11.04.2024

Zomin

Odiljon Orifjon o'g'li

07:07 / 23.07.2023

Койил. Жуда ажойиб маълумотлар.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20028
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17714
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//