Oyina.uz xotirlaydi: Devor sirtidagi adabiyot – yozuvchi Luqmon Boʻrixonning yozuvchilik qismati, kitobxonlik va soʻzga sadoqat haqidagi mulohazalari


Saqlash
22:07 / 28.07.2023 1110 0

Bir necha kun avval oʻzbek adabiyoti ogʻir judolikka uchradi. Taniqli adib Luqmon Boʻrixon 58 yoshda vafot etdi. Oyina.uz portali ijodkorning xotirasini yodga olib, bir necha yil avval eʼlon qilingan yozuvchilik qismati, kitobxonlik va soʻzga sadoqat haqida mulohazalari bildirilgan suhbatni havola qiladi.

 

Faoliyatini nazmdan boshlagan nosir muvaffaqiyatga erishadi, qabilidagi fikrlar bor. Siz bunga qanday qaraysiz? Eshitishimcha, oʻzingiz ham sheʼrlar yozgansiz?

 

Ha, oʻquvchilik paytlarim avval sheʼrlar toʻqishga uringanman. Lekin buni keyinchalik nasrga oʻtib ketsam nafi tegadi, degan xayolda qilganim yoʻq. Hammasi tabiiy bir tarzda, joʻshqinlik, hayajon qamrab kelgan chogʻlar sodir boʻlgan. Tarkibida qofiyali soʻzlar mavjud qandaydir satrlar qogʻozga toʻkila boshlagan. Keyinchalik ularning ayrimlari tuman gazetasida chop ham etildi. Bu men uchun katta yutuq edi. Bamisli osmonlarda uchib yurardim. Gapingiz ohangidan, ijodini sheʼrlar bilan boshlagan yozuvchi, nasriy asarlar bitganda qandaydir chuchmal, soʻzamol boʻlib qoladi, degan fikrda boʻlsangiz kerak? Bira toʻla hikoyalar, qissalar bitishga kirishish yozuvchida sovuqqonlikni, jiddiylikni, oʻtkir soʻzlikni saqlab qoladi deb oʻylaysiz? Balki shundaydir. Lekin men hamma nosirlarimizda shoirona yurak, shoirona tuygʻular boʻlishini istardim. Andak shoirligi boʻlmagan matematik, matematik emas, degan naql borku. Menimcha, bu yozuvchilarimizga ham tegishli. Shoirona pafos har qanday nasriy asarning ham badiiy emotsionalligini, badiiy quvvatni oshiradi, qahramonlar ruhiy holatini quvonchu iztiroblarini tiniq va taʼsirchan berishda foydasi tegadi.

 

Suhbatlarimizdan birida ilk hikoyalaringiz haqida soʻzlay turib, oʻsha paytlar kuchliroq yozuvchi boʻlgan ekanman, degan iqrorni aytgandingiz. Bu yoshlik xotiralarini eslagandagi oniy bir hayajon edimi, yo yozuvchi ulgʻaygan sayin unda qaysidir xislatlar ortib, qaysilari kamaya borishi haqiqatmi?

 

Oʻsha suhbat aniq esimda yoʻq. Hoynahoy, ilgari yozgan hikoyalarim keyingilaridan ancha pishiq-puxta edi, degan mazmunda nimadir aytgan boʻlishim mumkin. Ha, yoshlik paytlarimiz hozirgidan koʻra ijodga, adabiyotga bir qadar talabchan boʻlganmiz. Hammaga yoqishga harakat qilardik. Xom-xatala asar yozib qoʻyib, oʻzimizning, adabiyotning shaʼniga dogʻ tushirishdan choʻchirdik. Nazarimda, oʻsha kechinmalar, qoʻrquv-sarosimalar bugun chekinganday. Yo oʻzimizga ortiqcha baho berib yuboryapmiz, yo har qanday qoralamani ham eʼlon qilaverish mumkin, degan fikrga kelganmiz. Lekin har ikkisi ham katta gunoh... Har tugul, gapingizdan oʻzimizni yaxshigina isloh qilishimiz kerak ekanligini tushunmoqdaman. Masalaning yana bir tomoni shundaki, yoshlikda moddiy muammolarga kamroq duch kelinadi.

 

Yozuvchilarning kitobxon, ashaddiy kitobxon va sir emaski, umuman kitob oʻqimaydigan xillari boʻladi. Luqmon Boʻrixon bularning qay biriga mansub? Yaʼniki, yozuvchida isteʼdod birlamchimi yoki kitobxonlik?

 

Kamina oʻrtamiyona kitobxonman, shekilli. Adabiy jamoatchilik oʻqib-oʻqimay shov-shuv koʻtaradigan, dunyo adabiyotining durdonalari hisoblanadigan koʻpgina asarlarni men ham qoʻlga olganman. Lekin, ochigʻini aytishim kerak, koʻplarini mutolaa qilib, hayajonli taassurot ololmaganman. Balki, ularni oʻqish uchun qandaydir tayyorgarlik zarurdir, balki, saviyam pastdir, bilmadim, oʻsha kitoblarning aksariyati chuchmal, serjumboq, zavq-shavqsiz tuyulgan. Savolingizning davomi yuzasidan fikr yuritsak, isteʼdod har qanday ijodkor uchun eng birlamchi hisoblanadi. Ammo u koʻp hollarda kitobxonlikka ham undaydi. Chunki, isteʼdod nafaqat tinimsiz qogʻoz qoralashni, balki, ijod haqida, badiiy adabiyot haqida bilimni, tushuncha va tasavvurni oshirib borishni ham talab qiladi. Biroq, isteʼdod yoʻq ekan, bir olam bitiklarni oʻqib chiqqanda ham, bu mashgʻulot ijod masalasida yordam bera olmaydi. Shu barobarida, oʻsha mutolaaga ixlosmand odam hech narsa yoʻqotmaydi, balki, qalbi, ongi, maʼnaviyati uchun bebaho ozuqa oladi.

 

Sizni kitobxonlarga koʻproq tanitgan “Jaziramadagi odamlar”, “Xizr koʻrgan yigit”, “Quyosh hali botmagan” kabi asarlaringiz asosini qishloqda yashayotgan oʻspirinning oʻy-hayollari tashkil qiladi. Bu, nazarimda, birxillikni, cheklanishni paydo qilganday. Balki, mazkur asarlarning ayrimlari syujetini sal boshqacharoq qurganda maʼqul boʻlarmidi...

 

Ehtimol... oʻzimni toʻlqinlantirgan fikrni, gʻoyani kimningdir oʻy-xayollari, kechinmalari tarzida ifodalash, tasvirlash oson va qulay tuyulgan boʻlishi mumkin. Qolaversa, har bir qalamkash oʻz tabiatidan, nuqtayi nazaridan, uslubidan kelib chiqib qogʻoz qoralaydi, oqibatda, oʻziga xos “podcherk” paydo boʻladi. Buni oʻsha yozuvchining oʻzi ham payqamay qolishi mumkin. Lekin mulohazangizda jon bor. Keyingi ijodim davomida bunday nomaʼqulchilikdan qochishga vaʼda beraman.

 

Asarlaringiz qahramonlari qurbonmi, yo qahramon? Va adabiyotga aslida qaysi birlari koʻproq kerak?

 

Yozuvchi qachonki qurbon yoki qahramon yaratmoqchiman, deb qoʻliga qalam olsa, haqiqiy asar yozolmaydi. Asl adabiyot bu devorlarning sirtida...

Sovet davri adabiyotining eng katta xatosi mana shu boʻlgan. Natijada ikki tomchi suvday bir-biriga oʻxshaydigan, oʻta sunʼiy qahramonlar yaratilgan.

Umuman, men yozuvchi sifatida adabiy qahramonlarning robotga oʻxshab allaqanday dasturlar boʻyicha harakatlanishiga doim qarshi boʻlganman. Adabiyot matematika, yo fizika emaski, teorema, farazlarga amal qilinsa.

 

Kelajakda “yozuvchi-mashinalar» ixtiro qilinishi mumkinmi? Tasavvur qilaylik, shunday robotlar yaratilsayu, qisqa muddatda son-sanoqsiz roman va qissalarni yozib tashlayversa... Oʻsha “yozuvchi-mashinalar» nimadan yutib, nimalardan yutqazgan boʻlardi?

 

Bunday robotlarga sira ehtiyoj yoʻq. Hech bir mashinadan qolishmay betinim asarlar yozayotgan, peshma-pesh chop etayotgan qalamkashlar bugungi kunda ham koʻplab topiladi. Lekin ularning bitiklari nechogʻlik qiymatga ega ekanligi, eng avvalo, mutaxassislarga, qolaversa, oʻquvchilarga havola. Qolaversa, adabiyotning bagʻri keng, ularga ham joy topiladi.

 

Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, ularning yutugʻi – chipiga kiritilgan, yanayam aniqroq aytadigan boʻlsak, oʻzi biladigan har qanday maʼlumotni yuzaga chiqarib berolgan boʻlardi. Kamchiligi – hali bilimlar zaxirasi shakllanmagan, oniy bir fursatda his etish mumkin boʻlgan yangidan-yangi kechinmalarni aks ettirishda u ojiz qolardi.

 

Soʻz odam tanlaydimi?

 

Albatta. Soʻz samimiyatni yaxshi koʻradi. Samimiy odamga talpinadi. Shuning uchun gapni jarangdorroq yoki aqlliroq tuyiladigan qilib qoʻllashga emas, imkon qadar samimiyroq ishlatishga harakat qilaverish kerak.

 

Qogʻoz kitoblarning umri qachondir tugashiga ishonasizmi? Tugasa, bunga nima sabab boʻladi, deb oʻylaysiz?

 

Kitobni elektron holatda oʻqish – qizni qalin kiyimlari ustidan quchishday bir gap. Qogʻoz kitoblarning umri tugashiga ishonmayman. Mabodo tugasa, bunga hissizlik, zavqsizlik sabab boʻladi.

 

Tengdoshlarim nima uchun yozuvchi-shoirlardan koʻra sanʼatkor-xonandalarni afzalroq bilishadi? Bu hech qanaqa gʻayirlik, yo biror kimni kamsitish emas, shunchaki sababi nima ekanligi qiziq?

 

Jamiyatda avvalo kitobxonlikka ehtiyoj boʻlmas ekan, uni boshqa hech qanday yoʻl bilan kitobxon qilib tarbiyalab boʻlmaydi. Hech qanday shior, hech qanday chaqiriqlarning ham bu yoʻlda foydasi yoʻq... Modomiki bizga fikrlaydigan, oʻz salohiyatini faqat ijobiy tomonlama koʻrsatadigan, maʼnaviy olami barqaror barkamol avlod kerak ekan, biz jamiyatimizda avvalo kitob oʻqishga ehtiyoj paydo qilishimiz shart, deb oʻylayman. Hozirgi paytda yoshlarning kitob oʻqishdan qoʻshiqlar eshitishni afzal koʻrayotganining asosiy sababi ana shunda – kitob oʻqishga ehtiyojning kamligida. Koʻrmayapsizmi, kitob oʻqimasdan mansabdor, mashhur boʻlishyapti va hokazo.

 

“Kitob oʻqiganlar televizor koʻrganlarni boshqaradi “, degan bir bamaʼni gap boʻlardi. Gapni qisqa qilganda, bugun shu hikmatga ozroq putur yetganday... Dumi uzilib tushgan tulki haqida masal bor. Oʻsha masalda tulki oʻzining nuqsoni bilinib qolmasligi uchun dumi borlarning ustidan kulib, boshqalarniyam dumdan voz kechishga chaqira boshlaydi. Shu ketishda boraversak, bizda ham kitob oʻqiganlarning ustidan kulish, masxaralash odati paydo boʻlmasa, deb qoʻrqaman...

 

“Olov tutgan odam” asaringizni buyurtma asar, deb baholashyapti, taʼbir joiz boʻlsa, ozgina kamsitishyapti. Oʻzingiz bunga nima deysiz?

 

Nima ham derdim, oldin asarni oʻqib koʻr, deyman. Biror asarni aynan “buyurtma asar” deb asossiz tanqid ostiga olishning oʻzi bemaʼnilik. Chunki haqiqiy polvonga maydonning farqi yoʻq, polvon hech qachon men toʻyda olishadigan polvonman, musobaqada olishmayman, yo men chempionatda olishadigan polvon edim, toʻyda olishmayman deb oʻzini tortib oʻtirmaydi. Shuningdek, yozuvchining ijtimoiy vazifasi ham aslida bitta – yozish! Bunda esa, baʼzan buyurtma ham isteʼdod uchun oʻzini koʻrsatishga bir imkon boʻlib xizmat qilishi mumkin. Endi gap oʻsha asarning qanday yozilgani, yozuvchi badiiy tafakkurining qay darajada ekanida.

 

“Olov tutgan odam” ga qaytadigan boʻlsak, men bu asarni rahmatli birinchi prezident hayotlik davrida, yaʼni 2009-yilda yozganman va asosiy maqsadim mustaqilligimizning 25 yillik badiiy manzarasini yaratish boʻldi.

 

Kelgusidagi adabiy rejalaringiz?

 

Ulugʻ ajdodimiz, ilohiyotshunos olim Imom Moturidiy va dunyo tarixidagi eng shafqatsiz imperator Chingizxon haqida yozmoqchiman.

 

Qiziq, ulardan biri – buyuk ilohiyotshunos olim Imom Moturidiy haqida badiiy asarlar deyarli yozilmagan, ikkinchi haqida esa haddan tashqari koʻp yozilgan. Nima uchun aynan shu ikkala shaxs haqida yozmoqchisiz?

 

Bu savolingizga asarlar yozib tugatilganidan keyin, maqsad qay darajada oʻtalganiga qarab javob berish oʻrinliroq boʻladi. Hozirdan faqat bir narsani gapirishim mumkin. Mening asarimda Chingizxon jahongir, yengilmas sarkarda sifatida koʻzga tashlanmaydi.

 

Biz kabi yoshlarga maslahat va oʻgitlaringiz boʻlsa…

 

Avvalo, biz yoʻl qoʻygan xatoliklar takrorlanmasin: hamisha oʻz-oʻzingizga talabchan boʻling, sal-pal ijodiy yutuqqa erishsangiz, shuginaga mahliyo boʻlib qolmang, oʻrtamiyona kitobxon boʻlishdan saqlaning, hamisha oʻqish-izlanishda boʻling, faqat zavq-shavq bilan – koʻngildan chiqarib ijod qiling. Orttirgan bilimlaringizga hayot tajribasi ham omixta boʻlsa, sekin-asta yuksalaverasiz.

 

Bayram ALI suhbatlashdi.

 

“Oila va Jamiyat” gazetasi,

“Asl adabiyot bu devorlarning sirtida” suhbati.

2019-yil, 41-son.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

14:07 / 26.07.2024 0 184
Tomoshabinni teatrga qaytargan rejissyor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20038
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17734
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//