Oyni tog‘oradagi suvda tomosha qilgan shayx, shukriga bosh tikilgan va jon va’da qilingan diydor – Shams va Rumiy qissasi


Saqlash
16:08 / 03.08.2023 895 0

Saboq tugashi bilan o‘smirlik ostonasiga endigina qadam qo‘ygan tolibi ilmlar tashqariga chiqishdi. Darsxonada yolg‘iz Shams qolgan edi. Mudarris xayollar og‘ushida o‘tirgan Shamsning yoniga kelib so‘radi:

 

– Ey Muhammad Shamsiddin, nega xomushsan?

 

– Ey piri fano, rijoli g‘ayb ustoz, men shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat bog‘ining mevalarini totib bo‘ldim, sirlarini sharbat yanglig‘ ichib bo‘ldim.

 

– Biz hali shariat bahsini tugatmadik!

 

– Shariat derki, sendagi – seniki, mendagi   –   meniki. Tariqat aytur: sendagi   – seniki, mendagi ham seniki. Ma’rifat derki, na meniki bor, na seniki. Haqiqat aytur: na sen borsan, na men! Anglashim kerak bo‘lganini anglab bo‘ldim. Men endi ko‘lmakdagi nurning xaridori emasman, “Nur an-nur”ga tolibman. Ko‘ngil o‘zga manzillarni ixtiyor qilayotir. Qush bo‘lib uchmoqni istayman.

 

Shams madrasani tark etdi. Yeyish-ichishdan tiyildi, dunyodan aloqasini uzdi. Qirq kun xos ul-xavvos ro‘zasini tutdi. U butunlay ilohiy ishq ummoniga g‘arq bo‘lgan edi. Otasi Ali Malikdod:

 

– O‘g‘lim, sening bu holingni anglayolmay qiynalib ketdim. Qachongacha o‘zingni azoblaysan? – dedi.

 

– Ota, esingizdami, tovug‘imiz kurk bo‘lganida tuxumlari orasiga bir dona g‘oz tuxumini ham qo‘shib qo‘ygan edik. Jo‘jalar ochib chiqdi. Ona tovuq ularni ariq bo‘yiga olib bordi. Shunda g‘oz bolasi o‘zini suvga otdi. Ona tovuq uni qutqarish uchun chirqillab zir yugurgan edi. G‘oz bolasining esa parvoyifalak, suvda maza qilib suzib o‘ynagan edi. O‘shanda men ham tovuqning shafqatli bag‘rida dunyoga kelgan bir g‘oz bolasi ekanimni anglagan edim. Ota, menga ruxsat bering, so‘fiylar bilan olam kezay, mabdai nurimni topay.

 

Onasi o‘g‘lining kun sayin ozib-to‘zib borayotganini ko‘rib nasihat qildi:

 

– Hali yoshsan, bolam, har narsaning o‘z vaqti bor. Bahor kelmay ochilgan gulni ko‘rganmisan? Kunduz chiqqan oyning kimga nafi bor? Qanoti chiqmay uchishga chog‘langan polaponning oqibati saboq bo‘lmaydimi senga?

 

– Volidam, royihai jannatim, rayhon bo‘yli oyoqlaringiz ostida o‘tirmoqni istamasmidim?! Mehr-u marhamatingiz bulog‘idan qonib suv ichish menga yoqmaydi deb o‘ylaysizmi?! Qalbimda shunday bir gul ochildiki, hech qanday qahraton qish unga nuqs etolmaydi. Osmonimda shunday Oy balqidiki, Quyosh nuri u bilan bo‘ylasholmaydi. Uchishga shunchalar tayyor bo‘ldimki, endi menga qanotning keragi yo‘q. 

 

Shams ahli muhabbat maskani – so‘fiylar dargohiga bordi.

 

– Xush kelibsan, ey nur yuzli, maqsading nedir?

 

– Xom edi, pishdi, olovda kuymasidan topgani keldim.

 

– Ilm nedir, ey tolibi nur?

 

– Ilm uch narsadan iboratdir: zokir til, shokir qalb va sobir badan.

 

– Yukimiz toshdan og‘ir, kuching yetarmi?

 

– Sevmaganga chumoli ham yuk, sevganga fillar ham chumolidek gap. Agar inson oshiq bo‘lsa va ishonsa, tog‘ni ham yelkasida tashiy oladi.

 

– Nimaning me’yori Afzal-u nimaning ortig‘i?

 

– Har narsaning me’yori yaxshi, odobning esa ortig‘i.

 

– Ey xizrmashrab, safimizga qo‘shil, fayzi ilohiyda nasibang bor ekan, bir halqa bo‘l – o‘ttiz to‘qqiz edik, qirq bo‘lamiz.

 

So‘fiylar uning shiddat-u shahdini ko‘rib avval “Shamsiddin Parranda” deb atadilar. Ilmini ko‘rib “Komili Tabriziy” dedilar. Fitratiga qarab “Shamsi Qalandariy” dedilar. Dalolatiga qarab “Hujjat ul-Shams” dedilar. Mohiyatiga qarab “Shamsi Botiniy” dedilar. So‘zlaridagi qat’iyatga qarab “Shamsi Malomatiy” dedilar. Rangi ro‘yiga qarab esa “Shamsi Kibridi Ahmariy” dedilar.

 

* * *

Muhammad Shamsiddin ismi avliyolar majlisining mavzusiga, oshiqlar suhbatining mazmuniga aylandi. Mamlakatda uning ismini eshitmagan zot va so‘zlari kirib bormagan xonadon qolmagan edi. Hamma unga murid bo‘lmoqni orzu qilardi. U esa hech kimni ixtiyor qilmas edi.

 

Bir kuni mashhur so‘fiy shayx Avhаduddin Kirmoniy bilan suhbatlashib qoldi. Kirmoniydan tunlari nimalar bilan mashg‘ulligini so‘radi. Kirmoniy “Tunni taxayyul bilan, zikr-u ibodat bilan o‘tkazyapman” demoqchi bo‘ldi-yu, tiliga shu so‘zlar ilindi:

 

– Oyni tog‘oradagi suvda tomosha qilyapman.

 

Shams:

 

– Bo‘yningda g‘uddang bormiki, oyni tomosha qilmoq uchun tog‘oradagi suvga boqasan? Boshingni ko‘tarib ko‘kka boqsang bo‘lmaydimi? O‘zingga hoziq tabib top, bo‘lmasa haqiqatga emas, uning soyasiga qarash bilan umring o‘tadi! – dedi.

 

Kirmoniy hazratlari Shamsning qo‘lini tutib, muridlikka olishini so‘rab yolvordi. Javob qat’iy ohangda yangradi:

 

– Sen mening do‘stligimga bardosh bera olmaysan!

 

Ammo Avhаduddin uning etagini tutib yolvorishda davom etdi. Shams bozorga yaqinlashgach dedi:

 

– Kel, unda birga shu bozor o‘rtasida sharob ichamiz, javobimni keyin aytaman.

 

– Harom ichkilik bilan meni imtihon qilma.

 

– Mayli, unda sen ichma, menga sharob topib keltir!

 

– Haromni ichmaganim kabi pok qo‘limni ham bulg‘amayman.

 

– Men ichib bo‘lgunimcha yonimda o‘tir unda.

 

– Haromga yaqin yo‘lamayman ham.

 

– Unday bo‘lsa, mendan yiroq yur. Menga hamroh bo‘lolmaysan. Menga hamroh bo‘lmoq istasang, avvalo hamhol bo‘lasan, butun or-nomusing, obro‘ying, shon-shuhratingni bir qadah sharobga almashishga tayyor bo‘lasan. Bu maydon eranlar maydoni, unda zaiflarga o‘rin yo‘q. Va yana shuni unutma: men murid emas, shayx izlayapman. Haqiqatni ipak to‘shaklarda o‘tirib qidiradigan shayx kerak emas menga... Bu yo‘l mashaqqat va muhabbat yo‘li, Kirmoniy afandi. Payg‘ambar alayhissalomning hovlisida yashagan mol-u mulksiz as’hobi suffa misoli bu dunyodan yuz o‘girmas ekansan, yo‘ldoshim bo‘lolmaysan. Odamlar sharob ichib sarxush bo‘ladi. Ishq ahli esa ichmay turib mast bo‘ladi. Sen buni anglay olmading!

 

Kirmoniy taslimiyat imtihonidan o‘ta olmadi, Shamsning asl maqsadini idrok etmoqqa ojizlik qildi.

 

Shams bir kecha tush ko‘rdi. Yam-yashil vodiyda bir avliyo zot bilan suhbat qurib o‘tiribdi. Ular suhbatlashib o‘tirishibdi-yu, atrofda butun olam girdob misoli aylanmoqda. Girdob, dunyoga oid nimaiki bor bo‘lsa, hammasini yutib bormoqda. Ular o‘tirgan yashil manzil ham, shahr-u qishloqlar, tog‘-u toshlar ham yutilib ketdi. Makon-u zamon yo‘qolib, o‘rnida munavvar bir bo‘shliq paydo bo‘ldi. Musallam ikki vujud qoldi. Mukarram ikki ruh qoldi. Ularning biri nur, ikkinchisi munir edi. Biri so‘z bo‘lsa, ikkinchisi ma’no edi.

 

Shams uyg‘onib ketdi. Tushining ta’siridan o‘ziga kelolmay yurdi. Yana ikki kecha ayni o‘sha tushni ko‘rdi. Bu gal u murshidi komilning Rum diyorida ekanidan voqif bo‘ldi. Ammo vuslat vaqti kelguniga qadar sabr qilishi uqtirildi. Shams o‘sha qutlug‘ kun orzusi bilan yashay boshladi. Endi hayotining maqsadi, mazmuni bor edi. Shams ilohiy tajallidan mast bo‘ldi. Mushohada ummoniga sho‘ng‘idi. Shomga kelgan har karvondan uni izladi. Ko‘kdan uchib o‘tgan har qushdan uni so‘radi. Har tong quyosh nurlariga uni ko‘rish umidi bilan boqdi.

 

Nihoyat bir sado keldi:

 

– Modomiki, shunchalar istaysan, shukriga nima va’da qilasan?

 

– Boshimni!

 

– Sen qidirgan mir’oti mujallo Rum diyorida maskun. Ulus uni Mavlono deydi, otasi sulton ul-ulamo Bahouddin Valad. Ko‘niyo shahriga bor, u yo‘lingga intizor.

 

Safar vaqti yetib kelgan edi. Shams darveshlar bilan birga karvonga qo‘shilib Rum diyoriga yo‘l oldi. Chanqagan odam suv qidiradi, suv ham chanqaganlarga mushtoq bo‘ladi. Shams boshni fido qilgani yo‘lga chiqdi. Uzoq yo‘l yurib Ko‘niyoga yetib keldi.

 

* * *

Mavlono Jaloliddin xonadonida suhbat qizidi. Shams Jaloliddinni tinglar, uning ilmiga qoyil qolib, savollar berar edi. Jaloliddin ilmda ummon edi. Ilm qayerda bo‘lsa, borib o‘rganib kelardi. Shomda Muqaddimiya madrasasida to‘rt yil hadis ilmidan saboq oldi. Ko‘p o‘tmay madrasaning bosh mudarrisi unga “Jaloliddin, siz endi madrasamizga kelib vaqtingizni zoye qilmang. Sizga ilm o‘rgatadigan olim-u ulamo bu shaharda qolmadi hisob. O‘zingiz ilm shahri bo‘ldingiz. Endi tolibi ilmlar sizga borsinlar”, deya uni yurtiga kuzatib qo‘ygan edi.

 

– Sen bularni qayerdan o‘rganding, ey ilm dengizining g‘avvosi? – deb so‘radi Shams.

 

– Mana bulardan... Ichida sakkiz asr burun bitilgan kitoblar ham bor, hatto shundaylari borki, o‘qib sharhlaganim bilan uni anglaydigan bahri muhabbat yo‘q.

 

Jaloliddinning so‘zi tugamay Shams yoshiga qaraganda jarangdorroq ovoz bilan dedi:

 

– O‘sha bahr menman!

 

– Tushunolmaysan, avval mana bu kitoblarning barini o‘qib chiqishing kerak. Mutolaa va mushohada imtihonidan o‘tmog‘ing darkor.

 

Shams o‘rnidan turib, kitoblarni birin-ketin hovuzga ota boshladi. Mavlono Shamsning xatti-harakatini sas-sadosiz kuzatar ekan, ajib bir manzaraning shohidi bo‘ldi. Kitoblar suvga tushgach, uning qatlaridagi so‘zlar go‘yo ozod bo‘lgan qushlar kabi sahifalarni tark etardi. Ular Shamsdan minnatdor bo‘lib suvda raqs aylardi. Mavlono o‘zidan nafratlanib ketdi. Ko‘p o‘tmay javonda kitob qolmadi. Hovuz suvi qop-qora tusga kirdi. 

 

– Mahzunliging sababi nedir? – deb so‘radi Shams.

 

– Otam muborak qo‘llari bilan sharhlar yozgan bir kitob bor edi. Uni qo‘lga olganda otamni ko‘rgandek bo‘lardim. Xasta bo‘lsam ham o‘sha kitobdan kuch olardim. Safarga ketayotib xayrlashar, kelganda salomlashar edim...

 

Shams:

 

– Shunchalik xotiri bor ekan, unda qaytaraylik, – dedi va tundek qoraygan hovuzga qo‘lini tiqib bir kitobni oldi va: – Mana shumidi? – dedi.

 

Mavlono Jaloliddin Shamsning qo‘lidagi qup-quruq kitobni ko‘rib hayratini yashirolmadi:

 

– Bu ne sinoat bo‘ldi?

 

– Anglamoqqa ojizsan!

 

Lekin Mavlono haqiqatning shaklda emas – shamoyilda, moddada emas – ruhda, jismda emas – ko‘ngilda ekanini anglagan edi.

 

Shams esa o‘zi qidirgan piri poktiynatni, ilmda va hilmda benazir murshidni topgan edi. Mavlonoga qarab dedi:

 

– Olim eding, orif bo‘lding. Endi oshiq bo‘lishga majoling bormi?

 

Jaloliddin:

 

– Xom edim, pishdim, kuydim... Mening holimdan ne anglading, ey ma’nolar olamining quyoshi?

 

Shams:

 

– Angladimki, ko‘lmak yelvizakda ham chayqalaveradi. Ummonlarning to‘lqini muhabbatning mahobatidandir. Angladimki, teran va asrorangiz bo‘lgan narsalar sokin bo‘ladi. Angladimki, sokin bo‘lgan narsalar teran va haybatli bo‘ladi.

 

Mavlono o‘rnidan shaxt ila turdi. O‘ng qo‘lini yuqori, so‘l qo‘lini quyi qilib raqsi samoni boshladi. Samo nayzanlari “Farahfazo” kuyini chalib uni ko‘klarga chorladi.

 

Raqs mohiyatini anglagan Shamsi Tabriziy “Samo Haqdan yog‘ilgan ma’nodir, haqiqatning yuksak maqomidir. Ul maqomda Haqdan o‘zgaga joy yo‘q”, dedi va Qandolatchilar karvonsaroyi tomon yo‘l oldi.

 

* * *

Mavlono muridlari qurshovida zargar do‘koni oldidan o‘tib bormoqda. Ichkarida zargar kulchadek oltinni to‘qmoq bilan urib ishlov bermoqda. Bir maromda eshitilayotgan to‘qmoq tovushi Mavlonoga qattiq ta’sir qildi. Bir muddat to‘xtab mushohadaga toldi. Tovushlar to‘xtagach, muridlariga dedi:

 

– Ko‘rmaysizmi, hatto oltin ham urib shaklga solinadi. Nozik buyumlar eng ko‘p olov va ishlovga tobe tutilgan bo‘ladi. Sinovlardan shikoyat qilavermang; sizdan, ehtimol, podshohlar barmog‘iga loyiq uzuk yasayotgandirlar...

 

Shogirdlar yuzida tabassum zuhur etdi. Soddaroq biri darhol o‘zini oltindan ishlangan noyob uzuk deya tasavvur qildi. Boshqa bir shogird buni sezib, hazil qildi:

 

– Ustoz, ichimizdan ba’zi birovlar oltin ila kimsonning farqiga bormasalar-da, bir zumda podshohlar barmog‘idagi uzukka aylana qoldilar.

 

Yengil kulgi ko‘tarildi. Mavlono nasihat qildi:

 

– Ha, hoy-u havas tiriklik bezagi. Biroq o‘ylaring so‘zlaringga, so‘zlaring fe’ling­ga, fe’ling taqdiringga nuqs etadi. Shu bois go‘zal o‘ylamoq, umrni go‘zal o‘tkazmoq darkor.

 

Shogirdlaridan biri Mavlonodan so‘radi:

 

– Hazratim, ilm o‘rganmoqning hosili nedir? Badavlat va ma’mur yashamoq uchun qaysi ilmlar tahsili darkor?

 

Mavlono chuqur bir mushohada ila javob berdi:

 

– Uch kunlik dunyo luqmasi uchun ilm riyozatini chekmoqning ma’nosi bormi, ey farzand? Senga ilm deya taqdim qilinayotgani aslida arqondir. Zulmat qudug‘idan qutulmoq istasang, arqonni mahkam tut. Aks holda o‘sha arqon bilan boshqa bir quduqqa tushgaysan. Ilmdan murod ushbu savollarga javob qidirmoqdir, unutma: “Men kimman o‘zi? Bu olamga nega keldim? Qayon ketmog‘im kerak? Ildizim qayerda-yu yuzimni qay tomon burmog‘im kerak?” Asl mashg‘ulot qalbni pokiza tutmoq uchun g‘ayrat sarf etmoqlikdir.

 

* * *

Shom namozidan so‘ng masjiddan qaytayotgan Shams Tabriziy va Mavlono hovlining etagidagi xos hujraga o‘tdilar. Bu hujra Mavlononing mushohada va mutolaa dargohi bo‘lgani bois o‘g‘li Sulton Valaddan boshqa hech kim u yerga kira olmas edi. Hatto eng yaqin muridlari ham ostona hatlamay Mavlononing chiqishini kutib turar edi. Xotini Kiro xonim o‘g‘lini chaqirib so‘radi:

 

– O‘g‘lim, ichkarida nima gap? Nimalar haqida suhbatlashishyapti? Biror nima olib kir. Yoki ayvonga dasturxon tuzaylikmi?

 

– Volidam, uch soatdan oshdi hamki, lom-mim demay o‘tirishibdi. Padari buzrukvorni o‘zingiz bilasiz, bezovta qilmasligimizni tayinlaganlar.

 

– Ha, sen ko‘z-quloq bo‘l, nimadir kerak bo‘lsa, qidirib qolishmasin. Odatda, bunday suhbatdan so‘ng xushob so‘rab qoladilar. O‘rik va jiydadan xushob tayyorlab qo‘yganman.

 

– Xo‘p, volidam. Ijozat bo‘ldi deguncha kirib so‘rayman.  

 

Xos hujra xoslar suhbatidan munavvar maskanga aylangan edi. Sham atrofida uchib diqqatni parishon qilguvchi parvonalar ham bugun parvozni unutib sukut ichida suhbatga some bo‘lgan edi. Parvonalargina emas, shuur ham, zabon ham, so‘zlar ham, ma’nolar ham bugun o‘z maslagini butkul unutgan edi. Suhbati xos davom etardi:

 

– Nafsing ila kurashmoq, riyozat chekmoq va zohiriy ilmlar bilan mashg‘ul bo‘lmoqdan muroding nedir? – deb so‘radi Shams.

 

– Maqsadim shariat sunnati va odobi yo‘lidan bormoqdir, – dedi Mavlono.

 

– Bularning bari qobiq xolos-ku! – dedi Shams.

 

– Xo‘p, undan ichkarida nima bor? – deb so‘radi Mavlono.

 

– Qobiq ichida ilm bor. Shunday ilmki, seni Ma’lumga yetkazgay, – deb javob berdi Shams.

 

– Ma’lumga yetmoq uchun qaysi ilmni o‘rganmoq kerak?

 

– Avvalo “sir”ni anglamoq kerak. Sir esa “sir saqlovchi”da, –  dedi Shams.

 

– Bu jumboqni anglamoq dengiz tubidan marjon olib chiqmoqdan-da murakkab emasmi, piri pok? –  dedi Mavlono.

 

– Shunday bir naql bor: hazrati Muhammad (s.a.v.) o‘z takomilining cho‘qqisi bo‘lmish Me’rojga yuksalganda ko‘plab sirlardan ogoh bo‘lgan edi. Bir kuni shu haqda tafakkur qilib o‘tirganlarida yonlariga Hazrati Ali kirib kelib, “Yo, Rasululloh, bunchalik mahzunligingiz sababi nedir, biror tashvishingiz bormi?” deb so‘rabdi. Rasuli akram “Yo‘q, menga ayon qilingan sirlar haqida o‘ylab o‘tirgan edim” debdi. Hazrati Ali “Menga ham ozroq aytib bering, voqif bo‘lmoq istayman” debdi. “Ko‘tara olmaysan, bardoshing yetmaydi, Ali!” debdi Payg‘ambar alayhissalom. Ammo uning ko‘zlaridagi ishtiyoqni ko‘rib, ilohiy ishq sirini hazrati Aliga aytibdi. U shunday sir ekanki, zalvariga Hazrati Ali bardosh bera olmabdi. Makkai mukarrama ko‘chalariga chiqib hayqirmoq istabdi. Hammani bu sirdan voqif qilmaguncha ichidagi olovni so‘ndirishning iloji yo‘qdek tuyulibdi. Ammo uni boshqalarga oshkor qilmaslikka so‘z bergani uchun shahar chetidagi tashlandiq bir quduqqa aytibdi. Quduq ham sirning yukiga dosh berolmay jo‘shib-toshibdi. Atrofda ko‘l paydo bo‘libdi. Ko‘lda qamishlar o‘sib chiqibdi. Bir cho‘pon qamishni kesib nay yasabdi. Chalsa shunday bir kuy taralibdiki, atrofdagi jonzotlar, o‘simliklar mast bo‘lib qolibdi. Bir kuni Hazrati Muhammad (s.a.v.) Hazrati Ali bilan birga cho‘lda ketayotsa, cho‘pon chalayotgan kuyni eshitib to‘xtab qolibdi. Aliga qarab, “Sen sirni birovga aytganmiding?” deb so‘rabdi. Hazrati Ali bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Payg‘ambar alayhissalom kuy taralayotgan tomonga boqib, “Bu qamish qiyomatga qadar mening sirimni tarannum qiladi, ammo qalbi ochiq, pok va komil insonlargina bu sirni anglagaylar” deb marhamat qilibdi. So‘fiylar nayni shuning uchun sir tashuvchi – sirbon deydilar.

 

Mavlono tafakkur dengiziga g‘arq bo‘ldi. Uning qarshisida turgan zoti mukarram inson qiyofasidagi nay edi. Naydan taralayotgan kuy uhroviy sirlarni tarannum qilardi-yu, u esa anglashdan mahrum lol-u bezabon edi.

 

Tinglagil, nay ne hikoyat aylagay,

Ayriliqlardan shikoyat aylagay.

 

* * *

Jaloliddin ayvonda o‘g‘li Amir Muzaffariddinga mayin ohangda alla aytib o‘tirgan Kiro xotunning yoniga kelib o‘tirdi. O‘g‘liga termildi. Kiro xotun alla aytishdan to‘xtab, unga ajablanib qaradi. Jaloliddin o‘g‘lini uyg‘otib yubormaslik uchun pichirlagandek past ovozda so‘zladi:

 

– Bolaligimda otamning yonlarida o‘tirib oriflar suhbatini ko‘p tinglardim. Ba’zan varajaga tushib o‘zimdan ketib qolsam, oriflar davrasiga olib “hu-hu” deya duo qilishar ekan. Volidam Mo‘mina xotunning ovozini eshitgandek bo‘laman sen alla aytsang...

 

Hu-hu-hu, Olloh hu!

Bu senga oson hu...

Bizga shifo ber o‘zing,

Katta bo‘lsin bu quling.

Hu-hu-hu, Olloh hu!..

 

– Hazratim, Olloh sizni barxudor qilsin. Varaja oni qancha davom etar edi?

 

– Sen bir takbir muddati deb bil, men ming takbir deb bilaman. Oxirgi marta besh yoshimda shunday holga tushdim. O‘shanda ko‘rganlarimni ta’riflashga dunyodagi jami tillarning xazinasini yig‘sang ham ozlik qiladi. Chunki so‘z bilan ta’riflab bo‘lmas idrokka xos ajib manzaralarni ko‘rgan edim. Hushim tanimga qaytgach, padari buzrukning tizlarida xuddi Bahouddin misoli dunyobexabar yotgan ekanman. Ko‘zimni ochiboq, “Otajon, qani ular?” deb so‘raganim hali-hanuz yodimda.

 

– Kimlarni ko‘rgan edingiz o‘shanda? – deb so‘radi Kiro xotun.

 

– Aniq eslayolmayman, ammo otam “Xudovandigor, o‘g‘lim, senga ko‘ringanlar g‘ayb olamining sokinlaridir. Ular Ollohning lutfi va inoyatiga mazhar qilmoq niyatida tashrif buyurgan farishtalar, mo‘min jinlar va avliyoullohlardir. Ulardan cho‘chima”, degan edilar.

 

– Ular biror nima deganmidi?

 

– Qo‘limdan tutib g‘ayb bog‘larini sayr qildirgan mo‘ysafidning so‘zlari keyinchalik hayotimning mazmuniga aylandi. Quloq tut, Kiro xotun, o‘g‘limiz Muzaffariddinga ham ularni eslatib tur. O‘sha nur yuzli mo‘ysafid “Agar sen ham biz bilan shu joyda bo‘lishni xohlasang, so‘zimizni unutma. Hamma bilan do‘st bo‘l. Hech kimga hasad qilma. Hech kimni muhokama etma. Odamlar suratini bezatsa, sen siyratingni bezagin. Odamlar boshqalar aybidan so‘z ochsa, sen o‘z qusuringni o‘yla. Yaralarga malham bo‘l, shifo bo‘l, aslo ziyon bo‘lma. Shamdek yosh to‘k, ko‘ngil uying charog‘on bo‘lsin. Qulog‘ingda bo‘lsin: o‘ylaring so‘zlaringga, so‘zlaring fe’lingga, fe’ling taqdiringga nuqs etadi. Go‘zal o‘yla, go‘zal yasha!” degan edi. Va yana “Hu”ning sirini angla va oshkor etma” degani hamon yodimda.

 

– “Hu” – avliyolar tasbehi”, derdi rahmatli volidam, – deya esladi Kiro xotun.

 

– Ha, shunday, Kiro xotun. Juda teran mavzu bu. “Hu” – ruh qushining ismi. Favqulodda nozik va mayin qush. Uning makoni qalb qafasida. Ozig‘i – kalimai tavhid. Agar odam u qushni yo‘qlab turmasa, qafas qattiqlashib, nafas qushini siqib qo‘yadi. “Hu” qushi yashab turishi uchun mudom kalimai tavhidni yod etmoq lozim. Uni takror etmagan insonlar esa qalbida o‘lik qushni tashigusi! Va unday qalb unduq misoli badbo‘y bo‘ladi. Badanni tark etgan “hu”ning makoni esa Arshdir. “Hu” Olloh ismlarining mohiyati, botini va haqiqatidir. Uni anglaganlar maqomlarning eng mo‘tabariga mazhar bo‘ladi...

 

Kiro xotunning oyoqlari ustidagi yostiqda miriqib uxlab yotgan Muzaffariddin bezovtalanib ko‘zlarini ochdi. Kiro xotun oyoqlarini beshikdek tebratib alla ayta boshladi:

 

Hu-hu-hu, Olloh hu!

Bu senga oson hu...

Bizga shifo ber o‘zing,

Katta bo‘lsin bu quling.

Hu-hu-hu, Olloh hu!..

 

Jaloliddin o‘rnidan turib hovliga chiqdi, osmondagi beadad yulduzlarga boqib xayolga toldi. Qorong‘izorda ko‘kdan yog‘ilayotgan ohanglarga quloq tutdi, olamni sas shamoyilidagi duolar qopladi. Go‘yo yengil nasim oriflar duosini olislardan keltirib uning ustiga sochar edi. Ayvon toqidagi qumrilar ham ahyon-ahyon shu sirli ohangda sirlashgandek huhulab ovoz chiqarib qo‘yar edi. Yer-u ko‘kni muazzam ohang tutib ketdi. Tun ila tong olamni bo‘lishayotgan pallada ko‘klarning bag‘ridan hu-hu sadolari otilib chiqdi. Yulduzlar samoni tark etayotib chiqargan tovushlari ham shu yo‘sinda edi. Darveshlar tasbehidan to‘kilib borayotgan faryodlar ham shu maromda yangradi: hu-hu-hu!.. Jaloliddin bu ohanglar og‘ushida, sir dargohida tunni bedor o‘tkazdi.

 

Bobi asrorning kaliti hu...

Behisht rayhonlarining ifori hu...

Jon qushining tasaddug‘i hu...

Hu-hu-hu, Olloh hu...

 

* * *

Amir Muzaffariddinni uxlatib, Jaloliddin o‘tirgan ayvonga o‘tgan Kiro xotun so‘z ochdi:

 

– U zoti kirom kelgandan buyon har neni unutdingiz, hazratim. Mening bor-yo‘qligimni ham faromush etdi degan o‘ydan ozurdaman. Bunchalik sukutingizning ma’nosi ne ekan?

 

Mavlono chuqur tin olib so‘z boshladi: 

 

– Modomiki, inson ekansan, modomiki, eshita olasan, tafakkur qilasan va sezasan... Buyuk haqiqatni topish uchun ko‘nglingni va idrokingni ishga solasan. Hislaringni va topganlaringni so‘zlaysan. Agarchi so‘zlay olmasang, ruhing vosil bo‘lgan sirlarni she’rga solasan, soz va samo ila bayon qilasan. Ular bilan ham ayta olmaydigan darajada buyuk sir sohibi bo‘lsang, unda sukut saqlaysan, Kiro xotun. Dengiz sohiligacha iz bor. Dengizga kirgandan keyin na iz qolar, na nishon. Ollohning do‘stlari – avliyolardir. Xohla – Uni ko‘r, xohla – meni. Ey, savollariga javob izlayotgan kishi, men – Uman, U esa mendir!

 

Kiro xotun uning gaplarini anglashga harchand harakat qilmasin, o‘zi qidirgan javobni topa olmadi. “Bizning aqlimiz yetmaydigan nima sir bor ekanki, mendan ham saqlaysiz? Madrasa saboqlarini tark etdingiz, muridlaringiz ham ilhaq, qozi hazratlari odam yo‘llab chaqirsalar ham bormadingiz, bul parishonlik xayr alomati emas, axir” deya nolib o‘rnidan turdi; ichkariga kirib ketmoqchi edi, Jaloliddin yana so‘z boshladi:

 

– Tingla, bir rivoyat aytib beray, balki shunda anglarsan. Bir naychining ajali yetib, jon berar chog‘ida birov undan so‘rabdi: “Ey, sirlar ummoni qarshisida turgan notavon, holing nechuk, nelarni o‘ylayotirsan?” Naychi oh chekib debdi: “Holimni hech ayta olmasman, ammo sezyapmanki, bir umr yel puflab kelibman, oqibatda esa tuproqqa ketyapman, vassalom”.

 

Kiro xotunning ajablanib turganini ko‘rgan Jaloliddin izohlagan bo‘ldi:

 

– Madrasada el-ulusga saboq berishim, har mavzuda pand-u nasihat qilishim, nutq irod etishim va boshdan-oxir hayotim o‘sha naychining birgina afsusidan a’lomidi?.. Alhol, menga taalluqli bo‘lgan vasflarning barchasini o‘sha birgina afsusga almashgan bo‘lar edim. Tushunyapsanmi, Kiro xotun?! Shuncha o‘qibman-u, bir nayzanning aqli yetgan ma’noni ilg‘ay olmabman. Anglaganimda edi, jillaqursa, “Tovus qushiga o‘xshab faqat qanot va dumingga mahliyo bo‘lavermay, ba’zan oyoqlaringga ham qarab tur, Jaloliddin!” demasmidim?! “Daraxt soyasida o‘tirishni orzu qilavermasdan nihol ek, baraka topkur!” demasmidim?! To‘y-hashamlarda yasan-tusan qilgan chog‘im “Ey, zarbof to‘n va oltin kamar taqishga o‘rgangan odam, sening ham choksiz libos kiyadigan kuning keladi, hushyor bo‘l!” demasmidim?! Nari borsa, “Ko‘nglingni poklamasdan, tinmay tahorat olganing nimasi!” demasmidim, xotun?! Evoh! Men shunday insonlarni ko‘rdimki, kiygani kiyimi yo‘q; shunday kiyimlarni ko‘rdimki, ichida inson yo‘q. Shams esa ma’nolar olamining quyoshi, haqiqat diyorining mehrobi, anglayapsanmi, Kiro xotun...

 

* * *

Shams Tabriziy bilan Mavlono Rumiy, uch oydirki, hujradan chiqqani yo‘q. Shayxlar fitna qo‘zg‘adilar. Bu odamning nimasi Mavlononi o‘ziga jalb qildi ekan? Na ilmi bor, na odobi. Uni nazar ahli yo ko‘ngil ko‘zi ochiq odam demoqqa dalil yo‘q. Mavlono durust ish qilmayotir...

 

Xalq hujra yoniga kelib baland ovozda suhbatlashayotganda darvoza ochilib ichkaridan Jaloliddin chiqdi. Izdihom orasidan jimgina o‘tib shahar tomon yo‘l oldi. Odamlar uning ortidan ergashdi. Mavlononing bozor yaqinidagi mayxonaga kirib ketganini ko‘rib hayratdan hang-u mang bo‘ldilar. Ko‘p o‘tmay, u qo‘lida bir tulum may bilan chiqdi va yana hujrasiga qaytdi. Uni izma-iz ta’qib qilib kelgan olomon kimo‘zarga baqira ketdi:

 

– Bu qanday bedodlik, bu qanday sharmsizlik, farishtadek odamni sharobga o‘rgatibdi-ya!

 

– Shayximizni butunlay o‘ziga tobe qilib oldi. Uning suhbatini tinglash tugul yuzini ko‘rishdan ham mahrum bo‘lib qoldik.

 

– Irmoq somon cho‘pini oqizib ketgani misol shayximizni yiroqlarga olib ketdi.

 

– Bu odam sehrboz bo‘lsa kerak. Shayximizni uning jodusidan qutqarishimiz kerak.

 

– Kim o‘zi bu kas: na din-u diyonatini bilamiz, na kimligini! Qayoqdan keldi ul jodugar?

 

– Butun xalqni shayximizning va’zidan mahrum qildi, yurtdan fayz-u baraka qochdi.

 

– Sehrgar mayxo‘rning adabini berib qo‘yish kerak!

 

– Jodugarga o‘lim!

 

Quturgan olomon hujraga bostirib kirdi. Tancha ustida turgan sharob tulumini olib yerga urgan edilar, yorilib ichidan gul sharbati to‘kildi. Butun hujra musahhar iforga to‘ldi. Jahl otiga minib kirganlar bu nafis hiddan mast-u mulzam bo‘lib chiqdilar. Qadim Ko‘niyoni ishq atri – behishtiy mushk ifori tutib ketdi.

 

Biroq el og‘ziga elak tutib bo‘lmas, na’ralarni to‘xtatib bo‘lmas edi. Shams bu dashnomlarni bilgani bois olomon qarshisiga chiqishdan o‘zini tiyar edi. Bir yondan Jaloliddinning oilasida ham norizolik avj ola boshlagan, el aro yoyilgan fisq-fasod ularning ko‘ngliga botayotgan edi. Shu bois Shams, Jaloliddinning iltijolariga ham qaramay, yurtiga qaytmoqqa qaror qildi.

 

* * *

Hijriy 643-yil, shavvol oyining so‘nggi payshanbasi. Shams tong saharda yo‘lga chiqdi. Payg‘ambar yoshini bo‘ylagan zotni darbadarlik ancha toliqtirgan edi. Ayniqsa, Mavlononi “yo‘ldan ozdirgan”likda ayblagan johil olomonning qutqusidan charchagan edi. Ko‘niyoning Shom darvozasiga yetganida jahl otiga mingan olomon uning yo‘lini to‘sdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, Mavlononing ilk zavjasi Gavhar xotundan tug‘ilgan o‘g‘li Aloviddin ham ko‘zi qonga to‘lgan to‘daning oldingi safida turar edi. Shams yuzini Ko‘niyo tomon burib baland ovozda ash’or o‘qiy boshladi:

 

O‘lim kuni qachonki tobutim ravon bo‘lgay,

Gumon qilmagilki, ko‘nglimda dardi jahon bo‘lgay.

 

Mening uchun yig‘lama va demagil: “Darig‘, darig‘!..”

Devlar domiga tushgaysan darig‘ hamon bo‘lgay.

 

Janozamni ko‘rsang demagil: “Firoq, firoq!”

Menga visol va muloqot o‘shal zamon bo‘lgay.

 

Otasining sha’ni uchun oyoqlangan Alovuddin g‘azab bilan baqirdi:

 

– Yetar, bas qil, devona darvesh! Padarimni jodulaganing yetar! Ul hazratimning ko‘ngli chaqaloqning ko‘nglidek beg‘ubor, pok-u begidir. Sen uning sofligidan foydalanib, aqlini olding. Biz sening sehr-u jodungga o‘ynaydigan go‘l emasmiz. Shahodatingni ayt, agar qalbingda zarra qadar iymoning qolgan esa, zarra qadar diyonating bo‘lsa!

 

Shams qattiq iztirob ichida nasihat qilmoqqa chog‘landi:

 

– Ey, muborak chashmaning obi ziloli! Bu qattig‘liqni qayerdan olding? Kim sening ko‘nglingga bunday badgumonlikni soldi? Bizlar uchun o‘lmoq asli yangidan tug‘ilmoqlikdir! Yiqilish – yuksalish demakdir, koshki buning ma’nisini anglay olsang! Quyosh botsa, Oy ko‘ringay, ko‘rmasmisan? Hech jahonda shams-u qamarni tuproq ostiga ko‘marlarmi? Senga botmoq bo‘lib tuyulsa-da, otmoqdir aslida; meni lahadga hibs aylasang-da, jon omon bo‘lg‘ay, ma’shuqiga muntazir bo‘lg‘ay. Qay urug‘ tuproqqa tushib ko‘karmadi, axir, bilmasmisan? Nechun inson urug‘iga bunday gumon qilasan? Jon Yusufiga choh ichra nechun fig‘on qilg‘ay, anglamasmisan?!

 

Olomon Shamsning gaplaridan g‘alayonga keldi. Marjondek tizilgan so‘zlari ta’siriga tushib qolishdan qo‘rqib, ustiga yopirildi.

 

Quyosh olamni yoritganda tuproq uyatdan qizarib ketgan edi. Bulutlar lolagun, osmon ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi. Yomg‘ir shiddatidan ummonlar o‘krab yubordi. Shamol yerdan ko‘k toqiga buyuk ishq iforini olib uchdi. Shams boshdan-oyoq sirga aylandi. 

 

* * *

Shamsi Tabriziy Mavlono Rumiyga oyna bo‘ldi. Mavlono bul oynada o‘zini, qalbidagi Ollohga muhabbatning tajallisini ko‘rdi. Mavlono ochilishga tayyor g‘uncha edi, Shams nasim bo‘lib uning ochilishiga imkon yaratdi. Mavlono bir ishq sharobi edi, Shams esa unga qadah.

 

Eshitdimki, bizni tashlab ketgali azm etibsan, etma!

O‘zga bir dil, o‘zga bir do‘stga mayl etibsan, etma!

 

Sen yot ellar olamida ne izlarsen, ayt, ey begona,

Qaysi xastadilni qiynagali qasd etarsen, etma!

 

Ajratmagin bizni bizdan, ketma ul ellarga, yobonga,

Boshqalarga boqma, nazar etgali mayl etibsan, etma!

 

Ey Oy, ko‘hna falak xarob-u parishon bo‘lmish sen uchun,

Bizni nechun bundoq xarob-u parishon etarsen, etma!

 

Ey maqomi lomakonim, bor ila yo‘qlik arosi sen uchun,

Sen makonni, bor-u budni tark etarmishsan, etma!

 

Sen ketsang gar Oy na qilg‘ay, kul bo‘lur g‘amdan tayin,

Oyni ham xarob-u zabun etgali mayl etibsan, etma!

 

“Shams Ko‘niyoning Shom guzargohida mutaassiblar tomonidan toshbo‘ron qilib o‘ldirildi” degan xabar Mavlononi go‘yo aqldan ozdirdi. Mavlono uyini tark etib, shahr-u qishloqlarni kezib Shamsni qidirdi. O‘tgan-ketgandan uni so‘radi. Bir odam “Shomda ko‘rdim”, dedi. Mavlono bu xabarga suyunchi sifatida ustidagi kiyimini, sallasini berdi. Yaqinlari “Bu odam yolg‘on aytyapti, u Shamsni tanimaydi” desa, Mavlono “To‘g‘ri aytayotirsan, u yolg‘on gapiryapti, shuning uchun kiyimimni berdim. Agar rost gapirganida jonimni berardim-ku!” dedi.

 

Shams g‘oyib bo‘lgach, Mavlono ikki marta Shomga bordi. Uni betinim qidirdi, so‘radi-surishtirdi.

 

“Uni tasvirlab ber-chi!” deganlar Mavlonodan bunday javob olar edi:

– U… u – bepoyon dengiz, men esa tubidagi bir chig‘anoqman. U – cheksiz osmon, men esa ufqdagi bir chizgi... Uning har so‘zi alohida bir dunyo. So‘zlarining ma’no qatlarida inson ham bor, ham yo‘q bo‘lib ketadi... Shams – sarhadsiz olam. U – makon va zamonlar aro mudrik yo‘lovchi. Koinotning qay burjidan boqsangiz, uni ko‘rasiz. Goh avliyo, goh mo‘tabar shayx, goho mayxo‘r mashshoq, goh olim-u oriflar sultoni, goho telba oshiq libosida sarson-sargardon... U ba’zan bitta inson, ba’zida milliard inson... U – men, siz, hamma... Shams butun; unda Sharq ham, G‘arb ham, Janub ham, Shimol ham – butun olam mujassam. Goh qaldirg‘ochning qanotida osmonlarga ko‘tariladi, goh bola tabassumida, goh ayolning ko‘zyoshlarida paydo bo‘ladi. U dengizdek jo‘shadi, shamol kabi esadi, sel bo‘lib yog‘iladi va qah-qah otadi. Tog‘lar uning oldida zarraga aylanadi, ba’zan uning o‘zi qum zarrasiga aylanib oyoqlar ostida eziladi...

 

Mavlono Shamsni diyor-diyor qidirmoqning abasligini angladi. Yo‘qlamagan, so‘rab-surishtirmagan kishisi qolmadi. Keyin... keyin esa u qalban buyuk bir taslimiyatni his qildi. Shamsni qayerdandir emas, o‘zidan qidirmog‘i kerakligini angladi:

 

– Men uni jisman topolmadim, topolmadim piri sharifni... Ammo angladimki, u menda, uning nuri mening ruhimda. Uni qidirganlar dasht-u sahrodan izlab ovora bo‘lmasinlar. U nur menda...

 

Mavlono o‘ng qo‘lini ko‘kka, chap qo‘lini yerga uzatib raqsi samoni boshladi, samolardan nayning ipakdek mayin va farahbaxsh ohanglari taraldi. Mavlononing tilidan to‘kilayotgan so‘zlar she’r bo‘lib olamga yoyildi:

 

Biz sevsak gar, yer bo‘lamiz,

Biz sevsak gar, sel bo‘lamiz. 

Biz sevsak gar, lol bo‘lamiz,

Biz sevsak gar, jon bo‘lamiz.

 

Ko‘kda momoqaldiroq gulduradi. Bulutlar bag‘rini chok qilib chaqmoq chaqnadi. Yomg‘ir sharros quydi. Mavlono jo‘shib-jo‘shib, ho‘ngrab-ho‘ngrab, o‘zidan kechib-kechib aylanar edi. Ko‘k toqidan esa ma’nolar sultoni, Mavlononing mo‘tabar habibi, piri arjumandi Shams hazratlarining muborak sasi yomg‘ir bo‘lib yog‘ilar edi:

 

Ba’zan uzoqlashmoq kerak yaqinlashmoq uchun,

Ba’zan eslamoq kerak eslanmoq uchun,

Ba’zan yig‘lamoq kerak ochilmoq uchun,

Ba’zan sukut yaxshidir tinglamoq uchun...

 

Ma’rufjon YO‘LDOSHEV

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Shams va Mavlono” ikki bahr tutashuvi qissasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

14:07 / 26.07.2024 0 189
Tomoshabinni teatrga qaytargan rejissyor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20041
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17735
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//