“Tashqaridan e’tirof kutmang” – modernist shoirning yosh ijodkorga tavsiyalari


Saqlash
20:08 / 14.08.2023 681 0

1902-yili Vena harbiy akademiyasi talabasi, havaskor shoir Frans Kappus o‘zining bir necha sheʼriy mashqlarini Rayner Mariya Rilkega yuborib, undan fikr bildirishni iltimos qiladi. Avstriyaning taniqli shoirlaridan biri bo‘lgan Rilke bir muddat o‘tib unga javob qaytargan va boshqalardan tasdiq kutgandan ko‘ra o‘z ichki olamiga sho‘ng‘ishni va barcha javoblarni o‘sha yerdan izlashni tavsiya qiladi. Ularning yozishmalari shu bilan tugamaydi. Yosh Kappus unga yana maktublar yo‘llaydi va kelasi besh yil mobaynida shoir unga nafaqat sheʼriyat, balki boshqa mavzularda ham qimmatli maslahatlar berib boradi.


Xo‘sh, bu ikki qahramonimizning kimligini bir boshdan aytsak: Frans Ksaver Kappus – Avstriyada tug‘ilgan harbiy ofitser edi, ammo bundan tashqari u jurnalist, shoir va yozuvchilik faoliyati bilan ham shug‘ullangan. U adabiyotda modernist shoir Rayner Mariya Rilke maktublarini nashr etgan inson sifatida tanildi.


Rayner Mariya Rilke esa XX asrning ko‘zga ko‘ringan modernist shoirlaridan biri hisoblanadi. U Pragada tug‘ilgandi, shuningdek, Avstriya fuqarosi ham edi. Rilke nemis, fransuz va rus tillarida sheʼrlar yozgan, ko‘plab sheʼriy to‘plamlar nashr ettirgan. Uning “Malte Laurids Brigge qaydlari” nomli romani va bir qancha hikoyalari ham mavjud.


1929-yili, Rilkening o‘limidan uch yil o‘tib, Kappus u yozgan o‘nta maktubni “Yosh shoirga maktublar” nomi bilan to‘plam holida nashr ettiradi. Natijada, bu kitob adabiyot tarixidagi eng yuksak ishlardan biri sifatida tan olinadi. Quyida o‘sha maktublardan birinchisini eʼtiboringizga havola qilamiz.



Muhtaram janob!

Xatingiz bir necha kungina avval qo‘limga tegdi. Menga bildirgan ulkan va qimmatli ishonchingiz uchun rahmat aytmoqchiman. Bundan ortig‘i qo‘limdan kelmaydi. Sheʼrlaringiz qanaqa ekani haqida batafsil fikr bildirolmayman, chunki turfa xil tanqidiy qarashlar menga yot. Tanqidiy munosabat sanʼat asariga boshqa har nimadan ko‘ra kamroq taʼsir o‘tkazadi va tanqid doim ozmi-ko‘pmi dilni xira qiluvchi anglamsizlikka olib keladi. Biz hamma narsani osongina anglab yoki tushuntirib berolmaymiz; ifodalab bo‘lmaydigan holatlar ko‘p. Ular hali so‘z yetib bormagan olamda sodir bo‘ladi va shu tushuntirib bo‘lmas narsalar, sanʼat asarlari, biz kabi o‘tkinchi jonzotlardan farqli o‘laroq, umrboqiydir.


Mana shu qisqa kirish so‘zidan so‘ng faqat bir narsani ayta olaman: sizning sheʼrlaringizda yangilik ko‘rmadim, ammo ularda asta-sekin qandaydir o‘ziga xoslik shakllanmoqda. Buni, ayniqsa, “Qalbim” nomli oxirgi sheʼringizda sezdim. Unda faqat sizga tegishli, faqat sizniki bo‘lgan nimadir o‘ziga so‘z va ohang izlamoqda. “Leopardiga” nomli go‘zal sheʼringizda esa shu buyuk va tanho ruh bilan qandaydir aloqadorlik paydo bo‘lganday. Shunga qaramay, bu sheʼrlar hali to‘la pishib yetilmagan, ularda erk yo‘q, hatto oxirgisi va Leopardiga atalganida ham. Sheʼrlar bilan birga kelgan samimiy maktubingiz men sezgan, ammo aniq aytolmagan ko‘p kamchiliklarni ochiqlashda yordam berdi.


Siz mendan sheʼrlarim yaxshimi deb so‘rabsiz. Bugun mendan so‘radingiz, kecha esa boshqalardan so‘ragansiz. Siz ularni jurnallarga yuborasiz. Ularni boshqalar sheʼri bilan solishtirasiz va boshqa nashrlar sizning ijodingizni rad qilishidan xavotirlanasiz. Sizdan (modomiki, tavsiyalar berishimga rozi bo‘lgan ekansiz) bu ishlarni bas qilishni so‘rayman. Siz boshqalardan eʼtibor kutyapsiz, ammo hozircha shu ishni qilmay turing. Hech kim siz istagan yordam yoki maslahatni berolmaydi, hech kim. Faqat bitta najotingiz bor: ichingizga boqing. Sizni nima sheʼr yozishga undayotganini toping. U qalbingizning tub-tubidan unib chiqyaptimi yoki yo‘qmi, shuni aniqlang. Bir narsani tan oling: agar yozishni taqiqlab qo‘yishganida, yashay olarmidingiz? Lekin eng avvalo jim-jit kechada o‘zingizni so‘roqqa tuting: men yozishim kerakmi? Shu savol javobini izlab toping. Agar javob ijobiy bo‘lsa, agar shu muhim savolga aniq va qatʼiy ohangda: “Ha!” – deb javob berolsangiz, unda hayotingizni shu ehtiyojga moslab qayta qurishingiz kerak. Umringiz eng ahamiyatsiz va arzimas onlargacha shu ichki iqror ramzi va guvohligi bo‘lib qolmog‘i lozim.


Keyin tabiatga yaqinroq bo‘ling. Yer yuzidagi birinchi inson kabi nimani ko‘rayotganingiz, his qilayotganingiz, sevishingiz yoki bir umrga yo‘qotganingiz haqida yozishga harakat qiling. Ishqiy sheʼrlar yozmang; boshida o‘ta oddiy va odatiy mavzulardan qoching. Asli eng murakkablari ham o‘shalar, chunki bir talay yaxshi va baʼzan ajoyib sanʼat namunalarini topish mumkin bo‘lgan joyda chinakam o‘ziga xos narsa yaratish ulkan va yetuk salohiyatni talab qiladi. Umumiy mavzulardan qochib, hayotingizdagi kundalik holatlarga yuzlaning; dard va istaklaringiz, oniy kechinmalaringiz yoki qandaydir go‘zallikka ishonchingizni qalamga oling. U haqida yurakdan, past ovozda, kamtarona samimiyat bilan yozing. O‘zingizni ifoda qilish uchun sizni o‘rab turgan narsalarga murojaat qiling – ko‘rgan tushlaringizga yoki siz uchun qadrli buyumlarga. Agar kundalik hayotingiz sizga g‘arib ko‘rinsa, aybni undan emas, o‘zingizdan qidiring. Tiriklik xazinasidan bahramand bo‘lish uchun menda shoirlik ruhiyati yetishmayapti, deng. Axir ijodiy ruh uchun yer yuzining hech qaysi nuqtasida qashshoqlik ham, befarqlik ham yo‘q. Agar qamalib, qalin devorlar sizni tashqi dunyodan butkul uzib qo‘ygan taqdirda ham, bolaligingiz, shu bebaho, shohona xazina, qimmatli xotiralaringiz siz bilan qoladi-ku. Diqqatingizni unga qarating. Shu ulkan kenglikdagi o‘tmish xotiralarini jonlantirishga harakat qiling. Shaxsiyatingiz mustahkamlanadi, yolg‘izligingiz sarhadi kengayib, boshqalar shovqini buzib kirolmaydigan g‘ira-shira makonga aylanadi. Sheʼr shu kabi o‘zingizga murojaatdan, o‘z olamingizga sho‘ng‘ishdan yaralsa, boshqalar munosabati bilan qiziqib ko‘rish xayolingizga kelmaydi. Adabiy jurnallar eʼtiborini jalb qilishga urinmay qo‘yasiz, chunki u sheʼrlarda siz qonli merosingizni, ovozingizni va hayotingiz qirralarini ko‘rasiz. Sanʼat asari ichki ehtiyojdan paydo bo‘lgani maʼqul. Asar shu taqlid yaralganining o‘ziyoq unga berilgan yagona baho, boshqasi bekor. Shuning uchun, muhtaram do‘stim, sizga faqat va faqat bitta narsani tavsiya qilaman: ichingizga sho‘ng‘ing, hayotingiz ibtido olgan ichki kengliklarni taftish qiling. Ijod menga kerakmi yo yo‘qmi, degan savolga o‘sha yerdan javob topasiz. Javob qanday bo‘lsa, o‘shanday qabul qiling va o‘ylanib o‘tirmang. Ehtimol, siz rassom bo‘lish uchun yaralgandirsiz. U holda o‘z taqdiringizni qabul qiling va gardaningizga oling, uning zahmati va salobatini ko‘tara biling, tashqaridan keluvchi eʼtiroflarga ko‘z tikmang. Ijodkor o‘z-o‘zicha bir olamga aylanmog‘i va barcha narsani o‘zidan yoki o‘zi bilan uyg‘unlashib ketgan tabiatdan topmog‘i lozim.


Ammo siz ichkariga va ichki yolg‘izligingizga sho‘ng‘igandan so‘ng shoir bo‘lish niyatidan qaytib qolishingiz mumkin (yuqorida aytganimday, yozmay yashay olish mumkinligini his qilsangiz, bunga urinib o‘tirish ham shart emas). Biroq shunda ham men sizdan so‘ragan ichki taftish bekor ketmaydi. Undan so‘ng shubhasiz o‘z hayot yo‘lingizni topasiz va bu yo‘lingiz xayrli, sermahsul va uzoq kechishini tilayman, o‘zim ayta oladiganimdan ko‘prog‘ini tilayman.


Xo‘p, yana nima deyishim mumkin? Menimcha, hammasiga bafurja to‘xtalib o‘tdim va shunga qo‘shimcha tarzda sizdan o‘z yo‘lingizni sabot bilan, oshiqmay bosib o‘tishingizni so‘rab qolaman. Agar tashqi dunyoga boqib, faqat eng sokin lahzalarda eng ichkin hissiyotingizgina javob berishi mumkin bo‘lgan savollarga undan javob izlasangiz, bu yo‘lga jiddiy to‘siq qo‘ygan bo‘lasiz.


Xatingizda professor Gorachekning ismini ko‘rib, mamnun bo‘ldim. Necha yillardan beri bu dilkash olim insonga nisbatan cheksiz hurmat va minnatdorlik hislarini tuyaman. Iltimos, u kishiga salomimni yetkazib qo‘ying. Meni hali ham unutmaganlarini eshitib, boshim ko‘kka yetdi va bu ehtiromni behad qadrlayman.


Menga do‘stona ishonib topshirgan sheʼrlaringizni shu xatga qo‘shib, qaytaryapman. Ulkan va do‘stona ishonchingiz uchun sizga yana bir bor minnatdorchilik bildirmoqchiman. Sizga imkon qadar ochiq va samimiy javob qaytarish orqali menga ko‘rsatgan ehtiromingizni oz bo‘lsa-da oqlay dedim. Lekin chetdagi bir inson o‘laroq bunga aslo munosib emasman.

Ehtirom bilan, Rayner Mariya Rilke.

 

Rafiq SAYDULLO tayyorladi,
Oyina.uz


 

Oyina.uz'ni Telegramda o‘qing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

14:07 / 26.07.2024 0 160
Tomoshabinni teatrga qaytargan rejissyor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20037
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17733
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//