Yozuvchi qaysidir qassobning himmatiga qarab qolgan yerda bolalarning maqsadi – puldor bo‘lish


Saqlash
21:08 / 16.08.2023 799 1

Oxirgi paytlarda davlat nashriyotlari o‘zining “shaxsiy tomorqasi” chegarasini belgilash, xususiy nashriyotlar esa, “adabiy brakonyerlik” bilan shug‘ullanayotgandek tuyuladi menga. Bir-birini takrorlaydigan nashrlar haqiqatda ko‘payib ketdi. Bir yerda o‘qigandim: adabiyotning eng katta dushmani – o‘qimaydigan kitobxon. Savol tug‘iladi: yaxshi asarlar paydo bo‘lishi uchun nimalar qilish kerak? Nega bugungi kunda yoshlar ichida 20–30 yoshli Qodiriy, Usmon Nosir, Hamid Olimjon, Erkin Vohidov yo‘q? Aslida mustaqillik berilgan imkoniyat adabiyotni ham miqdor, ham sifat jihatidan bir necha pog‘ona yuqori ko‘tarishi kerak edi-ku?!..

 

 

Rossiya Federatsiyasi misolida xorij tajribasini keltiray. Rossiyada eng ko‘p o‘qiladigan mualliflar – Darya Donsova, Lyubov Ustinova, Aleksandra Marinina. Bu xonimlarning kitoblarining yillik tiraji baʼzida 10 million (!) dan oshadi. Tolstoy, Dostoyevskiy, Nekrasov, Yesenin, Pushkin...larning tiraji 50 ming adad atrofida. Nashriyotlar “ozgina muhabbat, ozgina jinoyat, ozgina vijdon, ozgina erotika” yig‘indisi (muhimi, siyosiy xatosi yo‘q!) bo‘lgan “bestseller”larning foydasi hisobidan klassik asarlarni muntazam chiqarmoqdalar. Nashriyotlarga to‘liq huquq berilgan. Rossiyada noshirlik – biznes, biznesda esa maʼnaviyat masalalari uchinchi darajaga tushib qoladi... Shu sabab bo‘lsa kerak, rus sheʼriyatida bugun Yevtushenko, Rojdestvenskiy, Voznesenskiy kabi isteʼdodlar yo‘q hisobi... Bunday holat bizda XX asrning boshida bo‘lib o‘tgan. Toshbosma asarlarning nashri yo‘lga tushgach, asosan “Abu Muslimnoma”, “Qissai Amir Hamza”, “Chor darvesh” kabi sarguzasht asarlar, “Lazzat un-niso” (“Ayollardan lazzatlanish”)dek omma talashib oladigan kitoblarni katta tirajda chiqarishgan. Bu – bir tomondan xalqni asl manbadan uzoqlashtirish bo‘lsa, ikkinchi tomondan cho‘ntakni qappaytirish maqsadida edi.

 

 

Ikkinchi tajriba – Fransiya va Amerikadagi holat. Adabiyotga ham, maʼnaviyatga ham biznesning bir bo‘g‘ini sifatida qarash. Bugungi kunda fransuz shoirlari o‘z mablag‘i hisobidan yuz, ikki yuz dona kitobni chiqarib, adabsevar odamlarga tarqatishayapti. Hatto Nobel mukofoti olgan adiblarning tiraji ham 1000 dan oshmaydi. Yaponiyada esa, yozuvchilik kasb emas, balki ermakning bir turi... Ammo bugungi kunda Yevropadagi maʼnaviy inqiroz, bir jinsli nikohga ruju qo‘yishlik, Markiz de Sadning asarlari “Oltin Pleyada” rukni ostida fransuz adabiyotining mumtoz namunasi sifatida taqdim etilayotgani bu yo‘l o‘zbek xalqi uchun maqbul emasligini bildiradi. Yaponiyada yoshlar ichida xudkushlik tobora urfga kirayotgani moddiy farovonlik hali barqarorlik belgisi emasligining isbotidir...

 

 

Ijodkor ro‘zg‘orini qalam uchi bilan tebratadi. Qalam haqi esa o‘tmishdan ertaklar bo‘lib qoldi. Nashriyotlar xohlasa-xohlamasa, qalam haqi to‘lashga qurbi yetmaydi. Birinchidan, so‘nggi besh–o‘n yilda 20–30 ming adadda chiqqan kitobni ko‘rmadim (eng kamida har ming kishiga bir nusxani mo‘ljallab kitob chiqarish yaxshi anʼana edi). Bugungi kunda o‘rtacha tiraj – 1000 nusxa. O‘n bosma taboq hajmidagi bitta kitobning o‘rtacha narxi – 5 ming so‘m. Asar muallifi bitta kitobning boshlang‘ich narxidan foiz stavkalari tarzida to‘lanadigan eng kam stavka – 5 foiz. Demak, 160 betlik original asar muallifiga nashriyot himmat qilsa, 250 ming so‘m gonorar to‘laydi. Xususiy bosmaxonalarga faqat chop etish xizmatiga (“progon”) uchun 400 ming so‘m to‘lash kerak. “Pechatnik”ning xizmat haqi muallifdan ham, muharrirdan ham, musahhihdan ham ko‘p... Nazarimda, biz, noshirlar, bozor iqtisodiyotining asosiy qonuniyatini tushunmaganimiz oqibatida shunday kunga tushdik: bozor sharoitida narxni sunʼiy ravishda pasaytirish bozorning kasod bo‘lishiga olib keladi. “Odamlar kitob o‘qimay qo‘ydi, sharoit og‘ir”, degan bahona bilan 90-yillardan boshlab, na ijodkorni o‘yladik, na nashriyot ahvolini. Go‘shtning narxi tabiiy ravishda oshadi, unning narxi ko‘tariladi, shakar, gaz, chiroq, benzin, gugurt... faqat kitobning narxi ko‘tarilishi mumkin emas. Hozirgi kunda kitob mahsulotlari eng arzon narxda O‘zbekistonda chiqadi. Rossiyada bugungi kunda 100–200 mingga sotilayotgan kitobni O‘zbekistonda bemalol 30–40 ming so‘mga chiqarsa bo‘ladi (holbuki, Rossiya qog‘ozni import qiluvchi emas, eksport qiluvchi mamlakat hisoblanadi). Natija esa, aksincha... Aytmoqchimanki, ijodkor to ro‘zg‘or tashvishidan, turmushning “musht”laridan qutulib, ichki xotirjamlik bilan ijod qilmas ekan, Abdulla Qahhor, Shukur Xolmirzayev, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi adabiyotni o‘ziga qismat deb bilgan isteʼdodlar yetishib chiqishi gumon... Ijodkorga ham non kerak, ham shon... Ham nom, ham nonga ega bo‘lishi uchun nashriyotlarning ahamiyati beqiyos...

 

 

Ammo masalaning nashriyotlarga tegib o‘tar o‘rni ham bor. Umuman xususiy nashrlar (agar aqli shunga yetsa), “tig‘ ustida yurgan dorboz”dek faoliyat yuritishadi. Xudo ko‘rsatmasin, yollanma muharrirning aybi bilanmi, oliy maʼlumotli savodsiz musahhihnikini debmi, bitta jiddiyroq “ishkal” chiqib qolsa, nashriyot litsenziya bilan vidolashadi. Bu nashriyotni oyoqqa qo‘yish uchun bechora muassisning qancha puli ketdi, qancha qarzdorligi bor, oqibati nima bo‘ladi – bu bilan birovning ishi yo‘q... Muharrir mehnat daftarchasini ko‘tarib boshqa bir xususiy nashrga ishga joylashadi. Muassis-chi?! Bo‘yniga har yili paxta rejasi ilinadigan fermer bitta qurib ketgur harf orqasidan bor-budidan mosuvo bo‘lish xavfi bilan yashaydigan noshirdan erkinroq. Albatta, bu bilan men noshirlarning jilovini qo‘yib yuborish kerak demoqchimasman. Lekin bunday radikal choradan ko‘ra iqtisodiy jazo qo‘llash maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Masalan, jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygan nashriyot o‘z hisobidan birorta ijtimoiy ahamiyatga molik asarni o‘z mablag‘i hisobidan nashr etib, bepul tarqatish majburiyati zimmasiga yuklatiladi. Shunda noshir ham to‘g‘ri saboq chiqarib, hushyorroq harakat qilishga majbur bo‘ladi.

 

 

Noshirlik sohasi – maʼnaviy hayotimizning ajralmas qismi, mentalitetimizning butun bo‘lishiga xizmat qiluvchi asosiy soha ekanligini aytib o‘tishning hojati yo‘q. Shu bilan birga, noshirlik – agar tizim to‘g‘ri va bexato ishlasa, katta daromad keltiruvchi soha ekanligini ham unutmaylik. Bugungi kunda O‘zbekiston hududida 6,5 million oila yashaydi. Agar har bir oila yil davomida eng kam oylik ish haqining yarmi miqdorida kitob sotib olsa, O‘zbekistonning o‘zida 10 trln 70 million (= 924 mln. AQSH dollari) so‘mlik kitob mahsulotlari sotiladi. Iqtisodiy qiyinchiliklarni ro‘kach qilish zamoni o‘tdi. Xalqimiz hech kimdan kam emas. Bir iqtisodchi do‘stimizning xomaki hisob-kitobiga ko‘ra, bir oyda O‘zbekiston xalqi uyali telefon to‘loviga 20 trln. so‘m sarflar ekan... Faqat targ‘ibot hamda marketing, xizmat ko‘rsatish masalalariga jiddiyroq qarash kerak. Bular orasida kitob do‘konlari masalasi ham bor. So‘nggi uch-to‘rt yilda respublikada kitob do‘konlari ko‘payib bormoqda. Ana shu tizimni faollashtirish uchun yagona elekron tijorat tarmog‘i (har bir nashriyot qaysi do‘konda nechta kitobi sotilganligini muntazam nazorat qilib borishi uchun), imtiyozlar (bozorlarning eng gavjum joyidan do‘kon ajratish, ijara haqi, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarda imtiyoz berish) va boshqa qulayliklarni yaratish kerak, deb o‘ylayman.

 

 

Bundan tashqari nashriyotlar muayyan rejalarni amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlar olishi tizimini ham o‘ylab chiqish kerak. Deylik, bitta nashriyotning umumiy mulki – 50 mln. so‘m. U amalga oshirmoqchi bo‘lgan loyiha – Ibn Sinoning farmakologiyaga oid asarlarini tarjima qilib, nashr ettirish. Loyihani amalga oshirish uchun 300 mln. so‘m mablag‘ kerak. Xaridor ham topilgan, kitob ham tayyor deylik. Ammo biror bank ana shu loyihaga imtiyozli kredit ajratmaydi. Bu – masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomondan, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunda “chet el investorlari OAVga muassis yo hammuassis bo‘lishga haqli emas”, deb belgilab qo‘yilgan. Bu – to‘g‘ri. Sababi, chet el sarmoyadori O‘zbekistonda o‘z mablag‘i hisobidan gazeta, jurnal yo nashriyot ochib, o‘z mafkuraviy manfaatlarini targ‘ib qilish vositasiga aylantirishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

 

 

***

 

 

Ochig‘ini aytish kerak – ziyoli moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lmaguncha, maʼnaviy yuksalish haqidagi urinishlarimiz zoye ketadi. Millatning maʼnaviy qiyofasini belgilovchi ijodkor kitobini chiqarish uchun echki go‘shtini qo‘y go‘shtiga qo‘shib sotadigan qaysidir qassobning himmatiga muhtoj bo‘lib turgan joyda bolalarning ideali – olim yo shoir emas, futbolchi yoki tojir, talpinadigan joyi – kutubxona emas, bozor bo‘lib qolaveradi... Men hamma ijodkor bo‘lsin, demoqchimasman. Lekin bozor maʼnaviyatning ravnaqiga xizmat qilmasa, aksincha maʼnaviyat bozorning talablariga qaram bo‘lib qolsa, millatning isteʼdodli farzandlari o‘z aziz umrlarini bozor rastalarida xor qilib o‘tadilar, deb qo‘rqaman... Maʼnaviyat sohasida qilingan islohotlar hayotning boshqa sohalaridan ko‘ra kechroq samara beradi. Bunday islohotlar iqtisodiy samaradorlik, siyosiy barqarorlik, taraqqiyotning poydevori bo‘ladi. Poydevor esa, ko‘pincha, ko‘zga ko‘rinmaydi...

 

 

Olimjon DAVLATOV,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar

instituti direktori,

filologiya fanlari doktori (PhD)

 

 

Oyina.uz'ni Telegramda o‘qing!

1 Izoh

Ismoilova Shahina

01:08 / 18.08.2023

Yaxshi yozilgan, rahmat. Bu ketishda 3-renessansni boshlash kechroqqa suriladi deyman-ov.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

14:07 / 26.07.2024 0 189
Tomoshabinni teatrga qaytargan rejissyor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20041
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17735
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//