Qarayimlar kim – turkiyda so‘zlashadigan yahudiylarmi yoki yahudiylik dinini qabul qilgan turkiylar?


Saqlash
21:08 / 17.08.2023 1583 0

Kunlarning birida “Farhod dehqon bozori”ning biqinidagi sahhoflik (букинистика) do‘koniga kirdim. Kitoblarni ko‘zdan kechirar ekanman, beixtiyor “Ruscha-qarayimcha lug‘at”ni ko‘rib qoldim. Lug‘atni qo‘lga olib, varaqlay boshladim. Undagi qarayimcha so‘zlarni o‘qirkanman, bu til bizniki ekanini, Boboturkdan meros til ekanini his qildim. Men uni o‘qiganim sayin yangi va yangi so‘zlarga duch kelar, har bir so‘zda millatning qadim asotirlarini topganday bo‘lar edim. Qisqasi...

 

Keling bugun shu haqda gaplashamiz.

                                         

 

Qarayimlar kimlar?

 

Qarayimlar – o‘zlarini qaraylar deb ataydigan turkiy xalq. Ular turkiy tilning qipchoq lahjasida gaplashadi. Dini – yahudiylik dinining qarayimchilik (karaimizm) oqimi.

 

Qarayimlar asosan Qrim, Ukraina, Litva, Polsha va Ruminiyada yashab kelishgan. Bundan tashqari Sobiq sho‘rolar mamlakatining turli hududlarida, jumladan O‘zbekistonda ham qarayimlar yashaydi. 1989-yilgi aholi sanog‘iga ko‘ra O‘zbekistonda 50 nafar qarayim yashagan. 1991-yildan keyin qarayimlarning katta qismi  Isroilga ko‘chib o‘ta boshlashgan. Isroilda hozirgi kunda 40 mingdan ziyod qarayimlar istiqomat qiladi. 1991-yilgacha ularning soni 20 000 atrofida bo‘lgan.

 

Qarayim so‘zining etimologiyasi xususida ikki xil qarash bor. Birinchisi yahudiy versiyasi. Unga ko‘ra qadimgi yahudiy tilida q’aray  “קָרָאִים‏‎” “o‘qiyotganlar” ma’nosini beradi. Bu arabcha iqra yoki qori so‘zlarining yahudiycha shaklidir. Ikkinchi versiyaga ko‘ra, turkiy qaray, qara + ay so‘zlari birikmasi ekani keltirilgan. Qarayimlar tilini o‘rgangan qozoq mutafakkiri Kenesbay Musayevning taxminicha ular qadimgi kereitlarning avlodi bo‘lishi ham mumkin[1].

 

Qarayimlarning yuz tuzilishi va jussasi boshqa turkiylar, xususan balqarlar, qarachaylar, qrim-tatarlari, chuvash va boshqirdlarnikidan farq qilmaydi.  Kenesbay Musayevning fikricha, ular qisman qumiq va qozoqlarga ham o‘xshaydi[2]. Asli qarayim millatiga mansub bo‘lgan Rossiya tabiiy fanlar akademiyasi professori Konstantin Yefetovning tadqiqotlarida ham qarayimlar qrim-tatarlari bilan bitta etnosga mansubligi tasdiqlangan. DNK analizlari qarayimlarning kelib chiqishi Sharqiy Yevropa va Oltoy bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi[3]. Baqamti yashaydigan boshqa turkiylarning fikricha ham qarayimlar yahudiylik dinidagi turkiylardir. Ammo, qarayimlar orasida bu borada bahslar hanuzgacha davom etadi. Ularning ayrimlari, aniqroq aytganda dindor qatlami o‘zlarini Isroilning bir bo‘lagi, deb biladilar. Bu g‘oya to 1920-yilga qadar ustunlik qilgan. Qarayim olimlari va oqsoqollari esa o‘zlarining kelib chiqishini turkiy xazarlar bilan bog‘lashadi. Jumladan, Konstantin Yefetov ham qarayim etnosini xazarlar tarkibiga kirgan kereitlar bilan bog‘lab, Oltoydan kelib chiqqanini aytadi.

 

Darhaqiqat, qarayimlarning kelib chiqishi xazarlar bilan bog‘liq. Ma’lumki VII asrning oxiriga kelib G‘arbiy turk xoqonligidan xazar xoqonligi ajralib chiqadi. Manbalarda keltirilishicha, xazarlar Turk xoqonlari bilan yaqin qarindosh bo‘lishgan va shuning uchun ham ularning orasida o‘zaro nizolar chiqmagan. Xazarlarning birlashishi va xoqonlik davlati sifatida shakllanishi esa ko‘proq Sosoniylarning Kavkaz yerlariga uyushtirgan hujumlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Azaliy raqiblari sanalgan forslarga qarshi urushlar davomida xazarlar chegaralari sharqda Orol dengiziga, g‘arbda Dunay daryosiga, shimolda sharqiy Yevropa o‘rmonlariga, janubda Kavkaz ortiga cho‘zilgan hududlarni egallab o‘zlarining yirik davlatini tuzadi. Davlatning poytaxti avval hozirgi Dog‘iston hududlarida joylashgan. Dog‘istonda esa o‘sha davrda ko‘proq yahudiylar yashashar edi. Taxminan  740-yilda mahalliy yahudiylarning ta’sirida xazarlar xoni Bulanxon yahudiylikni qabul qiladi. Shu tariqa yahudiylik dini xazarlar davlatining asosiy diniy mafkurasiga aylana boshlaydi.

 

Ma’lumki, bu voqelar dunyo sahnasida islom dinining keng yoyila boshlagan davriga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, xazarlarning Sosoniylar bilan urushi o‘z-o‘zidan barham topadi. Chunki, 652-yilda to‘liq taslim bo‘lgan Eron hududlari Ummaviylar xalifaligi tarkibiga kiradi. Ummaviylar xalifaligi va keyingi xalifaliklar davrida ham Misrdan Buxorogacha tarqalgan yahudiylar uchun yashash qiyinlashadi. Shuning uchun ularning ko‘pchiligi boshqa hududlarga, shu jumladan, Xazarlar mamlakatiga ko‘chib o‘ta boshlaydi. Qarayimlarning Qrimga va Dunaybo‘yiga kelishi ham shu davrlarga to‘g‘ri keladi.

 

Xazarlar davlatining aholisi turkiy tilning bulg‘or (o‘g‘ur) lahjasida gaplashgani manbalarda saqlangan[4]. Ammo keyinroq dasht qipchoqlarining ijtimoiy-siyosiy jihatdan ustunligi sabab Kavkaz va Sharqiy Yevropada qipchoq tili keng tarqaladi. XIII asrga kelib Qrim to‘liq  Oltin O‘rda tarkibiga kiradi va yerli хalq qipchoq tilini o‘zlashtira boshlaydi. “Qarayim tilining tahlili ham shuni ko‘rsatadiki, ular avval  xunlarning, keyin bulg‘or-xazarlarning, keyinroq bejeneglarning va nihoyat,  oxirida  mutlaq qipchoq tilida so‘zlashgan qipchoq qabilalarining tarkibiga kirgan hamda bularning hammasi zamonaviy lahjalarida saqlangan”[5].

 

 

Din

 

Qarayimlarning e’tiqodi boshqa yahudiylardan, xususan ravvinistik yahudiylikdan tubdan farq qiladi. Ravvinistlar Tavrot, Talmud  va og‘zaki qonunlarga amal qiladilar.

 

Shu o‘rinda, o‘quvchilar uchun qisqacha izoh: Tavrot Sino tog‘ida Allohdan Muso alayhissalomga qirq kun davomida nozil qilingan, yahudiylik dinining asosiy kitobi sanaladi. Shu jumladan, bu kitob nasroniylik va islom dini manbalarida ham samoviy kitob sifatida e’tirof etilgan.

 

Muso alayhissalomning og‘zaki aytgan hukmlari esa mishna[6] deb atalgan. Mishna aramiy tilida tanna (aram. תנא)7 va arabcha sunna (arab. سنة‎) so‘zlari bilan ma’nodosh. Mishnaning matni ta’limot sifatida Muso alayhissalomdan keyingi avlodlarga og‘zaki tarzda o‘tib borgan. Keyinchalik mishnaga ko‘plab sharhlar yozilgan va u gemara (talqin) deb atala boshlagan. Talmud o‘sha og‘zaki hukmlar to‘plab yozilgan kitobdir. Ravvinistlar  Talmudni ham muqaddas kitob sanashadi. Qarayimlar esa faqat Muso alayhissalom davridagi besh kitobdan iborat Tanaxni muqaddas deb bilishadi.

 

Qarayimchilik e’tiqodi har bir banda o‘zining ratsional bilimi darajasida o‘rganadigan Muso Qonunlariga asoslangan[7]. Muso qonuni deganda esa Qonunlar (Tora), Nabiylar tarixi (Neviim) va Ktuvim ya’ni Zaburni o‘z ichiga oladigan kitob tushuniladi. Qarayimlar Talmud va og‘zaki qonunlarni yahudiylar buzib talqin qilishgan, deb hisoblashadi va uni tan olishmaydi.

 

Qarayimlar o‘z e’tiqodining kelib chiqishini Abu Yusuf Yaqub Kirkisoniyning “Kitab al-Anvar val-Maraqib” asarida keltirilgan manbalar bilan bog‘lashadi. Unga ko‘ra 796–774-yillarda Salomon Nevata hukmronlik qilgan yillarda Isroil ikki qismga – Isroil va Yahudaga ajralib ketadi. O‘shanda talmudchilar Isroilda, qarayimlar esa Yahudada qoladi.

 

Yana bir versiyaga ko‘ra qarayimchilikning kelib chiqishini XVIII asrning ikkinchi yarmida Bag‘dodda yashagan Anan ben Dovud bilan bog‘lashadi. Unga ko‘ra, Anan ben Dovud o‘z asarlarida talmudchilarni tanqid qila boshlaydi va unga ergashganlar miqra (muqaddas kitob) sohiblari deb atala boshlaydi.

 

Qarayimchilik ordodoksal yahudiylikdan ko‘p jihatdan farq qiladi. Misol uchun, yahudiylar ibodatxonasi qadimgi yahudiy tilida sinagoga deb ataladi. Qarayimlarning ibodatxonalari esa kenassa deb ataladi. Aslida sinagoga ham yahudiy tilida (‏בֵּית כְּנֶסֶת‏‎) bet kneset, ya’ni “yig‘ilish uyi” ma’nosini beradi. Demak, qarayimlar bu nomni o‘rta asrlarda, aniqrog‘i Talmud davridan keyin qo‘llay boshlagan. Shuningdek, kenassaning turkcha varianti ham bor: ishtirilmax yuv (yig‘ilish uyi).

 

Qarayimlar yahudiylar kabi avliyolarining qabriga, tumorlarga va boshqa muqaddasotlarga sig‘inishmaydi. Sehr-joduga ishonishmaydi. Tavrotda keltirilmagan boshqa bayram va marosimlarga diniy tus berishmaydi. Namoz kitobi turkiy tilning qipchoq dialektida, ya’ni qarayim tilida yozilgan. Ordodoksal yahudiylar namozlarini tik turgan yoki stulda o‘tirgan holda bajarishadi. Qarayimlar namozida esa ruku va sajdalar saqlangan. Misol uchun, “Qarayim ibodatnomasi”ning 42 va 43-oyatlari o‘rtasida qo‘yidagi matn berilgan: Din yesisi ve jamaat yuzu-k’oyun to‘sheyler; ( 95-sano) Kelin’iz, bash uralim da diz cho‘k’alim, diz ustune turalim aldin’a Adonay Yarativchimiznin’. (Gazzan (imom) va jamoat yuzini yerga to‘sharlar: Kelingiz bosh uramiz va tiz cho‘kamiz, Adonay (Robbimiz) Yaratuvchimizning oldida tiz cho‘kib turamiz)[8].

 

Qarayim tili turkiy tillarning qipchoq lahjasiga mansub bo‘lib, bugungi  kungacha uning qrim, traqay (Litva qarayimlari) va galich (G‘arbiy Ukraina qarayimlari) shevalari saqlangan. Yahudiylar bu tilni Lashon Kedar (qad. yahud. ‏לשון קדר‏‎) – “ko‘chmanchilar tili”[9] yoki Leshon Tatar (qad. yahud. ‏לשון טטר‏‎ – “tatarlar tili”[10] degan nomlar bilan tilga olishgan. Ammo, qarayimlar o‘z tillarini qaray til deb atashadi. Bu til boshqa turkiy tillardan tarkibidagi gebraizmlar, ya’ni qadimgi yahudiy tilidan o‘zlashgan so‘zlar hisobiga farqlanadi.

 

Qarayim tilining qipchoq lahjasiga mansubligi ko‘proq undagi g (g‘) tovushining u (v) shaklida talaffuz qilinishida ko‘zga tashlanadi: tag‘ – tau, sag‘ – sau, bag‘ – bau, ag‘iz – auz. Y tovushi o‘rniga j kam ishlatiladi. Ammo shunday bo‘lsa-da, ayrim so‘zlarda qipchoq tiliga xos j ning ishlatilishini kuzatish mumkin: juvurmak – yugurmoq.

 

Qarayim tilining shevalari bir-biridan farq qiladi. Masalan, traqay va galich shevalari fonetikasidagi qo‘yidagi tovushlarning mosligi (ayniyati) kuzatiladi: ö/e, ÿ/i, ‘ä/ye, sh/s, j/z, ch/s, dj/dz, ey/ay, n’l/ll, y/n(<n’). Traqay shevasida a tovushi galich shevasida e shaklida talaffuz qilinishi ko‘proq ko‘zga tashlanadi: aley /alay,  buley / bulay,  barg‘ey / barg‘ay.

 

Shuningdek, o‘zbek  va qozoq tillaridagi kabi shipildoq sh sirpanuvchi s tovushiga aylanadi:

 

Traqay shevasi

tash

bash

qash

yashirin

kishi

shaytan

Galich shevasi

tas

bas

qas

yasirin

kisi

saytan

 

Shevalar o‘rtasidagi fonetik farqlar tilning leksik ma’nosini o‘zgartirmaydi. Inchunin, o‘tgan asrlarda qarayim tilining o‘nta shevasi bo‘lgani haqida ma’lumotlar manbalarda saqlanib qolgan: On barmaqtan qaldi yis: Luska, Troklar da Galis (o‘n barmoqdan qoldi uch: Lusk, Traqay va Galich). Bunda o‘nta shevadan uchtasigina qolganiga ishora qilingan[11].

 

Leksemalar tahlili shuni ko‘rsatadiki, qarayim tili qipchoq lahjasiga mansub bo‘lsa-da unga o‘g‘uz tilining ta’siri katta bo‘lgan. Chunki bugungi turk tilida qo‘llaniladigan juda ko‘plab so‘zlar qarayimchada aynan bir xil talaffuz qilinadi:

 

Köpek – it, shorba – sho‘rva, ark’adash – do‘st, köshe – burchak, anaxtar- kalit,  x’odja – o‘qituvchi va hk.

 

Lug‘at tarkibidagi gerbaizmlar alohida ajralib turadi: jaxanam, alefbet, melek (farishta), Tora (tavrot), musefir, kenesa (qarimlar sinagogasi), jamaat, janat, talmid (o‘quvchi), kilise (cherkov), qaray (qori) va hk.

 

Qarayimlar leksikasida boshqa tillarda, xususan o‘zbek tilida uchramaydigan so‘zlar ham ko‘p. Qo‘yida barcha tilshunoslar va tilga e’tiborli muxlislar uchun qiziqarli so‘zlarni keltirib o‘tamiz: oram (o‘ram, ko‘cha), cheber (tartibli), ebanay (doya, akusher), davulbaz (nog‘ora, baraban), eki djanli (bo‘g‘oz, homilador), eytishmek (bahs), bitiklik (kutubxona), kefsizlik (kasallik), shaplavuz (ezma, vaysaqi), köz q’apag’i (qovoq), alanq’asar (dev), torin (nevara), uchan suv (sharashara), tang taraf (sharq), tuvar eti (mol go‘shti), javiz (yong‘oq), baxish (sovg‘a, hadya), qazanch (daromad), quvurg‘aq (issiq), qursaq (qorin), xasavat (mehr), sabalik’ asha (nonushta), q’ojali (erli xotin),  örmek (parda), janavar (zolim), belgili (mashhur, taniqli), krech (ohak), naamat (mulk), jeb (cho‘ntak), kilim (gilam), kese (hamyon), mesherbe (krujka), ilaj (dori), chuval (qop), sofra k’urmak’ (dasturxon bezatish), dÿgÿl (yo‘q), jan avrusu (xafa bo‘lish), bÿber (qalampir), tarluv (dala), bolqurt (ari), turlu-tuste (rang-barang), Tuvut yer (Vatan), tÿfek (qurol), tarxan (erkin), chafon (shimol), öksÿz (yetim), sernik’ (gugurt), Yordan (Xudo), zaxmat (mehnat), uruv ati (familiya), topal (cho‘loq), san belgi (raqam), qapli baqa (toshbaqa), qanaat (ekonomika), quyyumchi (zargar).

 

Qarayim tilida o‘zbek tili qipchoq lahjasidagi so‘zlar bilan aynan bir xil talaffuz qilinadigan so‘zlar ham uchraydi:

 

Qarayim tilida

O‘zbek tili qipchoq lahjasida

O‘zbek tilida

zerdeli

zardoli

o‘rik

köbelek

ko‘balak

kapalak

juvurmaq

jugurmak

yugurmoq

oyatmaq’

o‘yatmoq

uyg‘otmoq

minchak’

minchaq

munchoq

tiri

tiri

tirik

manglay

manglay

peshona

ayuv

ayuv

ayiq

miy

miy

miya

chыbыn

chыbыn

pashsha

turlu-tuste

turli-tusli

rang-barang

aviz

ovыz

og‘iz

achuvlanmaq

achuvlanmaq

achchiqlanmoq

olay-bilay

o‘lay-bilay

unday-munday, tez-tez

suvuq

suvuq

sovuq

jomart

jo‘mart

saxiy

belibav

belbav

belbog‘

kesertki[12]

kasartki

kaltakesak

 

Qarayim tilida gap tuzilishida  ko‘proq qrim-tatar tilining xususiyatlari ko‘zga tashlanadi: Men ani ozdum (men undan o‘zib ketdim), Men andan qaldim (men undan qolib ketdim). Olmoshlarga -da, -dan, -day, -ga, -cha qo‘shimchalari  birmuncha sodda tarzda qo‘shib ishlatiladi. Aniqrog‘i, o‘zbek tilidagi kabi olmoshga ulangan qo‘shimchalarning hammasida ham n tovushi orttirilmaydi. Misol uchun, yuqorida keltirilgan birinchi gapda (ani) orttirilmagan, ikkinchi gapda (andan) esa orttirilgan.

 

O‘zbek tilidagi arab tilidan o‘zlashgan va bog‘lovchisi o‘rniga qarayim tilida da bog‘lovchisi ishlatiladi: Adonay! Eshitkin tefillamni, da yalbarmag’im San’a kelsin! (Robbim duolarimni eshitgin va yolvorishlarim Senga yetib borsin!)[13]. Zidlovchi bog‘lovchilar tek (faqat), vale (biroq), ale (ammo) shaklida qo‘llaniladi. O‘zbek tilidagi yoki ayiruvchi bog‘lovchisi o‘rniga yemesya (emesa)  ishlatiladi (Buley ashadilarmo katinlar yemishlyarin östyurgyan yash ulanlarinin, yemesya öltyuryuldyumo mikdashinda adonaynin kog‘en da navi? )[14].

 

Bugungi kunda qarayim tilida yozilgan yuzlab yozma manbalar mavjud. Ular orasida til, adabiyot, tarix, huquq, folklor va boshqa janrlardagi qo‘lyozmalar, bosma kitoblar bor. Ammo ular ichida eng ahamiyatlisi, shubhasiz bu “Qarayim ibodatnomasi”dir. Eng qizig‘i, bu kitob qadimgi yahudiy tilida emas, turkiy tilda yozilgan.

 

Qarayim ibodatnomasi”ning leksikasi hozirgi qarayim tilidan farq qiladi. Unda qadimgi turkiy tilga xos so‘zlar ko‘proq uchraydi. Eng qizig‘i, xudoning ismlari va epitetlari[15] somiy tillarda Adonay, sevaót (Chevoat) shaklida qo‘llanilgan bo‘lsa-da, biroq, Yaxve, Shalom, Xashem, Elohim kabi ismlar qo‘llanilmaydi. Uning o‘rniga  Tangri,  Xon, Biy, Beg, Yaratqan, Yaratuchi,  Yuluvchi, Berivchi kabi turkiy epitetlar faol qo‘llanilgan:

 

Sensin Tengrimiz.

Sensin Biyimiz.

Sensin Xanimiz.

Sensin Yuluvchimiz.

Sensin Yarilg’ashchimiz[16].

 

Ibodatnomaning 95% qismi Tanaxdan iborat bo‘lib, uning tarkibida Dovud alayhissalomga nozil qilingan Zaburning matni ham berilgan. Bu mant ham turkiy tilda yozilgan va undan asosan Allohga aytilgan hamd-u sanolar o‘rin olgan: (103-sano) Mizmori Davidnin’. Maxtag’in, djanim, Adonayni, da djumlya djiyerlerim – ayruk’si adin (Dovudning sanolari. Ey mening jonim Robbim (Adonay)ga hamd ayt, va mening tanamdagi butun yer (a’zo)larim – uning pok nomi bilan cho‘lg‘onsin).

 

Ibodatnomada ibodat matnlaridan tashqari turli holatlarda o‘qiladigan duolar ham berilgan. Ertalab turganda, ovqatlanishdan oldin, ovqatlangandan so‘ng, uyqu oldidan,  safarda,  marhumlar haqiga qilingan duolar alohida berilgan. Ular orasida ovqatdan so‘ng o‘qiladigan duo mazmunan musulmonlarning duosi bilan bir xil: Ashamak’tan son alg‘ish: Maxtovli bolg’ay beslevchimiz, maxtovli bolg’ay toydirivchimiz, max­tovli bolg’ay ichirivchimiz (Ovqatdan keyingi duo: Bizni  yedirganga hamd bo‘lsin, bizni to‘ydirganga hamd bo‘lsin, bizni ichirganga hamd bo‘lsin).

 

Qarayimlar o‘z muqaddas kitoblarini e’zozlashadi. Ilgari, doimo belbog‘iga tugib o‘zlari bilan birga olib yurishgan. O‘sha davrdan bir maqol qolgan:

 

Esavda belibavinda qizillar, kiside – tame, rabbanda sarimsaq, qrayda – beraxot (Polyakning belbog‘ida tilla bor, o‘risnikida tuzlangan go‘sht, yahudiynikida  sarimsoq, qarayimda esa ibodatnoma).

 

Ögyut syoz

 

Qarayimlar maqol va matalni ögyut syoz (o‘git so‘z) yoki atalar syozi deb atashadi. Qarayim o‘git so‘zlarida iborat, pand-nasihat bilan birga qarayimlar xarakteri ham aks etgan:

 

Balikni ayaqli tabars, atni qanatli tabars, eki qaray bir sag‘isli tapmas (Oyoqli baliqni, qanotli otni topsa bo‘lar, bir xil fikrlaydigan qarayimni topib bo‘lmaydi).

 

Qarayim maqollari:

 

Syuvsey axchani – unuturs uyatni (Pulni sevsang uyatni unutasan);

 

Ketes salag‘a – koy ullu qarin arabag‘a (Qishloqqa ketar bo‘lsang katta qorinni aravaga ortib ol);

 

Bekle esiginni kingir bag‘uvsudan, avzunnu kep soruvsudan (Qing‘ir boqadiganga eshigingni, ko‘p savol beradiganga og‘zingni yop);

 

Kereksizdi soqurg‘a yolduzlar (Ko‘r odamga yulduz kerakmas);

 

Tatuvludu quru etmek yas yillarda, yimsak – qartliqta (Yoshlikda qattiq non ham totlidir, qarilikda yumshog‘i yaxshi);

 

Ash tuzsuz – ÿbiychya ussuz (Ovqat tuzsiz – bekacha aqlsiz);

 

Nendiy shachmax, andiy ormax (Qanaday (urug‘) sochsang, shunday (hosil) o‘rasan);

 

Qayda sibirtki erined, yel sag‘aliba azbarni sibired (Qayerda supirgi erinchoq bo‘lsa, shamol kelib soqoli bilan hovlini supuradi);

 

Yetilmegen yemisni asama, tigetmegen isni xorlama (Yetilmagan mevani yema, tugamagan ishni xo‘rlama (ayblama);

 

Az ashim – tinch bashыm (Oz oshim – tinch boshim);

 

Chalg‘i da orax – yox yaxshirax (Chalg‘i va o‘roq – yo‘q ulardan yaxshiroq);

 

Yolg‘a tayaksiz, etol dunyag‘a misvasiz istirinmag‘in (Yo‘lga tayoqsiz, narigi dunyoga savobsiz borma);

 

Sig‘i yernin – suv tamsilar, sig‘i kegizinin yarix yolduzlar (Yerning chig‘i[17] – suv tomchilar, osmonning chig‘i yorug‘ yulduzlar).[18]

 

Qarayimlarning o‘git so‘zlari orasidan umumturkiy paralllellar, jumladan, o‘zbeklarda uchraydigan maqollar ham ko‘p:

 

K’izim, san’a eytam,

Kelinim, sen eshit;

 

Tatli til yilanni yuvadan chik’arir,

Yaman til insanni – imandan;

 

Köpek x’avlar, kervan kecher, sözlemegen uslu kecher.

 

 

Xulosa o‘rnida

 

Qarayimlarning milliy o‘zligi masalasi doim bahsli bo‘lib kelgan. Ular turkiyda so‘zlashadigan yahudiylarmi yoki yahudiylik dinini qabul qilgan turkiylarmi? degan savol hamon dolzarb bo‘lib turibdi.

 

Men qarayimlarning dini va tilini o‘rganishdan oldin ularning ornamentlariga e’tibor qaratdim. To‘g‘ri, kenassalarda yahudiylikka oid ornamentlar ko‘proq. Misol uchun, kenassalarda va qabrtoshlarida ko‘proq yahudiylik timsoli – Dovud yulduzi ko‘zga tashlanadi. Ammo ularning uylari intererida, liboslarida sakkiz burchakli O‘g‘uz yulduzini ko‘proq  uchratasiz. Va hatto, ayrim ibodatxonalarida, jumladan Vilnyusdagi kenassaning tepasida ham O‘g‘uz yulduzi qo‘yilgan. Kenassalardagi va uylardagi rozetka (to‘pbarggul)lar ham sakkiz gulbargli shaklda.

 

 

Liboslari va ro‘zg‘or buyumlari orasida quroq texnikasida tikilgan ko‘rpalar, to‘rvalar,  dasturxonlar uchraydi. Ulardagi ornamentlar Sharqiy Yevropadagi boshqa turkiy xalqlar, xususan, qrim-tatarlarinikidan farq qilmaydi. Ularda ham turkiylik timsoli – O‘g‘uz yulduzi tasvirlangan.

 

 

 

Qarayimlarning ibodatlari yahudiylik dini qoidalari doirasida bo‘lsa-da, ularda tangrichilik elementlari ko‘p uchraydi. Motam va dafn marosimlarida ham tangrichilik marosimlari bor. Qisman bo‘lsa-da yetti, qirq marosimlari nishonlanadi. Yil marosimi ham nishonlanadi, faqat uni 11-oyda o‘tkazishadi.

 

Qarayimlar yovuz ruhlarni haydash uchun uylarida daf (doira) saqlaydi. Bola tug‘ilganda qirq kunlik chillaga amal qilishadi. Bolalarini tarbiyalashda eng ko‘p ishlatadigan iboralar aip (ayb bo‘ldi) va ne alk eter (odamlar nima deydi) degan so‘zlar ekan.

 

Endi fikrlarni umumlashtirsak. Qiyofasi turkiy, tili turkiy, timsollari turkiy, odatlari turkiy, ammo dini yahudiy bo‘lgan xalq kim bo‘lishi mumkin?

 

Albatta, turkiy xalq! Aniqrog‘i, yahudiy diniga e’tiqod qiladigan turkiy xalq. Qolaversa, biron-bir dinga e’tiqod qilishlik millatning madaniyati, turmush tarzi, mentalitetiga ta’sir etishi mumkin, ammo etnik o‘zligiga ta’sir etmaydi.

 

Anvar BO‘RONOV,

O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi



[1] Мусаев К.М. Синтаксис караимского языка. – Москва: «Academia», 2003. – С. 8.

[2] Мусаев К.М. Синтаксис караимского языка. – Москва: «Academia», 2003. – С. 9.

[4] Гаджиева Н. З. Хазарский язык // Языки мира. Тюркские языки. М., 1995. С.138139.

[5] Баскаков Н. Караимско-русско-польский словарь. Москва: Русский язык, 1974. С. 6.

[6] Мишна (яҳуд. ‏מִשְׁנָה‏‎ – «такрорлаш») – қадимги яҳудий тилида ёзилган диний-фиқҳий тўплам. Ортодоксал яҳудийликнинг қонунлари ва тамойиллари берилган китоби.

[7] Тирияки Д. Ищите тщательно в Библии и не полагайтесь на мое мнение // Caraimica № 1, International Institute of Crimean Karaites, 2007.

[8] Гаркавец А. Кыпчакское письменное наследие. Том ІІ Караимский молитвенник. Редакция А. Н. Гаркавца по изданию В. З. Тирияки – Алматы: Дешт-и-Кыпчак, 2004. – С. 23.

[9] Ельяшевич В. А. От «татарского» языка к крымскому диалекту караимского языка: к проблеме идентификации разговорного языка крымских караимов // Вопросы крымскотатарской филологии, истории и культуры. – Симферополь: Крымский инженерно-педагогический университет, 2019. – Вып. 7. – С. 216–230.

[10] Имена и фамилии подписчиков на книгу «Таргум Тора бе-лешон татар» Архивная копия от 12 мая 2021 на Wayback Machine (Перевод Торы на крымско-караимский язык). 1841, Евпатория. //Сайт московских караимов.

[11] Мусаев К.М. Синтаксис караимского языка. – Москва: «Academia», 2003. – С. 187.

[13] Гаркавец А. Кыпчакское письменное наследие. Том ІІ Караимский молитвенник. Редакция А. Н. Гаркавца по изданию В. З. Тирияки – Алматы: Дешт-и-Кыпчак, 2004. – С. 5.

[14] Гаркавец А. Кыпчакское письменное наследие. Том ІІ Караимский молитвенник. Редакция А. Н. Гаркавца по изданию В. З. Тирияки – Алматы: Дешт-и-Кыпчак, 2004. – С. 305 - 3012.

[15] Epitet (ot yunoncha. ἐπίθετον – sifatlash) sifatlash, vasf; doimiy vasf (xalq poeziyasida). Bu yerda Xudoning sifati ma’nosida berilgan.

[16] Гаркавец А. Кыпчакское письменное наследие. Том ІІ Караимский молитвенник. Редакция А. Н. Гаркавца по изданию В. З. Тирияки – Алматы: Дешт-и-Кыпчак, 2004. – С. 5.

[17] Chiq – shabnam.

[18] Maqollar K.M Musayevning “Sintaksis karaimskogo yazika” nomli kitobidan yig‘noqlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

14:07 / 26.07.2024 0 181
Tomoshabinni teatrga qaytargan rejissyor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20038
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17734
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//