“Usmon Nosirni eslasam, doim yig‘lagim keladi” – Usmon Azim


Saqlash
20:08 / 24.08.2023 1039 1

Usmon Nosirning hukumat miqyosida yo‘qlanishi savob ish bo‘libdi. Hisobimcha, butun umr bo‘yi birgina haqiqiy she’r yoza olgan shoir ham aslida adabiyotda iz qoldirgan baxtli ijodkorlar sirasiga kiradi.

 

Turkiyaga so‘nggi safariga otlanayotgan (“so‘nggi” ekani u vaqt xayolimga ham kelgani yo‘q) Abdulla Oripov bilan muhim mavzularda suhbatlashgan edim. Gapdan gap chiqib, she’riyatimiz barmoq vazniga o‘tgandan keyingi taniqli shoirlar bisotida mukammal she’rlar qancha ekanini taxminan hisoblay boshladik: falonchida o‘nta, fistonchida beshta... She’rlari talabimizga javob bermaganlarning ham ijobiy taraflarini sanadik: undan so‘z o‘rgansa bo‘ladi, bundan ohang...

 

Navbat Usmon Nosirga yetganda ikkalamiz ham afsusga yo‘g‘rilgan iztirobda shoirni sharaflashga tushib ketdik. Ayniqsa, umri adog‘ida yozgan bir dasta she’rlarini maqtab ado etolmadik... Yoshgina daho juvonmarg ketganiga chidayolmay, qattol zamon sha’niga “iliq” gaplar aytdik. “Endi... u yosh bola edi-da”, dedi achinib Abdulla aka.

 

Har bir yosh shoirning adabiyotga kirishi turli-tuman turtkilar, ichki va tashqi to‘lg‘ovlar va albatta tinimsiz mutolaa qurshovida kechadi. Duch kelgan kitobni o‘qiyvergach, dunyoga qarab yuragi to‘lg‘onavergach, ozmi-ko‘pmi mashq qilavergach, u bir kunmas bir kun haqiqiy she’riyat bilan ham yuzma-yuz keladi. Haqiqiy she’riyat bilan uchrashuv esa – bayram! Cheksiz-chegarasiz bayram! Mening havaskorlikdan o‘tib, uncha-muncha she’riyatni anglay boshlagan kunlarim ham ana shunday bayram – haqiqiy she’riyat yetagida kechdi. Dangalini aytganda, meni she’riyatga yetaklab olib kirgan shoirlardan biri o‘sha “yosh bola” – Usmon Nosir bo‘ldi.

 

...Bizning bolalik va o‘smirligimiz qatag‘ondan keyingi o‘zbek adabiyoti o‘zini tiklab olishga urinayotgan bir davrga to‘g‘ri keldi. Adabiyot o‘ttizinchi-elliginchi yillarning qirg‘inlaridan ko‘p aziyat chekkan, qo‘rqinch uning har bir hujayrasiga singib ketgan, iste’dodsizlar maddohlik va xushomadgo‘ylik ortidan martaba-yu unvonlarga osongina erishish mumkinligini anglagan, gazeta-jurnallarda olqish-u tilyog‘lamalik ko‘pirgan bir kezlar edi. Iste’dodlilar ham iste’dodsizlikning yo‘lidan yurishga majbur, zotan, boshqa yo‘l borligini-da bilmas edi. Men – tinmay gazeta-yu jurnal o‘qiydigan bola o‘sha kezlardagi bu yo‘sin asarlarni “adabiyot shunday bo‘lar ekan” deya qabul qilganim rost. Bolaning murg‘ak ruhiga nima payvand etilsa, o‘sha ko‘karishini keyinchalik angladim.

 

Ammo zamon o‘zgara boshladi.

 

Oilamizdagi kattalar orasida “Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon oqlanibdi” degan gap yurib qolgani esimda. Ko‘p o‘tmay “O‘tkan kunlar” nashrdan chiqdi. Keyinroq – o‘smirlikda – adabiyotni anglash davridagi mastona kunlarda esa Usmon Nosirning she’rlariva “Naxshon” dostoni qo‘limga tegdi. U kitoblar ruh-u qalbimga qanchalar yuksaklig-u teranlik baxsh etganini endi-endi tasavvur etaman. Meno‘sha kezUsmon Nosir she’riyati qanotida ham uchib yurganman. U damlarning sururi hamon yodimda. She’riyatga muxlis do‘stlarimiz bilan, nazarimda, faqat she’r ila nafas olganmiz. Maktab hovlisida, uyda, Boysun ko‘chalarida – u yoqdan-bu yoqqa kezinib – faqat adabiyot haqida gaplashganmiz. Aralashib yurganimiz hayotga, odamlarga, eshitganimiz-bilganimiz baland-past voqeliklarga adabiyotning, demak, o‘zimizcha anglaganimiz haqiqatning ko‘zi va ruhi bilan qaraganmiz. Iste’dodli adiblar-u shoirlarimiz asarlaridan esgan shabboda Adabiyot bu haqiqat ekanini yuraklarimizga olib kirgan edi o‘sha kezlarda. So‘zni o‘rniga qo‘yish, tasvir va holatning aniqligi, she’rga ruhning ko‘chishi; dunyo go‘zalligi va cheksizlik qadar murakkabligini og‘riqli darajada his qilish; har bir jumla, umuman, badiiy asarning muvozanatini allaqanday ichki o‘lcham bilan saqlash... Adabiyotning yana qanchadan-qancha nozik va so‘zga tushirib bo‘lmas sehrli haqiqatlari bor. Men o‘shanda butun dunyo she’rdan iborat ekanini to‘liqib-o‘rtanib his etganman. Hozir ham xuddi shu tarzda o‘ylayman va mabodo olamda she’r bo‘lib ko‘rinmaydigan biron bir xilqatga duch kelsam, uni Parvardigor emas, odamlar yaratgan, degan xayolga boraman.

 

Iste’dod birgina zarrani shunday nuktadonlik bilan ifodalaydiki, o‘sha zarra bor dahshati va go‘zalligi – haqiqati bilan yuraklardan joy oladi. Fasod-u nizolarda to‘lg‘onib yashaydigan savdogar dunyoni esa she’rni unutganlar qurganday...

 

Usmon Nosir, Abdulla Orif ta’biri bilan aytganda, o‘sha “yosh bola” shoir sifatida tez ulg‘aygan. Butun vujudi, ruhi bilan his qilishi lozim bo‘lgan yuqorida aytganim haqiqatlarga shoir erkin umrining so‘nggi yillarida yozgan she’rlari va “Naxshon” dostoni mavjlarida yetib kelgan. Hayrat va hayajondagi samimiylik, izhordagi dramatik tug‘yon, ruhning tabiiy ravishda har bir so‘zga chog‘ishib ketgani, muallif tarjimai holidagi og‘riqli nuqtalarning nazmga ko‘chishi, yana allaqanday – tushuntirib bo‘lmaydigan – faqat iste’dodli shoir qalamidan ko‘chgan satrlarga xos fazilatlar uning she’rlari havosida ajib bo‘y taratib turadi. Buning ustiga, faqat Usmon Nosirga xos she’rning o‘zgacha latofati, katta shoirning “men”i, o‘ziga xos ovozi...

 

U vaqtlar bu sehr nima ekanini bilmaganman, albatta. Usmon Nosir she’riyati nega meni bunchalar rom etganini mana endi, qisman bo‘lsa ham yozayotirman. O‘sha kezlar esa faqat she’rning zavqi-shavqida havolanganman, xolos. Eng muhimi, adabiy didim shakllanishida shoir she’riyati beqiyos rol o‘ynagan.

 

Barmoq vazniga asoslangan she’riyatimizning shakllanish davri she’rshunoslar tomonidan maxsus o‘rganilmagan. Ta’kidlash lozimki, she’riyatdagi tub ildizimiz   –   barmoq vazniga qaytish bejiz ro‘y bermagan. Birinchidan, o‘zbek xalqi o‘zini tanish davrini boshdan kechira boshlagan edi. Adabiyot ahli ham xalqning fe’l-atvoriga mos tub an’analarga qaytish lozimligini his etgan. Ilg‘or shoirlar arab-u fors ohanglarining nuqsi urmagan, barcha emin-erkin o‘qishi mumkin bo‘lgan turkona barmoq vazniga qaytish adabiyotimizning mustaqil rivojlanishi, jahon adabiyoti bilan payvand bo‘lishining eng qulay yo‘li ekanini tushunib yetganlar. Ikkinchidan, og‘irkarvon dunyoning ham yurishi tezlashgan, tasvirda ustma-ust qofiyalar bilan zanjirband etilgan she’riyatdan ko‘ra xalqchilligi va erkinligi bilan qadimdan turkiylarning shiddat-u g‘ayratiga xos bu vazn shubhasiz maqbul edi. Boz ustiga, og‘zaki va yozma nutq o‘rtasida nihoyatda katta dovon paydo bo‘lgan, yozma adabiyot xoslarninggina a’moliga aylanib qolgan edi. Yangi adabiyot vakillari kitobxon va yozuvchi o‘rtasida paydo bo‘lgan ana shu dovonni yiqitmoqchi, ortiqcha urinishlarsiz ko‘ngillarga yetib bormoq maqsadini qo‘ygan edi.

 

Ammo adabiyotda an’anani buzishdan qiyin ish bo‘lmasa kerak. Bus-butun she’riyatni o‘zgartirish ham oson kechmagan. Bilishimcha, hatto “aruz zindoni”ga qarshi bosh ko‘targan ustozlar ham barmoq vaznidan to‘lig‘icha foydalana olmaganlar, ruh-u yurakning, zamonning tasvirini berishda birmuncha qiynalganlar, gohida esa aruz sari sirg‘anib tushib ketaverganlar. Yana ayrim shoirlar esa bu “notanish” vaznda bir qadar zo‘riqqani, she’rlari sun’iylikdan xoli emasligi seziladi.

 

Men aruzdan barmoq vazniga o‘tish davridagi izlanishlarni nihoyasiga yetkazishda G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon qatorida Usmon Nosirning xizmati ham beqiyos ekanini alohida ta’kidlashni istardim. Usmon Nosirning xizmati nimada? U barmoq vazniga asl she’rning yuragi bo‘lmish DARDni olib kirdi. “Osmoniy” emas, zaminiy bo‘yoqlar uning satrlariga oqib kira boshladi. Odamlar o‘rtasidagi oddiy so‘zlashuvga monand gaplar uning iste’dodi bilan nurlangach, she’rga aylandi. Eslang: “Yo‘q, hali hammasi o‘tganmas, / Hali bor hayotda nasibam, / Silligim bezarar – hech gapmas, / Borini ko‘raman, Nasimam!” Juda ko‘p ishlatiladigan “peshonada borini ko‘ramiz-da” jumlasi she’rga ko‘chganda naqadar ta’sirli va fojiali jaranglaydi. She’rning shoir taqdiridan ko‘chgan o‘rinlari ham yurakni bir siltab tashlash darajasida larzador. Baytlar bejalmagani, samimiyligi, to‘ppa-to‘g‘ri yurakka yetib borishi bilan ajralib turadi.

 

Uning “Naxshon” dostoni va tarjima qilgani – “Demon” va “Boqchasaroy fontani” yangi she’riyatning ulkan yutuqlaridandir. Shoirning barmoq vaznida yaratgan asarlari qiymati shundaki, ular she’riyatimizning katta karvon yo‘liga mayoq bo‘ldi. Usmon Nosir ko‘proq foydalangan barmoq vaznining to‘qqiz va o‘n bir bo‘g‘inli ko‘rinishlari hozirgacha shoirlarimiz bot-bot murojaat etadigan vaznlar sanaladi.

 

Usmon Nosir adabiyotga yonib kirdi. Goh uchib, goh qoqilib – hayajonda hapqirib yashadi. Iste’dod to‘lg‘oqlari va samimiyati bir tekis yashashiga yo‘l berarmidi deng! Garchi shoir hayotga o‘zgacha qarashi lozim bo‘lgan yangi avlod vakili esa-da, o‘qib-o‘rganish, izlanish, ijod jarayoni uning fikratiga, dunyoqarashiga ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. Yangi bilimlar, navqiron tajribalar va xalqining achchiq qismati yuragiga bostirib kirdi. Lekin shoir bosqinchilardan yurtini xalos etish e’tiqodidan hali uzoq edi. Ehtimol, qatag‘on girdobiga tortib ketmaganida, u bu shonli yo‘lni orzu qiladigan, deylik, Qodiriy va Cho‘lpon kabi otashin bir zotga aylanar edi.

 

Shu o‘rinda “yangi avlod” deb yozganim tushunchaga izoh berib o‘tishimga to‘g‘ri keladi. Sho‘rolar hokimiyatni egallagach, Turkistonda o‘z yo‘rig‘iga mos ziyolilarni tarbiyalab yetishtirish taraddudida bo‘ldi. Maktablar va boshqa o‘quv yurtlarida ularning maxsus loyihalari asosida tahsil berila boshladi. Milliy tarixdan, adabiyot-u madaniyatdan yiroqlashtirish choralari ko‘rildi. Natijada, o‘ttizinchi yillarning avvalidayoq milliy va Sharq adabiyotidan, tarixidan uzoqroq yangi ziyolilar qatlami shakllana bordi. Bu ziyolilar Moskvaning siyosatini Turkistonda targ‘ib etish uchun mustahkam asos yaratishi lozim edi. Adabiyotda ham sho‘rolar shu yo‘sin ta’lim bergan iste’dodlar bo‘y ko‘rsatdi. Usmon Nosir ana shu tarbiyani olgan yoshlar safida edi. Uning birinchi she’rlaridagi soddagina satrlarni eslang. Yosh shoirni faxr bilan shogirdi deb hisoblagan Cho‘lpon uni o‘zbek mumtoz adabiyotini jiddiy o‘rganishga da’vat etgani bejiz emas.

 

Usmon sergak o‘spirin edi. Nazarimda, u yurtida nimalar ro‘y berayotganini tobora anglay boshlagan. O‘zak mohiyatiga ko‘ra she’riyat baribir hurlik ekanini anglash asnosida yuragida g‘alayon turgan. To‘lib-toshib yashayotgan shoir ruhida ildiz otgan bu tuyg‘ularni, xulosalarni kerakli-keraksiz joyda oshkor etishdan ba’zan o‘zini tiya olmagan. Bu yog‘i ma’lum...

 

Moskva safarida aytgan bir og‘iz ehtiyotsiz gapi o‘zidan oldin Toshkentga yetib keldi. Safar davomida hamrohlik qilgan Lavrentev degan shaxs kelgan zahotiyoq Usmon Nosirning ustidan Yozuvchilar soyuziga shikoyat qildi. Shu bilan bari boshlandi! Garchi iste’dodli shoir-u adiblar unga tosh otishdan o‘zlarini tiyishga harakat qilgan, faollik yetmagan bo‘lsa ham, adabiyot tevaragidagi qalang‘i-qasang‘i kaslar zo‘r berib hujumga o‘tdi... Men ul behayo iste’dodsizlarning hasadini hozir ham shundoq ko‘rib turgandekman. Axir, Usmon Nosir paydo bo‘lgach, ular nihoyatda xira tortib ketgan edi-da! Barcha maqtov Usmonga! Barcha siylov Usmonga!.. Xullas, o‘ch olish uchun, iste’dodsizligini yashirish uchun sabab topildi. Bu hol aslida o‘sha yillarning qahramonlarigina o‘zgarib turadigan qonli spektakllaridan biri edi... Ammo ko‘nglimni hamisha g‘ash qiladigan bir fakt bor. Usmon Nosirga qamoqxona eshigining lang ochilishiga ba’zi kitoblariga hozirgacha ko‘z tashlab turadiganim keksa bir adib ko‘mak berib yuborgani et-u suyagimni zirqiratadi. O‘sha mo‘ysafid adib allaqachon o‘zbek adabiyotidan voz kechib, boshqa tilda yozishga o‘tgan bo‘lsa ham, ne tongki, qotilona ishga bosh qo‘shdi. Afsus!..

 

Shu o‘rinda yana bir holatni eslab o‘tmasam bo‘lmaydi. Ayrim o‘zga adabiyot vakillarining O‘zbekistonga safari ur-yiqitlarga sabab bo‘lgani tarixdan ma’lum. Inqilobchi Lohutiyning yoki dashnoqchasiga qilich qayragan Shaginyanning Toshkentga “tashrif”ini eslang... Holbuki, biron bir o‘zbek adibining boshqa adabiyot ishlariga aralashganini hech kim eslolmaydi. Bizga esa to‘g‘ri kelgan nokas xo‘jayinlik qilavergan. Bu noxush holat mustaqillikkacha davom etdi...

 

Alhol, qatag‘on quyuni Usmon Nosirni ham dahshatli girdobiga yutdi.

 

U qamoqxonada ham o‘zicha kurashdi, beayb ekanini isbot qilishga urindi...

 

Xalqimiz mustaqillik uchun kurashayotgan kezlarda bir guruh o‘zbek adiblari Usmon Nosir so‘nggi kunlarini o‘tkazgan Mariinsk shahri yonidagi qishloqqa bordi. Men ham ular safida edim.

 

Aytishlaricha, qishloq qiynoq lagerida ishlagan sobiq nazoratchilarning turarjoylaridan iborat, lager binolari esa – o‘sha odamlarni ko‘ngilsiz xotiralardan xalos qilish uchun bo‘lsa kerak – buzib tashlangan ekan...

 

Manzilga yetgach, mashinalardan tushdik. Ulkan sayhonlik boshlanadigan, qishloqqa o‘tadigan yo‘l chetida bir necha yuz erkag-u ayol to‘plangan. Atrofga qaraymiz: o‘rmonga tutashib ketgan, qovjiragan o‘t-o‘lanlar bilan zich qoplangan keng tekislik. Ba’zi joylarda pishiq g‘isht bo‘laklari sochilib yotibdi. Sayhonlik boshlanadigan joyda kemerovolik adiblarning sa’y-harakati bilan Usmon Nosirga kichkinagina yodgorlik o‘rnatilgan. Olomon sukutda turibdi, birov churq etmaydi. Bizning guruh hech kimga e’tibor bermay yodgorlik tomon yurdi. Yodgorlikka yetgach, barchamiz cho‘kkaladik. Rahmatli Hojiakbar Shayxov Qur’on tilovat qildi. Oyatlar shu qadar jon-u jahonimni zirillatdiki!.. Keyin shu zil sukunatni oralab, g‘ishtlar sochilib yotgan joyga bordik. Usmon Nosirning ohlari singib ketgan joylar...

 

 

Men qabriston qayerdaligini so‘radim. Bu lagerda qabriston yo‘qligi, qishda vafot etganlar muz eriguncha bir chetda taxlab qo‘yilgani, toshday muzlagan tuproq erigach esa, chuqur qazilib, umum bir o‘raga ko‘mib yuborish rasm bo‘lgani; yozda vafot etganlar ham peshma-pesh – shu tarzda dafn etilgani aytildi. Bechora Usmon!.. Hech kimga ko‘rsatmay ko‘zyoshimni artdim...

 

Bizlarni bir uyga boshlashdi. Lagerda moshinkachi bo‘lib ishlagan ayol yashar ekan unda. Usmon Nosirning jiyani Nodiraxon, yana ayrim hamrohlarimiz ichkariga kirib ketishdi. Men kemerovolik birodarlar bilan hovli etagida qoldim. O‘sha mahal kir bosgan fufayka kiygan isqirt bir erkakka ko‘zim tushdi. Rangi oqargan, peshonasini ter bosgan, to‘xtovsiz qaltirar edi. Umrim bo‘yi bunday qaltiragan odamni ko‘rgan emasman! U bir qo‘li bilan omonat chetan devor yog‘ochini mahkam ushlab turar, hatto chetan devor ham uning jonholat titrog‘iga qo‘shilib qaltirar edi. Bu odamga nima bo‘lganini so‘radim. Aytishlaricha, moshinkachi ayolning eri, lagerda nazoratchi bo‘lib ishlagan ekan. “Shoirini izlab kelgan o‘zbeklar meni omon qoldirmaydi”, deya qo‘rquvdan qaltirayotgan ekan...

 

Keyin u o‘lkalarga qayta borish menga nasib etmadi.

 

Bu satrlarni yozarkanman, Usmon Nosirning xoki qolgan o‘sha joylarni ziyorat qilib turishimiz kerak ekan, degan xayolga borib o‘tiribman. Yozuvchilar uyushmasi sa’y-harakat qilsa, masalan, Shahidlar xotirasi kunlarida safar uyushtirilsa, bu savob amal an’ana tusini olsa... O‘sha joyda Usmon Nosirga munosib bir yodgorlik o‘rnatilsa ham ko‘p durust ish bo‘lar edi.

 

Usmon Nosirni eslasam, doim yig‘lagim keladi.

 

Parvardigor! Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

 

Usmon AZIM

 

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Ulug‘ otdoshim” maqolasi

1 Izoh

Собирали

00:08 / 25.08.2023

Tabarruk joylarni ziyorat qilganday bo‘ldim. Usmon Nosirning ruhlari oromda bo‘lsin.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

14:07 / 26.07.2024 0 189
Tomoshabinni teatrga qaytargan rejissyor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20041
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17735
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//