“Birlashsak – Vatanmiz!” Qayta-qayta uqtirilayotgan ibora sharhi


Saqlash
16:09 / 14.09.2023 640 0

“O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak! Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!”

 

Bu so‘zlar yaqinda, aniqrog‘i, O‘zbekiston Respublikasining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining minbaridan tantanavor jarangladi. Ular oddiygina tovushlar birikmasi emas, qalb sadosi, ko‘ngil na’rasi bo‘lib, O‘zbekiston osmonida mamlakat Prezidenti tilidan jaranglab, aks-sado berdi.

 

Barcha uchun aytolmasman-u, ammo mening qalbimda bu so‘zlar behad larzavor aks-sado berdi, vujudlarimni jimirlatib yubordi. Negaki, bu so‘zlar zamirida bori hayotimizning kechagi va bugungi kunlari armon-u alamlari, orzu-yu umidlari mujassam bo‘lib turibdi. Buni tushungan tushunadi, bilgan biladi... Balki bu so‘zlar birikmasi qatidagi ma’no bugungi navqiron avlodimiz uchun go‘zal da’vat bo‘lib, qalb-u ongiga kirgandir. Balki bu avlod har bir farzandga otalar o‘git berganidek, yurt rahbarining o‘z xalqiga aytgan o‘giti deb qabul qilayotgandir. Bu tabiiy, albatta. Chunki yosh o‘g‘il-u qizlarimiz, nabiralarimiz bir bo‘lmaslik, birlashmaslik alam-u anduhlari, xo‘rlig-u xorliklari nima ekanini bilmaydi, bilavermaydi. Kitob-u kinolarda o‘qigan, ko‘rgan bo‘lsa, mabodo, uni asosan ma’lumot, axborot, quruqqina tarix, deya o‘z fikratida qayd etadi, xolos...

 

Yetimlik nimadir

bizlardan so‘ra,

O‘ninchi yillarning

sargardonligi

Isitma aralash

qo‘rqinch tush kabi

Xayol ko‘zgusidan

o‘chmaydi sira.

Men yetim o‘tganman,

oh, u yetimlik...

Voy, bechora jonim,

desam arziydi.

Boshimni silashga

bir mehribon qo‘l,

Bir og‘iz shirin so‘z

nondek arzanda

Men odam edim-ku,

inson farzandi. 

 

XX asr o‘ninchi yillarining ochlik, yupunlik, sarson-u sargardonliklarini tanasida his qilmagan biz ellikvoy-u oltmishvoylar, ya’ni yigirmanchi asr 50-60 yillarida tug‘ilib o‘sgan avlodga yuqoridagi satrlar buyuk Gʻafur Gʻulomning ohu nolalari bo‘lib sado bergandi, xolos. Ammo bu misralar ma’nosi nihoyatda achchiq alamli xotiralar o‘laroq, ota-bobolarimizning betiyiq ko‘z yoshlari, girya-yu ohlariga sabab bo‘lgani aniq.

 

Xuddi shu kabi istiqlolimizning 32 yillik tantanasida “bir bo‘lish”, “birlashishga” otashin da’vat mening avlodim ko‘z o‘ngida ham o‘z hayot yo‘li, taqdiri bilan bog‘liq ne-ne voqe tarixlarni jonlantirgan bo‘lsa, ajab emas. Harqalay, men – “Birlashsak – Vatanmiz!” degan iborani shunchaki so‘z birikmasi deb qabul qilolmadim. Inchunun, oltmish besh yillik umrimning tang-u tor puchmoqlari, ota-onamning biz jujuqlarining qornini to‘q, ustini but qilaman deb giryon yurishlari, saharmardondan to tun qorong‘usigacha ne bir yumushlar ila andarmon bo‘lib, farzandlarining orzu-havaslari ilinjida tinim bilmaslari xotirimga keldi. Otamning vazmin o‘y surishi, olis xayollarga berilishi, onaginamning bizni uxlatib qo‘yib, “Popop” (“Zinger”) tikuv mashinasi g‘ildiragini do‘qillatib dorpech, qiyiqcha hoshiyalarini bosib, anvoyi gul, qanot yozgan kabutar tasvirlarini matoga ip-ipak bilan chizib, ko‘z nurini nisor etgancha to tongga qadar tinim bilmasligi ko‘z qarog‘imni sog‘inch va alam suvlari bilan to‘ldirdi. Uchini uchiga bazo‘r ulab, dasturxonni non-u choyga farovonroq qilarmikinman, deb sog‘-u nosog‘ urinib yotishi ustiga, vaqti-vaqti bilan qizil pogonli nozirlar kirib “zakon”ni peshlab turishi, ta’ma-rishvat ilinjini qondirib, yana o‘sha yupun ro‘zg‘orga mahkum etib ketishi xotira ko‘zgusidan sira o‘chmaydigan manzaralar... “Bolam, hunarlik xor bo‘lmaydi”, deya hali suyagi qotmagan men bolachani mahalladosh kosibga shogird berib, “o‘z koringga o‘zing yara” deb turishlar unutiladigan umr lavhalari emas. Shunda ham shukronalik tuyg‘usini dilga va tilga tugib, bundan yomonroq bo‘lsa nima qilarding, deb nasihat qilib turishlar ham hayotimizning keyingi kechishlarida beiz o‘tgani yo‘q. Har tong sahar ko‘z ochib, yorug‘ dunyoni ko‘rib turganimizning o‘ziyoq shukronalik sururi edi, alhamdulilloh!

 

Kamina bu o‘tmishlarga shikastadillik bilan bejiz murojaat qilayotganim yo‘q. Umr daryosining oqimlarida bir bo‘lmagan xalq, birlashmagan yurtning paxta deb, tilla-yu ma’dan deb “o‘zbek ishi”, “paxta ishi” degan malomatlar ostida ne-ne tahqirlarga duchor etilgani, el uchun bir imorat tiklayman desa ham “katta og‘a”lardan izn so‘rab, Moskov eshiklarida sarson-u sargardor yurgan damlarni unutmoq bu xotiraga, millat xotirasiga xiyonat demakdir.

 

O‘z kechmishlaring-u, unga esh ona yurtning uzog‘u yaqin o‘tmishini ko‘z oldingda kino tasmalaridek jonlantirsang, ozurda ko‘nglingning alam-armonlarini tanangda qayta his etsang, bir bo‘lmaslik, birlashmaslik anduhlarining zahmi zahri yo‘qolmagan og‘ir xastalik bo‘lib, yana ne-ne azoblarga duchor etishini anglab yetasan.

 

Xo‘p, o‘tmish-ku ortda qoldi. O‘ttiz ikki yildan beri mustaqil yurt, mustaqil davlat, yagona xalqmiz. Tilimiz, dinimiz, hududiy birligimiz barqaror. Xo‘sh, bir bo‘lish, birlashishga endi nima mone? Nega hanuz bir bo‘lish, birlashish qayta-qayta uqtirilib turibdi?! Demak, bu borada yirtiq-yamog‘imiz, nuqson-u kamimiz bor hali. Ayni shu hol siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy kamolimizni ne bir joylarida oqsoqlantirib, sekinlatib, balki to‘xtatib ham turibdi. Taassufki, bu holat-vaziyatni biz, o‘zbekistonliklarning aksariyati sezmay, anglolmay yuribmiz, shekilli. Demak, shunga yarasha ijtimoiy yuksak tuyg‘ular neligini bilmay, o‘z qobig‘imiz, o‘z manfaatlarimizdan baland bo‘lolmay turibmiz.

 

Ijtimoiy tuyg‘u Vatan hissi, xalq ekaningni idrok etib harakatlanish, jamoa-jamiyat bilan vobasta umrguzaronlik qilish demakdir. Faqat o‘z tomining but bo‘lishi-yu o‘z qursog‘ining to‘lib turishini ko‘zlab yashash oxir-oqibat ilm tilida egosentristlarni, xalq tilida xudparastlar-egoistlarni, ko‘chaning qo‘pol lahjasida yakkamoxovlarni urchitadi. Bot-bot ulug‘larimiz yodga keladi. Nima, Hazrat Navoiy bobomiz, ota bobosi-yu do‘sti Husayn Bayqaro in’om etgan mulkni tasarruf etib, bahuzur yashasa bo‘lmasmidi?! Jadid bobolar-chi?! Ularning o‘zlari-da juda ma’mur bo‘lmasalar-da, o‘rtahol turmush-ro‘zg‘orlarini qiyib, topgan mablag‘larini maktab, matbuot, teatr, xayriya kabi millat kamoliga xizmat etuvchi ishlarga sarflashdan ne naf topar edilar?!

 

Kel, ey millat, bu kun bir maslahat birlan qaror o‘lsun,

Bu kundan o‘tkan ishlarg‘a pushaymon birla or o‘lsun.

Qilayluk bul kuni g‘ayrat hamma birdan qilib himmat.

Jaholat cho‘l-sahrosig‘a, minba’d sabzazor o‘lsun.

 

Mana sizga Abdulla Qodiriyning 21 yoshida – 1915 yilda yozgan satrlari. Otasi bergan bog‘da uzumzorini parvarishlab, dala-tuzdan topgan daromadini katta ro‘zg‘orida g‘amlab, bemalol yeb yotaverishi ham mumkin edi-ku?!

 

Yo‘q, insonda hayvoniy instinkt, ehtiyojdan tashqari, jamiyat ichida yasharkan, ijtimoiy tuyg‘u, ijtimoiy fikr ham bo‘ladi. Busiz u muayyan jamiyat a’zosi emas. Vatan, ota yurt, ona til vakili emas. Qayda qorni to‘qlansa, shu yerni maskan tutguvchi maxluqot, xolos. Ijtimoiy tuyg‘usi bor odamgina millat, xalq, Vatan degan tushunchalarni idrok etadi, munosib turmush tarzini belgilaydi, hayotini jamiyat hayoti bilan bog‘laydi, ijtimoiy mazmun bilan to‘ldiradi.

 

Shu ma’noda, Prezidentimizning “O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak”, degan so‘zlari vatandoshlarimizning barchasida ijtimoiy tuyg‘u va fikr umr mezoniga aylanishini istash da’vatidir. Bu da’vatga qalban quloq tutgan odam o‘z xatti-harakatini shu mezon negiziga qurishi zarur, albatta. Shundagina inson har bir qadamini o‘ylab, fikran tahlil etib, mulohaza bilan qo‘yadi.

 

Hozir axborot, raqamlashgan texnologiyalar davri. Savodi bor odam barchasi elektron axborot vositalarining “qul”i. Bu tabiiy jarayonni hech bir kuch to‘xtata olmaydi. Faqat har bir insonning ma’naviy darajasi o‘sha elektron vositalardan oqib kelayotgan axborotni va o‘zi ham ishtirokchisiga aylangan mediamakon jarayonlarini oqilona yoki, aksincha, pala-partish, nodonlarcha o‘zlashtirishi va ishtirokchiga aylanishini belgilaydi. Ijtimoiy tarmoqlardan bori elga oshkor bo‘layotgan ma’lumotlar tom ma’noda xalqimizni bir bo‘lishga, birlashtirishga xizmat qilsa, biz yagona xalqqa, chin vatanparvarga aylana olamiz. Xudparast istak va kayfiyat bilan tarqatilgan har bir axborot, ma’lumot faqat va faqat buzg‘unchilikka, boshboshdoqlikka, parokandalikka xizmat qiladi. Kichik bir xabar katta taloto‘plarga, milliy parokandalikka, qonli urush, xunrezlik, dahshatli muhorabalarga bahona bo‘lishi insoniyat tarixidan yaxshi ma’lum. Katta maydonlarni qo‘yib, kichik darchadekkina tuynukchalardan xudbin xohishlar, mayda gina, alamzadalik, hasadgo‘ylik bilan bo‘y ko‘rsatib qolayotgan noxush, betayin, beasos ma’lumotlar, da’voyu iddaolar chivin qo‘ngandek bo‘lsa-da, katta ijtimoiy niyatlarni ko‘zlab ish tutayotgan insonlarga nojoiz dilxiralik, asabbuzarlik, pirovardida hatto og‘riqli xastaliklar olib kelishi ortiqcha isbot talab etmaydigan haqiqat. Bu hol eng yuqori kursilardagi davlat xizmatchilaridan to quyida o‘z kori a’moli bilan mashg‘ul kishilargacha daxldor. Xo‘sh, shunday xudparast da’vo va chiqishlar bir bo‘lishga, birlashishga yoki yagona xalq, Vatan bo‘lishga xizmat qiladimi?! Ehtiroslarni jumbushga keltirib, jamoalar orasiga qutqu solish, fitna uyg‘otish oxir-oqibat qanday yakunga olib kelishi ma’lum-ku?!

 

Kaminani tanigan, bilganlar sezib turgandir. Shu kunlarda malomat-u tuhmat toshlari kino dargohlariga ham otib turilibdi. Biror asosi, isboti bo‘lmagan iddaolar, hattoki nomini ham oshkor qilishdan qo‘rqqan quyonyurak kasga e’tibor qilmay, qo‘l silkib qo‘ya qolish ham mumkin edi. Kishi bo‘y-bastidan tuban xor-u xasga oyoq qo‘yib, o‘zi-da kirlanib qolishi hech gap emas. O‘sha Abdulla Qodiriy bobomiz “Millatga bir qaror” she’rida yozganidek, “Jaholat sassig‘i bizni hamisha behuzur etdi”, deya o‘girilib ketaverish ham oqillik belgisi. Ammo boshqa bir ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripovning mana bu da’vati kishini beparvolikdan qaytaradi:

 

Hushyor boq, to foniy umr kechadi,

Tegrangda turli xil toshlar uchadi.

Biri qora hasad yo g‘araz toshi,

Biri yovuz tuhmat yo maraz toshi.

Mayliga qay biri kelmasin, qachon,

Ulardan muddao hamisha ayon.

Ular sabr kosang to‘ldirmoq bo‘lar,

Ular umring gulin so‘ndirmoq bo‘lar.

Boshimdan o‘tganin etsam gar ayon.

Hushyor boq ularga hamisha, o‘g‘lon.

. . .

 

Malomat toshi bu, malomat toshi!

 

Ha, millat ovozi bo‘lgan buyuk shoirning o‘gitini hamisha yodda tutmoq zarur. Illo, bu o‘git katta maqsadlargagina intilib, yo‘ldagi mayda chaqir tikanaklarga loqayd bo‘lmaslikdan ogoh etadi. Aslida bugun bizning yagona xalq, Vatan bo‘lishdek ulug‘vor harakat va rejalarimizga soya solayotgan, aniqrog‘i, millatga raxna solishga urinayotgan uzog‘u yaqindagi illatlar mayda, tusi yolg‘on, tuturiqsiz behuda ikir-chikir amallar. Bulardan baland bo‘lish, ularni ravon yo‘llarimizdagi xor-u xas deb qarashimiz joiz, albatta. Ammo aslo beparvo, bepisand bo‘lish kerak emas.

 

Yana o‘sha Istiqlolimiz bayramida irod etilgan nutq xotirga keladi:

“Biz endi kechagi odamlar emasmiz. Xalqimiz ham kechagi xalq emas”. Shoyadki, “bir bo‘lsak - yagona xalqmiz, birlashsak - Vatanmiz!”

 

Shuhrat RIZAYEV

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2023-yil 185-son.

 

“Birlashsak – Vatanmiz!” maqolasi

 

 

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19035
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19035
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15735
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi