Qalloblik yoki oliy mahorat: Malevichning “Qora kvadrat”i qay biriga mansub?


Saqlash
09:09 / 28.09.2023 867 0

Jahon tasviriy san’atida shunday asarlar bor – juda mashhur, omma uning nomini tilidan qo‘ymaydi-yu, uning badiiy qiymati haqida hech narsa bilmaydi, aniq gap deyolmaydi. Asar mohiyati kishilar uchun mavhumligicha qolaveradi, qizig‘i bu mavhumlikni bartaraf qilishga ehtiyoj ham tug‘ilmaydi, odatda. Munkning “Qichqiriq”i, Da Vinchining “Madonna”si, Pikasso yaratgan “Gernika” ham mana shunday suratlar qatoriga kiradi. Oyina.uz’da bugungi tahlil Kazimir Malevichning “Qora kvadrat”i haqida, asar yaralishi hamda uning atrofidagi keskin ziddiyatli fikrlar, qarashlar to‘g‘risida. Asar mohiyati omma uchun sirli va jumboqli. Biroq, haqiqatda o‘sha sir bormikan o‘zi?

 

Aslida kartina nomi “Qora kvadrat” emas, “Suprematistlar qora maydoni”, shuningdek, asar kvadrat emas to‘rtburchak shaklda. Surat turli vaqtlarda 4 nusxada chizilgan bo‘lib, ilk va eng e’tiborlisi 1915-yilda yaratilgan, keng muhokama qilingan hamda izlanishlar olib boriladigani ham aynan shu nusxasi edi. U 1915-yilning 19-dekabrida ochilgan futuristlar ko‘rgazmasida ommaga namoyish etilgan. Ko‘rgazma nomi “0,10” bo‘lib, ta’sischilar fikriga ko‘ra bu namoyish futuristlarning so‘nggi ko‘rgazmasi bo‘lishi kerak edi va qay bir ma’noda shunday ham bo‘ldi. Ko‘rgazmada asosiy e’tibor Suprematizm deb atalgan yangi oqimga qaratilishi rejalangan. Rassom (ijodkor) qalbi har qanday belgilangan yoki o‘rnatilgan qoidalardan xoli ekanligini targ‘ib qiluvchi ushbu yo‘nalish aynan Kazimir Malevichning sa’y-harakatlari hamda qarashlaridan kelib chiqqan. Shuningdek, ushbu oqim Malevichning da’vosicha, san’atda eng oliy darajani egallashi lozim edi. Ko‘rgazmaning “0,10” deb nomlanishining asosiy sababi san’atdagi eng boshlang‘ich va sof bo‘lgan “0” ya’ni nolinchi nuqtasiga ishora qilish edi. Baayni, nolinchi nuqta bu Malevichning asoslariga ko‘ra suprematizm edi.

 

Ko‘rgazma turli shov-shuvlar, bahs-munozaralarni keltirib chiqardi, garchi Rossiya madaniy hayotida o‘sha paytda bir qancha avangard oqimlar yashayotgandi, aholi ham modern san’atning keskin burilishlari-yu bayonotlariga ko‘nikib qolgandi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘rgazma tashkilotchilari hamda unda qatnashuvchilar haqiqatda “portlash”ni amalga oshira olishdi.  Lekin bu holat boshqasining oldida unchalik keskin voqelik bo‘lmay qoldiki, “Qora kvadrat”ning muallifining bir qaroriga guvoh bo‘lingunicha. Shunchaki geometrik shakllarning asar sifatda taqdim etilishi bir yon, bu ish panada qolib ketdi desak ham bo‘ladi. Chunki Malevich qora kvadratni pravoslavlar uchun muqaddas hisoblanadigan xonaning burchagi va shifti tutashgan joyga ilib qo‘yadi (Rossiyada!). Ya’ni asar nafaqat dohiyona, balki muqaddas va ilohiydir.

 

Xo‘sh, nega aynan Malevich, nega aynan uning ishlari bunchalik e’tiborga tushdi? Omma nazari bilan qarasak, Malevich suratlarining aksariyati oq tuvalga chizilgan turli qora shakllar edi. Qora rang esa odatda qorong‘ilikni, bo‘shliq, hechsizlikni bildiradi ya’ni ma’nosizlik. 1915-yil, ya’ni “Qora kvadrat” namoyish etilganda dunyoda Birinchi jahon urushi davom etardi. Avvalroq esa rus xalqi Rossiya birinchi inqilobi, fuqarolar urushidan aziyat chekkandi. Bu voqealar ichida yashagan o’sha davr kishisining ruhiy holatini aniq ifodalash deyarli imkonsiz bo‘lsa-da, tasavvur qilish mumkin. Og‘ir siyosiy, iqtisodiy ahvol, ishchi qatlam qashshoqlashib borayotgan bir vaziyatda insonlar chuqur tushkunlikda bo‘lishi tabiiy. Na din, na ilm-fan va madaniyat bunday ko‘rgiliklardan xalqni pana qilolmadi. Shunday bir zamonda, Malevich asarlaridagi qora rang kelajakdan kutilayotgan ehtimoliy qorong‘ilikka ishora sifatida qabul qilingan bo‘lishi mumkin. Aynan “Qora kvadrat”ning “muqaddas burchak”ga ilib qo‘yilishi ham, Malevichning hisobicha dunyo uchun yangi tartib, yangi qoidalar va yangi tayanchning ramzi edi. Go‘yoki oldingi madaniyat, qarashlar, an’analar dunyoni hozirgi holiga olib keldi va rassom ulardan voz kechishga undamoqda. Boshqa – tasviriy tomondan ham muallifning aqlan va jismonan o‘ta jiddiy nuqsoni bo‘lmagan har bir odam chizishi mumkin bo‘lgan, mana shu qora to‘rtburchakda eng oliy mohiyat yotgani haqidagi ta’kidlari ham g‘ovurlarga sabab bo‘lgan.

 

“0.10” ko‘rgazmasida “qora kvadrat” namoyish etilgan xonaning ko‘rinishi

 

Malevich avval boshda kub-futuristik rassom hisoblansa-da, turli manbalarda mavhumlikka moyil rassom sifatida esga olingan. Shu sabab, uning o‘z yo‘nalishini o‘zgartirganiga hayron qolmasak ham bo‘ladi. U aynan “0,10” ko‘rgazmasida o‘z faoliyatidagi asosiy burilishni amalga oshirdi va aynan “Qora kvadrat” tasviriy san’at tarixidagi eng sof mavhum asarlardan biri hisoblanadi. Turli shakllardan iborat, shuningdek bir qancha ranglardan foydalanilgan suratlardagi mazmunni to‘liq anglamasak-da, turli ishoralarni sezishimiz mumkin. Biroq, to‘rtburchak tuvaldagi qora to‘rtburchak surati bizga ongimiz bilan bog‘liq hech qanday tushuntirishlar bermaydi. Shakldan biror ma’no izlashdan naf yo‘q, rang borasida ham shu ahvol. Buning ustiga qora rang mavhumlikni yanada kuchaytiradi, qora bu nursizlikdan belgi va tabiiyki yorug‘lik bo‘lmasa hech narsani ko‘ra olmaymiz. Atrof bizga noayon (mavhum) holatda qolaveradi.

 

Malevich aytadiki, chinakam san’at faqat his qilinadi. Uni qabul qilishda aql, ong, fikr ishtirok etishi mumkin emas. Uning ta’kidicha, “Qora kvadrat”ga to‘g‘ri (aniq, singdirilgan ma’noni izlab) qarashning iloji yo‘q, shu bilan birga noto‘g‘ri qarashning ham (aniq o‘rnatilgan ma’no topmaslikni) ham iloji yo‘q. Shu orqali rassom asardan olinadigan hisni har kimning o‘ziga qo‘yib beradi ya’ni kim nimani his qilsa asardan mazmun o‘sha.

 

San’at mohiyati tahlil qilingan paytdan boshlab to bugungi kungacha san’at bu – hissiy zavq olish ekanligi aytib kelinadi (Suqroq, Aflotun, Aristotel, Kant, Gegel o‘z asarlarida shunday yozishgan), Gegel hatto tafakkur ustunlik qiladigan simvolizm (ramziy san’at)ni chinakam san’at deb hisoblamaydi. Biroq savol tug‘iladi, “Qora kvadrat” yuksak hissiylikni ta’minlay oladimi? Boshqa tomondan, Malevichning “nolinchi nuqta” ta’rifi ham unchalik aniq emas, chunki odamlar so‘ngi paleolit davrida qoya tosh suratlar chiza boshlagan. Ilk suratlar, zavq olish uchun emas ko‘proq ma’lumot sifatida chizilgan. Surat chizish va tasviriy san’at o‘rtasida esa farq katta. Shunda Malevich boshlang‘ich nuqta deb aynan qaysi zamonni nazarda tutdi ekan? Bu ham bosh qotirishga arziydigan masala.

 

Ayrim o‘rinlarda “Qora kvadrat”, umuman Suprematizm minimalizmning boshlang‘ich nuqtasi sifatida ham qaraladi, bu fikr esa unchalik izoh talab qilmaydigan qarash. Boisi, Malevichgacha boshqa hech kim professional badiiy tasviriy san’atda yagona shaklni tasvirlashga ulgurmagan edi.

 

Suprematizm ildizi

 

XIX asr o‘rtalaridan boshlab, tasviriy san’atda rassom mahorati, asar qiymati nafaqat suratdagi obyekt yo u tashiydigan mazmunda, balki tasvir uslubiga ham qaratila boshlandi. Buni ayniqsa impressionizm hamda undan keyingi oqimlarda (postimpressionizm, ekspressionizm) yaqqol namoyon bo‘ladi. Endi nafaqat asar mavzusi, balki, u ifodalangan uslub ham e’tiborga olina boshlandi. Ushbu davr san’atshunoslari Klod Mone va Van Gog asarlaridagi ifoda yoki muhitgamas, mo‘yqalam yurgizish yo‘rig‘iga, konturlarga, texnik usullarga ham qarab baho berishardi. Postimpressionistlar, ayniqsa Pol Sezanning ijodi bora-bora texnika hamda subyektiv yondashuvni asosiy o‘ringa olib chiquvchi yo‘nalishlar vujudga kelishi uchun ko‘prik vazifasini o‘tadi. Aynan shu sababli modernizm tasviriy san’atda 1870-yillardan boshlangan deb hisoblanadi.

 

Shu yo‘sinda o‘n yilliklar osha tasvir obyekti jo‘nlasha bordi, endi buyuk asarlar obyekti inson yoki uning tanasi emas, nilufar gullar, kungaboqarlar, tog‘lar, oddiy buyumlar va hk. Shu tartibda mavzu jihatdan torayib borgan tasviriy san’at “Qora kvadrat”da bir to‘xtab oldi. Modernist yozuvchi Virjiniya Vulf Joysning “Uliss”i haqida shunday degandi: “Uliss” adabiyotning chegarasidir, undan uyog‘iga o‘tish mumkin emas”, “Qora kvadrat” ham o‘z yo‘nalishi borasida shunday chegaradir. San’ati arbobi Andrey Konchalovskiy Malevichning tasviriy san’atdagi ahamiyatini me’morchilikdagi Gerostrat, jarrohlikdagi Chikotiloga qiyoslaydi.

 

Rosti bilan  ham Malevich isyon qilgandi. “Qora kvadrat” nafaqat o‘zidan oldingi oqimga, balki deyarli butun san’atga qarshi tug‘ qilib ko‘tarildi. Ta’bir o‘rinli bo‘lsa, yovvoyilik hamda bepisandlik bilan.

 

“Qora kvadrat” tanqidi

 

Asarning tanqidi xuddi uning nomi kabi chuqurroq va kengroq. U tarixdagi ilk  va yagona qora to‘rtburchak emas, bunday asarlar o‘nlab topiladi.

 

Masalan, 1617-yilda ingliz olimi, munajjim Robert Flad o’z qora to‘rtburchagini chizgan. Muallif undan “Olamning fizik hamda metafizik tarixi” asari uchun go‘yoki illyustratsiya sifatida foydalangan. Bu orqali olim dunyo paydo bo‘lishidan oldingi bo‘shliqni ifodalamoqchi bo‘lgan. Malevichnng “Qora kavadrt”i bilan Fladning surati o‘rtasida yaqinlik bor. Har ikkisi ham qora rangni boshlang‘ich, paydo bo‘lishning boshlang‘ich nuqtasi deb hisoblagan. Farqi shundaki Malevich qorani san’atning avvali deb, ingliz olimi esa butun mavjudlikning boshi deb bilgan. 

 

 

XIX asr davomida tasviriy san’atda qora kvadratdan foydalanish bir necha marta uchraydigan holat, ayniqsa Fransiyada. Qora to‘rtburchak ko‘rgazmalarda namoyish etilganda unga ijobiy munosabatda bo‘linmagan, chunki unda na ma’no va na ifoda mavjud emasdi. Obyekt emas, balki muhitga ishora qiladigan bunday san’at u paytlarda qabul qilinmas edi ham. Asr o‘rtalaridan boshlab esa qora to‘rtburchakdan asosan satirik maqsadlarda foydalanilgan. Bu davrdagi qora to‘rtburchak ko‘p hollarda bema’nilikni ifodalagan. Masxara mazmunidagi ikki yorqin misol bor, ulardan biri Pol Biyo tomonidan 1882-yilda chizilgan. Surat nomi – “Tunda negrlar jangi”

 

 

Bunisida ham mazmun va nom deyarli bir xil,  Alfon Allening 1897-yilda chizilgan “Tunda yerto‘lada janjallashayotgan negrlar” asari. Allening bu surati Pol Biyoga  ochiqchasiga taqliddir. 

 

 

Aynan Biyo hamda Malevich o‘rtasidagi qandaydir bog‘liqliklar mavjudligi haqida ham qarashlar mavjud. Aniqrog‘i “Qora kvadrat”ning 100 yilligi munosabati bilan 2015-yili asar saqlanadigan Tretyakov galereyasi ekspertlari tomonidan surat ustida rentgen tekshiruvlari olib borilgan. Asarning pastki chap burchagida juda xira yozuvlar aniqlangan, ulardan faqat bir juftini o‘qish mumkin edi. “negrlar jangi…”, qolgan so‘zlar noayonligicha qolmoqda. Bu topilma o‘z o‘zidan ikki surat o‘rtasidagi bog‘liqlikni tasdiqlaydi, shu bir juftgina so‘z ikki xil yirik muhokamani yaratdi. Biri, Malevichning Biyo ijodi bilan tanish ekanligi hamda “Qora kvadrat” ham aynan uning biz yuqorida keltirgan asari ta’sirida va  balki ko‘chirmachilik ortidan yaratgani haqida. Boshqasi esa Malevich irqchi bo‘lgan/bo‘lmaganligi borasida.

 

Alfons Alle bilan o‘xshashlik esa faqatgina birgina surat bilan cheklanmaydi. Malevich to‘rtburchakni oq va qizil ranglarda ham chizgan. Bunaqa oq va qizil to‘rtburchaklar Alle tomonidan ham yaratilgandi.

 

Xullas, to‘rtburchak qora shakllar tasviriyatda ko‘p marotaba qo‘llanilgan. Ammo faqat Malevichning kvadratigina katta obro‘ qozondi. Ayni mana shu o‘rin “Qora kvadrat”ning zaif nuqtalaridan biridir. Xo‘sh, qora rangdagi to‘rtburchak shakli yuksak mohiyatga ega ekan, nega Robert Fladning suratiga bunaqa nigoh bilan qaralmadi? Unisi ham bunisi ham bir xil – qora to‘rtburchak. Demak, mohiyat ham ayni. Masala zamonga borib taqalsa ya’ni biz qora shakldagi mohiyatni kech anglagan bo‘lsak, nima uchun falsafiy maqsadda chizilgan ilk qora kvadratlarga Malevichnikiga qaraganda kamroq hurmat bilan qaraymiz? Ayon bo‘ldiki Malevich hech qanday yangilik qilmagan, shunchaki qora to‘rtburchakni professional tasviriy san’atga olib kirgan va shu orqali o‘z yo‘nalishiga asos solgan. Agar “Qora kvadrat”da haqiqatda sirli ma’no bo‘lsa, bu narsa undan oldingilarida ham bor. Ikki bir xil suratga munosabat turlicha ekan, demak gap boshqa yoqda.

 

Masalan oltin dunyoning turli burchaklarida turlicha narxlanar, lekin uning tabiiy xossa va xususiyatlari o‘zgarmasdir. Uning qiymatidagi farqlar esa tashqi omillarga asoslanadi. Biz so‘z yuritayotgan surat masalasi ham xuddi shunday. Tabiatan qora rangdagi to‘rtburchakning biz ko‘radigan mohiyati bitta, nomsiz qora to‘rtburchak abadiy bir xil mohiyatga ega bo‘ladi. Biyo yoki Allening qora to‘rtburchaklarini ko‘rganingizda ham bir xil narsani his qilasiz. Hech qanday farq yo‘q. Tasviriy asar o‘zidagi sof hamda tabiiy anglanadigan mazmun bilan qadrlanadi, unga bag‘ishlab yozilgan turli tahlillar, risolalar, izohlar va klassik san’atga qarshiligi bilan emas. Malevich o‘zining eng mashhur ushbu asarini umri davomida bayroq qilib yurdi. O‘z asariga shunchalik e’tiqod qo‘ydiki, o‘lganida jasadining tepasida ham uni osib qo‘yishgan, qabrtosh o‘rnida ham aynan “Qora kvadrat” tasviridan foydalanildi.

 

Malevich o‘lim to‘shagida

 

 Malevichning qabri

 

“Qora kvadrat” yaratilishi borasida shunday latifa ham yuradi, “0,10” ko‘rgazmasiga bir necha kun qolgan, biroq asarlar hali ham tayyor emas, shunda to‘satdan shunchaki qora kvadratni chizib qo‘ya qolish g‘oyasi muallif xayoliga kelib qoladi. Bu haqda aniq bir nima deyish mumkin emas, chunki hech kim qora kvadratni chizilishida guvoh bo‘lmagan. Biroq, 1915-yilgi tekshiruvlarda aniqlandiki, “Qora kvadrat”imiz tuvalga ustma-ust chizilgan uchinchi tasvir bo‘lgan. Birinchi surat kub-futuristik va uning ustidan chizilgan surat esa abstrakt tasvir ekanligi aniqlangan, ikkinchi surat tushirilayotganda birinchisi qurib bo‘lgan va uchinchi ya’ni qora to‘rtburchak chizilayotganda uning ostidagi ikkinchi surat hali to‘liq qurimagan bo‘lgan. Balki ayni shu sababdan bugungi surat yuzasidagi yoriqlar paydo bo‘lgandir. Hozirgi holatdagi “Qora kvadrat”ga qarasangiz yoriqlar ostidagi  bir necha ranglarni oddiy ko‘z bilan ham ko‘rish mumkin.

 

Ayrim o‘rinlarda Malevich bu suratni chizayotganda trans holatiga tushganini aytilgan, bu fikr juda erish tuyiladi. Yuqorida aytganimizday surat chizilayotganda hech kim uning oldida bo‘lmagan, shuning uchun bu ma’lumotni ham rad etishga yoki tasdiqlashga imkon mavjud emas.

 

Qora to‘rtburchak chizish g‘oyasi balki Malevichda avvaldan bo‘lganligi ham, ehtimol. Chunki 1913-yilda Sankt-Peterburgda premyerasi o‘tkazilgan futuristik “Quyosh ustidan g‘alaba” operasi uchun ishlangan sahna illyustratsiyalari ustida aynan Malevich ham ishlagan, ularda rassom bir necha o‘rinlarda qora to‘rtburchakdan foydalangan. San’at tarixiga ko‘ra ham Malevichning ilk qora to‘rtburchagi aynan shu operada taqdim etilgan hisoblanadi. 1915-yilda namoyish etilgan “qora kvadrat”ning orqa tomonida ham 1913-raqami yozib qo‘yilgan.

 

“Quyosh ustidan g‘alaba” operasi uchun chizilgan illustratsiyalardan biri.

 

Muvaffaqiyat siri

 

Teparoqda aytildiki asarning sof qiymati uning o‘z-o‘zida mujassam mazmunidan kelib chiqadi. Malevichdan oldingi qora shakllarning o‘z davrida va qolaversa hozir ham “Qora kvadrat”chalik shuhrat topmaganida rol o‘ynagan tashqi omillar juda ko‘p.

 

Malevichning “Suprematist kompozitsiya”si salkam $ 86 millionga sotilgan va boshqa mashhur asarlari ham bor. Ammo, muallif suprematizmni ommalashtirish uchun ko‘p quvvatini “Qora kvadrat” atrofida qurilgan risolalarga, uning mohiyati ta’riflariga bag‘ishladi.

 

Omma psixologiyasiga oid nazariyalarda “Qora kvadrat effekti” tushunchasi mavjud. Surat e’lon qilingach, u haqda  gazeta-jurnallar tez-tez muhokama qilinib, odamlar tiliga tushgan. Malevich va uning shogirdlari, yaqinlari tomonidan e’lon qilingan turli murakkab maqolalar, risolalar va tahlillar natijasida insonlar suratdagi o‘zlari ko‘rmagan, bilmagan “sirli mohiyat”ning ulug‘vorligi, dohiyonaligi to‘g‘risida  og‘iz ko‘pirtirishgan. Va ixtiyorsiz ravishda o‘zlari ham bunga ishonib qolgan. Omma psixologiyasini juda puxta o‘rgangan nemis propagandisti Gebbels uchun aynan shu asar atrofidagi voqealar o‘zining mashhur, yolg‘on haqidagi teoremasi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Gebbels shunday degandi: “Agar yolg‘on xabar ming marta takrorlansa, u haqiqatga aylanadi”. Ushbu qoida bugungi zamon marketingida ham keng qo‘llaniladi, masalan bir mahsulot reklamasini qayta-qayta ko‘rasiz, chunki kompaniya qanchalik o‘z mahsuloti haqida sizga eshittirsa ularga shunchalik mijoz bo‘lish potensialingiz oshadi. Siz ongsiz ravishda aynan ularning mahsulotini yaxshi ekanligiga amin bo‘lasiz.

 

Sotsiologik tomondan qaraganda ham oddiy asarning nega bunchalik cho‘qqiga ko‘tarilganligini tushuntirish mumkin. Gap shundaki, sotsiologiyada Tomas teoremasi mavjud. Ushbu nazariyada biror voqelikning oqibatida subyektiv idrokning roli e’tirof etiladi. Ya’ni, insonlar asarni tushunmaganlari holda uni buyuk va durdona asar ekanligini tinimsiz aytishdi, oqibatda “Qora kvadrat” yuksak maqomga erishdi, o‘nlab million dollargacha baholandi.

 

Kazimir Malevichning rassomlik mahorati va uning faoliyatiga qarashlar turlicha. Kimlar uchun u buyuk rassom, boshqalar uchun esa shunchaki qallob. Ikkala tomonda ham yetarli asoslar mavjud va bu yakunsiz bahsga aylanib ulgurgan. Biroq hech narsaga, hatto suprematizm qisqa umr ko‘rganiga qaramay “Qora kvadrat” o‘tgan asrning eng ahamiyatli suratlaridan biri bo‘lib qoladi.

 

Javohir ERGASHEV.

Oyina.uz

 

“Oyina.uz”ning Telegram'dagi rasmiy kanaliga a’zo bo’ling!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19035
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19035
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15735
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi