“Hukumat tili shu hukumatning xoʻjasi boʻlgʻon xalqning ona tilidur” – jadidlarning oʻzbek tilini rivojlantirish yoʻlidagi harakatlari


Saqlash
18:10 / 20.10.2023 1040 0

Oʻzbek tilining boy va betakrorligini Alisher Navoiy olti asr oldin butun dunyoga isbotlagan edi. Ammo keyingi davrlarda arab va fors tillarida ijod qilish koʻlami kengayib, oʻzbek tili ikkinchi darajali tilga aylana bordi. Maktab va madrasalarda ham oʻzbek tili fan sifatida oʻqitilmadi. Bu esa tilimizni jar yoqasiga keltirib qoʻydi. Faqatgina XX asr boshlariga kelib, jadidlar oʻzbek tilining Alisher Navoiy davridagidek mavqeyini tiklashni oʻz zimmalariga oldi. Uning mavqeyini tiklash, davlat tili darajasiga koʻtarish uchun harakat boshlashdi.

 

Turkiston taraqqiyparvarlari birinchi navbatda yoshi ulugʻ ulamolarning oʻzbek tili qolib, forschada, yoshlarning usmonli va tatar tilida soʻzlashishlarini, yozishlarini tanqid qildi. Jumladan, jadid namoyondasi Ashurali Zohiriy “Sadoyi Fargʻona” gazetasining 1914-yil 13-aprel sonida chop qilingan “Ona tili” maqolasida “Nechukki, olimlarimizdan biri biror yergʻa xat yozsa yoki birovgʻa bergan narsasini xotira daftariga yozsa oʻz ona tilini qoʻyib fors tilida yozadurlar. Yoshlarimiz boʻlsalar oʻz yerliklaridan birini ziyofatigʻa chaqurib xat yozsalar usmonlicha yoki tatarcha yozadurlar. Bularning sababi ham ravshandurki, birinchilari: oʻzlarining Eron adabiyoti taʼsiri bilan nurlagan boʻlsalar, ikkinchilari: tatar va usmonli adabiyoti vositasi bilan fikrlarini ochgandurlar. Shuning uchun ham har ikki guruh ham oʻzlarining “tur” olgʻon taraflarigʻa qarab tortadurlarda oʻz ona tillarigʻa haqorat nazari bilan boqub kundan kun esdan chiqarmoqgʻa boshlaydurlar”, deb kuyunib yozadi.

 

Jadidlar fors, arab, rus va boshqa tillarni oʻrganish davr talabi ekanini qayd qilib, yoshlarni til oʻrganishga daʼvat qilganlar. Ammo dastlab ona tilini bilishi kerakligini taʼkidlab, oʻz tilini yaxshi bilmagan boshqalarni ham yaxshi oʻrgana olmaydi, deya hisoblagan. Jumladan, Ashurali Zohiriy Lutfiy va Navoiylarning oʻzbek tili rivojidagi xizmatlarini eʼtirof etib, “Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiydek zotlar qirqqa yaqin asarlari bilan ona tilimizning boshqa tillardan ancha boyligʻini sheʼrda berilgʻon mazmunini, musiqadagi latofatini “Mezonul avzon” va “Muhokamatul lugʻatayn”lari bilan bildurgʻon erdilar”, deb yozadi.

 

 

Maʼlumki, birinchi jahon urushi davrida Usmonli turk saltanati hududining katta qismidan ayriladi. Ashurali Zohiriy oʻzbek tilining oʻz davridagi ahvolini Turkiyaning yoʻqotilgan sarhadlariga qiyoslaydi va “Turkiyani doʻst tutqon kishi jugʻrofiyani oʻqub koʻrub, Turkiyaning shuncha yerlari qoʻldan chiqib ketganiga yuragi yonib joni siqilganidek ona tiligʻa muhabbati bor kishi ham Alisher Navoiy asarlarini oʻqub koʻrganda tilimiz avvalda shuncha boy va mukammal ekan, nima qildikki ul latofat, ul nafosatlarini yoʻqotib kishi tanimaydurgʻon bir holgʻa kelturub qoʻyduk deb ohlar tortur”, deb taʼkidlaydi.

 

Ashurali Zohiriy xalqni til muhofazasiga chaqiradi: Nechukki, har bir insonning jonidan aziz narsasi din va millatidur, din va millatni muhofazati ham har insongʻa vojibdur. Uni muhofazati ona tili muhofazati bilan boʻlur. Qachonki bir millat tilini yoʻqotsa, ul vaqt dinini va millatini ham yoʻqotur. Buning birlan millat oʻzini dunyoda borligʻini bildurub ona tilida oʻqutmoq va taʼlim bermoq masalalari chiqqanda oʻzigʻa ayrim tili borlar qatoridan hisoblanub, tili yoʻqlar qatoriga kirib qolmas”.

 

***

Jadidlar ilk bor yangi usul maktablarida oʻzbek tilida oʻqitishni keng joriy qildilar. Fors va arab tilidagi darsliklar oʻrnini oʻzbekcha oʻquv qoʻllanma hamda darsliklar bilan bosqichma – bosqich toʻldirib bordilar. Turkiston jadidchilik harakatining taniqli namoyondalaridan biri Abdurauf Muzaffarzoda “Sadoyi Turkiston” gazetasining 1914-yil 4-iyul sonidagi “Til ham din” maqolasida “Oʻzimizning ona tilimiz ila maktablarimizda din oʻqutmak nihoyatda foydali va shoyad kerakli bir tadbirdir. Musulmon bolalarini din ruhi ila tarbiya qilmak va qalblariga iymon va arkoni islomiyani singdurmak uchun bundan foydali tadbir yoʻqdur. Tilimizning eng kerak yeri ham shul masaladir”, deganda aynan oʻzbek tilini maktablarda joriy qilinganini nazarda tutgan edi.

 

Abdurauf Muzaffarzoda “Sadoyi Turkiston” gazetasining 1915-yil 19-fevral sonida chiqqan “Til va imlo masalasi” nomli yana bir maqolasida matbuot hamda adabiyotning yaxshi til va imloga muhtojligi masalalari haqida fikr yuritadi. Odam bolasi soʻzlashish uchun tilga qanchalik muhtoj boʻlsa, matbuot, adabiyot ham yaxshi imloga shunchalik muhtoj, deb hisoblaydi. U oʻzbek tilini rivojlantirish borasidagi harakatlar sust ketayotgani, maktab muallimlari imlo masalalariga jiddiy eʼtibor qaratmayotgani, matbuotda til-imlo boʻyicha jiddiy muhokamalar boshlanmaganidan afsuslanadi.

 

 

U maktab va madrasalarda oʻqitish tili oʻzbek tili asosiga qurilmagani, oʻquvchilarga fanlar arab, fors tillaridagi darsliklar, oʻquv qoʻllanmalardan oʻqitilishi, bu holatning hamon davom etayotgani, soʻzlashuvda, yozuvda arab hamda fors tilidagi soʻzlardan foydalanish oʻzbek tili nufuzining pasayishiga xizmat qildi, deb hisoblaydi: “Ona tilida hech bir dars oʻqutulmadi. Zotan ul madrasalarda dunyoda tahsil va taʼlim shundan iborat deb oʻylanur edi. Bas ona tilining qiymati ilmiy doiralarda kundan-kun kamaydi. Ona tili ilmiy ishlarda isteʼmol qilinmadi, shuning uchun uning salomatligiga eʼtibor qilgan kishi ham boʻlmadi. Isteʼmoldan mahrum qolgʻon bir narsaning bekor turub kundan-kun unutulmogʻi va ahamiyatdan tushub nihoyat butunlay bitmogʻi maʼlum bir haqiqatdir. Shuning uchun ona tilimiz ham yildan-yil zaiflandi. Oʻqugʻanlarimiz til buzulmogʻiga xizmat etdilar. Arabiy va forsiy qancha lugʻat bilsalar shuni bir fazilat sanab tillariga qabul etdilar. Koʻp narsalargʻa hech bir uzrsiz arabcha va forscha ismlar qoʻydular. Shul tariqa tilimiz buzildi. Va isteʼmoldan mahrum boʻlub koʻp soʻzlarimiz unutildi. Turkiston bolasi uyalmadi. Oʻzining eng chiroylik soʻzlarini tilidan quvlab chiqardi. Boʻsh qolgʻon joylarga oʻgay bolalar keturub oʻturdi. Endi hozirda biz tilsiz qolduk. Sarf oʻz tilimiz ila maqsadimizni anglatmakdan va bir kerakli narsa yoza bilmakdan mahrum qolduk”.

 

Abdurauf Muzaffarzoda turkistonliklarni oʻzbek tilining XV – XVI asrlardagi obroʻyini tiklashga chaqiradi. Bu ishda maktab oʻqituvchilari asosiy vazifani bajaruvchilar ekanini taʼkidlaydi. Maktabda bolalarga ona tilida oʻqish va yozishni oʻrgatish, imlo masalalariga jiddiy qarash zarurligini uqtiradi: “Turkistondagi sonlari mahdud boʻlgʻon maktablarining boshida oʻturgʻuvchi, ochiq fikrli muallim afandilarimizdan, biz bundan yana necha quvvat ulugʻ va ogʻir ishlar va nihoyatda muhim va milliy boʻlgʻon xizmatlar kutmakdamiz. Va ularning qobiliyat va isteʼdodlariga ishanmakdamiz. Mazkur til va imlo masalasi ham shul umidli muallim afandilarimizgʻa taqdim etiladur”.

 

Abdurauf Muzaffarzoda jadidlarning til-imlo borasidagi saʼy-harakatlarini ham alohida eʼtirof etib oʻtadi: “Millat bolalari XX asr taʼsiri ila oʻzlarining ona tillarini ham tanib shul tilning izzatini, oʻzlariga yaqinligini tushuna boshladilar. Endi kitoblar yozganda va umuman qalam isteʼmolida ona tillarini qurol etmakdadirlar. Ham shunday boʻlmak lozimdir. Biz bundan soʻng ongli va idrokli yoshlarimizning bu masalaga yana jiddiyroq qaramaklarin umid etamiz”.

 

Shu oʻrinda qayd etib oʻtish kerakki, Abdurauf Muzaffarzodaning “Hozirda bizlar uchun eng muhim masalalardan biri, shubhasiz, til masalasidir. Biz Turkiston turklari ona tilimiz boʻlgʻon turkiy til bilan birga yashashimiz va tilimizni oʻz hayotimiz va oʻz huquqimiz bilan barobar muhofaza etishimiz kerak”, degan fikrlari bugungi kun uchun eskirmagan haqiqatdir.

 

***

 

Jadidlar oʻz maqsad va gʻoyalari targʻibotchisi boʻlgan davriy matbuotning ham oʻzbek tilida boʻlishini taʼminlashga intilgan. Mahmudxoʻja Behbudiy gazeta va jurnallarning oʻzbek tilida yuritilishi zarurati haqida “Turkchaning shoʻba va shoxlari boʻlgan oʻzbekchigʻatoy, tatar, ozarboyjon, qozoq va turkman lahjalarindagi yangi matbuotning eng ahamiyatlik masalalaridan biri, albatta, sheva, lahja, imlo masalalaridur”, deb taʼkidlaydi. Garchi oʻzi “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalini oʻzbek hamda tojikchada chop etsa-da, Turkiston aholisining katta qismi turkiy tilda gaplashishini inobatga olgan holda matbuotning oʻzbek tilida yuritilishini qoʻllab-quvvatlaydi.

 

Mahmudxoʻja Behbudiy oʻzbek, tatar, ozarboyjon, qozoq va turkman tillarini turkiy tilning lahjalari deb ataydi. Bu tilda soʻzlashuvchi “turk bolalari bir-ikki ming sanadan beri Eron xalqining ulargʻa va yoki ularni eroniylargʻa istilo etganlari sababidan fors madaniyati va adabiyoti va lugʻatlari nufuzigʻa mahkum boʻlub, fors tilidan bir xiyla lugʻat va jumlalarni xohu noxoh abadiy va doimiy suratda olganlarki, u jumla va lugʻatlardan bir qismini turkiy lahjalardan chiqorib tashlamoq goʻyo mumkin emasdur. Va bir qismini murodifi turkchadan topilmaslik darajada gʻoyib boʻlgandur”, deb taʼkidlaydi. Mahmudxoʻja Behbudiy ming yillar davomida oʻzbek tiliga qorishib ketgan arab, fors tillaridagi soʻzlardan voz kechish imkoniyati yoʻqligini aytib, imkoni boricha arab va fors tilidagi soʻzlarni kamroq qoʻllash kerakligini tavsiya qiladi. Gazeta va jurnallarda arabcha soʻzlar oʻrniga turkiy soʻzlarni qoʻllash kerak, deydi: “Masalan, ulum, funun, ulamo, quzzot oʻrnida ilmlar, fanlar, olimlar, qozilar deb yozingiz”.

 

 

Jadidlar oʻzbek tilining ikkinchi darajali tilga aylanib qolganining asosiy sabablaridan yana biri Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan mustamlaka qilinishi, deb hisoblagan. Jadidchilik harakatining koʻzga koʻringan yorqin vakillaridan Hoji Muin “Mehnatkashlar tovushi” gazetasining 1918-yil 16-iyul sonida eʼlon qilingan “Til masalasi” maqolasida “Rossiya imperiyasining asosiy maqsadi bizning tilimizni unuttirish, butun rus boʻlmagan xalqlarni ruslashtirishdan iborat edi”, deganida haq gapni aytgan edi. Shuningdek, u hukumat idoralarida ish yuritishning rus tilida olib borilayotganiga qarshi chiqib, Turkiston aholisi uchun tushunarli boʻlgan oʻzbek tilini rasmiy til sifatida qoʻllanilishini talab qilib chiqadi.

 

1919-yilda Abdurauf Fitrat Toshkent shahrida “Chigʻatoy gurungi”ga asos soladi. Bu tashkilotning oldida turgan muhim vazifalardan biri turkiy tilning dunyo tillari orasidagi yuqori mavqeyini koʻrsatib berish edi. “Chigʻatoy gurungi” aʼzolari X asrlardayoq yozilgan Mahmud Qoshgʻariy va Yusuf Xos Hojib asarlarini Turkistondagi turli davrlarda yozilgan nusxalarini topishdi. Ular “Devoni lugʻotit turk” va “Qutadgʻu bilig” asarlarini tahlil qilish orqali oʻn bir asr oldin oʻzbek tili mukammal, ilmiy va adabiy til ekanini koʻrsatib berishadi.

 

***

 

1921 – 1923-yillarda Buxoro Xalq Shoʻrolar Jumhuriyatida maorif nozirligi umumiy ishlar boʻlimi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan Mahmud Suboh ham oʻzbek tilining himoyachilaridan edi. 1921-yil Buxoro Xalq Shoʻrolar Jumhuriyati hukumati tomonidan oʻzbek tilini davlat tili sifatida qoʻllash toʻgʻrisida maxsus qonun qabul qilingan va unga koʻra hukumat idoralarida kim oʻzbek tilida ish tutmasa, jarimaga tortilishi belgilangan. Ammo qonun qabul qilinganiga bir yil boʻlgan boʻlsada, hukumat idoralaridagi hujjatlarning yarmi rus tilida yuritilayotganligiga Mahmud Suboh jim qarab tura olmagan. Oʻzining “Buxoro axbori” gazetasining 1922-yil 2-noyabr sonida eʼlon qilingan “Til masalasi” maqolasida til sofligini saqlash toʻgʻrisida fikr-mulohazalarini yozarkan, Hukumat tili shu hukumatning xoʻjasi boʻlgʻon xalqning ona tilidur. Shu til bilan uning adabiyoti negizlangan, qalbining teran yerindan oʻrin topgʻondur”, deydi.

 

Ammo Turkistonda bolsheviklarning mustahkamlanib borishi bilan Turkiston aholisining tili, dini, tarixini unuttirishga boʻlgan harakatlar kuchayib bordi. Bu esa oʻz navbatida millat oydinlarining doimiy ravishda mustamlaka tuzumga muxolifatda turishiga sabab boʻldi. Ular oʻzbek tilining mavqeyini tiklash yoʻlida tinimsiz kurashdilar. Mustamlakachi hukumat esa oʻz tili, millati, dini va tarixini yaxshi koʻrgan jadidlarga “xavfli unsur” sifatida qarab ularni maʼnan va jismonan yoʻq qilib yubordi. Ammo til millatning qonida oqarkan, uni yoʻqotish oson boʻlmaydi. Sovetlarning qilgan barcha qirgʻinlari, bosqinlari va adolatsizliklari ana shu haqiqat oldida ojiz qoldi.

 

Dilnoza JAMOLOVA

OʻzRFA Tarix instituti direktorining

ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 290
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17503
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//