BMTning ikki yuzi, kuchga xizmat qilayotgan adolat – “sivilizatsiyalar toʻqnashuvi”ning oqibatlari


Saqlash
13:10 / 25.10.2023 1343 0

 

1990-yillarning dastlabki yillari yer yuzi aholisiga katta umidlar berdi. “Xalqlar turmasi”ning vorisi – sobiq SSSR parokanda boʻlgan, mustamlaka respublikalar mustaqil davlatga aylangan edi. Dunyo mamlakatlarining mafkuraviy jihatdan ikki lagerga boʻlinishi, oʻzaro kurashlari toʻxtagandi. Terrorizm va ekstremizm vasvasasi hali alanga olmagan, kuni kecha biri ikkinchisini yoʻq qilishga tayyor AQSH va Rossiya (sobiq SSSRning vorisi) hamkor mamlakatlarga aylanib borardi. Xullas, insoniyat kelajagi juda nurli boʻlib koʻrinardi. Hatto, asli kelib chiqishi yapon boʻlgan amerikalik siyosatshunos Frensis Fukuyama 1989-yil “The National Interest” jurnalida chop qilingan maqolasida “Insoniyat tarixida yigirmanchi asrning 80-yillari oxirigacha mavjud boʻlgan siyosiy, gʻoyaviy, mafkuraviy hamda turli taʼlimotlar oʻrtasidagi kurashlar va ularning tarixi tugadi – “Tarix oʻz nihoyasiga yetdi”, endilikda butun dunyoda demokratik qadriyatlar va liberal iqtisodiy qarashlar tantana qiladi”, deb eʼlon qildi.

 

Ammo XXI asrning birinchi oʻn yilligidan keyin, ayniqsa, keyingi yillarda dunyoda sodir boʻlayotgan voqealar va vaziyat hali “tarix oʻz yakuniga yetmaganini” koʻrsatdi. Oʻtgan asrning 90-yillarida shaklangan “bir qutbli” dunyo oʻzini oqlamadi. Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyoni Birlashgan Millatlar Tashkiloti asosida “formatlashtirish” bugunning tahdid va chaqiriqlariga javob bermay qoʻydi. Ilk bor qadimgi Rim senati qoʻllagan “Boʻlib tashlab hukmronlik qilish” va mintaqalarni “konfliktlar” orqali boshqarish siyosati global urush xavfini keltirib chiqardi. Bu ikki usulning manfur maqsadi – koʻp millatli davlatlarda xalqlar oʻrtasida sunʼiy ravishda qarama-qarshilik tugʻdirish, turli elatlar oʻrtasida bir-biriga nisbatan ishonchsizlik, nafrat ruhidagi siyosatni shakllantirish, milliy-etnik zaminda qonli mojarolar tashkil qilish orqali mamlakatlar va mintaqalarni tobelikda ushlash, boshqarish edi. Ammo amalga oshgan ushbu maqsadlar bugun “qoʻgʻirchoqbozlar”ning oʻz boshiga jiddiy kulfat va tashvishlar solmoqda.

 

Amerikalik siyosatshunos Samyuel Xantington yozganidek, bugun siyosiy tuzumlarning oʻzaro kurashi oʻrniga “Tamaddunlar toʻqnashuvi” yuzaga kelmoqda. Olim jahonda kechayotgan chuqur oʻzgarishlar hamda jarayonlarni tahlil qilib, XX asr soʻnggi va XXI asrda mafkura, gʻoyalar emas, madaniyatlar, sivilizatsiyalarning oʻzaro toʻqnashuvi sodir boʻlmoqda, degan xulosaga kelgan. Oʻz vaqtida Xantingtonning bu konsepsiyasini “xalqlarni sivilizatsiyalar va diniy eʼtiqodga mansubligiga qarab ajratish” deya, Gʻarbda ham, Sharqda ham ayrim siyosatshunoslar tanqid qilgan edi. Biroq bugungi kunda sodir boʻlayotgan voqealar koʻlami Samyuel Xantington koʻpam adashmaganligini koʻrsatmoqda.

 

 

 

Xantingtonga ko'ra sivilizatsiyalar to'qnashuvi (1996)

 

Xantingtonning haqligini izlab uzoqqa borishning hojati yoʻq. “Eng yangi misol” – bu Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasida 2020-yil boʻlib oʻtgan 44 kunlik urush hamda hozir ham davom etayotgan qarama-qarshilikka bir qur nazar solaylik. Maʼlumki, 1992-1994-yillar oraligʻida Armaniston Ozarboyjonning xalqaro miqyosda tan olingan qonuniy hududi – Togʻli Qorabogʻ (hozirda Qorabogʻ iqtisodiy rayoni) va unga tutash 7 ta rayonini harbiy tajovuz orqali bosib olgandi. Armanistonda va bosib olingan hududlarda asrlar davomida muqim yashab kelayotgan bir millionga yaqin ozarboyjonlar qurol kuchi bilan haydab chiqariladi, yaʼni armanlar etnik tozalashni amalga oshiradi. BMT Xavfsizlik Kengashi Armanistonni agressor ekanini tan olib, darhol bosib olingan hududlardan chiqib ketishi toʻgʻrisida bir qator rezolyutsiyalar qabul qiladi. Ammo Armaniston ularni bajarishdan bosh tortadi. Oliy maqom xalqaro tashkilot esa Armanistonni rezolyutsiyalarning ijrosini taʼminlashga majbur etishni istamaydi. Holbuki, 1990-yil Iroq kuch bilan Quvaytni bosib olganda ham BMT XK rezolyutsiyalar qabul qilgandi. Iroq bu hujjatlarni bajarishdan bosh tortganida, AQSH boshchiligida xalqaro koalitsiya uyushtirilib, unga qarshi urush boshlangan va Quvayt ozod etilgandi. Ammo Ozarbayjon BMT XK rezolyutsiyalari ijrosini qariyb 30 yil kutdi va xalqaro hamjamiyatning “ikki xil standarti”iga toʻla ishonch hosil qilganidan soʻng oʻz kuchi bilan ishgʻol qilingan hududlarini qaytarib oldi.

 

Urushlar chogʻida “tinch aholi yashaydigan” manzillar janglar doirasiga tortilmasligi, “tinch aholi urushdan aziyat chekmasligi” uchun jon kuydiruvchi davlatlar 44 kunlik urush paytida muhoraba maydonidan olisda joylashgan Ganja shahriga Armaniston armiyasi tomonidan raketa zarbalari berilganda ham, 100 dan ziyod tinch aholi – ular orasidan bolalar va keksalar bor edi – halok boʻlganda ham “miq” etishmadi. Ammo, Qorabogʻning Xankendi (sobiq Stenapanakert) shahrini oʻz izmi-ixtiyori yoki separatistlarning noqonuniy hukumati talabi bilan tark etgan armanlarni “etnik tozalash” qurbonlari deb eʼlon qilishga urinishlar boʻldi. Va bugun ham ayrim davlatlar Ozarboyjon oʻz hududlarini bosqinchilardan ozod etishini “agressiya” deb baholash yoʻlida jonbozlik koʻrsatib, unga qarshi xalqaro sanksiyalar kiritishni talab qilishmoqda. Savol tugʻiladi: Nega Armanistonni agressor deb topgan BMT XK rezolyutsiyalari ijrosini taʼminlashga hech qanday saʼy-harakat koʻrsatilmadi? Nega, haqiqatan ham etnik tozalash qurboni boʻlgan ozarboyjonlarning manfaatlari himoya etilib, Armanistonga nisbatan sanksiyalar joriy etilmadi? Xalqaro huquq tanlab qoʻllaniladimi? Bu savollarga ozarboyjonlik siyosatshunos olim Farhod Mamedov soʻzlari bilan javob beradigan boʻlsak, “bunday ikkiyuzlamachi siyosat ortida ozarboyjonlar musulmon, armanlar xristian, boʻlgani, umuman olganda, Gʻarbda shakllangan islomofobiya yotibdi”. Endi ham “sivilizatsiyalar toʻqnashuvi” sodir boʻlmoqda degan Xantingtonni nohaq deb koʻring-chi?!

 

 

Yevroparlament Ozarboyjon va Armaniston munosabatlari boʻyicha qabul qilgan qarorida ham yana oʻsha bir tomonlama gaplar: Ozarboyjon hududidagi armanlar madaniy meros obyektlari, xristian cherkovlari, qabristonlarni bus-butun asrash haqida qayta-qayta ogohlantirish bor, ammo Armaniston hududidagi Ozarboyjon xalqiga tegishli xuddi shunday tarixiy meros obidalari haqida lom-mim deyilmaydi. Afsuski bugun biz koʻrib turgan dunyo shunaqa holga tushdi. Bundan 20-30 yil avval faqat siyosiy ekstremistlar tilida boʻlgan milliy, diniy, irqiy adovat qoʻzgʻatuvchi shiorlar bugun rasmiy hukumat vakillari tilidan yangramoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlarga iqtisodiy, siyosiy va ayrim oʻrinlarda harbiy bosimlar kuchayib ketdi. Bugun vujudga kelgan oʻta tahlikali vaziyatlar “nurli manzaralar” haqidagi orzularni yoʻqqa chiqardi. Xalqaro huquqni himoya qilishi kerak boʻlgan BMT Xavfsizlik kengashidagi doimiy aʼzolarning ayrimlari “insoniyatning tinch yashash” huquqiga daxl qildi. Xalqaro qonunchilikni hammaga bir xil qoʻllashni nazorat qilishga masʼul boʻlgan bu besh aʼzoning baʼzilari vakolatlarni “mamlakatlarni sivilizatsion mansubligiga” qarab ishlata boshladi.

 

 

Voqealar rivojining bunday tus olishidan biz qanday xulosaga kelib, diqqat-eʼtiborni nimalarga qaratishimiz lozim? Dunyo xalqlari tajribasi va sodir boʻlayotgan voqealar, munosabatlar shuni anglatmoqdaki, “kuch – adolatda” emas, “adolat – kuchda” ekan. Bu gapni rad etishga shoshmang. Men kuch deganda – mamlakatning taraqqiyoti, iqtisodiy qudrati, harbiy salohiyati, inson kapitalini nechogʻlik rivojlanganini nazarda tutmoqdaman. Bu fikrni mustahkamlash uchun yana Ozarboyjon bosib oʻtgan yoʻlga nigoh tashlasak: 

Ushbu mamlakat adolat yuzasidan xalqaro hamjamiyat Armanistonni BMT XK hujjatlariga boʻysunishga majbur qiladi, deya ishondi va kutdi. Shu bilan birga energetika sohasida “Asr kelishuvi” deb nomlangan yirik iqtisodiy loyihani amalga oshirdi, mamlakat sanoatini modernizatsiya qildi, qurolli kuchlarini Isroil, Angliya, Italiya, Turkiya yordamida eng zamonaviy qurol-yarogʻlar bilan taʼminladi (sotib oldi), armiyasini Turkiya koʻmagida NATO standartlari boʻyicha qayta qurdi, xalqaro miqyosda ishonchli ittifoqchilarni topdi, eng muhimi dunyo axborot makonida Ozarboyjonning milliy manfaatlari va nuqtai-nazarini himoya qiladigan tahlilchilar, siyosatshunoslar, jurnalistlarning yangi avlodini tarbiyalab, shakllantirdi. Natijada oʻz kuch-qudratiga tayanib, urush orqali hududiy yaxlitligini tikladi va adolatni qaror toptirdi. Boshqacha aytganda, BMT Xavfsizlik Kengashining boshqalarga ishlaydigan adolatli qarorlarini qurol kuchiga tayanib amalga oshirdi.

 

 

Demak, bugungi murakkab dunyoda boshqalarga oyoqosti boʻlmasligimiz uchun biz har tomonlama kuchli boʻlishimiz kerak. Bu uchun iqtisodiy va texnologik jihatdan rivojlanish, ilm-fanga, taʼlim-tarbiyaga hayot-mamot masalasidek yondashish, harbiy salohiyatni yuksaltirish – milliy manfaatlarning bosh boʻgʻini, hayotimiz dasturiga aylanishini soʻzda emas, amalda taʼminlashimiz zarur. Aks holda, obrazli qilib aytganda, zamonaviy tank qarshisiga qoʻlimizda tosh bilan chiqamiz.

                                                                           

      Jaloliddin SAFOYEV.

Oyina.uz

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19031
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19031
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15729
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi