Aybnomami yo afvnomami? Adabiyotshunos Safarali Qurbon mutolaa qiladi


Saqlash
13:10 / 31.10.2023 767 0

Yortiboylarning kuni tugʻsa...

 

“Alpomish”. Toshkent, “Sharq” nashriyoti, 2010.

 

Kitobxonlik haqida gap ketganda, “Alpomish”ni sira chetlab oʻtolmayman. Baxshini tinglar, dostonni oʻqir ekansiz, Boychiborni minib or talashasiz, qalmoqlar bilan yor talashasiz, baʼzan gunohu savobdan naql qiluvchi eski kitoblarni yodga olasiz, chohda yotib ham dunyoning tubiga yetmoq istaysiz. Asarda ultondan sultongacha, sultondan qirq chiltongacha boʻlgan yuzlab obrazlar borki, ularning har biri alohida mavzu, har birining qismati bir doston boʻlgulik... Bugun negadir Yortiboy haqida yozgim keldi.

 

Bu obraz asarning atigi ikki epizodida keladi, bir qarashda ahamiyatsizdek tuyuladi. Lekin aynan shu timsol orqali yurt parokandalikka yuz tutishi, millat gʻururi toptalishini xotirjam tomosha qiluvchi orsizlar toʻdasi qachon, qanday paydo boʻlishi koʻrsatiladi.

 

Yortiboy dastlab elat ikkiga ajralib ketish xavfi ostida turgan pallada, Boysari ogʻasi Boyboʻridan arazlab, Boysin-Qoʻngʻirotdan bosh olib ketishni moʻljallab turganda oʻrtaga chiqadi. Boysari elning gapga yetarlarini yigʻib, akasining mahramlari zakot xabarini keltirgani, bu unga ogʻir botganini aytadi. “Oʻz akama oʻzim zakot berguncha, / Qalmoq borib jizya berib yuraman”, deydi jahl ustida. Oqil odam bunday holatda shoshma-shosharlik qilmaydi. Ayniqsa, aka-ukaning oʻrtasiga tushish har doim ham yaxshilikka olib kelmasligini biladi. Shu bois “xaloyiqdan hech bir sazo chiqmaydi”. Majlis-u yigʻinlarda toʻrdan joy tegmay, piyoladan choy tegmay, boʻsagʻaning oldida kavushga joy bermay, kavush bilan aralashib, it yiqilish boʻlib, poyga betda yotadigan Yortiboy esa hammaning boshi gangib turganidan unumli foydalanib qolmoqni koʻzlaydi. “Qayga koʻchsang, bizlar birga boramiz, / Bolalarni jahongashta qilamiz...” deydi u.

 

Yortiboylarning zamoni kelsa, vaziyat mushkul tus oladi, (Alpomishning maʼnaviy otasi boʻlishiga qaramasdan) Qultoyning koʻzi koʻr qilinadi, oqu qoraning farqiga boradiganlar (Qorajon) jamiyatdan siqib chiqariladi. Oqibatda koʻrib koʻrmaslikka oladigan loqayd toifa javlon uradi.

 

Yorti – yarim degani. Butunlarning oldida unga navbat tegmasligi tayin. Lekin butunlar rost soʻzni aytmasa, pisib-sukut saqlasa, yortiboylarning kuni tugʻadi – olomon oʻshalar ortidan ergashadi. “Boysin-Qoʻngʻirotni Boyboʻriga boʻshatib beraylik, yurtni bir oʻzi joylab olsin” deya el-ulus alamzada Boysarining ortidan ergashib ona Vatanini tark etadi. Yortiboylar millatni bevatan qiladi!

 

Bu personaj yana bir tang vaziyatda sahnaga chiqadi. Qalmoq elida Chilbir choʻlida hamon “kelganboy” boʻlib yurgan Boysarining boshiga savdo tushadi: Barchinoyni gʻayridinlar kelin qilmoqchi, Koʻkaldosh boshliq toʻqson alp qizingni “Yo birimizga ber, yo barimizga ber”, deb oyoq tirab turibdi. Boshi qotgan Boysari yana oʻn ming uyli qoʻngʻirotning oqsoqollarini toʻplaydi. Vaziyat qaltis, oqsoqollar bir soʻz deyishga ojiz. Yana oʻrtaga Yortiboy chiqadi: “Xon Boysari, eshit aytgan soʻzimdi, / Bu ellarga boshlab kelgan oʻzingdi, / Tortinmay beraber endi qizingdi… / Bu alplarni kuyov qilib olamiz, / Mina elga toza erkin boʻlamiz, / Bolalarni togʻa-jiyan qilamiz, / Mina elda bizlar davron suramiz...”

 

Taʼkidlash ortiqcha emas: baxshi bobolarimiz bizga uqtirayotgan haqiqatlardan biri shuki, oqsoqollar jim turgan jamiyatda yortiboylarning oshigʻi olchi boʻladi. Bu toifani esa na millatning, na mamlakatning taqdiri qiziqtiradi.

 

Talabalikda Alpomish tilidan yangragan “Oltoychalik yoʻlda boʻlsa, qalmoqning elida boʻlsa, zoʻr yovning qoʻlida boʻlsa, bir xotin olamiz deb, sandirab oʻlamizma” jumlasini turli xil vaziyatlarda oʻzimizga moslab koʻp ishlatardik. Baʼzan “Alpomishki shunday degan boʻlsa...” deya oʻzimizga taskin-tasalli berardik ham. Darsdagi tahlillarda esa “bu gapga qahramonning biologik tuzilishi sabab boʻlishi mumkin” qabilidagi ilmiy farazlargacha keltirardik. Dostondagi birgina shu lavhani turli yoshda turlicha talqin qilish mumkin ekan. Bugun Baxshi bobo menga “Alplar ham baʼzan sust keladi. Ular-da daldaga ehtiyoj sezadi” degandek boʻlyapti.

 

Dostonda Alpomishning birinchi custkashligi qalmoq elida talashda qolgan Barchindan (“Oltoychilik yoʻlga keldim. Toʻqson alpda toytalashda qoldim. Olti oyga muhlat oldim. Mendan umidi boʻlsa, Alpomish kelsin, boʻlmasa, javobimni bersin”) maktub kelgan paytda boʻy koʻrsatadi. Bu xatni topib olgan Qaldirgʻoch akasiga “Checham qalmoq elida yovning qoʻlida qolibdi” desa, Alpomishning alplarga xos boʻlmagan javobi yangraydi: “Oltoychalik yoʻlda boʻlsa, qalmoqning elida boʻlsa, zoʻr yovning qoʻlida boʻlsa, bir xotin olamiz deb, sandirab oʻlamizma?”

 

Bu satrlarni oʻqigan oddiy kitobxon “Alpomish ham oʻzimiz qatori odam ekan-ku”, deyishi hech gap emas. Unutmaylikki, baʼzan alplar ham qoʻllovga, turtkiga muhtoj boʻladi. Shunday vaziyatda oqsoqollar oʻzini chetga tortsa, yana yortiboylar oʻrtaga chiqadi. Ularning qutqusi esa Alpomishni muqarrar chohga yetaklaydi. Haqiqat shul – YORTIBOYCHILIK falsafasining magʻzini alpga choh saboqlari ochadi...

 

 

Kashkulsiz  darvesh

 

Servantes. Don Kixot sarguzashtlari. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1990.

 

Mutolaaga oshufta otam va akamning sharofati – uyimizda chogʻroqqina kutubxona boʻlgich edi, uni darsxona deb atardik. Saboqxonamizda gazeta-jurnallar bilan birga asosan tarixiy asarlar jamlangan edi. Ular orasida Sotiboldi Yoʻldoshev tarjima qilgan (bolalarga moʻljallab qisqartirilgan) “Don ­Kixot sarguzashtlari” kitobi ham bor edi. U kezlarda asarni “bir ovsar ritsarning ahmoqona sarguzashtlari” deya nimtabassum bilan oʻqiganimiz, janob Kixanoga aql oʻrgatganimiz rost.

 

Norvegiyadagi Nobel instituti 54 mamlakatdan tanlab olingan 100 nafar yozuvchi ishtirokida jahon adabiyotining yuzta eng yaxshi asarini aniqlash boʻyicha tanlov oʻtkazgani, birinchi oʻrinni “Don Kixot” egallagani, u Marsel Prustning ikkinchi oʻrinni olgan “Zavol topgan vaqt izidan” epopeyasidan 50 foiz koʻproq ovoz toʻplagani haqidagi maʼlumot eʼlon qilingach, asarni qaytadan oʻqishga ehtiyoj paydo boʻldi.

 

Dongdor romanning turli nashrlariga ilova qilingan boshsoʻzu soʻngsoʻzlarning aksarida u oʻrta asrlardagi ritsarlarning qahramonliklari madh etilgan jangnomalarga parodiya oʻlaroq bitilgani urgʻulanadi. Aslida esa, asar nafaqat ritsarlik romanlariga, balki oʻz mayogʻidan chalgʻib borayotgan real hayotga ironiya hamdir.

 

Alonso Kixano (Don Kixot) yoshi bir joyga borib, oqu qoraning farqiga yeta boshlaganda bunday xulosaga keladi: “Qadimda mavjud boʻlgan, bugungi kunlarga kelib yoʻqolib ketgan olijanob, fidoyi ritsarlar maktabining anʼanalarini tiklash kerak. Dunyoda haliyam mazlumlar va zolimlar, kambagʻallar va ularning qonini ichib mol-davlat orttirayotgan boylar, tutqunlikda azob chekayotgan asiralar, madadga muhtoj qoʻli kalta kimsalar bor ekan, demak, ularga yordam qoʻlini choʻzadigan, beva-bechoralarni farovon hayot sari yetaklaydigan, qullarni qutqarib, asiralarni ozod qiladigan joʻmard va olijanob ritsarlar ham boʻlishi lozim!”

 

Bosh qahramon adolatli jamiyat, chin insoniy amallar haqida gapiryapti, albatta. Lekin zamon shu darajada teskariki, haq soʻzni aytadiganlar, adolat istaydiganlar savdoyiga chiqariladi. Biz hamma oʻzimizday boʻlishini xohlaymiz. Bir oz ortiqroq boʻlsa – koʻrolmaymiz, kam boʻlsa – nazarga ilmaymiz. Boshqacharoq yashamoqchi boʻlgan odamga tobi-toqatimiz yoʻq...

 

Muallif Don Kixotning qanday qilib bu toʻxtamga kelganini ham asoslagan: u ritsarlar haqidagi romanlar va tarixiy asarlarni koʻp oʻqigani bois koʻnglida zamonasining mavjud tutumlariga qarshi isyon uygʻonadi. Natija esa kitobxonga maʼlum. Ertaklar, ezgu orzu-umidlar ruhida ulgʻaygan avlod hayotda kitobda oʻqiganlarining aksiga duch kelsa, Kixanoligicha qolmaydi, Don Kixotga evriladi. Alhol, shiorlarimiz, gap-soʻzlarimiz real voqelikdan ayricha boʻlmasligi kerak. Aks holda, Servantes aytmoqchi, shamol tegirmonlariga qarshi muhoraba boshlanadi.

 

Don Kixot dastlab yovuz dushman deb oʻylab, shamol tegirmoniga qarshi jang qiladi. Ayrim adabiyotshunoslar shamol tegirmonini abadiylik ramzi deb talqin qilgan. Charxi kajraftor aylanmoqda davom etar ekan, shamol toʻxtamaydi. Shamol bor ekan, tegirmon ham harakatda. Shamol tegirmoniga – nafsga, tuganmas yovuzliklarga yolgʻiz Don Kixot bas kela olmaydi: u butun jamiyatni ortidan ergashtira olmas ekan, gʻalabadan umid yoʻq.

 

Argentinalik yozuvchi va faylasuf Xorxe Anxel Livraga yozadiki, “Hujum qilmoqqa jurʼat topsangiz, gigantlar ham oddiy shamol tegirmoniga aylanib qoladi”. Adib bu bilan hamisha olgʻa intilish lozimligi, risoladagidek yashashga xalal beradigan qoʻrquvlarni yengish uchun ortga chekinmaslik kerakligini uqtiradi. Servantesning oʻzi ham hayotda koʻp qiyinchiliklarga, turli toʻsiq va adolatsizliklarga duch keladi. Ular oldida baʼzan ojizlik qiladi. Nopokliklardan aziyat chekadi. Ishboshilarning beparvoligi sabab besh yilga yaqin qaroqchilar qoʻlida asirlikda yashaydi. Shunda ham irodasi bukilmaydi. Romandagi “Sehrgarlar meni omaddan judo qilishi mumkin, ammo ular jasorat va erkdan mahrum qila olmaydi” degan jumla adibning ham shiori boʻlgan chiqar.

 

Don Kixot barcha yaxshi narsalar sehrlab qoʻyilgani haqida gapiradi. Bosh qahramonni xavotirga solgan “sehr” nima, “sehrgarlar” kim? Bizningcha, “sehrgarlar” mavjud qonun-qoidalarni oʻz manfaatiga muvofiqlashtiradigan, nafs yoʻlida har qanday razillikdan qaytmaydigan kimsalardir.

 

Sancho Pansaning Baratariya “oroli”ga gubernator qilib tayinlanishi ham diqqatga sazovor. Yaroqbardor qanchalik sodda va omi boʻlib koʻrinmasin, oʻziga yuklangan vazifalarga aql-farosat ila yondashadi, adolatli boshqaruv qanday boʻlishini boshqalarga chin maʼnoda koʻrsatib qoʻyadi. Hokimiyatni oʻn ikki kun mobaynida sharaf bilan boshqargan Sancho Pansa gubernatorlikka qanday kelgan boʻlsa, yana oʻshanday – qashshoq-kambagʻal holida isteʼfoga ketadi. Ore, adolatni bayroq qilganlarga hech qachon oson boʻlmagan.

 

Ajabki, Don Kixotning na oʻzi – qahramonga, na ulovi va qurol-yarogʻi qahramonnikiga oʻxshaydi. Bir zamonlar alpomishlar, herakllar qutqargan dunyoni asrab qolmoq yangi davrga kelib zanglagan nayzayu choʻbir otli Don Kixotga qolgandek. Bizning esa negadir unga ishongimiz kelaveradi...

 

Roman qahramonini abgor etgan shamol tegirmoni hamon aylanib turibdi. Bugun ham biz bu yovuz maxluqqa qarshi chora topolmayapmiz. Hanuz Don Kixotning gʻalabasiga umid bogʻlayapmiz, knyaz Mishkinning (adabiyotshunoslar Dostoyevskiy knyaz obrazini Servantes qahramoni taʼsirida yaratganini taʼkidlaydi) adolatli soʻzini kutyapmiz. Oʻzimiz esa yaroqbardorlikka ham yaramayapmiz! Shu oʻrinda Dostoyevskiyning roman haqidagi fikrlarini eslamaslik mumkin emas: “Dunyoda bundan teranroq va kuchliroq asar yoʻq. Bu – inson tafakkurining hozircha eng soʻnggi va buyuk soʻzi, odamzodgina ifodalashi mumkin boʻlgan eng achchiq istehzodir... Qiyomatga qadar inson oʻzi bilan olib ketishi kerak boʻlgan qaygʻuli kitob...”

 

Atoqli folklorshunos Asqar Musaqulov vafotidan bir oz oldin, betobligida doʻst-birodarlari koʻngil soʻrab borsa, “Don Kixot”ni oʻqigim kelyapti” degan ekan. Jahongashta ritsarimizning adolat yoʻlidagi kurashlari umrini ilmga bagʻishlagan olimning ezgu istaklari bilan vobasta boʻlgan ersa ne ajab...

 

Oʻsha davr qahramonlari – ritsarlar hayoti kitoblardagina goʻzal, aslida juda maʼnisiz edi. Jamiyat feodalizmning ahmoqona qoidalari, cherkovning noinsoniy xurofotlari bois izdan chiqqan edi.

 

Nazarimda, bugun hayotimizda hamletlar yetarli, ammo haqiqatu adolat uchun, muqaddas murod-maqsad uchun xonumonini fido etadigan don kixotlarga ehtiyoj bordek.

 

 

“Shohnoma”ning  bahosi

 

 Abulqosim Firdavsiy. Shohnoma. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1976.

 

Doston zohiran qaraganda, faqatgina jangi jadallar hikoyasiday boʻlib tuyuladi. Aslida esa muallif uchun afsonayu rivoyatlar – “libosi mavzun”.

 

Inson chinakam komillikka erishmogʻi, yaxshi nom qoldirmogʻi uchun avvalo nimalarga eʼtibor qaratishi lozimligi, umuman, dunyoga kelish va ketishdan murodini Firdavsiy bunday ifodalaydi: “Pok zotu hunaru nasabing agar / Birlashsa, ajoyib mevalar berar”.

 

Ammo mukammal odamiylikka erishmoq uchun bu uchlik – pok zot, hunar, nasabning oʻzi kifoya qilmaydi. Ularni oʻz oʻrnida namoyon etmoq uchun aql ham kerak (“Bu uchlikni topsang soʻng kerak aql, / Uni past-balandni ajratguvchi bil”). Ana shu toʻrtlikni fitratida mujassamlashtirgan inson bu dunyoda qalb rohatiga erishadi, unga oʻlimdan oʻzga hech qanday xavf daxl qilolmaydi. Firdavsiyning fikricha, jahon shohi deya sharaflangan Kayxusravda mana shu xislatlarning barchasi mujassam edi.

 

Zulmatga qarshi ziyoning, jaholatga qarshi maʼrifatning gʻalabasi muqarrar ekanini taʼkidlagan va barchadan odillikni talab etgan (“Kechmagan adolatdan, haqdan hech qachon”) ijodkorning oʻzi Eron va Turon tasviriga kelganda bir oz noxolislikka yoʻl qoʻyganday. Eron hukmdori Kayxusrav dostonda bunday tasvir etiladi:

 

Jahonda adolat, haq barpo etdi,

Haqsizlik tomirin zamindan yuldi.

 

U taxtga oʻtirishi bilan jahonda adolat oʻrnatgan, butun olamni ezgulik nuriga toʻldirgan. Kayxusrav hukmronligi davrida yovuz niyatli kimsalarning yoʻli bogʻlanib, yer yuzidagi barcha vayronalar obod qilingan. Shoir Eron hukmdorlari taʼrifiga bisotidagi jamiki goʻzal tashbehlarni safarbar etadi. Turon bilan bogʻliq shaxslar haqida gap ketganda esa boshqacharoq yoʻl tutadi. Misol uchun, Afrosiyob haqida shunday fikrlarni bildiradi:

 

Eron shaharlarin koʻrsang, koʻp xarob,

Xarob etdi barin ul Afrosiyob.

 

Kayxusravni “jahonjuy”, “jahon shohi” kabi sifatlar bilan ulugʻlagan muallif Afrosiyobning na davlat boshqaruvida, na nasl-nasab borasida biron bir arzirlik xislati yoʻq deb hisoblaydi va faqat salbiy xususiyatlarini sanaydi: Bil, ukim, yomondan yaralgan zuryot, / Oʻzi afsungaru asli nokas zot.

 

Bu shunchaki Afrosiyobga bir munosabat-da, deya eʼtiroz bildirishingiz ham mumkin. Ammo dostonni diqqat bilan oʻqisangiz, shoirning turkiylarga qarashi oydinlasha boradi. Unga koʻra, turkiy pahlavonlar biron bir jihatda – na suvratda (“Zogʻ kabi qop-qora turkzoda...”), na siyratda (“Gumroh turk...”) eroniylarga tenglasha oladi. Dostonning Suhrob haqidagi bobida “bundayin pahlavon turkiylar avlodidan boʻlishi, (“Yo sen emasmisan turk avlodidan, / Tugʻildingmu alplar choʻng ajdodidan”), bu kabi alpqomat Turonda voyaga yetishi (“Turon koʻrmagandi bunday boʻy, savlat”) mumkin emas”, deya bir zamonlar dunyoni soʻragan ulusga nisbatan adolatsizlik qilgandek, nazarimda. Yoki Taxminaning Rustami doston bilan uchrashuvi tasvirlangan oʻrinlarni oʻqir ekanmiz, uning shaʼniga koʻpda munosib boʻlmagan (“Bu kun men seningmen, istasang...”) soʻzlar va Toʻmaris qavmiga yot boʻlgan xususiyatlar (“Keldim huzuringga men farzandtalab”) malika tilidan beriladiki, bu oʻrinlar kitobxonni oʻyga toldiradi. Albatta, bunday mubolagʻali tasvirlar ogʻzaki epik anʼana mezonlariga koʻra oʻzini oqlashi mumkin, chunki ogʻzaki epik asarlarda oʻz qahramonini koʻklarga koʻtarish, raqib tomonga ayovsiz qora boʻyoq chaplash odatiy hol hisoblanadi. Asarda folklor anʼanalariga bogʻliqlik faqat tasvir va bayonda emas, badiiy qolipda ham koʻrinadi.

 

“Shohnoma”shunoslar Mahmud Gʻaznaviy va Abulqosim Firdavsiy munosabati borasida Gʻaznaviyga nisbatan jiddiy tanqidlarni koʻp bora qayd etganlar. Lekin nega shunday ulugʻ hukmdor shoirga kelishilgan miqdordagi mablagʻ emas, atigi hammomga (poklanishga) yetadigan chaqa bergani muhokamasida Firdavsiyga mahliyolik maqomidan nariga oʻtilmaydi. Mahmud Gʻaznaviyga shoirning turklarga nisbatan noxolis bahosi yoqmagan va asarni ramziy baholagan koʻrinadi.

 

Adabiyot ayrim xalq yoki millatlar uchun emas, butun bashariyat uchun xizmat qiladi. Yuqoridagi kabi baʼzi noxolis qarashlar “Shohnoma”ning qiymatini bir oz pasaytirgani bor gap. Oʻz xalqini boshqa xalqning kamsitilishi evaziga ulugʻlash ijodkorga obroʻ olib kelmaydi. Bu hol bugungi ijodkorlarga ham ibrat boʻlishi kerak. Har qanday holatda ham tarixiy asar yozadigan qalam sohibi madhiya bituvchi mirzodan farqlanishi lozim.

 

 

Baxtiyor  odam  haqida  ertak

 

Semyuel Bekket. Godoni kutish. “Jahon adabiyoti” jurnali, 2014-yil, 7-son.

 

Hayot kutishlardan iborat ekani, mudom ilhaqlikka mahkum ekanimiz haqida koʻp gapiramiz, lekin Kutayotganimizga duch kelib qolsak, Unga aytar soʻzimiz bor-yoʻqligini aniq bilmaymiz. Semyuel Bekket qahramonlari ham shunday: Godoni nega kutayotganiyu unga roʻbaroʻ kelsa nima deyishi borasida tayinli javobga ega emas. Shoir aytmoqchi: “Hamma taʼna qilar, ammo taqdirga / Savol beray desam savolim ham yoʻq” (Dadaxon Muhammadiy).

 

“Godoni kutish” dramasi mantiqsizlikdan mantiq axtarayotgan insonlar qismati haqida deyiladi. Lekin asl mantiq qayerda? Biz mantiqsizlik deb oʻylayotganimiz – asl mantiqdir balki! Shu bois asar qahramonlari gap-soʻzida chalgʻishlar boʻlishiga qaramay, ularning sargardon yoʻllarini notoʻgʻri ham deya olmaymiz.

 

Bosh qahramonlar Estragon va Vladimir YOLGʻIZOYOQ YOʻL chetidagi qurigan YAKKA DARAXT ostida GODOni kutayotir. Asar syujeti sodda, Qobil (Abel) va Hobil (Kain) voqeasining yangicha talqini deyish ham mumkin. Oradan asrlar oʻtdi, odamzod goʻyo dunyoning barcha ilmlarini egalladi, lekin hamon qobillar hobillarni mavh etmoqqa, oʻzining haq ekanini koʻrsatib qoʻymoqqa intiladi. Qobil naslidan yorugʻlik kutish dushvor. Umid faqat Xudodan (God – Tangri degani). Shuning uchun ham bir umr uning jamoliga yetishni orzu qilamiz...

 

Ejen Ioneskoning “Kursilar” dramasi ham “Godoni kutish” bilan bir davrda yozilgan va kesishadigan nuqtalari talaygina. Drama yakuni dahshatli. Kimsasiz orolda yashayotgan keksa er-xotin zimmalariga ulkan vazifa yuklangani – butun insoniyatga muhim xabarni yetkazish kerakligiga ishonib yashaydi. Hayot-mamot ahamiyatiga molik xabarni er-xotinga Notiq yetkazishi kerak. Er-xotin bir umr uni kutib yashaydi. Va nihoyat umr poyoniga yaqinlashib qolgan paytda Notiq paydo boʻladi. Biroq uni bir umr kutgan er-xotinga umuman eʼtibor bermaydi. Bu hol chol va kampirni mutaassir qiladi. Eng dahshati esa, ezgu xabar olib kelishi lozim boʻlgan Xabarchi kar va soqov boʻladi! Bu urushlardan koʻngli zada boʻlgan, umidsizlangan avlodning hayqirigʻi edi.

 

Vladimir bir yaxshi gap aytadi: “Odam mayda-chuyda ishlar bilan chalgʻimasligi kerak”. Haqqi rost! Lekin avval “mayda-chuyda” bilan “ulkan ishlar”ning chegarasini belgilab olish lozim-da. Bekket aytmoqchi, “aybi oyogʻida boʻlaturib, boshmogʻidan noliyverish” oqilning ishi emas. Muallif hukm oʻqimaydi, umid qoldiradi: “V l a d i m i r. “U alaloqibat baribir keladi, deb baʼzan oʻzimni ishontiraman. Oʻshanda meni gʻalati hissiyot chulgʻab oladi… Haligiday… Xotirjam va shu bilan birga qoʻrquv aralash…”

 

Men karkidonlashib borayotgan jamiyatda inson boʻlib qolish naqadar ogʻir ekanini anglash (E.Ionesko, “Karkidon”) yoki qadam tovushidan-da zabun inson umri haqidagi hikoyani tinglash (S.Bekket, “Qadam tovushlari”) orqali aqlni zoʻriqtirishni xush koʻraman. Timsollar ortiga yashirilgan biror maʼnoni tushunganimda oʻzimda yoʻq xursand boʻlaman. Lekin bunday asarlar kitobxon hislariga emas, tafakkurigagina taʼsir qiladi. Baʼzan jamiyatning shuncha ogʻriqlarini yozayotgan odam davrani bir oz kengroq olsa boʻlmasmidi, deya oʻylab qolaman. Bunday asarlarni yanada koʻproq odamlar oʻqisa deyman...

 

Sarlavhada keltirilgan “baxtiyor odam” jumlasini Lakiga (qul) nisbatan ishlatgan edim. Dunyo neʼmatlarini faqat xojasi berayotgan “sarqitlar”dangina iborat deb biladigan odam uchun eng katta baxt – xoʻjayini tashlayotgan suyaklarni gʻajish imkonidan mosuvo boʻlmaslik. Laki xojasining mehrini qozonib unga xizmat qilish baxtiga musharraf boʻladi va bu “mavqe”ni boy berib qoʻymaslik uchun qattiq kurashadi. Ne tongki, Lakida jilla ozod boʻlish ishtiyoqi yoʻq. Uning ozod boʻlishiga yordam bermoqchi boʻlganlarni esa yomon koʻradi.

 

Muso alayhissalom Firʼavn taʼqibidan qutulgan xalqini qirq yil choʻlu biyobonlarda olib yuradi – qullikni koʻrmagan yangi avlod dunyoga kelishi, ular kuchga toʻlib, oʻz soʻzini ayta olishi kerak edi. Qirq yillik sargardonlik davrida Muso alayhissalomga “Sen bergan ozodlikdan koʻra qullik davrimiz yaxshi edi, qornimiz toʻq, ustimiz but edi” deydiganlar ham boʻlgan. Bunday qorin gʻamidagilar hamisha topiladi. Laki ana oʻshalarning timsoli. Rejissyor Olimjon Salimov aytganidek, “Qullikni istovchilar boʻlmasa, quldorlar ham boʻlmaydi”. Hamma gap qullarning oʻzida. Qullikning qanday shakli boʻlishidan qatʼi nazar...

 

Laki chalasavod, aqlsiz odam emas, u hamma narsani anglagan holda qullikka rozi boʻlgan. Bir oʻrinda u dahriy jamiyat oxir-oqibat sarob bilan yuzlashishi, insoniyat moddiy jihatdan yutuqlarga erishayotgan boʻlishiga qaramay, maʼnaviy buhronlarga qarab borayotgani haqida jiddiy gaplarni aytadi. Lekin oʻzining holatini oʻylab ham koʻrmaydi. Qatagʻon, zulmdan zada boʻlgan aql egalari fikrlamoqdan koʻra qullikni maʼqul koʻra boshlaydi...

 

Asarni yolgʻiz qolgan insonning dramasi deyish mumkin. Bu yorugʻ xayollar ogʻushida qolgan, tafakkurini tiniqlashtirayotgan insonning emas, balki Yaratgandan va jamiyatdan ajralib qolgan odamning yolgʻizligi. Bunday vaziyatda kutishdan oʻzga chora yoʻq. Umid faqat Gododan, uning jamoliga yetishilsa, hammasi yaxshi boʻlajak!

 

“Godoni kutish” va “Kursilar” asarlarida kutish motivi “Mantiq ut-tayr” va “Lison ut-tayr”ni yodga soladi...

 

 

Gʻarbiy frontda hamon oʻzgarish yoʻq

 

Erix Mariya Remark. Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq. Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2016.

 

Yaqinda rejissyor Akbar Bekturdiyev suratga olgan “Oʻzbek qizi” degan badiiy filmni koʻrdim. Tomoshabop kino. Yangicha obrazlar, oʻziga xos topilmalar bor. Lekin voqelikka yondashuv hamon eskicha. Nohaqliklardan toʻygan Jamila urushga boradi, malʼun dushmanlarni ayovsiz qiyratib qahramonlik koʻrsatadi... Narigi tomonning ahvoli bilan hech kimning ishi yoʻq. Axir, urush jahon chempionati yoki olimpiada oʻyinlari emaski, askar raqibini magʻlub qilgani uchun medal taqib qaytsa! “Urush qahramoni” oʻzi singari odamlarni oʻldirgani uchun koʻksiga nishon taqadi. Nazarimda, bu qahramonlik emas. Global dunyoda urush va inson munosabatiga bunday qarab boʻlmaydi!

 

Bu jihatdan olmon adibi Erix Mariya Remarkning “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” romani diqqatga sazovor. Bu asarni dunyo adabiyotining durdonalaridan demayman; ammo u odam oʻz hamqavmini oʻldirib qahramonlik koʻrsatish uchun yaralmaganini anglatishi, urush jangga kirgan har ikki tomonga ham ulkan iztiroblar keltirishi, yosh yigitlarni qotilga aylantirishini koʻrsatishi bilan qadrli. Insoniyat urushga boʻlgan munosabatini butunlay isloh qiladigan vaqt allaqachon yetib kelgan. Vatanparvarlik, vatanni sevish bilan bosqinchilik, shovinizmni farqlash kerak.

 

Roman rus tilida chop etilishi bilan katta shov-shuv uygʻotadi, yuz minglab nusxada nashr etilganiga qaramay, talab kuchayaverdi. Kutilmaganda rasmiy doiralar, kommunistik mafkura himoyachilari Remarkni gʻoyasizlikda ayblab, unga tosh ota boshlaydi.

 

Xoʻsh, adib asarlari nimasi bilan xavfli edi?

 

Remarkning “aybi” shundaki, u kommunistik mafkuraga ham, burjua mafkurasiga ham xizmat qilmadi, har qanday shovinistik gʻoyaga qarshi chiqdi. Urush dahshatlari, fojiali oqibatlarini gʻoyat rea­listik boʻyoqlarda aks ettirdi. Shu sabab yozuvchi asarlari nafaqat Rossiyada, ona vatani boʻlmish Germaniyada ham taqiqqa uchradi. Adolf Hitler hokimiyat tepasiga kelgach, adib Germaniyani tark etishga majbur boʻladi. Uning asarlari kutubxonalardan yigʻishtirib olinib, shahar maydonlarida yoqiladi.

 

“Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” romanining sobiq Ittifoq davrida taqiqlanishi davrning gʻoyaviy qarashlariga toʻgʻri kelmasligi bilangina bogʻliq emas. Chunki bizda Ikkinchi jahon urushi shu darajada ulugʻlandiki, odamlar urushni “sevib qolish” darajasiga bordi. Urushdan keyin voyaga yetgan avlod “urush tugadi, xoʻsh, endi men qanday qahramon boʻlaman” deb oʻylab qoldi. Xalqini urushga oʻrgatib boʻlgan hukumat Afgʻon urushi va undan keyingi muhorabalarni boshladi. Remark esa urushning asl qiyofasini ochib tashlagan.

 

Romanda ortiqcha pafosni koʻrmaysiz, etni junjiktiradigan tasvirlarni uchratmaysiz, lekin baribir dahshatga tushasiz. Yuz minglab juvonmarg ketgan yoshlardan tashqari, ajal tegirmonidan omon chiqqan boʻlsa-da, maʼnan oʻlgan, maqsadu maslagidan ayrilgan qiyofalarni koʻrib qalbingiz oʻrtanadi.

 

Muqaddimada muallifning oʻzi bunday izoh beradi: “Bu kitob aybnoma ham, afvnoma ham emas. Bu urush dastidan juvonmarg boʻlgan avlod haqidagi, garchi zambarak oʻqidan omon qolsa-da, shu urushning qurboniga aylanganlar toʻgʻrisidagi koʻngil izhoridir”.

 

Tinchlikka erishilgani bilan muhoraba xotima topib qolmaydi, endi u qatnashchilar qalbida davom etadi. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, urush hech qachon oddiy xalqqa foyda keltirmagan, uning boshiga mudom kulfat yogʻdirgan.

 

Roman qahramonlaridan biri Kantorek hayotida harb maydonini koʻrmagan, lekin urushda qanday jasorat koʻrsatish haqida lof uradi, navjuvon yigitlarni jangning qonli oʻchogʻiga safarbar qilishga vaʼzlari bilan koʻmaklashadi. Kantorekning maʼruzalarini tinglab urushga otlangan Paul Boymer shunday deydi: “Bu avlod bizning avloddek sofdil emasligini anglab yetdik. Ularning ustunligi shunda ediki, chiroyli gapirishni bilishar, yulduzni benarvon urishni qotirishar edi. Zambarakning gumburlashini ilk marotaba eshitganimizdayoq koʻzimiz yarq etib ochildi, ular bizga singdirgan eʼtiqod bombalar ostida kunpayakun boʻldi. ...bu bilan birortamiz qochoq, isyonchi yoki qoʻrqoq boʻlib qolganimiz yoʻq (bunday soʻzlar ogʻizlarining bir chekkasidan chiqib ketardi ularning): vatanni ulardan kam sevmasdik, jangga kirayotib biror marta tizzamiz qaltiramagan; ammo endi nimaningdir farqiga yetamiz, goʻyo birdan ulgʻayib qolgandekmiz. Yana shunga ham amin boʻldikki, ular bizga koʻz-koʻz qilgan bejama guldan hech narsa qolgani yoʻq. Biz qoʻqqisdan mudhish bir yolgʻizlik girdobiga tushib qoldik, endi bu girdobdan chiqib ketish yoʻlini faqat oʻzimiz topishimiz kerak”.

 

Odamni oʻyga toldiradigan jihat shuki, Kantorekning vorislari bugun ham kimoʻzarga maʼruza oʻqiyotir, shovinistik ruhdagi chiqishlari bilan ijtimoiy tarmoqlarni “portlatyapti”, tarixni tahrir etmoq qasdida maqolalar yozmoqda. Umum kayfiyatini kantoreklar belgilar ekan, Gʻarbiy frontda oʻzgarish boʻlishiga ishonish qiyin.

 

"Tafakkur" jurnali, 2023-yil 3-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19909
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17555
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//