Dunyo uchun o‘rnak bo‘lgan loyiha – “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongress tafsilotlari


Saqlash
19:11 / 08.11.2023 505 0

Xalqlarning madaniy merosi qazilma javohirdek gap, uning adog‘i va chegarasi yo‘q. Har qanday millat mana shu javohirlarni sayqallab olmosga aylantira olishi kerak. Ushbu vazifaning amaldagi ifodasi sifatida baholangan, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongressi yakunlandi.

 

5-8-noyabr kunlari Samarqand shahridagi Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasi hududida bo‘lib o‘tgan kongress bevosita Oʻzbekiston hukumatining koʻmagida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Madaniy meros agentligi, Kinematografiya agentligi, UNESСOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, IRSIKA, TURKSOY singari mahalliy hamda xorijiy idoralar va tashkilotlar hamkorligida tashkil qilindi. Taʼkidlash lozimki, Kongress tadbirlariga ERIELL Group neft-servis guruhi homiylik qildi.

 

Kongressda dunyoning 40 mamlakatidan 300 dan ortiq olimlar, ekspertlar, yirik muzey va kutubxona rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar tashrif buyurishdi. Ahamiyatlisi, ilk bor kongressga turkiy tilli davlatlarning yetakchi kino va media tashkilotlari rahbarlari ham taklif etildi.


Tadbir jami 4 kunni qamrab oldi. Oyina.uz har bir kun bilan sizni qisqacha tanishtiradi.

 

5-noyabr

 

Mehmonlar kutib olindi. O‘zaro tanishuvlar, Samarqand nafasi, sayyohlik majmuasidagi yorqin muhit, an’anaviy atributlar o‘z-o‘zidan milliy namoyishlarga ulanib ketdi. Kongressning birinchi kunida asosan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati ilmiy kengashi va boshqaruv yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish qator qutlov so‘zlari bilan ochildi va birinchi ish kuni rejalari e’lon qilindi.


Rejaga muvofiq, kongress ishtirokchilari quyidagi 5 ta panelga bo‘lindi:

 

- “Butunjahon jamiyati loyihalarida Sharq qo‘lyozma merosi durdonalari”;

- “O‘zbekiston Arxeologiya va me’moriy yodgorliklari: o‘rganish va saqlash masalalari;

- “Kino va media olami: merosga yangicha nigoh”;

- “Jahon kolleksiyalarida o‘zbek toplamlari” noshirlik loyihasi;

- “Kelajak uchun meros”.

Panellarga ajratilgan konferensiyalarning boshlanish vaqti, manzili va mazmun-mohiyati xususida ma’lumotlar berilgach, kunni madaniy va tarixiy mazmundagi ko‘rgazmalar yakunlab berdi.








6-noyabr

 

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongressi rasman ochildi. Boshqaruv raisi Firdavs Abduxoliqov kirish nutqida e’tirof etdiki,  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev buyuk merosimizni asrash, oʻrganish va targʻib qilish g‘oyasining asoschisi va tashabbuskori.

 

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ochiqlik, O‘zbekiston xalqining madaniy merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib etish borasidagi siyosati va bevosita ko‘magi natijasida yuzaga kelgan, deydi Firdavs Abduxoliqov.

 

Kun davomida xalqaro kongressning ilmiy qismida “Butunjahon jamiyati loyihalarida Sharq qo‘lyozma merosi durdonalari”, “O‘zbekiston Arxeologiya va me’moriy yodgorliklari: o‘rganish va saqlash masalalari, “Kino va media olami: merosga yangicha nigoh” mavzulariga asoslangan konferensiyalar bo‘lib o‘tdi.

 

Konferensiyalar doirasida “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumidan 10 ta yangi kitob taqdim etilishi rejalashtirilgan edi.

 

Rejaga muvofiq, Oʻzbekiston tarixiga oid obrazlar galereyasi jamlangan “Oʻzbekiston qoʻlyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar” noyob kitob-albomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Albomdan oʻrta asrlarda musulmon dunyosiga oid Markaziy Osiyoda hukmronlik qilgan sulolalar – Somoniylardan tortib, Boburiylargacha boʻlgan davr vakillari, sanʼat, fan va adabiyot namoyandalari hamda boshqa tarixiy qahramonlar oʻrin oldi.

 

Ma’lumot uchun, “Oʻzbekiston qoʻlyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar” kitob-albomi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati loyihasi doirasida chop etilmoqda. Nashr XIII–XVIII asrlarda ishlangan 300 ga yaqin rangli miniatyurani qamrab olgan. Unda Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Boburiylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar sulolalariga mansub 80 dan ziyod hukmdor, shahzoda va malikalar, 20 dan ziyod shoir, olim, mutafakkir va rassomlar tasvirlarini uchratish mumkin.

 

Nashr ustida ishlash jarayonida ko‘pgina  tarixiy shaxslar suratlari turli muzeylar (Vashingtondagi Frir galereyasi, Nyu-York Metropoliten muzeyi, Baltimor San’at muzeyi, Britaniya kutubxonasi, Edinburg universiteti kutubxonasi, Shahzoda Og‘axon kolleksiyasi, Fransiya Milliy kutubxonasi, Rossiya FA Sharq qo‘lyozmalari instituti, To‘pqopi saroy-muzeyi, Misr Milliy kutubxonasi va hokazolar)dan izlab topildi. O‘ndan ortiq mamlakatlarning 30 ga yaqin muzey va kutubxonalari bilan bog‘lanildi hamda chop etish huquqi qo‘lga kiritildi.

“Kino va media olami: merosga yangicha nigoh” mavzusidagi anjumanda TURKSOY mamlakatlari vakillari: Xo‘jaquli Narliyev, Orxan Fikretog‘lu, Bayrammuhamed Bayrammuhamedov va boshqalar so‘zga chiqdi. Shuningdek, Turk dunyosi mamlakatlari kino tashkilotlari rahbarlarining uchrashuvi yakunlari sarhisob qilindi hamda turkiy dunyo mamlakatlari o‘rtasida kino ishlab chiqarish sohasida birlashishning yangi mexanizmlari muhokama qilindi.


Anjuman doirasida TURKSOY davlatlari kinochilar ittifoqini yaratishga oid kelishuv memorandumi imzolandi. Kelishuvga binoan kelgusida Toshkent, Nukus va Buxoro shaharlarida animatsion maktablar ochiladigan bo‘ldi.


Kun iliq taassurotlar hamda yangidan yangi ma’lumotlarga boy ruhiyatda yakunlandi.







 

7-noyabr

 

Kongressning uchinchi kunida ham olimlarning tadqiqotlari hamda turli taqdimotlar jadallashib bordi. Xususan, “Jahon kolleksiyalarida o‘zbek to‘plamlari” noshirlik loyihasi hamda “Kelajak uchun meros” panellarida konferensiyalar davom etdi.

 

Konferensiyalarda xalqaro va mahalliy olimlarimizning 120 ga yaqin maʼruzalari tinglandi hamda bir-biridan qiziq va ahamiyatli yangiliklar e’lon qilindi.


Turkmaniston Davlat muzeyi direktori Meretgeldi Choriyevning soʻzlariga koʻra, muzey fondida 19-asr oxiri va 20-asr boshlariga oid ayollar zargarlik buyumlarining toʻliq toʻplamini aks ettiruvchi oltin bilan qoplangan kumushdan yasalgan rang-barang zargarlik buyumlari saqlanmoqda. Toʻplam taqdimoti kongressning “Jahon kolleksiyalarida o‘zbek to‘plamlari” noshirlik loyihasi doirasida boʻlib oʻtdi.


Aynan mana shu konferensiyada Korfu orolidagi Osiyo sanʼati muzeyi direktori Despina Zernioti o‘z muzeyida janubiy Oʻzbekiston hududiga tegishli boʻlgan Gandhara sanʼati namunalari saqlanayotganini ham ma’lum qildi.

 

“Sh.Marjoniy” nomidagi fond jamgʻarmasining toʻqimachilik va qoʻlyozmalar kolleksiyasi kuratori Galina Lasikova esa fondga qarashli Shayx Orif Ozodiy va yosh Mirzo Ulugʻbek tasvirlangan noyob miniatyura haqida so‘zlab berdi. Bu haqida oldinroq maqola ham e’lon qilgan edik.

 

Umuman, kongress mana shunday topilmalarga boy tarzda o‘tdi. Konferensiyada ishtirok etayotgan ozarbayjonlik olima, tarix fanlari doktori Mahfuza Zeylanovaning fikriga ko‘ra, bu kongress doirasida amalga oshirilgan ishlar, xususan, jamlangan o‘zbek madaniy merosining holatini “juda qimmatli natija” deyish mumkin. Barcha turkiy xalqlar uchun zarur bo‘lgan ushbu loyiha uchun O‘zbekiston prezidentidan, o‘zbek olimlaridan, o‘zbek xalqidan minnatdorman. Sababi biz turkiy xalqlarning birlashgan qardosh oilasi a’zolarimiz. O‘zbeklar tomonidan amalga oshirilgan loyiha biz uchun o‘rnakdir. Bu toʻplangan oʻzbek merosining bir qismi esa Ozarbayjon va boshqa turkiy xalqlarga ham tegishli, deydi olima.

 
Uzluksiz davom etayotgan ilmiy konferensiyalarda olimlar o‘zlarining tadqiqot rejalari bilan ham o‘rtoqlashdilar. Fransiyadagi Temuriylar assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressand kongress doirasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi:

 

“Oʻzbekiston boy madaniy merosga ega, yaqinda Samarqandga kelgan Fransiya prezidenti bu diyor haqida juda iliq taassurotlar bilan ketdi. Umuman, davlatlarimiz oʻrtasida madaniy ma’rifiy aloqalarni rivojlantirishga doim e’tibor qaratganmiz, lekin shu paytgacha madaniy aloqalarimiz bugungidek rivojlanish cho‘qqisiga chiqmagan edi. Bizning assotsiatsiyamiz Temuriylar tarixi boʻyicha juda koʻplab kitoblar nashr etgan. Yaqinda butun jahon hamjamiyati bilan birga uni alohida kitob-albom tarzida nashr etish rejalarimiz bor”.



 




Nihoyat, ma’ruzalar tinglab bo‘lingach, hamma olimlar o‘z tadqiqotlaridan mamnun kayfiyatda taqdirlash marosimiga to‘plandilar.

 

Ma’lumot uchun, konferensiyalar doirasida “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidan 61–70 jilddan iborat 10 ta yangi kitob taqdimoti o‘tkazildi. Ma’lum qilindiki, Ozarbayjon, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya (shu jumladan Tatariston), Turkiyadagi O‘zbekiston madaniy merosi to‘plamlariga bag‘ishlangan ushbu kitob-albomlar kutubxonalarga bepul taqdim etiladi.

 

Shuningdek, Butunjahon jamiyatining boshqa noshirlik loyihalari – “Sharq miniatyurasida tarixiy shaxslar”, “Klavixo: Samarqanddagi Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403–1406)”, “Rishton kulolchiligi”, “O‘zbekiston san’ati durdonalari”, “Orol va Amu bo‘ylarida: qoraqalpoq san’ati”, “Badiiy atamalar ensiklopediyasi” albomlari, shuningdek, “Bezak ensiklopediyasi” mavzulariga bag‘ishlangan rejalardagi nashrlar, “O‘zbekiston gilamlari”, “114 Qur’on”, “Sharqning 100 nodir qo‘lyozmasi” loyihalari ham kongress ishtirokchilariga taqdim etildi.

 

Nufuzli anjuman joʻshqin, sermazmun va koʻtarinki kayfiyatda oʻtdi. Kongress nihoyasida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov ishtirok etgan olimlarga va umuman, kongress jamoasiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Uning fikriga ko‘ra, Kongressga ilk marotaba turkiy tilli davlatlarning yetakchi kino va media tashkilotlari rahbarlari ham taklif etildi. Ilm-fan va media olami o‘rtasidagi bu hamkorlik kelgusida xalqimiz, ayniqsa yosh avlodning bilim va ko‘nikmalarini oshirishda muhim o‘rin tutadi.








8-noyabr

 

Kongressning so‘nggi kunida eng ahamiyatli jarayon 300 dan ziyod sharqshunos olimlarning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan murojaati bo‘ldi.

 

“Biz jahon ilmiy hamjamiyati uchun nihoyatda muhim bo‘lgan forumlar, kongresslar va ko‘rgazmalarni o‘tkazish uchun keng imkoniyat yaratganingiz uchun sizga chuqur minnatdorlik bildiramiz”, – deyiladi murojaatnomada.

 






So‘nggi kun doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand bo‘ylab maxsus ekskursiya tashkil etildi.

Xulosa qilib aytganda, bir guruh olimlarning faoliyati yana bir muhim va tarixiy jarayon bilan boyidi. Ishonamizki, bunday kongresslar ilm va madaniy meros rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.

 

Sirojiddin Rustamov tayyorladi,
Oyina.uz


Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19032
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19032
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15731
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi