To‘lishishga moyil kishilar uchun tarvuz xavfliroq, nega qovunni ayblaymiz?


Saqlash
11:11 / 10.11.2023 508 0

Inson ixtiyorsiz ravishda tevarak-atrofida uchraydigan turli hodisalarning sabablarini izlaydi, o‘zi duch kelgan muammoli vaziyatlarni, oqibatlarni tahlil qiladi, baholaydi va shunga tayanib to‘g‘ri qaror qabul qilishga intiladi. Mohiyatni bilish muammolarni hal qilish kaliti sanaladi. Zotan, inson hayotining mazmuni – muammolarni yechishga intilmoqdir.

 

Ha, narsa-hodisalarning mohiyatini bilish oddiy odam uchun-da hayotining ko‘p jabhalarida foydali. Muammoning asosini bilish samarali yechimlarni topishda qo‘l keladi. Masalan, agar kishi o‘z avtomobilining qanday ishlashi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lsa, texnik holati bilan bog‘liq ba’zi muammolarni mustaqil ravishda hal qila oladi. Mavzu yoki muammoni chuqur tushunish – uning mohiyatini bilish demakdir, bu esa turli variantlarni oqilona baholash va ulardan eng mosini tanlash imkonini beradi. Hatto o‘zimiz ko‘pincha e’tiborsiz qaraydigan ovqatlanishni olaylik. Oziq-ovqatning mohiyatini bilish nimani, qachon va qanday yeyishga o‘rgatadi. Deylik, ko‘pchilik tarvuz asosan suvdan iborat (80 foiz), u semirtirmaydi deb o‘ylaydi. Ammo uning mohiyati suvda emas, balki tarkibidagi glyukozada. Tarvuzning glikemik indeksi   –   72, qovunniki esa   –   62. Demak, uglevod miqdori tarvuzda ko‘proq. Ko‘rinadiki, to‘lishishga moyil kishilar uchun tarvuz qovunga nisbatan xavfliroq.

 

Mohiyatni bilmoq tanqidiy fikr o‘sishi omili hamdir. Narsa-hodisalarning mohiyati haqida bilimga ega bo‘lgan odam ma’lumotni tahlil qila oladi, savol beradi, shubhalanadi va qo‘shimcha manbalarni qidiradi. Bu mustaqil fikrlash va ongli qaror qabul qilish ko‘nikmasini rivojlantiradi.

 

Afsuski, hayotimizda uchraydigan juda ko‘p muammolarning sabablarini mohiyatdan emas, yuza sathdan izlaymiz. Aslida esa biz ijtimoiy hayotda duch keladigan aksar muammolarning ildizi qaysi ijtimoiy-iqtisodiy tuzumda (formatsiya) ekanimizda, uning mexanizmlarida. Mohiyatni anglamay turib esa muammolarni yechib bo‘lmaydi.

 

Sirasi, mohiyatni bilish odamzodga atrofdagi dunyoni yaxshiroq tushunish, ongli qaror qabul qilish va hayotiy muammolarni hal qilishga yordam beradi. Bu esa shaxsning rivojlanishi, o‘z-o‘zini anglashi va shaxsiy sathda ham, ijtimoiy sathda ham taqdirini o‘zi belgilashini ta’minlaydi.

 

Arastudan Navoiyga qadar

 

Arastu falsafasida mohiyat (essense) narsa-hodisaning ichki va o‘zgarmas tabiati – zotini belgilaydi va boshqa narsalardan   ajratib turadi  (Аристотель.  Сочинения. В 4 т. Т. 2. Москва, 1978. Стр.   6). Mohiyati o‘zgarsa, narsa ham o‘zgaradi. Foma Akvinskiy falsafasida esa mohiyat Yaratuvchi bilan u yaratgan borliqning o‘zaro munosabati sifatida qaraladi (Федчук Д. “Сущностьисуществованиеу Фомы Аквинского: Авт.дисс. …канд. философ. наук. СП(б), 2003. Стр. 13).

 

Mohiyat – ko‘rinmas (botiniy), u hodisani belgilaydi; hodisa esa ko‘rinuvchidir – u mohiyat tomonidan belgilanadi. Hazrat Navoiy mohiyatni “zot” deb tavsiflaydi: “Zotidin demaydurur xud kimsa so‘z, / Kim erur ko‘r onda har binanda (ko‘radigan) ko‘z” (Alisher Navoiy. Lisonut-tayr. Toshkent, Adabiyot va san’at nashriyoti, 1991. 29-bet).

 

Mohiyat va hodisa ilmiy o‘rganishda shartli ravishda farqlanadi. Aslida, ular bir-biriga shu darajada yaqinki, bamisoli bir varaqning ikki beti kabidir. Navoiy qushlarning (hodisa) Simurg‘dan (mohiyat) ajralmas ekanini bunday tasvirlaydi: “Siz tushub ul shohdin behad baid / Ul yoqinroq sizga “min hablul varid”. Demak, “Lisonut-tayr”da qushlar Simurg‘ga intilgani singari afkor insoniyat ham bir umr mohiyatga intiladi, uni topishning mashaqqatli yo‘lida zahmat chekadi, degan mazmun bor.

 

Fanda mohiyat

 

Har qanday fanning maqsad-vazifalari o‘rganilayotgan narsaning faoliyati va taraqqiyotiga xos qonuniyatlarni ochishdan iborat. Qonuniyatlar va ulardan foydalanish nuqtai nazaridan fanlar nazariy va amaliy turga ajraladi. Bu bilish jarayonining nazariy yoki amaliy bosqichlari bilan bog‘liq. Fan quyidagi ikki vazifadan, hech bo‘lmasa, birini bajarishi lozim: o‘rganilayotgan narsa-hodisani takomillashtirish va undan foydalanish samaradorligini oshirish.

 

Narsa-hodisani takomillashtirish uning mohiyatini ochish asosida unga ta’sir qilishni ham o‘z ichiga oladi. Masalan, kimyoviy unsurlarning tuzilishi va atom og‘irliklari ularning mohiyatini tashkil qiladi. Kimyoviy davriy tizim kimyoviy unsurlarni, xususiyatlari va kimyoviy tuzilishiga qarab, bir sistemaga solish hamda tasniflash maqsadida yaratilgan edi. Ma’lumki, davriy sistema – 1869-yilda Dmitriy Mendeleyev tomonidan ishlab chiqilgan va kimyo sohasidagi ulkan yutuqlardan biri, muhim kimyoviy qonuniyatning kashf qilinishi deb e’tirof etilgan. Davriy jadvalning maqsadi ko‘plab elementlarni tushunish va tartibga solishni osonlashtirish bilan birga kelajakda kashf etilishi mumkin bo‘lgan yangi unsurlarning xususiyatlarini bashorat qilish edi. Davriy sistema kimyoviy elementlarning atom massasi, elektron tuzilishi, kimyoviy faolligi va boshqa xususiyatlari zamiridagi qonuniyatlarni ko‘rish imkonini beradi.  Ushbu tizim turli soha, jumladan, kimyo sanoati, farmasevtika, materialshunoslik kabilarda amaliy ahamiyatga ega. U olim va muhandislarga elementlarning xossa va harakatlarini tushunish va bashorat qilish, yangi materiallar, dori va texnologiyalarni ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.

 

Cheksiz nutq hodisalari zamiridagi qonuniyatlarni ochish tilni lingvistik, matematik va dasturiy modellashtirish uchun zamin bo‘layotir. Bu esa bugungi kunda sun’iy intellekt yaratish, inson miya faoliyati qonuniyatlarini til asosida tekshirish va baholashga yo‘l ochadi. Narsa-hodisa zamiridagi qonuniyatlarni ochish ulardagi umumiy va barqaror jihatlarni xususiy va o‘tkinchi jihatlardan farqlashdan boshlanadi. Bunda falsafada barqaror deb qaraladigan “mohiyat” va o‘tkinchi deb baholanuvchi “hodisa” kategoriyalaridan asos sifatida foydalaniladi.

 

Hozirda mazkur kategoriyalarga tayanish fanda urfdan qolgandek. Biroq ilm kishisi o‘z oldiga narsa-hodisaning mohiyatiga daxldor qonuniyatlarni o‘rganish maqsadini qo‘yishi, mohiyatni ochish har qanday nazariy fanning asosini tashkil qilishi lozim. Mohiyatga intilish modomiki har qanday fanning asosi ekan, “mohiyat” va “hodisa” tushunchalari hamisha yashovchandir. Ta’limda ham bu ikki tushunchani farqlash takomillashtirilishi shart. Bu, ayniqsa, jamiyat qurilishi va uni boshqarish bilan bog‘liq ijtimoiy fanlarda katta ahamiyatga ega. Ko‘pchilikni qiynayotgan ijtimoiy muammolarga mohiyatni anglamay yondashuv sabab ular hal bo‘lmaydi.    

 

San’atda mohiyat

 

San’atda “mohiyat” tushunchasi asar mazmuni, g‘oyasi yoki hissiy jihatini anglatadi. Asl mohiyat asarning o‘ziga xos, teran mazmunli va betakror bo‘lishida namoyon bo‘ladi (bu mavzuda ko‘plab asarlar mavjud: Michael Frid, “Art and Objecthood” (1967), Alain de Botton, John Armstrong, “Art as Therapy” (2013), John Dewev, “Art and Social Consciousness” (2002), Nikolay Berdyayev, “Кризис искусства” (1994), Yonatan   H. Mishal, “Art and Transformation” (2009). Masalan, rangtasvirda asar mohiyati uning kompozitsiyasi, rang kombinatsiyasi, rassomning texnikasi va uslubi (hodisa) orqali voqelanadi. Bunda mohiyat san’atkorning tomoshabinga qanday mazmunni yetkazmoqchi yoki unda qanday taassurot uyg‘otmoqchi ekani bilan xarakterlanadi. Musiqada esa mohiyat qo‘shiqning ohangi, garmoniyasi, ritmi, matni vositasida ro‘yobga chiqadi; tinglovchida uyg‘otadigan hissiy ta’siri bilan belgilanadi.

 

San’atdagi mohiyat asarning mazmunan boyligi va g‘oyaviy chuqurligi, hissiy va aqliy ta’sirini tushunishga ko‘maklashadi, asar javharini ko‘rish va his qilish imkonini beradi, unga takrorlanmas xususiyat va qimmat baxsh etadi. Umuman, san’atning mohiyati chuqur botiniy ekani bois uni idrok etish, to‘liq qabul qilish uchun ham odamda jibilliy sezim bo‘lmog‘i lozim.

 

Adabiyotda mohiyat

 

Mohiyat so‘z san’ati namunalarining mazmundor, betakror va ta’sirchan chiqishini belgilaydi. Adabiy asarlarga “mohiyat” ko‘zgusida qarash tizimli talqinlarga yo‘l ochadi. Tahlillarda barqaror va o‘tkinchi, asosiy va ikkilamchi, o‘ziga xos va umumiy jihatlarni farqlashda ilmiy-metodologik qimmat kasb etadi.

 

Badiiy adabiyotdagi mohiyat muallif o‘z qahramonlari, syujet va yozish uslubi orqali yetkazmoqchi bo‘lgan mazmun-g‘oyani anglatadi. U chuqur insoniy tuyg‘u, axloqiy muammo, ijtimoiy-siyosiy qarashlarni yoki shunchaki go‘zallik, estetik idrokni aks ettirishi mumkin. Mohiyat asarning teranlik darajasi, o‘quvchiga hissiy-aqliy ta’sirini tushunish va qadrlashga xizmat qiladi.

 

Adabiy asarlar “ommabop” va “xoslar uchun” kabi turlarga ajratib kelingan. Binobarin, badiiy adabiyotda ham zohiriy (ommabop), ham botiniy (xoslar uchun) mohiyat bo‘lishi mumkin. Zohiriy mohiyat asarning syujet, personaj, voqea kabi bir qarashda hamma uchun aniq-ravshan tomonlarida namoyon bo‘ladi. Hazmi yengilroq asarlarda zohiriy mohiyat ustuvorlik qiladi. Botiniy mohiyat esa matnga singdirib yuborilgan yanada yashirin va chuqurroq hikmat yoki fikrlarda zuhur etadi. Ommabop mohiyat hissiy holatlar, ramz, metafora kabilarda beriladi. Botiniy mohiyat intertekst, poetik sintaksis yoki murakkab hikoya tuzilmalari kabi nihoyatda nozik elementlar orqali ochiladi. Ammo shunda ham u tugal ravshanlashadi deb bo‘lmaydi. Masalan, “Lisonut-tayr” dostonidagi tom mohiyat qushlarning oxirgi manzilda Simurg‘ni topolmay, o‘zlari unga aylanganida degan nuqtai nazar ustuvor. Zotan, “Haq o‘zingda” tezisi ko‘plab tagmazmunlarga ega. Topolmaslik – qidirilayotgan obyektning mavjud emasligini ham bildiradi. Masalaga yondashuvda kimlardir “Spinoza tangrisi” tushunchasi asosida munosabatda bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni faylasuf “Tangri borliqdan tashqarida emas, balki uning o‘zida” degan g‘oyani ilgari suradi.

 

Ta’kidlash kerakki, zohiriy va botiniy mohiyat bog‘liq va bir-biri bilan o‘zaro ta’sirga ega. Birinchisi g‘oya va his-tuyg‘ularni tushunish uchun kirish nuqtasi o‘laroq xizmat qiladi, ikkinchisi esa asarning tub ahamiyatidan xabar beradi.

 

Badiiy asar mohiyati, eng avvalo, ijodkor shaxs nazarda tutgan mohiyatni anglatsa-da, uni talqin qilish va tushunish, odatda, individual xarakterda, har bir o‘quvchi yoki tahlilchining idrok darajasi, tasavvur salohiyati, tajribasiga ham bog‘liqdir. Obro‘li adabiyotshunosning fikri ba’zan o‘quvchilar diqqatini asl mohiyatdan uzoqlashtirib yuborishi-da mumkin. Navoiyning “Layli va Majnun”ini ayriliq dostoni deb baholash, Said Ahmadning “Kelinlar qo‘zg‘oloni” asarida ijtimoiy-siyosiy evrilishni ko‘rish, Abdulla Oripovning “Tilla baliqcha” she’riga siyosiy mazmun berish adabiyotshunoslikdagi xuddi shunday hodisalardandir. Bu kabi misollarda muayyan tahlilchi ilgari surgan individual mohiyat adabiyotshunoslikda ham, o‘quvchilar ongida ham barqarorlashgan. Albatta, adabiy matn – o‘quvchi va tahlilchining fikrlash-bilim darajasiga qarab unda turli mohiyatlarni ko‘rish imkonini beradigan ko‘pqatlamli hodisa. Adabiyotni ko‘p qirrali va qiziqarli san’at turiga aylantirgan omil ham shu.

 

Hikmat ustunmi yoki poetik go‘zallik?

 

Asl va yuksak adabiyotning botiniy mazmun-mohiyatini betakror hikmatga yo‘g‘rilgan g‘oya tashkil qiladi. Zero, so‘z san’atkorining asosiy maqsadi ham teran va betakror fikr-g‘oya va falsafiy tushunchani kashf etish hamda uni hayotiy-qiziqarli kechmish-u kechinmalar vositasida o‘quvchiga yetkazishdir. Purhikmat va betakror g‘oya sevgi, o‘lim, adolat, hayot mazmuni, axloqiy evrilish va shu kabi turli azaliy-abadiy tushunchalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Ular o‘quvchining fikrlashi, ilhomlanishi, o‘zi va atrofidagi olamni teranroq tushunishiga yordam beradi.

 

Yuksak san’at namunasi bo‘lgan badiiy asar hayotga yangi va o‘ziga xos qarashni tuhfa etadi, kitobxonda savollar uyg‘otadi. G‘oyalar umuminsoniy, umummakoniy, umumzamoniy bo‘lishi mumkin. O‘lmas asarlarning mohiyati ana shunda.

 

Purhikmat va betakror g‘oya badiiy asarning mag‘zini tashkil qiladi, lekin badiiy asarni yuksak san’at namunasiga aylantiradigan yagona omil emas. San’at asarida shakl – ifoda ham mohiyat bilan teng qimmatga ega. Hikmatsiz badiiyat ham, badiiyatsiz hikmat ham asar qimmatini tushiradi.

 

Badiiy adabiyot shunday sirli hodisaki, ba’zan original majoz yoxud kutilmagan so‘z o‘yini ham o‘quvchini favqulodda ta’sirlantirishi mumkin. Ayrim asarlarda teran hikmat va betakror g‘oya uchramasa-da, ular ruhiy holat yoki kechinmalar ifodasi bilan qimmat kasb etadi. Bunday asarlar kitobxon uchun umumiy va tushunarli his-tuyg‘uni ifodalaydi, kayfiyatga ta’sir qilib, unga zavq va maroq beradi. Zotan, kimgadir odamlar, kimgadir voqealar, kimgadir esa g‘oyalar (hikmat) ta’sir qiladi. Ular o‘quvchida hamdardlik, hamfikrlilik uyg‘otadi, his-tuyg‘ular o‘sishiga yordam beradi. Demak, ba’zi asarlar ko‘proq hissiy ta’sir yaratadi, boshqalari esa yangi g‘oyalarni taklif qilish, fikr yuritish va tafakkurni o‘zgartirishga olib keladi.

 

Hikmatli, betakror g‘oya o‘quvchining intellektual o‘sishiga hissa qo‘shadi. Badiiy-estetik o‘ziga xoslik, o‘z navbatida, uslub, noodatiy adabiy vositalar, ayricha syujet va kompozitsiya, asarni takrorlanmas va esda qolarli qiladigan boshqa jihatlarda ham namoyon bo‘ladi. Biroq bu – o‘quvchining his-tuyg‘ulariga ta’sir etgan asar qadr-qimmatsiz degani ham emas. Zotan, “Sarv-u gul-u lola xaridori bor, / Lek o‘tunning dog‘i bozori bor” (Navoiy).

 

Hissiy ta’sir badiiy adabiyotning kuchli va muhim jihati bo‘lishi mumkin. U hamdardlik uyg‘otib, insoniy his-tuyg‘u va tajribalarni teranroq tushunishda asqatadi. Bu hol she’riyatda yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

 

Bizningcha, badiiy adabiyotning ta’sir kuchi o‘quvchi asardan nimani izlayotganiga ham bog‘liqdir. Ba’zilar noyob hikmat, g‘oya va badiiy o‘ziga xoslikni qadrlasa, boshqalar kuchli his-tuyg‘u uyg‘otuvchi asarlarni xush ko‘radi. Ammo bu hol ijodkor ko‘zda tutgan asl mohiyatni inkor qilmaydi. Bu fikrni bedilxonlarning bir baytdan to‘qson to‘qqiz ma’noni topgani, asl (ijodkor nazarda tutgan) mohiyat esa muallif tafakkurida qolgani haqidagi rivoyat bilan dalillasak, tushunarliroq bo‘ladi.

 

Alqissa

 

Vissarion Belinskiy badiiy asarning yetukligi uning o‘zida “go‘zallik, hikmat va ezgulik”ni qay darajada mujassamlantirganida deb bilgan. Unga ko‘ra, chinakam san’at nafaqat estetik qimmatga ega bo‘lishi, balki teran fikr va g‘oyalarni ifodalagan holda insonni ma’naviy yuksaltirishga xizmat ham qilishi kerak (Морозов П. Белинский, Виссарион Григорьевич // Энциклопедический словарь Брокгауза и Ефрона: в 86 т. Том V. СПб, 1891. Cтр. 191–194). Adabiyotshunos san’atning ijtimoiy va axloqiy roliga katta ahamiyat bergan: u jamiyatni ma’rifatli qilish va tarbiyalash vositasi ham bo‘lishi kerak. Olim san’atda voqelik va ijtimoiy muammolarni aks ettirish, ilg‘or g‘oyalar va qadriyatlarni targ‘ib etish tarafdori bo‘lgan.

 

Alqissa, badiiy asar shakl (go‘zallik), mazmun (hikmat) va vazifaning (ezgulik) dialektik yaxlitligidan iborat. Qaysi jihat ustuvorlik qilsa, shu jihat asarning mohiyatini tashkil etadi. Bu jihatdan badiiy asarni uchburchakka qiyoslash mumkin. Ma’lumki, uchburchak burchaklarining yig‘indisi 180 darajaga teng, birining kengayishi boshqalarining torayishi hisobiga sodir bo‘ladi. So‘z san’atida ham shunday. Teng burchakli uchburchak nisbatan mukammal bo‘lgani kabi, uch jihati ham mutanosib adabiy asargina mohiyatan mukammal atalmoqqa munosibdir.

 

Baxtiyor MENGLIYEV

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.

“Janobi mohiyat” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19071
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19071
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15766
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi