“Xato va bema’ni taklif”, “Soha faqat oliftalardan iborat emas” – jamoatchilik sanʼatkorlarning uy olishiga subsidiya berish taklifi haqida


Saqlash
16:11 / 10.11.2023 1296 1

 

Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda san’at vakillarining uy olishida imtiyoz berilishi haqidagi xabarlar qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Gap shundaki, Vazirlar Mahkamasining “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun madaniyat va san’at xodimlariga subsidiya toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi eʻlon qilindi. Unga koʻra, madaniyat va sanʻat sohasi vakillariga hamda isteʻdodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya berilishi belgilab qoʻyilgan.

 

Mazkur band esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, faollar tomonidan e’tirozlarga sabab boʻlmoqda. Yana bir guruh ziyolilar esa ushbu qaror loyihasini qoʻllab-quvvatlab, ayrim madaniyat vakillarining moddiy ahvoli yaxshi emasligini taʻkidlamoqda. Oyina.uz har ikkala taraf fikrlarini bir yerga jamladi.

 

Qaror loyihasida nima deyiladi?

 

Mazkur bir martalik subsidiya miqdori Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar uchun 192,5 mln soʻmdan, Toshkent shahri uchun esa 245 mln soʻmdan yuqori boʻlmaydi. Subsidiya taqdim etish toʻgʻrisidagi tavsiyanoma olgan shaxslar ipoteka krediti boʻyicha boshlangʻich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng boʻlgan qismini oʻz mablagʻlari hisobidan shakllantiradi.

 

Ariza beruvchi 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlishi (60 yoshni inobatga olgan holda), Oʻzbekiston fuqarosi boʻlishi, madaniyat va sanʼat sohasida kamida 2 yil ish stajiga ega boʻlishi hamda ariza berish vaqtida mulkiy-huquq asosida faoliyat yuritayotgan hududda oʻzi va turmush oʻrtogʻining nomida uy-joy boʻlmasligi lozim.

 

Soha faqat oliftalardan iborat emas

 

San’atkorlar shundoq ham toʻylardan katta pul topishi, subsidiyani esa muhtoj qatlamga berish kerakligi haqidagi fikrlarga javoban ssenarist Sirojiddin Rustamov madaniyat vakillarining asosiy qismi arzimagan maosh evaziga faoliyat yuritayotganini qayd etdi. Uning yozishicha, ushbu kasb nomi ulugʻ, suprasi quruq.

 

 

“Anglaganim: hamon odamlarning 70 foizi san’at va madaniyat xodimi deganda, mashshoq va aktyorlarni tushunar ekan. Vaholangki, bu xodimlar orasida arzimas maoshga ishlaydigan va qiynalib kun kechiradigan san’at vakillari ham koʻp:

 

-         Umr boʻyi teatrda arzimas oylikka ishlab, avtobusda qatnaydigan nomi ulugʻ, noni qattiq “san’atkorlar” bor;

 

-         Umr boʻyi TV ning orqa kadrida “chirib” ishlayotgan oylikdan oylikkacha arang yetib boradigan mediamutaxassislar bor.

 

-         Umr boʻyi kino sohasida odamlarning “gʻashini keltirayotgan” yulduz aktyorlar tanilishi uchun xizmat qiladigan fidoyilar bor.

 

Ular ham san’at va madaniyat xodimi. Bu soha faqat oliftalardan iborat emas.

 

Qaror loyihasida koʻproq viloyatliklarga urgʻu berilgan (viloyatlarda ahvol yanada jiddiy: bir necha oy oldin 30 yilcha folklor jamoalarida lapar aytgan ayolni TVga chaqirdim, u bundan juda xursand boʻldi va yoʻlkiraga pul topa olsa, kelishini aytdi... Bu ayol sizlar aytayotgan mashshoq emas, har holda) va albatta, yosh ijodkorlarga ham eʻtibor qaratilgan (oʻz doʻstlarim orasida shaxsiy hayoti va ijodiy karyerasi arosatida qolib behalovat yashayotgan, kvartiradan kvartiraga oilasini yetaklab yurganlar tiqilib yotibdi).

 

Birinchi yaxshi tomonini koʻribman, ijtimoiy tarmoqlarda esa katastrofa. Hatto men bilgan koʻplab ziyolilar notoʻgʻri talqin qilmoqda. Bu loyiha tasdiqlansa, men faqatgina ehtiyojmand sanʻatkorlar uchun xizmat qilishini xohlardim”, deydi u. Ijodkor, shuningdek, misol sifatida birgina spektakl ustida ishlaydigan xodimlarning taxminiy roʻyxatini ham keltirdi.

 

1. Dramaturg

2. Sahnalashtiruvchi rejissor

3. Yordamchi rejissor

4. Sahnalashtiruvchi rassom

5. Liboslar boʻyicha rassom

6. Bastakor

7. Musiqiy jamoa (dirijyor, sozandalar va hokazo)

8. Xor jamoasi

9. Baletmeyster

10. Sahna ustalari (dekoratorlar)

11. Butaforiya ustalari

12. Liboschilar (tikuvchilar)

13. Grim ustasi

14. Ovoz rejissori

15. Chiroq ustasi

16. Suflyor

17. Sahna jangi boʻyicha mutaxassis

8. Sahna nutqi boʻyicha mutaxassis

19. Teatrshunoslar

20. Texnik xodimlar

21. Aktyorlar jamoasi.

 

Taklif yangi Konstitutsiyaga zid(mi)?

 

Bloger Obidjon Latipov ham bu mavzuni eʻtiborsiz qoldirmadi. U bu ish amalga oshsa adolatsizning choʻqqisi bo’lishi va Madaniyat vazirligini tugatish kerakligi haqida yozdi.

 

 

“Jiddiy aytadigan boʻlsak, oʻzi hamma uchun majburiy boʻlgan soliqlarni san’atkorlardan qoyil qilib undira olmayotganimiz bir paytda, boshqalar toʻlagan soliqdan ularga subsidiya berish adolatsizlikning eng choʻqqisi boʻladi. Bu mutlaqo xato va bema’ni taklif. Bu boshqa soliq toʻlovchilarning ustidan kulishga teng ish.

 

Mening shaxsiy fikrim, mana shu taklifni ilgari surgan Madaniyat vazirligini tugatib yuborish toʻgʻriroq boʻlar edi.

 

Aksincha, glamur va hasham ichida yashab, shu yurtda faoliyat yuritib behisob boylik orttirayotgan san’atkorlarga adekvat soliq tizimini tezroq yaratib, uni undirish choralarini koʻrish kerak.

 

Hech kimga sir emas, yashirin iqtisodiyotning katta ulushi ushbu sohaga toʻgʻri keladi. Sohada aylanayotgan trillionlab pullar na soliqqa tortiladi na bank orqali aylanadi. Oldi-berdiyam naqd pulda amalga oshirilib, chek ham berilmaydi. 10 ming soʻmga chek bermaganni quvlab yuradigan tashkilotlar, 10 ming dollarga chek bermaganga koʻz yumadi. 50 dollarda oldi-berdi qilganlarga tadbir uyushtiradiganlar, har kuni 5000 dollar oladiganlarni koʻrmaydi. Qandaydir ulkan mafiyaga oʻxshaydi. Negadir davlat bu “mafiya” oldida ojizdek taassurot uygʻonmoqda.

 

Qolaversa, Madaniyat vazirligining ushbu taklifi yaqinda qabul qilganimiz yangi Konstitutsiyamizning 19-moddasigayam zid. Ya’ni, ushbu loyiha qabul qilinadigan boʻlsa gʻayrikonstitutsion normaga aylanadi”, deb yozmoqda bloger.

 

Hozirgacha berilgan uylarni ham olib qoʻyardim

 

Jurnalist Abror Zohidov ham ushbu qaror loyihasiga qarshiligini ma’lum qildi. Uning fikriga koʻra, 20 yillardan buyon davlat yotoqxonalaridan foydalanayotgan madaniyat vakillari bor.

 

 

“Davlat tomonidan sanʼat va madaniyat vakillarga uy olishda imtiyoz berilishi toʻgʻri emish, chunki ular orasida ham nochorlari bor emish...

 

Siz menga qasr qurgan bitta farrosh, 100 ming dollarlik mashina mingan bitta oʻqituvchi yoki 1,5 mingga tufli kiygan bitta sanitarkani koʻrsating. Men esa shunday qilgan va kamiga boyligini maqtangan yuzlab sanʼat vakillarini koʻrsataman.

 

Xonandalar hisob emas, deysizmi?

 

Boʻlmasa bitta tadbirga chiqqani uchun 500-1000 dollar beriladigan bitta kutubxonachini koʻrsating, men sizga oʻnlab aktyor-u aktrisalarni koʻrsataman.

 

Madaniyat vakillari 20 yillab davlatning yotoqxonalarida yashab yuribdi, deysizmi?

 

Ayting, 20 yillab davlatning yotoqxonasiga yetolmay, oʻz puliga ijaraga yashab yurganlarning nechtasini koʻrsatay?!

 

Xafa boʻlmanglar-u, menga qolsa, shu paytgacha berilgan uylarni ham olib qoʻyardim”, deydi jurnalist.

 

Ularni ham yashashga haqi bor-ku

 

Bahs-munozaralarga ayrim vakolatli shaxslar ham aralashdi. Xususan, Teatr arboblar uyushmasi raisi oʻrinbosari Usmon Eratov madaniyat vakillari eng kam oylikka ishlashini iddao qilmoqda.

 

“Nima, madaniyat va san’at sohasi odamlari odam emasmi?! Bir-ikkita qoʻshiqchi toʻyga chiqib yaxshiroq pul topsa, butun soha yaxshi pul topadi degani emas-ku. Oʻzi eng kam oylikka ishlaydigan shu madaniyat sohasi hisoblanadi. Ularning mehnati umuman koʻrinmaydi. Qancha bayram, tadbirlar bo’lsa qishni qish, yozni yoz demasdan mehnat qilishadi. Qaysi tashkilot tadbir qilsa, shularni aytib ketishadi. Xalqning koʻnglini olish uchun ming oʻlib, ming tirilishadi.

 

Nega bularning mehnati koʻrinmas ekan? Boshqa tashkilotlar madaniyat sohasidan uch baravar koʻp oylik va imtiyozli uy-joy olyapti. Ularning shoxi bormi? Nega ularni gapirishmaydi? Teatr va madaniyat markazlarida ba’zi xodimlar 900 ming soʻm oylik olishadi. Shu maoshni ham ba’zida oʻz vaqtida ololmaydi. Rahbariyat xodimlarning oyligi ham boshqa tashkilotnikidan uch barobar kam. Ular qanday qilib uy olishadi? Qanday qilib oilasini boqishadi? Boʻldi-da endi, gʻiybatlarni bas qilinglar! Ularni ham yashashga haqi bor-ku! Hali chiqmagan qarorlar uchun shuncha malomat”, deydi u.

 

Madaniyat sohasi faqat ashulachilardan iborat emas

 

Uzoq yildan buyon madaniyat sohasini yoritib keluvchi jurnalist Gulchehra Umarova ham mazkur bahslarga qoʻshildi.

 

 

“45 yildan buyon madaniyat sohasini yoritib kelaman. Toʻyga hamma ham chiqmasligini, asosiy madaniyat xodimlarining ahvoli qandayligini yaxshi bilaman. Madaniyat, sanʼat sohalari faqat ashulachilardan iborat emas-ku. Keyin ularning hammasi ham toʻyda yurgani yoʻq. Teatrda ishlaydiganlarning ahvoli ham shu. Nechta teatr artisti toʻyma-toʻy yuribdi? Barmoq bilan sanarli-ku. Orkestrlar haqida-ku gapirmay qoʻya qolaylik. Bir guruh toʻychilar uchun hamma madaniyat va sanʼat xodimlarining ustiga axlat agʻdarishga haqlimizmi?

 

Bayram va tadbirlarda qanchadan-qancha madaniyat va sanʼat vakillari ter toʻkib xizmat qiladi. Shularning har birida katta-katta uchastkalar, million-million pullar borligini aniq bilishadimi yo hammalarining uylariga borib koʻrib kelishganmi? Xuddi boshqa sohalar xodimlarining hammasi bechora-yu madaniyat va sanʼat ahli yulgʻich, poraxoʻr zodagonlarmi? Mavzu topilsa boʻldi, bilsa-bilmasa hamma aqlli boʻlib ketadi”, deb izoh qoldirgan Umarova.

 

Ayrim san’atkorlar arang non-choy qilib yashaydi

 

Jurnalist va ijtimoiy tarmoq Chori Latipov ham barcha sanʻat vakillari ham toʻylardan daromad olmasligini taʻkidlaydi.

 

 

“Sanʼat ahlining maʼlum foizigina toʻy va boshqa tadbirlardan daromad qiladi, asosiy qismi arzimagan maosh bilan ishlashini kim bilmaydi? Kim teatr aktyorini toʻyiga chaqirib rol oʻynatib pul beryapti? Yoki bironta toʻyda opera va balet qoʻyilyaptimi? Yo qoʻgʻirchoq teatri boryaptimi toʻyga? Mumtoz qoʻshiqchilarimizning toʻy bozori chaqqonmi? Oshgayam faqat mashhurroq hofizlar aytiladi, xolos. Xullas, madaniyat sohasida kattagina qatlam maoshni kutib, arang non-choy qilib yashaydi. Bundan koʻz yummaslik kerak.

 

Bu yerda ikkinchi masala bor: ana shu negativlarga sabab boʻlayotgan toʻyma-toʻy yurib falon pul olayotganlarning daromadi hech joyda qayd etilmaydi. Shu boisdan bu berilgan imtiyozlarga shular ega chiqib ketishining oldini olish kerak. Mana, bu negativga sabab boʻladigan masala”, deydi u.

 

Madaniyat vazirligi munosabati

 

Ikki kunlik bahs-munozaralardan soʻng Madaniyat vazirligi ham munosabat bildirdi va fuqarolarda san’at sohasi vakillari sha’ni hamda qadr-qimmatini kamsitish yoki yolgʻon, sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish kabi huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymagan holda qonunchilik hujjatlari yuzasidan asoslangan taklif va mulohazalar bildirishni soʻradi.

 

 

“Bugungi kunda madaniyat va san’at sohasida 36 mingdan ortiq xodimlar faoliyat olib boradi. Ulardan 850 nafardan ziyodi oliy ta’lim tizimida, 2500 nafari oʻrta va oʻrta maxsus ta’lim tizimida, 12 ming nafardan ortiq oʻqituvchilar bolalar musiqa va san’at maktablarida, 9 ming nafardan koʻproq murabbiylar madaniyat markazlarida, 6 ming nafardan ortiq ijodkorlar teatr va sirk sohasida, 2 900 nafardan ortiq san’atkor va ijodkorlar konsert-tomosha sohasida mehnat qilib kelmoqda.

 

Qolaversa, xalqaro miqyosdagi koʻrik-tanlovlar va festivallarda yuqori oʻrinlarni egallab, Vatanimiz nomini ulugʻlashga hamda madaniyat va san’at sohasi rivojiga katta hissa qoʻshayotgan madaniyat va san’at sohasi vakillarining aksariyati uzoq yillardan buyon oilaviy yotoqxonalarda va ijara uylarda yashab kelishmoqda.

 

Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda iddao qilinayotganidek, madaniyat va san’at sohasi vakillarining hammasi ham bir xilda toʻy-hasham, tugʻilgan kun va yoki boshqa tadbirlarda xizmat koʻrsatish, qoʻshimcha daromad topish imkoniyatiga ega emas. Lekin shunga qaramay, ular oʻz kasbiga mehr qoʻyib, fidoyilik bilan mehnat qilmoqda”, deyiladi vazirlik munosabatida.

 

 

Shahnoza TO‘RAMURODOVA,

Oyina.uz

 

 

 

 

 

1 Izoh

Shahida

09:11 / 11.11.2023

Madaniya va san'at xodimlariga teatrlarda faoliyat ko'rsatayolayotgan barcha xodimlarga subsidiya asisida uy joy bersalar xursand bo'lardilar

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15752
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi