“Qora Stalin” yoxud “qizil Negus”. Oʻz xalqi genotsidini uyushtirgan afrikalik sotsialist – Hayle Mengistu


Saqlash
11:11 / 14.11.2023 565 0

Dunyo tarixida nafaqat boshqa millatlar, balki oʻz xalqini qirgʻin qilgan yetakchilar ham anchagina. Ulardan eng mashhurlari: Salot Sar, Stalin, Mao Szedun sotsialistik-kommunistik gʻoya tarafdorlari edi. Mamlakatda sotsializm oʻrnatishga uringan, bu yoʻlda millionlab insonlar oʻlimiga sababchi boʻlib, oʻz millati genotsidini uyushtirgan yana bir sotsialist-rahbar Efiopiya prezidenti Hayle Mengistu Mariam edi.

 

“Qora Stalin”

 

Efiopiyani 1977-1991-yillarda boshqargan Hayle Mengistu Mariamni dunyodagi eng shafqatsiz yetakchilardan biri deyish mumkin. Hokimiyat tepasiga harbiy toʻntarish orqali kelib, mamlakatda diktatura va kommunistik tuzum oʻrnatgan, ichki qabilaviy urushlarni ragʻbatlantirib, muxolifatga qarshi “qizil terror” oʻtkazgan Mengistu koʻp jihatdan SSSRning qonxoʻr rahbari — Stalinni eslatadi. Efiopiya tirani ushbu xunrezliklarida aynan SSSR yordamiga suyangandi. Afrikada kommunizmni tarqatishga uringan sovet davlati Mengistuni har tomonlama qoʻllab-quvvatladi va bu qoʻllov toʻxtaganda Efiopiya diktatorining siyosiy umri ham tugadi.

 

Hayle Mengistu

 

Hayle Mengistu Afrikaning eng sirli rahbarlaridan biri boʻlib, uning haqiqiy shaxsiy biografiyasi nomaʼlum, faqatgina davlat tomonidan eʼlon qilingan rasmiy versiya mavjud. Ushbu versiyaga koʻra, Efiopiyaning boʻlajak prezidenti 1937-yilda mamlakatning Harari viloyatida, harbiy oilasida tugʻilgan.

 

Maktabni amallab bitirgan Hayle obroʻli qarindoshlari yordami bilan harbiy akademiyaga oʻqishga kiradi. 1966-yilda Efiopiya armiyasi safida yosh leytenant — Hayle Mengistu Mariam paydo boʻladi. Yana oʻsha qarindoshlar aralashuvi bilan yosh leytenant jangovar boʻlinmalarga emas, saroy xavfsizlik kuchlari safiga qabul qilinadi (Efiopiya bu paytda qirollik edi) va bir yildan soʻng AQSHga, qayta tayyorlov kursiga joʻnatiladi.

 

Uch yildan koʻproq vaqt davomida Amerikada boʻlgan Mengistu 1970-yilda vataniga qaytadi hamda Ogaden viloyatida joylashgan Efiopiya armiyasining 3-diviziyasi tarkibiga kelib qoʻshiladi. Ushbu diviziya qoʻmondoni Aman Andom juda mashhur komandir boʻlib, oʻz vaqtida Mussolini Italiyasi bosqiniga qashi kurashgandi. Andom keyinchalik (1974-yilda) Efiopiyada davlat toʻntarishi uyushtiradi va mamlakatda repressiyalarni kuchaytirgan qirol Xayle Selassie I hukmronligiga barham beradi. Andom boshchiligidagi harbiy xunta hokimiyatni oʻz qoʻliga oladi va Mengistu Andomga yaqin boʻlgan harbiylardan tashkil topgan yangi boshqaruv qoʻmitasi tarkibiga kiradi.

 

Hokimiyat qoʻlga kiritilgach, endi harbiylar oʻrtasida yetakchilik uchun kurash boshlanadi. “Sahro arsloni” laqabi bilan tanilgan Aman Andom yosh general Teferi Benti va Hayle Mariam tomonidan “taxtdan” qulatiladi.

 

 

1974-yil 23-noyabr kuni Mengistu 59 nafar sobiq Efiopiya aristokratlarini qatl qilish haqida buyruq beradi. Andom bu qirgʻinni qoralaydi va shu kuni tunda shogird oʻz ustozini oʻldirish uchun uning uyiga bostirib boradi. Ikki soatlik otishmadan soʻng Aman Andom oʻldiriladi.

 

Mengistu sobiq komandirini oʻldirgach hokimiyat choʻqqisi tomon yurishni jadallashtiradi. Oradan uch oy oʻtib, 1975-yilning fevral oyida Mengistu harbiy qoʻmita yigʻilishida general Benti va uning tarafdorlarini shaxsan oʻzi otib tashlaydi. Shundan soʻng Hayle Mengistu Mariam Efiopiyada mutlaq hokimiyatga ega boʻladi.

 

SSSR bilan yaqinlashuv va “qizil terror”

 

Amerikaliklar Efiopiyaning yangi hukumatiga ishonchsizlik bilan qaraydi. Vashingtonga Mengistuning terror siyosati yoqmaydi. Yosh diktator oʻziga Sharqdan ittifoqchi qidirishga majbur boʻladi va fokusni Pekinga qaratadi, ammo hali endi rivojlanayotgan Xitoy tashqi siyosatida unchalik faol emas edi. Qolaversa, Xitoyning imkoniyatlari ham cheklangandi.

 

Natijada tashqi hamkor sifatida SSSR tanlanadi. Mengistu Kreml bilan muzokaralarga jiddiy eʼtibor beradi va 1977-yil Moskvaga tashrif buyuradi. Sovet rahbariyati Mengistu boshliq Efiopiyani kommunizmning dunyo boʻylab tarqalishidagi yangi bosqich oʻlaroq koʻradi. Addis-Abeba Moskvadan ham moliyaviy, ham maʼnaviy, ham harbiy dastak olishni boshlaydi.

 

Qudratli “doʻst”ga ega boʻlgach Mengistu muxolifatga qarshi terrorni kuchaytiradi.

 

Hayle Mengistu Brejnev bilan birga

 

Efiopiyada hokimiyat tepasiga harbiylar kelgach mamlakatda ikki partiya katta mavqega ega boʻladi, birinchisi Efiopiyaning asosiy tub xalqlaridan biri boʻlgan amhara xalqi manfaatlarini aks ettiruvchi “Efiopiya Xalq inqilobiy partiyasi” (EXIP) edi. Ikkinchi yirik partiya “Butun Efiopiya sotsialistik harakati” (BESH) boshqa bir tub xalq — oromolar manfaatlarini himoya qilardi. Ushbu ikki qabila Efiopiya aholisining asosiy qismini tashkil qilgan va tez orada ular oʻrtasida qonli kurash boshlangan. Mengistu ushbu qarama-qarshilikda “Butun Efiopiya sotsialistik harakati”ni qoʻllab-quvvatlaydi va bu EXIP noroziligiga sabab boʻladi.

 

EXIP Mengistuning hayotiga ikki marta suiqasd uyushtiradi, ammo har ikkala urinish muvaffaqiyatsiz tugaydi. Yosh diktator bu suiqasdlarga qatagʻonlar bilan javob beradi. 1977-yilning aprelida Efiopiyada “qizil terror” boshlanadi, oʻn minglab amharalar qamoqqa olinadi, minglab insonlar esa otib tashlanadi.

 

Qirgʻindan oromolar ham chetda qolmaydi. “Qizil terror” boshlangandan koʻp oʻtmay BESH partiyasi homiysi, podpolkovnik Atnafu Abbate qatl etiladi, ushbu partiya aʼzolari ham terror mashinasi qurboniga aylanadi.

 

Mamlakat sharqida “Eritreya ozodlik harakati” ham faollashib, mustaqillik uchun kurash avj oladi. Mengistu SSSR yordami bilan ushbu harakatni ham qonga botiradi.

 

1977-1980 yillardagi Efiopiya 1935-1940 yillardagi SSSRni esga solardi. Mamlakatda toʻxtovsiz hibsga olishlar, sudsiz qatl va surgun qilish, oʻnlab odamlarni yashirin tarzda koʻmib yuborish odatiy holga aylangandi.

 

Ushbu fojialardan soʻng Efiopiyada Mengistu “qizil negus” (negus — Efiopiya imperatorlarining qadimiy unvoni), “qora Stalin” yoxud shunchaki “efiopiyalik qassob” deb atala boshlanadi. Hisob-kitoblarga koʻra, Mengistu hukumati Efiopiyada ikki million inson oʻlimida aybdor.

 

 

Mengistu oʻzi oʻtkazgan genotsidni juda oddiy tushuntirgan. “Afrikalik Stalin”ning fikricha, uning davrida sodir boʻlgan voqealar qirgʻin emas, balki sinfiy kurashdir.

 

Somali bilan urush

 

Hayle Mengistu sotsializmga vaqtida oʻtib olgandi. SSSR Siyosiy byurosi aʼzolari bilan tanishuvdan koʻp oʻtmasdan, Efiopiya qoʻshnisi Somalining xiyonatkor hujumi qurboni boʻldi. Afrika sharqidagi boshqa bir davlat rahbari Muhammad Siad Barre mamlakatda sotsializm qurishni biroz oldinroq boshlagan, ammo yangi sotsialist qoʻshnisining zaifligini koʻrib, Buyuk Somali (ushbu gʻoya somali xalqi yashovchi barcha hududlarni bir davlatga birlashtirishni nazarda tutadi) orzusini amalga oshirishdan oʻzini toʻxtata olmagandi.

 

1977-yilda Siad Barre Buyuk Somali gʻoyasining bir qismi hisoblanuvchi Efiopiyaning Ogaden viloyatini oʻz davlatiga qoʻshib olish uchun qoʻshni mamlakat hududiga bostirib kiradi. Somali qoʻshinlari mahalliy aholi yordami bilan muvaffaqiyatli harakat qilib, viloyatdagi asosiy shaharlarni egallab oladi.

 

Ogaden urushi. 1977-yil

 

SSSR rahbariyati qiyin tanlov qarshida qoladi. Ular ushbu urushda sotsializm yoʻlini tanlagan ikki Afrika davlatidan birini dastaklashi lozim edi. Oxir-oqibat Kreml Mengistuda koʻproq istiqbol koʻradi va Efiopiyaga sovet qurollari hamda harbiy mutaxassislari oqib kela boshlaydi. SSSRdan tashqari Kuba va Janubiy Yaman ham Addis-Abebaga harbiy koʻmak koʻrsatadi. Efiopiya qoʻshinlari soni qisqa muddatda 10 mingdan 300 mingga koʻpaytiriladi. Armiyada qattiq intizom oʻrnatiladi, buyruqsiz oʻz pozitsiyasini tark etgan askarlar dezertir hisoblanib, oʻsha joydayoq otib tashlanadi.

 

Sovet va Kuba harbiy mutaxassislari hamda ofitserlari urushda hal qiluvchi rol oʻynaydi. Ularning xizmatlari evaziga 1978-yilda Efiopiya armiyasi mamlakatning barcha bosib olingan hududlarini Somalidan qaytarib oladi. Muhammad Barre tinchlik sulhi soʻrashga majbur boʻladi.

 

Eritreyaning qonga botirilishi

 

Somali ustidan qozonilgan gʻalabadan ilhomlangan Mengistu armiyani sharqqa yoʻnaltiradi. SSSRning zamonaviy qurollari bilan qurollangan Efiopiya armiyasi mustaqillik uchun kurashayotgan Eritreya partizanlariga qarshi operatsiyalar boshlaydi. Biroq mahalliy aholi efiopiyaliklarga samarali qarshilik koʻrsatadi, har ikki tomon katta qurbonlar beradi. Toʻqnashuvlarga hatto SSSR ham bevosita qoʻshiladi.

 

Hayle Mengistu va Nelson Mandela. Addis-Abeba, 1990-yil

 

Ikki yildan ortiq davom etgan urush 80 ming eritreyalik hayotiga zomin boʻladi. Lekin Mengistu Eritreya masalasida hech qanday yutuqqa erisha olmaydi, eritreyaliklar kurashni davom ettiradi.

 

Qochish

 

Mariam Hayle Afrikada yangi SSSRni qurgandi. Efiopiyada kollektivlashtirish, milliylashtirish, milliy sanoatni yaratish va diniy mutaassiblikka qarshi kurashish kampaniyasi olib boriladi. Mamlakatdagi barcha odam Xitoydagi kabi koʻk forma kiyib yurishga majbur qilinadi.

 

1980-yillarning oʻrtalarida Afrika shimolida qurgʻoqchilik boshlanib, Efiopiya humanitar falokat yoqasiga kelib qoladi. Hayle Mengistu xalqaro maydondagi obroʻsi tushishiga yoʻl qoʻymaslik uchun, mamlakatni butun dunyodan “temir parda” bilan uzib qoʻyadi. Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar shoshilinch ravishda oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilishga emas, harbiy toʻntarishning oʻn yilligini tantanali tarzda nishonlashga sarflanadi.

 

Millionlab odamlar qurgʻoqchilik va u olib kelgan ocharchilik sabab halok boʻladi. Efiopiyada Mengistudan norozilik kayfiyati oʻsib boradi, unga qarshi kuchlar “Efiopiya xalqlarining inqilobiy demokratik fronti”ga (EXIDF) birlashadi.

 

1989-yilda bir guruh ofitserlar diktatorga qarshi muvaffaqiyatsiz suiqasd uyushtiradi. Fitnada ishtirok etgan barcha 12 ofitser shafqatsizlarcha qatl qilinadi. Mengistu asta-sekinlik bilan boʻlsa-da, mamlakat ustidan nazoratni yoʻqotadi. Viloyatlar markaziy hokimiyatga boʻysunmay qoʻyadi va tartibsizlik boshlanadi. “Qayta qurish” boshlangach SSSR ham Mengistuga yordam bermay qoʻyadi. Oqibatda oziq-ovqat va oʻq-dorilarning bepul taʼminoti uzilib qoladi.

 

Hayle Mengistu va Fidel Kastro. Addis Abeba

 

1990-yilda SSSR rasman Efiopiyaga barcha shakldagi yordamni toʻxtatadi. Shundan soʻng Hayle Mengistuning hukmronligi uzoq davom etmaydi. EXIDF kuchlari poytaxt tomon yurishni kuchaytiradi. 1991-yil 21-may kuni Mengistu Addis-Abebadan qochib ketadi va bir necha kundan keyin poytaxtga EXIDF kuchlari kirib keladi. Sobiq diktator avval Keniyaga, u yerdan boshqa bir Afrika diktatori Mugabe yoniga, Zimbabvega qochib oʻtadi.

 

Mugabe efiopiyalik hamkasbiga yaxshi sharoit yaratib beradi, Mengistu poytaxt Harare yaqinidagi villada yashaydi va Zimbabve prezidenti maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi. Biroq sobiq diktator bu yerda hech narsa boʻlmagandek yashashi mumkin emasdi. Uning hayotiga bir necha marta suiqasd uyushtiriladi, vatanida u sirtdan oliy jazo — oʻlimga hukm qilinadi.

 

 

Mugabe hokimiyatdan ketgach (2017-yil) Mengistuni Efiopiyaga ekstraditsiya qilish masalasi ham tez-tez koʻtarilmoqda. Addis-Abeba uni oʻz xalqi genotsidida ayblaydi va bir necha bor Zimbabvedan uni ekstraditsiya qilish boʻyicha soʻrov yuborgan. Ammo millionlab insonlar oʻlimida aybdor boʻlgan “qora Stalin” haligacha oʻz qilmishlari uchun qonun oldida javob bergani yoʻq.

 

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

14:05 / 21.05.2024 0 192
Layk gadolari yoxud xatarli inkubator





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19480
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16908
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi