O‘roq-bolg‘ani Humo qushiga, “proletar ta’limoti”ni ma’naviyat g‘oyasiga almashtirish bilangina rivojlanib bo‘lmaydi – san’atshunos Aleksey Ulko kinosanoatining bugungi ahvoli haqida


Saqlash
12:11 / 16.11.2023 772 0

San’atshunos Aleksey Ulko bilan suhbat

 

Sizni ko‘pqirrali ijodkor deb bilamiz: tilshunos, san’atshunos, yozuvchi, madaniyatshunos, munaqqid. Ilmiy va ijodiy qiziqishlaringiz doirasi keng va rang-barangligi e’tirofga loyiq. Bir muddat oldin “O‘zbek tili faqat o‘zbeklar uchunmi?” degan maqolangiz ijtimoiy tarmoqlarda yaxshigina bahs-u munozara uyg‘otgan edi. Ruscha so‘zlasangiz-da, o‘zbek tilining jamiyatdagi o‘rni va istiqboli xususida kuyunib yozganingizdan sizga hurmatim ortgan edi o‘shanda. Maqolangizda davlat tilining maqomini oshirish bo‘yicha taklif, mulohazalarni ilgari surgansiz. Jumladan, o‘zbek tilining hozirgi maqom-rutbasini baholash uchun lingvistik tadqiqotlar o‘tkazish lozimligini ta’kidlagansiz. Sizningcha, bunday tadqiqotlar qay shaklda o‘tkazilgani ma’qul?

 

Avvalo, kamtarona izlanishlarimga yuqori baho berganingizdan mamnunligimni bildirsam. Ma’lumki, har qanday voqea­hodisaning mohiyatiga yetish uchun birinchi navbatda uni teran tadqiq qilmoq talab etiladi. Tilning jamiyatdagi rolini belgilash bo‘yicha ham turli usullar mavjud. Ular til taraqqiyotining qonuniyatlari va tendensiyalarini aniqlashga xizmat qiladi. Ilmiy ma’lumotlar til bobida muhim qarorlar qabul etishda ham asqatadi.

 

Mamlakatimiz misolida oladigan bo‘lsak, aholining turli qatlamlari orasida keng tarqalgan o‘zbek, rus, tojik, qoraqalpoq va boshqa tillarga doir savollarga oydinlik kiritish lozim. Odamlar qay vaziyatda qay tildan foydalanadi? O‘zga tillar qanchalik puxta o‘zlashtirilgan? Bu borada kim faolroq: mahalliy xalqmi yoki xorijliklar? Shu tariqa til vositalari va nutq uslublarini tanlashga ta’sir etuvchi turfa omillarni (yosh, jins, ma’lumot, kasb, mintaqa va hokazo) o‘rganish mumkin.

 

Hozir yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda faol. Xo‘sh, ular orasida qaysi alifbo ko‘proq urfda: lotinmi yo kirill? Ular imloni tekshirish uchun so‘zlashuv va dialektal shakllarga murojaat qiladimi yoinki elektron lug‘atga? Bugun anchagina eskirayozgan SMS davridagi kabi harf va timsollarni (piktogrammalar) ishlatishga ehtiyoj bormi?

 

Kunlarning birida telefonimga Waxlowa ismli qizdan xabar keldi. Avvaliga “Xat muallifi Polshadanmikan?” deb o‘ylab qoldim. Uning ismi nima ekan: Vakslova... Vasilya... Ma’lum bo‘ldiki, ayrim yoshlar yozma nutqda lotin alifbosidagi “sh” harfini inglizcha “w”ga almashtirarkan. Noma’lum qizning ismi Shahlo bo‘lib, rus tilidagi “-sha” kichraytirish qo‘shimcha qo‘shilishi natijasida “Shahlosha” degan antiqa nom yasalibdi. Alhol, chni 4, o‘ni 6 raqami bilan ifodalash SMS orqali ko‘p muloqot qilgan avlodning yozma nutqiga xos bo‘lsa, bugun yana alomat qisqartmalar o‘ylab topilmoqda. O‘zbekiston aholisining salmoqli qismini o‘smirlar va yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, jillaqursa, ular o‘zaro muloqot uchun tilning qaysi shaklini istifoda etishini bilish lozim. Zamon o‘zgarishlari Abdulla Qahhor takomilga yetkazgan til me’yorlariga muvofiq kelmasligini aytib, quruq zorlanishdan esa naf yo‘q.

 

Ichki va tashqi omillar ta’sirida tilning lug‘at boyligi, grammatika va fonetikasidagi tarixiy o‘zgarishlar dinamikasini kuzatish ham muhim ahamiyat kasb etadi. “Tarixiy” deganda men so‘nggi o‘nyilliklarni nazarda tutyapman. Istiqlol yillari o‘zbek tili qay darajada o‘zgardi? Turli hududlar, yosh guruhlari va ijtimoiy qatlamlar bir-birini qanchalik tushunmoqda? Deylik, chimboylik fermer poytaxtning M-1 mavzesida yashovchi o‘smir bilan bemalol gurunglasha oladimi? Sirasini aytganda, til siyosatini ishlab chiqishda uning turg‘un hodisa emasligi, balki ijtimoiy jarayonlar ta’sirida mudom o‘zgarib turishini anglash lozim bo‘ladi.

 

Til siyosati nima? Bu – muayyan jamiyat yoki davlatda lisoniy xilma-xillikni tartibga solish va boshqarishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir. Agar siz bu borada barkamol siyosat yuritmoqni istasangiz, tillarni etnik mansublik, millat, din, sinf, jins, yosh, daromad va ta’lim darajasi, oila tarkibi va boshqa ijtimoiy omillarga bog‘liq holda va eng muhimi, sotsiolingvistik asosda o‘rganishingiz kerak. Shu yo‘l bilangina mamlakatdagi turli guruhlarning haqiqiy ehtiyoj va manfaatlaridan voqif bo‘lish, til siyosatining oqibatlarini bashorat qilish mumkin.

 

Har qanday mamlakat uchun lisoniy siyosatning ustuvor mezoni – davlat tili masalasidir. Kanadada ikkita, Shveysariyada to‘rtta, Janubiy Afrika Respublikasida o‘n bitta til rasmiy maqomga ega. Ammo Buyuk Britaniya va AQShda qonunan belgilangan davlat tili yo‘q. Vaholanki, ingliz zaboni bu yurtlarda nechog‘li muhim o‘rin tutishi kundek ravshan. Men doimo O‘zbekistonda yagona davlat tili – o‘zbek tili bo‘lishi kerak deb hisoblaganman. Boisi rus, tojik, qoraqalpoq, hatto ingliz tilida so‘zlashuvchilarga uni istifoda etish, qolaversa, ta’lim olish uchun zarur shart-sharoit yaratilgan.

 

To‘g‘ri, bu umumiy manzara, jamiyatda esa goh oshkora, goh yashirin ziddiyatlar bo‘lishi tabiiy. Yodingizda bo‘lsa, 1990-yillari O‘zbekistonda rus tilini o‘qitish va qo‘llashni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shunga qaramay, bu tilga bo‘lgan ehtiyoj ancha yuqori bo‘lib qolayotir. Boyagi islohotdan esa etnik ruslar va shaharning qo‘shtilli ziyolilar elitasi emas, aholining kambag‘al va omi qatlami jabr ko‘rdi. Aynan shu guruhga mansub yurtdoshlarimiz Rossiyada kezi kelganda og‘ir va nobop sharoitlarda mehnat qilib daromad topayotgani sir emas. Musofir yurtda “ikkinchi sort” deya kamsitilishning asosiy sabablaridan biri til bilmaslikdir.

 

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Bugun mamlakatimizda rus tilidagi teleko‘rsatuv, veb-sayt va ijtimoiy tarmoq kanallari hamma uchun birdek ochiq, lekin, afsuski, ayrim axborot kanallari auditoriya ong-u shuurini zaharlaydigan, tajovuzkorlik va yolg‘onga yo‘g‘rilgan “yovvoyi targ‘ibot” bilan shug‘ullanmoqda. Keyingi yillarda O‘zbekistonda rus tili qamroviga daxl qilmaslik ehtimoliy ziddiyatlarning oldini olib, hududlarda ushbu til mavqeining mustahkamlanishiga xizmat qildi. Ammo rus tilidagi milliy mediakontentni tayyorlashga e’tiborsizlik qilganimiz (bir necha gazeta va internet sayti yetarli emas), boz ustiga, Shimoldan kelgan propaganda oqovasining yo‘li to‘silmagani yana bir karra mustamlaka asoratlarini yuzaga chiqardi. Buning noxush oqibatlari bilan uzoq vaqt kurashmasak edi...

 

Ilmiy izlanishlaringiz asosan postkolonial davr san’atiga bag‘ishlangan. Suhbatlardan birida “San’at va barcha madaniyat sohalari murakkab kolonial, postkolonial va dekolonial uchburchak ichida yashaydi”, degan edingiz. Chindan ham, har qanday san’at turini shu formulaga solish mumkin. Postkolonial tafakkurdan xalos bo‘lish, ya’ni mustabid zamon qoliplarini sindirib, erkin fikr-qarashlarni ilgari surish adabiyot-u san’atni har jihatdan yuksaltiradi. Biroq inkor etilmas haqiqat shuki, turfa cheklov va tazyiqlarga qaramay, tobelik zamonida ham durdona asarlar yaratilgan-ku! Bu sirada o‘zbek teatr va kino san’atining sovet davridagi yutuqlarini e’tirof etmaslik insofdan emas. Garchi mustaqillikka erishganimizdan keyin ijodiy erkinlik keng quloch yozgan esa-da, avvalgi film va spektakllar hamon etalon bo‘lib qolayotganini inkor etamizmi? Ikki tuzum o‘rtasidagi murakkab ziddiyatlarni tadqiq etuvchi, ulug‘ adib Chingiz Aytmatov ta’biri bilan aytganda, “jungjanglar va manqurtlar munosabatlarini o‘rganuvchi ilmiy yo‘nalish” – postkolonial nazariya bu holni qanday izohlaydi?

 

Sovet va postsovet davrlari san’atini bir-biriga muqoyasa etib, sifat borasida xulosa chiqarish, menimcha, bahstalab masala. Chunki siyosiy va madaniy jarayonlar har doim ham zamonga mutanosib kelavermaydi. Dunyo tan olgan Kandinskiy, Malevich, El Lisiskiy, Rodchenko kabi avangard rassomlar, Eyzenshteyn, Meyerxold, Nemirovich-Danchenko singari teatr hamda kino ijodkorlari va yana talay shoir-yozuvchi, faylasuflar ilk sovet davrida ta’lim oldi va ijodiy barkamollikka erishdi. Bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelib, o‘z madaniy islohotlarini amalga oshirdi, albatta. Ammo san’at sohasidagi qudratli islohotchilik harakati sho‘ro tuzumi o‘rnatilishidan ancha muqaddam boshlangan edi. Ilm-u ijoddagi inqilobiy islohotlar esa keyinroq sovet rejimi tomonidan barbod etildi.

 

Markaziy Osiyodagi ma’rifatparvarlik harakati namoyandalari – jadidlar boshiga ham shunday musibat yog‘iladi. 1920-yillarga kelib, aksar jadidlar islohotning o‘ziga xos variantini taklif qilgan sovet hukumati bilan murosaga borgandek edi. Ularning ayrimlari hatto qisqa muddatda ko‘zga ko‘ringan siyosiy arbobga aylanadi. Biroq jadidlar, baayni rus modernist rassomlari kabi, tezda sovet hukumati nazaridan qoladi. Alal­oqibat qattol tuzum ularni jisman mahv etadi.

 

Sobiq imperiya xarobalarida unib chiqqan modernistik san’atning baravj rivojini bolsheviklar hukumatining xizmati deb baholash qanchalik to‘g‘ri? Boshqa tomondan, sovet hokimiyatini yakkash chorizmning mustamlaka siyosatidan-da shafqatsizroq usullarni qo‘llagan tuzum o‘laroq qabul qilish nechog‘li haqiqatga mos? Ehtimol, uning musbat-u manfiy qutblari bo‘lganiga e’tibor qaratish kerakdir?

 

Sovet Ittifoqi nainki mustamlakachi imperiya, balki sotsialistik loyiha ham edi. Binobarin, bu davlat ilk bosqichda yangi shaxs va yangi jamiyatni yaratishga astoydil harakat qildi. Ittifoq davrida san’at davlat senzurasi va targ‘ibotiga bo‘ysungani ma’lum, ammo shu bilan birga san’atkorlarni tarbiyalash va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun durust shart-sharoit hozirlangan edi.

 

Darhaqiqat, mustamlaka yillari durdona asarlar yaratildi, biroq bu tuzum temir qolip-u po‘lat andazalarni-da “ijod” etdi.

 

Murakkablik va mubhamliklarga qaramay, Markaziy Osiyo­da sovet davlati hukmronligi mustamlakachilik paradigmasiga to‘liq mos keladi deb hisoblayman. Qolaversa, koloniallik asoratlari boshqaruv usuli va munosabatlar tizimi sifatida qizil imperiya parchalanganidan so‘ng ham mintaqadan butkul yo‘qolmadi. Sirasi, mustamlakachilik asli murakkab tushuncha bo‘lib, sovet davrining siyqa qarashlari asosida unga sodda to‘n kiygizilgan, xolos.

 

Zamonaviy dunyoda kolonializm haqida so‘z borar ekan, uning turli ko‘rinishlarini hisobga olish kerak. Xonasi kelganda Hongkong o‘lkasi haqida ikki og‘iz to‘xtalsam. Buyuk Britaniya imperiyasi 1841-yilda Hongkongni bosib oladi. Inglizlar Xitoy bilan bitimga muvofiq 1997-yilgacha bu diyorda o‘z hukmfarmoligini saqlab qoladi. Britaniya boshqaruvi davrida Hongkong Osiyoning eng gullab-yashnagan va erkin mintaqalaridan biriga, dunyoning yirik savdo-moliya markaziga aylanadi. Hongkongliklar Xitoy aholisiga qaraganda ko‘proq huquq va erkinliklarga ega edi. Shu bilan birga, o‘lka madaniy-lisoniy o‘ziga xosligini ham saqlab qoladi.

 

1997-yilda Hongkong “Yagona davlat – ikki tizim” tamoyili ostida, 2047-yilga qadar muxtoriyat sharti bilan Xitoyga qaytariladi. Biroq Chin o‘lkasi o‘shandan buyon g‘irrom o‘yin qilib kelmoqda. Hongkongda demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligiga daxl etuvchi choralar qo‘llayapti, mafkura va qadriyatlarni zo‘rlik yo‘li bilan singdirishga urinyapti...

 

Mustamlakachilikning bir shaklidan boshqasiga o‘tish Hongkong ahli hayot tarziga qanday ta’sir ko‘rsatdi? Haq-huquq va erkinliklar masalasini qo‘yaturing, o‘lkaning ikki davrdagi iqtisodiyotini taqqoslab ko‘raylik. 1997-yilda Hongkongning yalpi ichki mahsuloti aholi jon boshiga taqsimlaganda 28.103 dollarni tashkil etgan edi. Bu Xitoydan (3.617 dollar) bir necha baravar, hatto Buyuk Britaniyadan (24.331 dollar) yuqori ko‘rsatkich. 2019-yilda esa YaIM 48.517 dollarga yetdi. Bu Xitoyning qolgan qismidan yuqori (16.804 dollar), Buyuk Britaniyadan esa (49.725 dollar) pastroq natija.

 

Demak, hongkongliklar ingliz mustamlakachiligidan ko‘ra sotsialistik tuzum istibdodidan ko‘proq aziyat chekyapti. Qolaversa, o‘lka aholisi erkinligi, madaniyati, o‘zligi va huquqlarini ham yo‘qotish xavfiga ro‘baro‘ kelgan. Bu misol mustamlakachilik vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradigan va turfa omillar bilan bog‘liq murakkab hodisa ekanini tasdiqlaydi.

 

Sovet davridagi o‘zbek san’ati masalasiga qaytsak.

 

Zamonaviy falsafaning spekulyativ realizm yo‘nalishi asoschilaridan biri Grem Harman “Immaterializm. Obyektlar va ijtimoiy nazariya” degan kitobida durdona asarlar asosan muayyan davr ibtidosida yaratilishining sabablarini quyidagicha izohlaydi: “Har bir davrning muqaddimasida biz yangi va o‘zgacha voqelikka duch kelamiz. Yangi obyektlar yoki usullar mavjud hayot shakllari yoki nizom-tartibotga muvofiq kelmaydi va shu bois ziddiyatlar kelib chiqadi. Bu jarayonda bo‘y ko‘rsatgan ijodiy salohiyatni san’at, fan yoki siyosat durdonalari shaklida ro‘yobga chiqarish mumkin. Biroq vaqt o‘tishi bilan yangi obyektlar eski hodisalarga aylanib, jamiyatga singib-qo‘shilib ketadi, pirovardida shiddati va ohorini yo‘qotadi. So‘ng yaratuvchilik faoliyati va ijodiy quvvat susayadi. Shu bois davrlar intihosida aksar hollar takror va turg‘unlik kayfiyati hukm suradi”.

 

Olim o‘z fikrini dalillash uchun tarixning turli davrlaridan misollar keltiradi. Xususan, qadimgi yunon teatrining paydo bo‘lishi va rivojlanishi, Uyg‘onish davridagi nasroniylik va majusiylik, Ma’rifatparvarlik zamonidagi milliy davlatlar va mustamlakalar, XIX–XX asrlarda kapitalizm va ishchilar sinfi o‘rtasidagi keskin ziddiyatlarni tahlil qiladi.

 

Bu qonuniyat o‘zbek kinematografiyasining 1920–1960-yillardagi shakllanish bosqichiga ham taalluqlidir. Sovet mafkurasi bamisoli kinoijodkorlarning estetik, ijtimoiy va konseptual izlanishlarini “qadoqlovchi” uskuna vazifasini o‘tadi. O‘zbek kinosida izlanishlar davom etsa-da, kelajakda bu san’at qanday ko‘rinish kasb etishi mavhum edi. Natija esa ma’lum: milliy kinematografiyamizning cho‘qqisi deb baholanuvchi “o‘zbek poetik kinosi” vujudga keldi. Minglab kinoixlosmandlar hanuzgacha “Nafosat” va “Sevishganlar” filmlarini shirin sog‘inch ila tomosha qiladi. Holbuki, italyan kinosi ta’sirida yaratilgan bu filmlar, birinchidan, rus madaniyati negizida shakllangan sovet shahar madaniyatining g‘alabasini ko‘rsatdi; ikkinchidan, davr xotimasiga kelib, kinodagi izlanishlar turg‘un tus olganini namoyon etdi.

 

Fikrimcha, o‘shandan buyon o‘zbek kinosi qoliplarni sindira olmay halak: hind kinosining hajv va melodramasi nafasi ufurib turgan, sun’iy ideallarga to‘la filmlar, Hollivudning rus va qozoq nusxalariga taqlidan olingan kartinalar; buyuk tarixiy siymolarga qo‘lbola libos kiydirilgan polotnolar... Taassufki, kino san’atining yangi ifoda tilini izlash, janr ufqlarini kengaytirish, stereotiplarni parchalashga intilish ko‘rinmayotir. Bil’aks, kino maktabi turg‘un mezonlar, daqqi qoliplardan xalos bo‘la olmayotir. Shunday ekan, bir marta ko‘riboq unutiladigan, ikki tomchi suvdek o‘xshash kinoyaratiqlar ko‘payib ketganidan ajablanmasak ham bo‘ladi.

 

– Suhbatimiz o‘zani kino mavzusiga burildi. Ommabop va qudratli san’at turi bo‘lmish kinematografiya qizil imperiya tanazzulidan so‘ng Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun madaniy muhitga yangi nafas olib kiruvchi, ham mafkuraviy, ham tijoriy siyosatni amalga oshiruvchi asosiy vositaga aylangani sir emas. Sobiq tuzum davrida Markazdan idora etilgan ekran san’ati yosh mustaqil davlatlarda alohida sanoatga aylana bordi. O‘zbekistonda ham davlat kinostudiyalaridan tashqari xususiy shirkatlarga keng yo‘l ochildi. Natijada, film deganlari shu qadar bodrab ketdiki, taniqli aktyorlardan biri hindlarning kunda-kunora film ishlab chiqaruvchi Bollivudiga qiyosan “Toshkent Osiyovudga aylandi” degan edi kinoya bilan. Gap aylanib sizning zamonaviy O‘zbekiston kinosida postkoloniallik muammosi, ezoterik va eksperimental filmlarga oid tadqiqotlaringizga borib taqalmoqda...

 

– Kinosan’atimiz mustamlaka asoratlaridan butunlay xalos bo‘lgan demoqqa andak ikkilanadi odam. Gap hanuz sovet merosi milliy film uslubiga ta’sir etayotgani yoinki rejissorlarimiz rus kinosini tanqidiy baholashga jazm qilolmayotganida emas. To‘g‘ri, bizda tijoriy yo‘nalish favqulodda ommalashdi, biroq kinematografiyamiz taraqqiyoti va rang-barangligiga monelik qiluvchi muammolar hamon kun tartibida. Ular mamlakatning ta’sir ko‘lami, jamiyatning o‘yin-kulgi, ko‘ngil yozish ehtiyoji va qay yo‘sinda bo‘lmasin xalqaro muhitga moslashish istagi bilan bog‘liq. Mavzuga chuqurroq kirsak, ijtimoiy buyurtma, turli cheklovlar, ekzotizm singari boshqa jiddiy xavflar ham qilich yalang‘ochlab turganiga amin bo‘lamiz.

 

Ijtimoiy buyurtma deganlari mafkura quyushqonida filmlar yaratish, chuqur falsafiy va muammoli mavzulardan imkon qadar qochish, badiiy eksperimentni ochiqchasiga rad etish zaruratidek bo‘lib tuyuladi. Bu hol “shirpotreb” deb atalgan filmlarning urchishiga olib keladi. Keyingi yillarda suratga olingan kinokartinalarni ko‘rib, milliy kinoda havasaki melodrama va komediyalar hukmronligi boshlandimi, degan xayolga borasiz. Ularning aksarida jamiyatda ayollarning roli, ijtimoiy tengsizlikning sabab-oqibatlari borasida almisoqdan qolgan qarashlar targ‘ib qilinayotgani-chi!..

 

Davlat organlarining ijodiy erkinlikni cheklashga urinishi har doim ham jiddiy muammo bo‘lib kelgan. Gohida mansabdorlar “jamoat tartibi uchun nomaqbul yoki xavfli” deb hisoblaydigan sahna yoki dialog ham taqiqqa uchrashi mumkin. Taniqli rejissor Ali Hamroyev “Samarqandda qovun tarovati” badiiy filmi yuzasidan bildirilgan taklif, tuzatishlarning biryoqlamaligidan xunob bo‘lib yurdi. Yoki yaqinda o‘tkazilgan bolalar animatsiya festivalida filmlarning qay birini namoyish etish borasida maslahatgo‘ylar paydo bo‘lib qoldi deng. Ijod ahli o‘z lavozimini suiiste’mol qilishga moyil mansabdorlar bilan talashib-tortishishiga ham to‘g‘ri kelarkan-da!

 

Sovet hokimiyati yillar davomida san’at ahli boshida tegirmon toshi yurgizib kelgani ma’lum. Ayrim kinoasarlar senzuraga uchragan, taqiqlangan. Sho‘ro zamonida chalasavod yoki tamagir bir amaldor san’atkorning taqdiri borasida hukm chiqarishi, uni mukofotlashi yoki jazolashi mumkin edi. Mustabid tuzum amaliyoti hozir yo‘qolganmi? Taniqli kinorejissor Zulfiqor Musoqov bir intervyusida bunday sharoitda rejissor va kinodramaturglar o‘z-o‘zini senzura qilish yo‘liga o‘tishi, qo‘rquv va ehtiyotkorlik kuchayishi haqida kuyunib gapirgan edi.

 

Qiziq-da, nega ayrim rejissorlar murakkab, bahsli mavzularga qo‘l urmay, hamon eski qoliplarda film olmoqda? Nega yosh kinoijodkorlar dadil tajribaga qo‘l urishdan cho‘chib turibdi? Ilk qadamdanoq tijoriy kinoning yakrang syujetlariga ergashish sababi nima? Quyidagi epizod va kadrlarni topilma deb bo‘ladimi: Registon ustidan samolyot uchib o‘tmoqda; Ichanqal’ada rango-rang libosdagi qizlar raqs tushayotir; qadoq qo‘llar darz ketgan tandirga olov yoqadi; poytaxtlik yoshlar “Talgo” tezyurar poyezdida Samarqandga sayohatga otlanadi; badqovoq ona qizini qishloqlik yigitga turmushga bermoqchi emas; qiz qadimiy shahar xarobalariga qarab, ota-bobolari haqida xayol suradi; oshpaz bug‘i chiqib turgan qozondan issiqqina osh suzadi... Bularning bari o‘z-o‘zini ekzotik o‘lka deb taqdim etishdan boshqa narsa emas. Aksar kinoijodkorlar xorijlik mehmonlar izzati deya, milliy madaniyatimiz va turmush tarzimizni shunday zo‘raki usulda ko‘rsatishdan xijolat chekmayotir.

 

Nazarimda, nafaqat kinoda, jamiyatning boshqa jabhalarida ham mustamlakachilik stereotiplari ongga chuqur singib ketgani seziladi. An’analarning muqaddaslashtirilishi – alohida katta mavzu...

 

Mustamlakachilik birinchi navbatda qadriyatlar, qarashlar va e’tiqodda aks etishini unutmaslik lozim. Demak, sho‘rocha o‘roq-bolg‘ani Humo qushiga, “proletar ta’limoti”ni ma’naviyat g‘oyasiga almashtirish bilangina murod hosil bo‘lmaydi.

 

Jamiyat, ijtimoiy ong va san’at bir joyda to‘xtab turmaydi. Muayyan an’analar poydor bo‘lgan makonda yangi qarashlar, modernistik tafakkur yuzaga kelishi ayon. Ayniqsa, bugun odamzodning dunyoqarashi kun sayin o‘zgarib borayotir. Zamonaviy san’at shakl-u shamoyili, uslub va ifoda vositalarida ham muttasil yangilanish! Uzoqqa borish shart emas, so‘nggi yillarda qo‘shni mamlakatlar san’atida evrilishlar yuz berayotgani, novatorlikka intilish kuchayganini kuzatish mumkin. Ikki yil burun poytaxtimiz MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya mamlakatlarining teatr forumiga mezbonlik qildi. Tadbirning ilk kuni qozoq bovurlarimiz namoyish etgan “Qulager” nomli spektakl ko‘pchilikni hayratga soldi. Syujet afsonaga asoslangan, lekin rejissorning talqini mutlaqo o‘zgacha, aktyorlar mahorati, organikasiga ham qoyil qolasiz. Kamina birgina spektakldan misol keltirdim, xolos. Siz Samarqandda muqim yashasangiz-da, ko‘p dunyo kezasiz, qo‘shni davlatlarda o‘tgan anjumanlarda ham ma’ruza qilgansiz. Nainki O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo madaniy dunyosi, zamonaviy konseptual san’ati bilan yaxshi tanishsiz. Mintaqa san’atidagi yangilanishlarni qanday baholaysiz? An’anaviylik va modernizm o‘rtasida ziddiyat mavjudmi? Ehtimol, nekbin xulosa qilishga shoshayotgandirman...

 

– Markaziy Osiyo san’atida qiziqarli va ziddiyatli holatni ko‘rish mumkin. Qirg‘izistonlik me’mor do‘stim Ulan Japarov qayd etganidek, “Markaziy Osiyoda siyosiy birlik yo‘qdir, lekin barqaror ijodiy hamjamiyat mavjud”. Ijodiy hamjamiyatlar borligiga qaramay, san’at bobida mintaqalararo aloqalar u qadar mustahkam emas. Bishkek va Olmaota o‘rtasida madaniy robitalar saqlanib qolgan bo‘lsa, Toshkent ijodiy muhiti alohida rivojlanmoqda. Dushanbeda bir necha o‘n yilliklardan so‘ng yana turg‘unlik. Ashxobod haqida esa, afsuski, ma’lumot ko‘p emas.

 

E’tibor bering, men “Qirg‘iziston” yoki “Turkmaniston” emas, “Bishkek”, “Ashxobod” deb gapiryapman. Nega? Boisi, san’at bo‘yicha hukumat darajasida ishlab chiqilgan dasturlar hududlarning o‘zida amaliyotga joriy qilinadi, ya’ni mintaqamizda markazlashuv kuchli. Hozir Qozog‘istonda Olmaota shahri “madaniy markaz” maqomini yangi poytaxt Ostonadan olib qo‘yishga intilmoqda. Keyingi yillarda bizda ham Samarqand, Namangan singari yirik viloyatlarga alohida e’tibor qaratildi, ammo ularning rivojlanishi ham markazlashgan holda kechmoqda. Yurtimizda madaniyat va san’at yanada ravnaq topishi uchun mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash zarur. Bu borada ko‘p yillardan buyon Chimkentda o‘tkazib kelinayotgan “Qizil traktor” loyihasi yoki Konibodom shahri teatrini rivojlantirish loyihasini yodga olish mumkin.

 

Nazarimda, bugun Markaziy Osiyo mamlakatlarida ijod ahli qadriyatlar, milliy o‘zlikka haddan ziyod bog‘lanib qolishdan cho‘chib turibdi. Sababi, milliylikning mo‘rtligi ularni xavotirga solmoqda. Shu bois an’analarni zamonaviy uslubda talqin qilish, qadriyatlar va globallashuv fenomenini baqamti rivojlantirishga e’tibor kuchaygan. Siz boya eslagan “Qulager” spektakli 1938-yilda qatag‘onga uchragan shoir Ilyos Jansug‘urov pyesasi asosida sahnalashtirilgan bo‘lib, qozoq xalqi qahramoni Aqan Serining jasorati haqida hikoya qiladi. E’tirofingizga men ham qo‘shilaman, bu spektakl zamonaviy texnik vositalar, tovush, harakat va so‘z uyg‘unligida musiqiy-plastik tomosha, yaxlit badiiy obraz yaratishning go‘zal namunasidir.

 

Qozog‘iston zamonaviy san’at katta “eksport” salohiyatiga ega ekani, uni nazorat qilish emas, balki qo‘llab-quvvatlash zarurligini erta anglab yetdi. Albatta, bu mamlakatda ham o‘ziga xos shaklda senzura mavjud, lekin uning “chirog‘i” asosan ijodkorlar davlat hokimiyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri e’tiroz bildirganida yonadi. Aksar hollarda hukumat ijod ahli xohish-irodasini sindirmaslikka harakat qiladi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, izlanishlar olib borishga imkon yaratadi.

 

Olmaota meriyasi ko‘p yillardan bog‘, vokzal, piyodalar hududi va boshqa jamoat maskanlarida “ArtBatFest” nomli festival o‘tkazib keladi. Bu shaharda, shuningdek, xususiy tijorat va zamonaviy san’at o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. “Aspan”, “Yesentay” singari galereyalar faoliyatini biznes va zamonaviy san’atning vobastaligi ifodasi deb atash mumkin.

 

Bishkekdagi ahvol Toshkent va Olmaotadan farq qiladi. Qirg‘iziston daromadi kamroq mamlakat, ammo liberallik masalasida ancha ildam. Davlat, o‘z g‘aznasida katta mablag‘ yo‘qligi sababmikan, zamonaviy san’atkorlar faoliyatiga deyarli aralashmaydi. Bishkekda kamtarona xarajat bilan ham qiziqarli loyihalarni amalga oshirayotgan ijodkorlar topiladi. Yigirma yildan buyon 1-aprel sanasida o‘tkazib kelinayotgan rassomlar tanlovi bunga yorqin misol bo‘la oladi. Qolaversa, zamonaviy san’at bo‘yicha yirik formatdagi loyihalar ham talaygina, ularga ma’rifatparvar tojirlar homiylik qiladi. Bundan tashqari, Bishkekda ko‘plab rasmiy va norasmiy ijodiy guruhlar, uyushmalar mavjud. Umuman olganda, tez-tez yuz beruvchi ichki nizolarga qaramay, ijodkorlarning birdamligi va erkin muhitda ijod qilishi e’tiborga molik.

 

An’anaviylik va modernizm o‘rtasida ixtilof qachon to‘xtabdi deysiz! Umuman, an’anaviylik ajdodlar merosiga hurmat, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadriyatlar va me’yorlarni asrab­avaylashni anglatadi. Modernizm esa eskirgan g‘oya va shakllarni rad etish, voqelikni ifodalash va bilishning yangi usullarini izlash, an’anaviy qarash va dogmalarga nisbatan tanqidiy yondashuvni o‘z ichiga oladi. Bu jihatdan, an’anaviylik va modernizmni qarama-qarshi yo‘nalishlar deb qabul qilish mumkin. Ammo bunday yondashuv juda sodda bo‘lib, ikkita xususiyatni nazardan chetda qoldiradi.

 

Birinchidan, madaniyat va san’atdagi an’ana ham, modernizm ham nisbatan yangi tushunchalar hisoblanadi. Ikkinchidan, XX asrning boshlarida vujudga kelgan modernizm ruhidagi ko‘plab oqimlar nafaqat yangilikni ifodalaydi, balki san’atda inqilob qilib, butun tizimni isloh etishni yoqlaydi. Ya’ni bu harakat shaklni o‘zgartirishnigina emas, balki taraqqiyotga g‘ov bo‘layotgan o‘tmishni yo‘q qilish, an’analarning turg‘un ta’siriga barham berishni bosh maqsad deb biladi. Demak, futurizm, kubizm, abstraksionizm singari oqimlar va turli ijtimoiy-inqilobiy harakatlar faqat madaniyat va san’at emas, butun jamiyatga birdek daxldordir. Ammo guvohi bo‘lyapmizki, insoniyat jamiyatini adolat tamoyili asosida isloh etish, zulm va tengsizlik illatini yo‘q qilish kutilganidan ancha murakkab yumush ekan...

 

Pirovardida modernistik san’at umumiy tarixiy kontekstda munosib o‘rin topdi. Vinsent Van Gog, Kazimir Malevich va Jekson Pollokning go‘zal kartinalari o‘z davrida qanchalik hayrat uyg‘otgan bo‘lmasin, endi ular allaqachon tarix mahsuli, XIX–XX asr klassikasi o‘laroq moziyga muhrlangan. Xulosa shuki, har qanday an’ana aslida beqaror bo‘lib chiqadi; boshqa tomondan, har bir inqilobiy zamonaviylik ertami-kechmi tarixga aylanadi.

 

– Buyuk faylasuf Hegel ta’biri bilan aytganda, “San’atsiz hayot – vahshiylikdir”. Darhaqiqat, dunyoni bani odamning ruhiyati, ong-u shuuriga ta’sir etuvchi, qalbida ezgulik, go‘zallik hislarini uyg‘otuvchi san’at asarlarisiz tasavvur qilib bo‘lmas. Biroq bugun chinakam san’atni qadrlovchilar tobora kamayib borayotir; estetik ehtiyoj, muzey yo teatrga bormoq moddiyat, tirikchilik, kundalik turmush tashvishlari ila andarmon avomning xayoliga ham kelmaydi. Omma san’at deb qabul qilayotgan xashaki tomoshalar, pichratqi ehtiros-u shahvoniy mayllarni qo‘zg‘ovchi har turfa shoular esa shusiz ham g‘arib ma’naviyatni yanada qashshoqlashtiryapti. Agar ahvol shu taxlit davom etsa, faylasuf ogoh etgan “vahshiylik” bilan yuzlashib qolmaymizmi? San’atning istiqbolini qanday tasavvur qilasiz o‘zi: u faqat xoslar mulki bo‘lib qoladimi yo kun kelib ommaning ham basirat ko‘zi ochilarmikan?

 

Ko‘pchilik san’at faqat muzey va teatrlarda yashaydi, uning jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalarga daxli yo‘q deb o‘ylaydi. Zamonaviy san’at bunday yanglish nuqtai nazar bilan aslo murosa qilmaydi.

 

Aslida, san’at va hunarmandchilik o‘rtasidagi bahs-munozara necha asrlardan buyon davom etmoqda. O‘rta asrlarda Ovrupo cherkovi bugun biz yuksak cholg‘u deb biladigan organni “shayton matohi” deb atagan, diniy his-tuyg‘uni faqat xor qo‘shiqchiligi ifodalashga qodir deb hisoblagan.

 

Sovet davrida xalq amaliy san’ati nafis ijod maktablarida o‘qitiladigan mumtoz san’atdan ajratilgani ham durust ish bo‘lmadi. Fikrimni bir misol bilan asoslasam. Buyuk musavvir Pablo Pikasso Afrikadagi marosim haykallaridan favqulodda ilhomlangan. Ya’ni xalq amaliy san’ati uning ijodi va kubizm taraqqiyotiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.

 

1970-yilda britaniyalik Tim Rays va Endryu Lloyd Vebber “Iso Masih – superyulduz” (“Jesus Christ Superstar”) degan rok-opera yozadi. Diniy guruhlar bunga keskin e’tiroz bildiradi. 1999-yilga kelibgina Vatikan operani rasman tan oladi va Rimda Iso Masih tavalludining 2000 yilligiga bag‘ishlangan marosimda ijro etilishiga ruxsat beradi. Avvalboshda taqiq va ta’qibga uchragan asar vaqtlar o‘tib musiqa tarixidagi eng mashhur operalardan biriga aylandi, insonlarning dinga bo‘lgan muhabbatini yuksaltirishga xizmat qildi.

 

Bizning davrimizda san’atdagi chegaralar yanada kengayib bormoqda. Yuz yil muqaddam farg‘onalik rassom Aleksandr Volkovning chopon va sallali erkaklarni kubistik tarzda tasvirlagani favqulodda yangilik deb baholangan edi. Hayrat hissi tobora qahatlashayotgan hozirgi zamonda u rasmlar bamisoli devordagi dekorativ dog‘dek qabul qilinsa ham hech ajablanmayman.

 

“San’atni o‘ldiradi” deya, badiiyat olamida paydo bo‘luvchi yangi shakl, texnologiya va yondashuvlardan ihotalanish to‘g‘ri emas. Insoniyat necha asrki bu xavfdan qo‘rqib keladi. Fotografiya ixtiro qilinganida tasviriy san’atning umri tugadi degan ovoza tarqaldi. Grammofon plastinkasi – jonli musiqaning, ko‘chma videokamera kinoteatrlarning bozorini kasod qiladi degan xavotir o‘rtaga chiqdi. Bugun esa adib-u musavvirlar vaqti kelib ijod sohasi sun’iy intellekt izmiga o‘tib ketishidan tashvishda. Qo‘rquv hissi tasavvur mahdudligidan kelib chiqadi deb bilaman. Biron bir yangilik mukammal bo‘lishi mumkin emas. San’atdagi yangi yo‘nalishlar ham takomil kasb etmog‘i uchun necha-necha sinov va tajribalar chig‘irig‘idan o‘tmog‘i lozim.

 

Bugungi vaziyatda davlat turli eksperimentlar uchun ijodiy muhit yaratishi, ijodkorlarning erkin tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi va ularni munosib rag‘batlantirish choralarini ko‘rishi kerak. Mamlakatimizda erkin ijodiy muhit shakllanar ekan, san’atimiz ham mustabid tuzum ko‘lankasidan xalos bo‘la boradi.

 

Shohrux ABDURASULOV

suhbatlashdi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.

Basirat ko‘zi ochilsa” suhbati

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15754
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi