“Pulni bir kunlik toʻy-tadbirga sarflab, qolgan kunlari och-nahor, muammolar qurshovida va qarz olib yashayapti. Oʻzbeklar ham, Oʻzbekiston ham” – quruq gapdan shaxsiy namunaga oʻtganlarning hikoyalari


Saqlash
09:11 / 17.11.2023 2252 1

Mendan oʻzbekistonliklar kun tartibida eng muhim masala nima boʻlishi kerak, asosiy muammolar yechimi uchun nima lozim deb soʻrashsa, hech ikkilanmay shaxsiy namuna deyman. Nazarimda, bizda eng tanqis xislat shu. Korrupsiyaga qarshi kurashish haqida bong urayotgan amaldorning oʻzi kamtar hayotdan uzoq, hashamatli toʻy kerakmas deb qoʻlini bigiz qiladigan opaxon qiziga goʻdakligidan sarpo yigʻadi, yoshlar kitob oʻqimaydi degan galstukli qariyaning oʻzi bir oyda bir kitob varaqlamaydi, tibbiyotimiz rivojlanyapti degan xomsemiz amaldor davolanish uchun chet elga chopadi, taʼlimni isloh qilyapman deydiganlar bolasini xususiy maktabda oʻqitadi... Bu muhitda rivojlanish, oldinga siljish boʻlarmidi?!

 

Toʻy-hashamda isrofgarchilik, kimoʻzar avj olgani-yu, ularni yoʻqotish haqida gapirilmagan joy/minbar/odam qolmadi. Yaqinda Tvitterda ham shu mavzu muhokama markaziga chiqdi. Odatiy “bla-bla” gaplar. Shunda huquqshunos, tarmoq faoli Komila Abdullayeva dangal savol qoʻydi: Kim qaysi urf-odatlarni shaxsan toʻxtata olgan? Tanqid qilish oson, oʻzingiz odamlar nima deyishiga tupurib, qaysi keraksiz anʼanaga chek qoʻygansiz?

 

Aniq savol: aql oʻrgatish oson, amalda toʻxtatish qiyin. Bu tvitni oʻqib, bir necha oy avval kamxarj toʻy qilgan, keraksiz stereotiplar zanjirini uzgan yurtdoshlarimiz haqida maqola boshlab qoʻyganim esimga tushdi. Aniqrogʻi, material qahramon topishga qiynalganim uchun toʻxtab qolgandi.

 

Toʻy-hashamni qisqartirish kerak deb gapiruvchi koʻp, kamtar toʻy qilgan esa anqoning urugʻi. Oʻzingizning toʻyingiz qanday boʻldi deb soʻroqqa tutsangiz, “Biz ham el qatori qilganmiz-da endi”, deb yelka qisadi. Bugun shu chala maqolani tugatishga kirishdim, xullas.

 

Insoniy munosabatlarni iliqlashtirish oʻrniga sovuqlashtirar ekan, bunaqa toʻy-hashamning bizga nima keragi bor?

 

Komila Abdullayeva,

huquqshunos, tarmoq faoli:

 

 

– Bizda bola oʻzi tushunmaydigan, lekin u bilan bogʻliq urf-odatlar koʻp. Hayron qolishingiz mumkin, bolaligimda toʻylarga borib, kuzatib, toʻyim boʻlishini xohlamasdim hatto. Chunki juftlik eng quvonchli kunida qandaydir tund, charchagan, kelin yigʻlab oʻtiradi. Kelin-kuyov uchun tayyorlangan zeb-ziynat, sarpo-suriqqa toʻlgan xona aurasi ham yoqmasdi.

 

Oilada toʻngʻich farzandman, toʻyimiz arafasida ortiqcha urf-odatlarga qarshiligimni aytdim, biroq foydasi boʻlmadi. Onam orzu-havasi baland, urf-odatlarning barchasini “a dan ya gacha” qiladigan ayol. Qisqa qilib: “Sen aralashma, toʻyni biz qilamiz”, dedilar. Rostdan ham aralashtirishmadi, hamma urf-odatlar ado etildi. Jizzaxdan Samarqandga kelin boʻldim. Toʻyimizga minglab mehmonlar keldi, hech birini tanimayman, lekin toʻy sizniki, qizigʻ-a. Viloyatlar bir-biri bilan yaqin boʻlsa-da, odatlarda farq katta ekan. Toʻygacha qaynonang uni qilmadi, buni qilmadi, toʻydan keyin esa onang falon ishni kam, piston narsani umuman qilmadi, degan gaplarni koʻp eshitdim. Ichimda oʻylaganman, urf-odat, toʻy-hasham insoniy munosabatlarni iliqlashtirmay, aksincha, sovuqlashtirar ekan, bizga nima keragi bor?

 

Xulosa qildimki, toʻy insonlarni oʻzaro yaqinlashtirmasa, hordiq chiqarishiga xizmat qilib, madaniy davraga aylanmasa, men toʻy qilmayman. Qizim tugʻildi, onam beshik toʻy qilish kerak, dedi. Shu orada qaynotamning yubileyi boʻlishi kerak edi, kattalar ikkalasini birga qilamiz, deyishdi. Qatʼiy qarshi boʻldim. “Yoʻq, bola bizniki, beshik toʻy qilmaymiz. Qilsak ham, oʻz pulimizga, oʻzimiz istagan tarzda qilamiz”, dedim. Yana avvalgi holat takrorlanishi, “igna kam, nega ip bermadi” tomoshasini koʻrishni istamadim. Eʼtibor bersam, mana shunaqa oling quda-bering quda boʻlmasa, munosabatlar buzilmas, hech qanaqa janjal chiqmas ekan.

 

Oʻgʻillarim tugʻilgach, turmush oʻrtogʻim sunnat toʻyi qilamizmi, deb soʻradi. Yoʻq, beshik toʻy qilmadik, osmon uzilib yerga tushdimi? Pulingizni sovurib nima qilasiz? Uning oʻrniga pulni bolalar taʼlimiga tikaylik, xorijda oilaviy dam olib kelaylik, dedim.

 

Avvallari balki oʻzbeklar toʻylarni hamma bir-biri bilan diydorlashadi, xursandchilik qiladi deb uyushtirgandir. Hozir esa turgan-bitgani tashvishga aylangan. Maksimal ixchamlashtirish tarafdoriman.

 

Toʻyimda meni eshitishmagan, xohishlarim hisobga olinmagan. Lekin bolalarimda unday boʻlmaydi. 12 yoshli qizim bor. Koʻp suhbatlashamiz, gap orasida toʻyi qanday oʻtishini istashini ham soʻrayman. “Kam odam kelsin, doʻstlarim bilan oʻynab-kulib oʻtirsak boʻldi”, deydi. Bolam shunaqa formatdagi toʻyni istayaptimi, shunday boʻladi. Toʻy uniki, axir. Qizim tanimaydigan, umrida koʻrmagan qarindoshimning qoʻshnisi toʻyiga kelsa, u baxtli yo baxtsiz boʻlib qolmaydi. Hozirgi yoshlardan koʻp eshitamanki, aksariyati dabdabadan toʻygan. Ixcham, odmi toʻy istashadi. Ota-onalar ularni eshitishi, fikrini inobatga olishi kerak.

 

Bizda oilaviy miqyosdagi muammolar davlat masshtabiga ham koʻchgan. Kuzatsangiz, Oʻzbekistonda har kuni tadbirbozlik, festival-u forumlar, milliardlarni sarflab chet elda “Oʻzbekistonlik”ka oʻxshagan loyihalar qilinyapti. Jamiyatda bundan muhim muammolar yechilmay turibdi, kambagʻallik koʻrsatkichi yuqori, tashqi qarzimiz koʻp, taʼlim, tibbiyot achinarli ahvolda. Pulni bir kunlik toʻy-tadbirga sarflab, qolgan kunlari och-nahor, muammolar ichida va qarz olib yashayapti. Oʻzbeklar ham, Oʻzbekiston ham.

 

Bekorga xavotir olgan ekanman, toʻy hammaga yoqdi

 

Jamiyatning bosimiga qarshi turish oson emas. U atmosfera bosimidek koʻzga koʻrinmasa-da, kuchli taʼsir kuchiga ega. Bu masalada yoshlar liberalroq fikrlaydi, kattalarni koʻndirish esa oson emas, hammayam farzandining qarorini qoʻllab-quvvatlayvermaydi.

 

Jurnalist, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova esa yoshlarni tushunib, odamlar nima deydi degan qarashga qarshi bora oldi. 

 

 

– Toʻy tashvishi bilan yurgan kunlarimiz edi. Internetda oʻqib qoldim, xorijda tahsil olib qaytgan yigit-qiz nikoh bazmi qilmasdan, uning puliga Yevropani aylanib kelish haqida ota-onalariga aytgan ekan. Uyda shu voqea haqida gapirdim. Oradan kunlar oʻtib,  toʻy yaqinlashganda oʻgʻlim Mansur “Biz boʻlajak keliningiz bilan kelishdik, 400-500 kishi chaqiriladigan, 5-6 sanʼatkor xizmat qiladigan toʻyning keragi yoʻq. Hamma oʻzbekcha urf-odatlarimizni qilamiz, lekin “vecher” shart emas, uning oʻrniga Turkiyaga oʻn kunlik sayohatga borib kelamiz”, dedi.

 

Toʻgʻrisi, yuragim “shuv” etdi. Birovlar qilsa, aytish boshqa, oʻzingga kelganda koʻnish boshqa ekan. Odamlarning gapiga eʼtibor bermayman, deydiganlardan boʻlsam ham, birdan xayolimga “Odamlar nima deydi, oʻgʻliga toʻy qilib berolmabdi, demaydimi?” degan savol keldi. Odatiy toʻyga tayyorlanishni boshladik, oʻgʻlim yana kelib niyati jiddiyligi, dabdabali nikoh oqshomi kerak emasligini aytdi. Dastlab odamlar nima deydi, deb oʻylagan boʻlsak, keyin qudalar nima derkin, deyishni boshladik. Qudalar Andijondan, oʻzimiz samarqandlikmiz. Urf-odatlar har xil, oʻrtalikni topish kerak. Oʻzim ham tabiatan dabdabani, koʻz-koʻz qilishlarni yomon koʻraman, stol yiqilgudek yegulik qoʻyishlar, qimmatga artist gaplashishlar, hatto tirik baliqchalargacha dasturxonga tortishlar men uchun absurd. Shu sababdir oʻgʻlimni qoʻllab-quvvatladim.

 

Uzoq oʻylandim, bir-ikki tanishlarimga aytsam, kimdir “Voy muncha zoʻr, havasim keldi”, desa, kimdir “Yoʻgʻ-a, baribir “dux”ingiz yetmaydi, odamlar gapiradi”, dedi... Xullas, boʻlajak kuyov bilan kelin gapida turib olgach, qudamga sekin aytdim. Ular ham rosa ikkilanishdi.

 

Qiznikida nahor osh berdik, Andijonda qizbazmi boʻldi, samarqandcha chimildiq toʻyini ham qildik. Kelinni olib kelgach, FHDYOga kelinni oʻzimizning uydan barcha qoidalari bilan chiqardim, muzikayu yoʻlakni bezatishlarigacha qildik.

 

Bekorga xavotir olgan ekanman, hamma tanishlar va qarindoshlar juda chiroyli toʻy boʻldi, deb maqtashdi. Isrofgarchilik qilib, qoʻshiqchilarni qatorlashtirib chaqirgandan koʻra, toʻyni shunaqa oʻtkazsa ham yaxshi ekan-ku, deyishdi. “Ha, yoshlar shuni xohlagan boʻlsa, nimayam qilardingiz”, degan pisandalar, “Maʼrakalarni yaxshi oʻtkazib oldingizmi”, degan pichinglarni ham eshitdik. Bu gaplar koʻnglimni biroz xira qildi. Biroq shunday munosabat boʻlishi tabiiy edi. Oqimga qarshi suzish, boshqalar yoʻlidan yurmaslik oson emas. Yana bir oʻgʻlim bor, u ham toʻyini akasinikiday oʻtkazishni oʻylab qoldi.

 

Andijonda qirq kun kuyovnikiga mazar (uch mahal ovqat) tashish odati bor ekan. Kerak emas, biznikiga hech narsa koʻtarib yurmang, deya qudamni toʻxtatdim. Ortiqcha koʻrpa-toʻshak, latta-puttalar ham qilinmadi. Yoshlar xohlaganidek toʻydan keyin Turkiyaga sayohat qilib kelishdi. 

 

Yakuniy xulosa qanday boʻldi? Ortiqcha yugur-yugurlardan qutuldik, yoshlar toʻyini oʻzi xohlagandek oʻtkazdi, oʻzimga nisbatan hurmatim yanayam oshdi, faxrlandim. Yoshlar qarorini tushunish, qoʻllab-quvvatlash, vaziyatga ularning manfaati nuqtayi nazaridan qarash kerak. 

 

Oʻzim ortiqcha hashamat, marosimlarga qarshi gapirib, yana shularni qilsam, ikkiyuzlamachilik boʻlardi

 

Jamiyatda stereotiplarga eng koʻp qarshi chiqadigan, oʻzgarishlarga moyil qatlam bu – yoshlar. Lekin ularning ayrimlarigina oʻz xohishini kattalarga yetkaza, aniqrogʻi, oʻtkaza oladi.

 

OʻzR FA doktoranti, book-bloger Mohina Nursaidova:

 

 

– Toʻydan avval boʻlajak turmush oʻrtogʻim dadam bilan koʻrishgan. Oilamiz juda liberal, yoshligimdan har bir fikrim, xohishlarim hisobga olinadi. Shu sabab men tomonda hech qanday muammo boʻlmagan. Biroq quda tarafda bunaqa emas. Dadam tushundi, qoʻllab-quvvatladi, onam biroz xafa boʻldi.

 

Turmush oʻrtogʻim toʻyimizni oʻz kuchiga ishonib, choʻntagidan qilgan. Fotiha toʻyi, non sindirish marosimlarini qisqartirdik. Ularni oʻtkazish oson emas va bu turmush oʻrtogʻimni anchayin qiynab qoʻyardi. Men unga ogʻir boʻlishini istamaganman, hammasiga koʻndim. Ota-onam oʻziga toʻq odamlar, koʻp narsaga qurbi yetadi. Qizbazm qilamiz deyishgan. Bilasiz, Toshkentda juda dabdabali oʻtadi, kamida 200 kishilik mehmon chaqiriladi. Rozi boʻlmaganman, qatʼiy “yoʻq” dedim. Tabiatan introvert odamman, men uchun bu ish oʻta qimmat va mantiqsiz harakat boʻlib tuyulgan. Hecham afsuslanmayman.

 

Kuyov tomon menga sarpo qilmagan, atigi ikkita koʻylak tiktirganman. Charlariyam oʻtkazmadik. Oʻzim doim ortiqcha hashamat, marosimlarga qarshi gapirib kelaman. Yana oʻzim shularni qilsam, ikkiyuzlamachilik boʻlardi. 

 

Toʻy kuni ham qiziq ishlar boʻlgan. Vohada uyga kirishdan avval kelin-kuyovni olovdan aylantirish udumi bor ekan. Gulxanni oʻchirishsin, men bu ishni qilmayman, deb turib olganman. Qaysar odammasmanmi, mashinadan tushmay oʻtiraverdim. Oxiri olovni oʻchirishga majbur boʻlishgan. Yana bir bemaʼni (men shunaqa deb bilaman) odat – kelin har bir stol yoniga borib, taʼzim qilib chiqar ekan. Qilmaganman, quda xolalar norozi boʻlishgan, albatta. Turmush oʻrtogʻim yonimni olgan, xotinim odamlarga egilib, taʼzim qilmaydi, degan.

 

Kuyov tomondagi toʻyda ortiqcha pardoz-andozsiz, oddiy koʻylak-lozimda oʻtirganman. Chimildiq, sep qilishlar boʻlmagan. Quda taraf toʻy xarji, qalin puli bermagan, mahrgayam hech narsa soʻramaganman. Oʻylab koʻrsam, tep-tekinga tushgan kelin boʻlgan ekanman (kulib).  Haligacha qaynonamdan “sepsiz kelin” degan taʼnalar eshitib turaman. Biroz xafa ham boʻldim, keyin darrov unutdim. Lekin turmush oʻrtogʻimni qiynamaganim, dabdabali toʻy qiling, deb qarzga botirmaganim uchun oʻzimdan gʻururlanaman.

 

Albatta, “kurash” tugagani yoʻq. Yaqinda oʻgʻlimga beshik toʻyi qilishmoqchi edi. Koʻnmadim, bolamning hayoti urf-odat, dabdabali marosimlar ichida oʻtishini istamayman.

 

Kamxarj, lekin didli toʻy qilishning boshqa yoʻllari ham bor

 

Oqimga qarshi suzish tugul, turish oson emas. Buni qahramonlarimiz ham tasdiqladi. Isrofgarchilik, xarajatlarni kamaytiraman desa, ayrim ota-onalar qarshi chiqsa, baʼzilari farzandi qarorini qoʻllab-quvvatlaydi.

 

Aziza Qurbonova,

jurnalist:

 

 

– Mening toshkentlik, turmush oʻrtogʻimning fargʻonalik ekani, oiladan uzoqda va alohida yashaganimiz sabab turli-tuman marosimlarni qilinglar, degan gaplardan ham uzoqda boʻlganmiz. Turmushimizning boshida moddiy qiyinchilikda yashadik, uy va mashinamiz yoʻq edi. Ota-onam, qaynotam, rahmatli qaynonam ortiqcha marosimlardan yosh oilaga hech qanday naf yoʻqligini tushunishgan. Shu sababdir bizga birmuncha oson boʻlgan.

 

Turmush oʻrtogʻim 18 yoshida grant yutib, chet elga oʻqishga ketgan. Oshna-ogʻayni, qarindoshlarning toʻyi, oshlarida qatnashmagan. “Meni hech kimdan qarzim yoʻq”, deydilar.

 

Toʻyimiz oʻta kamxarj oʻtgan deya olmayman, lekin ortiqcha isrofgarchiliklar boʻlmagan. Quda chaqiruv, ota chaqiruv, toʻy kelar, kelin chiqdi, kuyov chiqdi, xotin oshi, nahorgi osh, quda ziyofati, charlar, kelin salom kabi Toshkent va Fargʻonaga xos toʻydan oldingi va keyingi marosimlar qisqardi. Faqat nikoh toʻyi boʻlgan. Oʻzimizga qiziq narsalar qilganmiz lekin. Masalan, hamkasblarim yordamida arzimagan pulga sevgi hikoyamizning videosini ishlaganmiz. Ssenariy yozish, obyekt topish, montaj ishlarini oʻzim bajarganman. Er-xotin birga raqs tushishni oʻrganganmiz. Aytmoqchimanki, kamxarj, lekin didli toʻy qilishning yoʻli koʻp.

 

Xullas, kattalar aytgan marosimlarni qilavermaganmiz. Ota-onam, qaynota-qaynonam bizni qoʻllab-quvvatlagan. Toshkent-Fargʻona orasida togʻora, sarpo koʻtarib yurish mantiqsizlik edi oʻziyam. Toʻyimda men uchun qanday mashinada borish kabilar ahamiyatsiz boʻlgan.

 

Farzandimiz tugʻilgach, hamma beshik toʻyini kuta boshladi. Oilada toʻngʻichman, amma, xolalar “Beshik toʻyi qachon?” deb soʻrashi tabiiy. Tugʻruqxonadan ham “Masha” va “Maymoq”larsiz qarindoshlarning mashinasida chiqqanmiz (boshqa farzandlarimda ham shunday boʻlgan). Endigina qarz-havola qilib, kattalar va yaxshi insonlar yordamida uy olgan, toʻlovlarga qiynalib turgan vaqtlarimiz edi. Ota-onam yosh oilaga koʻmak deb nabirasiga eng kerakli narsalar: bolalar aravachasi va karavat olib bergan. Hozirgidek savat-savat sarpolar, goʻdakka tagligidan kosmetikasigacha tashishlar yoʻq. Oʻzimiz moliyaviy qiyin holatda boʻla turib, dabdaba bilan beshik toʻyi qila olmasdik. Hech qaysi farzandimga beshik toʻyi boʻlmagan. Dinimiz hukmiga koʻra aqiqa amalini ado etganmiz, qoʻy soʻyib muhtojlarga tarqatganmiz.

 

Shu vaqtgacha keraksiz narsalardan voz kechib, kerakli ishlar, yaʼni farzandlar taʼlimiga vaqt / asab / umrimizni tikkanimiz uchun hozirgi yashashimiz, farzandlarim bilimidan qoniqaman.

 

Hammasiga bir oʻzim qarshi turib yengganman, deya olmayman. Qanchalik tanqid qilmaylik, jamiyatimizda odamlar oʻzini chalgʻitish, nimaga erishganini koʻrsatish uchun yo mashina-uy oladi, yo dabdabali toʻy qiladi. Pulini oilasining sogʻligʻi, taʼlimi, qulayligi, dam olishiga sarflash mumkinligini oʻylab koʻrmaydi. Katta sunnat toʻyi oʻrniga bolasiga issiq hammom, xotiniga qulay oshxona qilib bermaydi. Bu insonlarning oʻziga ishonchi, bahosi pastligidan boʻlsa kerak.

 

Hindistonga borganimda kambagʻal, yeyishga ovqati, yashashga boshpanasi yoʻq odamlarning har kuni bayram qilib yashayotganini koʻrganman. Ularda ham ziyoli qatlam hashamatli toʻy-marosim, ortiqcha bayramlarni tanqid qiladi, uning oʻrniga bolasini taʼlimiga eʼtibor berish, hammom, hojatxona kabi oddiy hayotiy ehtiyojlarni toʻgʻrilashga chaqiradi. Jamiyatdagi insonlarning taʼlimi, orzu-maqsadlari qanchalar past boʻlsa, keraksiz tadbir-marosimlarga ruju qoʻyish shunchalik kuchli boʻladi.

 

Xulosa oʻrnida aytganda, bu masalalarda avlodlar toʻqnashuvi, fikrlar qarama-qarshiligi, qotib qolgan stereotip, bidʼatga qarshi kurash davom etadi. Yengish uchun mustahkam sabr, katta ruhiy kuch kerak. Siz-chi, qachon gapirishdan toʻxtab, shaxsiy namunaga oʻtmoqchisiz?

 

Inobat AHATOVA,

Oyina.uz

1 Izoh

Abdulatif

19:11 / 17.11.2023

To'g'ri gap 👍

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 277
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17498
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//