Hazilkash, aqlli, psixolog va shunchaki yaxshi suhbatdosh – Oʻzbekistonga rasman kirib kelgan ChatGPTning qanday karomatlari bor?


Saqlash
14:11 / 21.11.2023 803 0

Kundan-kunga xizmat geografiyasini kengaytirib borayotgan “OpenAI” kompaniyasi Oʻzbekiston uchun ham ChatGPT sunʼiy intellektidan erkin foydalanish imkonini taqdim etdi. Ilgari oʻzbekistonliklar mazkur neyrotarmoqni “turli aylanma yoʻllar bilan” ishlatgan boʻlishsa, endilikda istalgan mahalliy aloqa operatorlarining SIM-kartalari vositasida ulanishlari mumkin. Xizmatdan foydalanish uchun openai.com saytiga kirib, telefon raqamingiz bilan roʻyxatdan oʻtishning oʻzi kifoya. ChatGPT 3-avlodidan foydalanish mutlaqo tekin, 4-avlodi esa pullik: oyiga 20 dollar. Xoʻsh, butun dunyoni hayrat va xavotirga solayotgan ushbu dastur qanday ishlaydi, uning qaysi jihatlari foydali va xavfli? Oyina.uz Oʻzbekistonga rasman kirib kelgan sunʼiy intellektning yaratilish tarixi va imkoniyatlari haqida maqolani tayyorladi.

 

Sunʼiy suhbatdosh – ChatGPT oʻzi nima?

 

ChatGPT (Chat Generative Pre-trained Transformer) – 2022-yilning noyabr oyida ishga tushirilgan yirik til modellari asosida ishlovchi chatbot. U foydalanuvchi bilan istalgan mavzuda, istalgan tilda soʻzlasha oladi. Uslub, hajm, batafsillik darajasi qanday boʻlishidan qatʼi nazar mazkur neyrotarmoq savollaringizga javob beradi. Uning yordamida blogingiz uchun kontent reja tuzishingiz, matematik hisob-kitoblarni bajarishingiz, kun tartibingizni shakllantirishingiz, biror bir mashhur shaxs hayoti haqida batafsil maʼlumot olishingiz mumkin. Biroq ChatGPT hali mukammal dastur emas, aksincha, bir maromda takomillashib borayotgan loyiha hisoblanadi. Unda 2021-yildan keyin sodir boʻlgan voqealar, ilmiy yangilik va hokazolar haqida cheklangan maʼlumotlar bor, xolos. Shunga qaramay, neyrotarmoq qisqa vaqt ichida muvaffaqiyatga erishdi. OpenAI kompaniyasi rahbari Sem Altmanning taʼkidlashicha, ChatGPT atigi 5 kunda dastlabki million foydalanuvchiga ega boʻlgan. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, ayni vaqtda neyrotarmoq 180.5 million foydalanuvchiga ega va ular saytga sentyabr oyining oʻzida 1.5 milliard marta tashrif buyurishgan. Hozirgi kunda mutaxassislar tomonidan loyihaning umumiy summasi 29 milliard dollarga baholanmoqda.

 

 

Ilon Mask tark etgan loyiha muvaffaqiyati

 

Ushbu megaloyihani ishga tushirgan OpenAI kompaniyasi sunʼiy intellekt tadqiqoti bilan shugʻullanadi. 2015-yili Ilon Mask, Sem Altman, Reyd Hoffman, Piter Til, Jessika Livingston, Olivyer Grabias kabi bir guruh investor va olimlar tomonidan asos solingan kompaniyaning ChatGPTdan tashqari DALL-E, GPT-3, OpenAI Five kabi mahsulotlari mavjud. 2018-yilda Mask loyiha boshqaruvini tark etadi. 2019-yilda kompaniyaga Microsoft tomonidan bir milliard dollar sarmoya tikiladi. Aytish kerakki, hozirgi ChatGPT bundan avval ishlab chiqilgan mahsulotlarning takomillashgan koʻrinishidir. Quyida ChatGPT bilan turdosh loyihalarni koʻrib chiqsak:

 

GPT-1 – 2018-yilda ommaga taqdim etilgan, GPT turkumining birinchi avlodi boʻlib, 117 million parametrdan tashkil topgan. Aynan mana shu loyiha biz bugun tan olayotgan ChatGPT qurilishining poydevori hisoblanadi.

 

GPT-2 – bir yarim milliard parametrdan tashkil topgan, 2019-yil fevral oyida ishga tushirilgan neyrotarmoq. Bu loyiha matnni farqlay olish borasida ulkan imkoniyatlarga ega ekanini koʻrsatdi, mantiqiy bogʻlangan, uzun matnlarni yarata oldi. Biroq loyihaning notoʻgʻri ishlatilishi ehtimoli borligi sabab u darhol foydalanuvchilar eʼtiboriga havola etilmadi. 2019-yilning noyabr oyida, OpenAI ehtimoliy xatarlarning oldini olish ustida ishlaganidan soʻnggina, mazkur model taqdimoti oʻtkazildi.

 

 

2020-yil iyunida chiqarilgan GPT-3 esa sohada oldinga tashlangan eng katta qadam boʻldi. Ajablanarlisi, bu model 175 milliard parametr ustiga qurilgan edi. Uning yana-da rivojlantirilgan matn qurish imkoniyatlari email qoralamasi va maqola tayyorlashdan tortib, sheʼr yozish va hatto dasturlash kodlarini yaratishgacha boʻlgan turli va keng miqyosdagi sohalarda qoʻllanila boshlandi.

 

Ushbu turkumning hozircha eng soʻnggi avlodi 2023-yil 14-martda tanishtirilgan GPT-4 hisoblanadi. Undagi foydalanuvchining istaklariga ergashishning rivojlangan modeli, qoʻpol va xatarli matnlar yozilishining nisbatan pastroq koʻrsatkichi, oshirilgan faktik aniqlik kabi unsurlar turkumni ham munosib davom ettirganini, ham yana-da mukammalga yaqin holatga keltirganini koʻrsatadi.

 

ChatGPT nima karomat koʻrsatadi?

 

Avvalo, bu tarmoq chatbot, yaʼni u siz bilan xuddi odamga oʻxshab suhbatlasha oladi. Siz beradigan savollarga bilimdon odam kabi javob beradi. Soddaroq aytganda, ovqat pishira olmaydi, lekin istalgan taomning retseptini yozib berishi mumkin.

Aslida ChatGPTning qoʻlidan keladigan ishlar koʻp, lekin ularning barchasi qidirilgan mavzuga doir matnlar uyumi boʻladi. Misol uchun, mazkur neyrotarmoq koʻmagi bilan quyidagi vazifalarni doʻndira olasiz:

 

1) tez fursatda rezyume va ilova xati yozish;

2) original hazillar yaratish;

3) murakkab mavzularni tushuntirish;

4) chalgʻituvchi matematik masalalarni qadamba-qadam yechish;

5) munosabatlar yuzasidan maslahat olish;

6) deyarli barcha janrda musiqa bastalash;

7) dasturlash kodlari yozish, tahrirlash va tushuntirish;

8) media fayllar yaratish, tahrirlash va takomillashtirish;

9) keyingi gal tomosha qilishga film tanlash;

10) turli oʻyinlar oʻynash (deylik, “x” va “o” oʻyini);

11) oshpazlik boʻyicha yordam olish;

12) sogʻligʻingizni yaxshilash;

13) bir necha tillarda kontent yaratish;

14) ish uchun suhbatga tayyorlanish;

15) deyarli barcha mavzuda insho yozish;

16) shunchaki ajoyib suhbatdosh boʻlish.

 

Eh-he, birma-bir sanayversak, karomatlarining keti uzilmaydi, kundan-kunga yangi “hunari” yuzaga chiqib kelaveradi. Toʻgʻri foydalanishni oʻrganib olsangiz bas.

 

 

2023-yilning dekabrida GPT-5 chiqishi reja qilingan. Yangi modelda ChatGPT generativ sunʼiy intellektdan umumiy sunʼiy intellekt (AGI – Artificial General Intellect) darajasiga koʻtariladi va uni inson ongidan farqlash deyarli ilojsiz boʻladi. Kutilgan natijaga erishilsa, yangi darajadagi sunʼiy intellekt xuddi odam qatori gʻoyalarni oʻrganishi hamda vazifalarni tushunishi mumkin (Bu ham hayratlanarli, ham qoʻrqinchli men sizga aytsam).

 

ChatGPTning ham ojiz tomoni bor

 

Jahonda neyrotarmoq qanchalik tez ommalashgan boʻlsa, u haqidagi tanqidlar ham shunchalik tez yuzaga chiqdi. Koʻplab mutaxassislar tarmoqda generativ kontent ustidan nazorat cheklangani, notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilishi, hissiy intellekt tanqisligi, maxfiylik va xavfsizlik bilan bogʻliq ehtimoliy xatarlar mavjudligi, insonlarda texnologiyaga qaramlikni kuchaytirishiga sabab boʻlishi kabi salbiy jihatlarni yozib chiqishdi. Bu taxminlarning natijalari ham unchalik uzoq kuttirmadi: “Forbes” nashriga koʻra, AQShda bir qator taʼlim muassasalari oʻquvchilarda plagiat, koʻchirmakashlik holatlari koʻp uchrayotgani sabab ChatGPT taqiqlangan. Hattoki, sunʼiy intellekt tomonidan yozilgan matnlarni aniqlab beruvchi GPTZero kabi bir qancha dasturlar ishlab chiqildi.  

 

 

Shuningdek, ChatGPT asosan matn koʻrinishidagi maʼlumotlar bilan ishlagani uchun dunyoda kopirayter, ssenarist, jurnalist, muharrir, musahhih, tarjimon va hokazo kasblar yoʻqolib ketishi mumkin, degan xavotir yuzaga chiqdi. Ammo sunʼiy intellekt bor bilimlari bilan sizga maʼlumotnigina bera oladi. Uning eng ojiz tomoni ham shu – ijodkorlik tuygʻusining yoʻqligi, demak biror xavotirga oʻrin yoʻq (hozircha).

 

ChatGPT Oʻzbekistonda soʻroqqa tutildi

 

ChatGPTda oʻzbek tili bilan bogʻliq bir qancha muammolar kuzatiladi. Shunday boʻlsa-da, aksar oʻzbekistonliklar undan faol foydalanishmoqda. Kimdir unga sheʼr yozdirib koʻrdi, kimdir savolga tutdi, yana boshqa birov shunchaki samimiy hazilomuz suhbat qurdi. Hatto, “Orzudagi Oʻzbekiston”ning ham suratini chizib berdi bu aqlli.

 

 

Ijtimoiy tarmoqdagi so'rovnomalardan

 

 

“Orzudagi Oʻzbekiston”

 

Shuningdek, rasmiy tashkilotlar ham undan foydalanish boʻyicha turli koʻrsatmalar ishlab ham chiqishga ulgurdi. Masalan, Oʻzbekiston ChatGPT servisidan rasman foydalanadigan davlatlar qatoriga qoʻshilgach, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rasmiy kanalida “aslida bu taʼlim tizimi vakillari uchun yaxshi xabar” ekani taʼkidlanib, “Oʻqituvchilar ChatGPTdan qanday samarali foydalanishi mumkin?” mavzusida post joylandi. Unga koʻra, oʻqituvchilar sunʼiy intellektdan oʻtilgan mavzu yuzasidan testlar va kuizlar yaratishda, oʻquvchilarga tanqidiy fikrlashni oʻrgatishda samarali foydalanishlari mumkin. Sirasini aytganda, ChatGPTdan nafaqat taʼlim sohasi xodimlari, balki deyarli barcha faoliyat jabhalarida unumli foydalanish mumkin. ChatGPT esa borgan sari rivojlanishi va odamlar hayotini biroz boʻlsa-da osonlashtirishi kutilmoqda.

 

Shohrux USMONOV.

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19032
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19032
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15731
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi