Toshqo‘rg‘on aro tilsimlar


Saqlash
12:08 / 03.08.2021 1513 0

Bizda turizm ko‘pincha qadimiy shaharlarimiz, tarixiy-madaniy yodgorliklar doirasida cheklanib qolmoqda.

Vaholanki, mamlakatimizning betakror tabiati, milliy qo‘riqxonalar, tog‘li hududlarda turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud.

Turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog‘iga aylantirish biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
(Gazeta xabaridan)

 

Juda katta imkoniyatlar xazinasi deb baholanayotgan yurtimiz tabiatining o‘zi ulkan boylik. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu boylik hali butun bo‘y-basti bilan kashf qilingani yo‘q. Pomir tog‘ining Hisor tizmasida eng baland cho‘qqi qayd etilgan shunday bir hudud borki, unda yurtimiz tabiati butun borlig‘i bilan namoyon bo‘lganga o‘xshaydi. Shuningdek, bu joylarda boy o‘tmish ham o‘z asrorlarini pinhon saqlab kelmoqda.
Ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur hazratlarining davlatdorlik faoliyatlari atroflicha o‘rganilgan, biroq ul zotning katta hayot sahnasiga chiqquncha kechgan bolalik va o‘smirlik yillari yuzasidan tadqiqotlar kam. Bu hol, avvalo, ma’lumotlar taqchilligidan bo‘lsa, ba’zi tarixchilarning ta’kidlashicha esa, o‘sha yillarni sharh etishga Sohibqironning ko‘p rag‘bat bildirmaganliklaridandir. Shu sabablarga ko‘ra, ya’ni ma’lumotlar yetarli emasligidan 1360-yillargacha bo‘lgan davr deyarli o‘rganilmagan. Temurbekni ulg‘aytirgan, uni katta hayot sahnasiga olib chiqqan muhitning sharhi qanoatlanarli darajada emas. Aslida, buyuk hayot manzarasini bularsiz to‘la tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Mana, bitta dalil. 1360 yili ota vafot etgach, oilaning ahvoli qanday kechgan? Holbuki, bu davrda Temurbek ikki o‘g‘ilning otasi, tevarak-atrofda ancha baland nufuzga ega bekning merosxo‘ri, amir Qazag‘an lashkarlari safida harbiy yurishlarda qatnashib, mashhur bo‘lgan navkar edi. Amir Temurning taxtga chiqqungacha o‘tgan o‘n yildan ko‘proq hayoti naqadar tahlikali, ziddiyatlarga to‘la bo‘lgani aniq. Shunday sharoitda oilaning xavfsizligi qay yo‘sinda ta’minlandi, ular qayerda jon saqladi? Negaki, atrofda yov izg‘ib yurar, uning nazaridan biror puchmoq xoli emas edi. Agar “Temurbekning bolaligi tog‘larda... o‘tgan” degan dalilni inobatga oladigan bo‘lsak, ba’zi aniq haqiqatlar bilan hisoblashmaslik mumkin emas. Masalan, Sohibqiron hayotining ilk shakllanish davri o‘tgan hozirgi Qashqadaryo viloyati hududlarida Amir Temur faoliyati bilan bog‘liq, hatto atalishida o‘sha yillar rangini singdirgan ko‘plab joylar (yaylovlar, maydonlar, dalalar, tog‘ cho‘qqilari, g‘orlar, odam yashagan manzillar) hozir ham saqlanib turibdi. Holbuki, xalq og‘zaki ijodida, joy nomlarida, obidalarning qoldiqlari va ular bilan bog‘liq rivoyatu afsonalarda tarixga daxldor ko‘plab dalillar yashiringan bo‘ladi. Shulardan biri Amir Temur g‘oridir.
“Yosh Temurbek bolalik va o‘smirlik yillarini tog‘larda ov qilib, cho‘ponlar va oddiy odamlar davrasida o‘tkazgan”, qabilidagi ma’lumotlarning aniq tasdig‘i – Amir Temur g‘oridir. Bu joy azaldan ham shunday nomlangan. Qolaversa, unda xalq qasoskori Hoshim ibn Hakim – Muqanna ham jon saqlagani haqida ma’lumotlar mavjud. Yana bir e’tiborli gap – mazkur g‘or haqida hazrat Alisher Navoiy “Saba’i sayyor” dostonida ma’lumot beradi va uning ta’rifiga o‘n satrcha oltin misralarni bag‘ishlaydi. Tabarruk g‘or Shahrisabzning kun chiqish tarafida, Hisor tog‘ tizmalari qurshovida, dengiz sathidan 3,5-4 ming metr balandlikda joylashgan. O‘zbekistondagi eng uzun g‘or hisoblanib, 700 metrga yaqin. Ikki qismdan iborat. “Otxona” deb ataluvchi birinchi qismi 70-80 metr chamasida bo‘lib, xiyla keng. Odamlarning doimiy yashagani alomatlari saqlangan. Kirish qismida keng supa barpo etilgan, 10-15 metr chamasi tosh taxtlab chiqilgan, toshlar orasiga ko‘ndalangiga yog‘ochlar tashlangan. Supaning uzunligi yuz metrga yaqin. 250-300 kishi bemalol joylashishi mumkin. G‘orning ikkinchi qismi turli shakllarga ega bo‘lib, oxirida ko‘l mavjud. Ko‘ldan keyin ham davomi borligi aniq. Hatto bu g‘orni Samarqanddagi Shohizinda qadamjosigacha yetib borgani haqida rivoyatlar uchraydi. G‘or maxsus o‘rganilmagan, bir telefilmda faqat ekzotik tomonlari hikoya qilingan (albatta, qayta-qayta namoyish etilgan bu telefilmni ko‘pchilik eslasa kerak). Shuningdek, g‘or haqida 1895-1898 yillari Yakkabog‘ begi bo‘lib turgan Mirza Salimbek ham o‘z xotiralarida qimmatli ma’lumotlar bergan.
G‘orga eng yaqin aholi maskani Toshqo‘rg‘on qishlog‘i hisoblanadi. Bu yerda qadimgi taraqqiyot izlari (toshdan temir ajratib olishdan hosil bo‘lgan chiqindi (mux)lar, ko‘plab eski qabristonlar, masjid) mavjud. Hatto g‘or bilan qishloq oralig‘idagi qoyada dinozavr izlari toshda qotib qolgan. Million yillardan darak beruvchi dinozavr izlari dunyoda katta qiziqish uyg‘otgan, turli munosabatlar bildirilgan. Qishloq joylashgan nishablikning quyisida kattagina ko‘l bo‘lardi va uning janubida baland tepalik bor. Uni xalq “Qo‘rg‘on” deb atagan. Qo‘rg‘on tepasida odamlar manzilgohi izlari – imoratlarning tagzamini o‘rni saqlangan. Har qanday kishini ajablantiradigan bir jihat – undan ko‘lgacha yerosti yo‘lagi kavlangan. Yillar o‘tib, bu yerosti yo‘li cho‘kib, o‘rni ariqdek bilinib turibdi. Demak, Qo‘rg‘on tepasida yashash manzili bo‘lgan va quyidagi ko‘ldan ichimlik suvi olib chiqilgan.
Ushbu dalilga ba’zi tarixchilar, arxeologlar munosabat bildirib, uning Muqanna davri, hatto Aleksandr Makedonskiy bilan bog‘liqligi bo‘lishi mumkinligini aytadilar. Negaki, Amir Temur g‘orida Muqanna ham yashagan, degan taxmin bor. Yana bir gap: Makedonskiyning sug‘d malikasi Ravshanakka atab qurdirgan qasri qayerdaligini hozirgacha hech kim bilmaydi. Uning Termizdan Samarqandga to‘g‘ri, tog‘lar oralab o‘tgani inobatga olinadigan bo‘lsa, jahongirning qadami ushbu hududlarga tekkan bo‘lishi mumkin va xilvat joyda qasr bunyod etgandir. Agar Qo‘rg‘ondan quyiga tushadigan suv yo‘lining yopiq (tim) shaklida bo‘lgani yovdan saqlanish uchun deb faraz qilinsa va bunday inshootni qurish ancha vaqt va mehnat talab etilishini (oradagi masofa ming qadamlar chamasi) hisobga olsak, bu maskanda nufuzli oila yoki odamlar jamoasi bir qancha yillar davomida istiqomat qilgani ko‘rinib qoladi.
Taxmin qilish mumkinki, xuddi shu manzilgohda Temurbek va oilasi uzoq vaqt mobaynida yashagan, chunki bu yerlar dushman ko‘zidan yiroq, tabiiy pana joylar bo‘lgan. Atrofdagi cho‘qqilarda qo‘riqchilar o‘rnashtirilgan – kun chiqishda Bovurchi tog‘i etaklarida xabargirlar qo‘yilgani, ular qanday belgi bilan ogohlantirganlari yuzasidan rivoyatlar bor edi. Kun botish tomonda Masxara (aslida “Mashhara” – kuzatuvchilar maskani, ular olov vositasida yovdan darak berganlar) cho‘qqisi, kun botishga qarab oqadigan daryo o‘zanida, o‘n besh chaqirimlar quyida, Zarmas qishlog‘ining to‘g‘risida pishiq g‘ishtdan ishlangan yana bir kuzatuv maskani (undan Masxara ko‘rinib turgan) mavjud bo‘lgan (minoraning o‘rni va qoldiqlari saqlangan). Bu dalillar Qo‘rg‘onda uzoq yillar barqaror yashalganini yana bir marta tasdiqlaydi. Shuningdek, yaqin atroflarda Qal’ai sheron, Bovurchi, Mirza o‘lang, Shoh yurti, Kichik qal’a, G‘o‘lmarasha, G‘o‘tala kabi manzillar borki, ularning nomlanishi ham Amir Temur tarixi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mantiq ko‘rsatadiki, 1360–1370-yillar davomida o‘t kechib, yovning dodini berib yurgan Amir Temurning ahli oilasi shu xilda muhofaza qilingan, nazardan yiroq, osoyishtaligi ta’minlangan hududlarda yashagan.
Toshqo‘rg‘on qishlog‘i betimsol tabiati bilan birga ana shunday mo‘’jizalarga ham boy. Uning atrofida yil bo‘yi qor arimaydigan cho‘qqilardan tashqari o‘nlab futbol stadionlari qursa bo‘ladigan yoki minglab otliqlarni sig‘dira oladigan maydonlar, tubi bir chaqirim keladigan zovlar, sharqirab oqadigan soylaru zilol suvli buloqlar ko‘plab topiladi. Suvlarining shifobaxshligi haqida yuzlab misollar keltirish mumkin. Hayvonot va nabotot olami ham o‘ziga xos. Havo toza (kislorod ko‘p), osmon tiniq.
– Men Tyanshan va Pomir tizmalarini kezib chiqqanman, yetti ming metrlik cho‘qqilarni zabt etganman, – deydi alpinist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Ikrom Nazarov. – Ko‘rganlarimni qiyoslab ishonch bilan ayta olamanki, hech bir hududda Toshqo‘rg‘ondek joylashishi keng-mo‘l, tabiatan o‘zida ko‘plab imkoniyatlarni mujassamlashtirgan maskanni ko‘rmadim. Bu yerda tog‘ va qishki sport turlarini rivojlantirish, harbiy o‘quv poligonlarini bunyod etish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Bundan tashqari, turizmning turli yo‘nalishlarini joriy etish mumkin.
85 yosh marrasini zabt etgan bo‘lsa-da, qalbi tog‘lar ishqini tark qilmagan Ikrom Nazarovning yana bir qancha dalillari bor. Albatta, sho‘ro zamonida o‘zbeklardan chiqqan birinchi sport ustasi (alpinizm bo‘yicha), tog‘da harbiy o‘quv mashg‘ulotlari haqida qo‘llanmalar muallifi, alpinistlar hayotidan ko‘plab memuar asarlar yaratgan odamning mulohazalarida jon bor.
Ko‘rinib qoladiki, ham tarixga daxldorlik jihatdan, ham tabiiy imkoniyatlarni hisobga olganda, o‘lkamizdagi nodir maskanlardan biri hisoblanuvchi Toshqo‘rg‘on qishlog‘i muhim turistik manzilga aylanishi mumkin. Ayni paytda, ya’ni ichki va xalqaro turizmni rivojlantirish, bu sohani iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantirish borasida sa’y-harakatlar jadal olib borilayotgan sharoitda bu dalillar mutasaddi tashkilotlarni beparvo qoldirmaydi, deb orzu qilamiz. Toshqo‘rg‘on kelajakda muhim turistik va sayohat manzillaridan, qolaversa, milliy kinosanoatning muhim maskanlaridan biriga aylanadi, nasib bo‘lsa.

Hakim SATTORIY

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:05 / 24.05.2024 0 58
Ma’naviyat – inson bo‘lib yashash degani





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19492
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16931
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi