To‘ra, yasa, tuzuk – turkiy konstitutsiyalar


Saqlash
16:12 / 07.12.2023 787 2

Turkiy xalqlar tarixida davlat boshqaruvi bilan bog‘liq siyosiy va huquqiy birliklarning ildizi uzoq o‘tmishga ega. Bu teran ildizlar turkiy davlatchilik tarixiga uzviy ravishda bog‘lanadi. Turkiy ellar tarixan yurt so‘rab, davlat qurib kelgan. Yevroosiyo tuproqlarining o‘tmishida eng yirik o‘nlab davlatlarni turkiy uluslar bunyod etgan. Shuning uchun o‘rta asr manbalarida va qo‘shni musulmon ellarning olam lisoniy manzarasida “turkiy til – siyosat va harb tili” degan tushuncha bejizga shakllanmagan edi. Bu esa davlat boshqaruvi yuzyilliklar davomida turkiy ulus ilgida bo‘lganiga bir ishora. Shu bois davlatchilik tarixida siyosiy va huquqiy birliklarning asosiy bo‘lagi turkiy tilda yaratilganining sababi ham ana shunda.

 

Turkologiyada eski turkiy tildagi davlat boshqaruvida ishlatilgan siyosiy va huquqiy atamalar, ularning o‘tmish boshqaruv institutlarda qo‘llanuv doirasi, ma’no-mazmuni, saltanatlardan saltanatlarga o‘zgarib borishi va xos talqinlari singari masalalar yaxlit tarixiy-lingvistik hodisa o‘laroq tekshirilgan emas.

 

So‘zimiz quruq bo‘lmasligi uchun o‘y-qarashlarimizni turkiy xalqlar davlat boshqaruvida eng faol va asrlar davomida qo‘llagan “to‘ru // to‘ra”, “yasa” va tuzuk” atamalari yordamida tushuntirsam.

 

Turkiy xalqlar o‘tmishidan so‘zlovchi VIII yuzyillikda yaratilgan Urxun vohasidan topilgan yodgorliklarda bobolarimizning davlat boshqaruvi, qonun ijodkorligi bilan bog‘liq faoliyati “to‘ru” atamasi orqali anglatilgan.

 

Kul tegin bitigidagi quyidagi jumla e’tiborni tortadi: “Uza ko‘k tangri, asra yag‘iz yer qilintuqda ikin ara kisi o‘g‘li qilinmish. Kisi o‘g‘linta uza achum apam Bumin qag‘an, Istami qag‘an o‘lurmish. O‘lurupan turk bo‘dunung elin to‘rusin tuta birmis, iti birmis” – “Yuqorida ko‘k osmon, pastda qo‘ng‘ir yer yaratilganda ikkisining orasida inson bolasi yaratilgan. Inson bolalari ustidan ota-bobom Bumin xoqon, Istami xoqon (taxtga) o‘tirgan. Taxtda turib turk xalqining davlati qonunlarini amal qildirgan, tartibga keltirgan (o‘lurupan turk bo‘dunung elin to‘rusin tuta birmis, iti birmis)”.

 

 

Matnning boshqa bir o‘rnida bu atama ham “siyosiy boshqaruv, hokimiyat, hukumat” ma’nosida, ham “davlat boshqaruv qonunlari” ma’nosida qo‘llanadi: “Yeti yuz er bo‘lup elsiramis, qag‘ansiramis bo‘dunug‘, kungadmis, quladmis budunug‘, turuk to‘rusin ichg‘inmis bo‘dunug‘ achim apam to‘rusincha yaratmis, bo‘shg‘urmis” – “Yetti yuz er bo‘lib, davlatini yo‘qotgan, xoqonini yo‘qotgan xalqni, cho‘riga aylangan, qul bo‘lgan xalqni, turk siyosiy boshqaruvini boy bergan xalqni (turuk to‘rusin ichg‘inmis bo‘dunug‘) ota-bobolarim qonunlaricha oyoqqa turg‘azibdi, boshqaribdi (achim apam to‘rusincha yaratmis, bo‘shg‘urmis)”.

 

 

Keltirilgan misollar tahlili “to‘ru” atamasi qadimgi turkiy xalqlarning davlatchiligi tarixida “mamlakat boshqaruvi bilan bog‘liq qonunlar yig‘indisi”, to‘g‘rirog‘i, kunimizdagi “davlat konstitutsiyasi” hamda “hokimiyat”, “siyosiy boshqaruv” ma’nosida qo‘llangani oydinlashmoqda.

 

Davlatchiligimiz tarixida saltanatning boshqaruv tizimi, qonunlar majmuasi keyingi sulolalarda ham “to‘ru” atamasi ifodalanganini tasdiqlovchi dalillar bor. Xususan, qoraxoniylar davrining bosh manbasi “Qutadg‘u bilig” asarida davlatni tutib turuvchi uch asosdan biri “to‘ru”, ya’ni “siyosat va qonunlar” ekani alohida ta’kidlanadi. Asarda bu birlik bilan bog‘liq o‘nlab misollar mavjud. Chunonchi, kitobning 1897-baytida hukmdorlik ishini hukmdorlar bilishi, siyosat, qonunlar, axloq, rasm-rusumlar ulardan kelayotgan uzviylik ekani ta’kidlangan:

 

Bu beglik ishin barcha beglar bilir,

To‘ru, o‘ngdi, qilq, yang ulardin kelir.

 

Davlatchilik tarixining keyingi bosqichlaridan biri – chingizxonlar davrida davlat boshqaruvining qonunlari sifatida “to‘ru” birligining ishlatilish doirasi qisqarganini ko‘rish mumkin. Bu kezda “yasa” atamasi muomalaga kiritildi. Ular ilgidagi davlatlarda boshqaruv “yasa” asosida olib borildi va yasadan davlatning asosiy qonunlari o‘laroq foydalanildi.

 

Temuriylar saltanati davlat boshqaruvining bosh qonunlari anglamida tüzük atamasining qo‘llaniluv doirasi va mazmun-mohiyati kengaygan davr o‘laroq tarixda muhrlangan. Buning isbotini buyuk sarkarda va yurt egasining tuzuklaridagi ma’lumotlardan, o‘sha zamon tarixchilarining Temur va temuriylar faoliyatiga bag‘ishlangan asarlaridan topamiz.

 

“Temur tuzuklari” asarida “tuzuk” atamasining mohiyatini belgilovchi shunday so‘zlar bor: “Saltanatni boshqarishimda uchragan har qanday voqea va ishni to‘ra va tuzuk asosida ado etdim”. Sulton Temurbek qurgan davlatning boshqaruv tizimini o‘rganishda bosh manba o‘rnida turuvchi asarda ushbu qaydlar yurt egasining o‘z tilidan aytilmoqda. Asarni o‘qishda davom etamiz: “Din-u shariat ishlari tuzukini tartibga keltirganimdan keyin, saltanatim korxonasining tuzukini tuzishga kirishdim”. Asardan olingan ushbu ikki uzundi mazmunidan ham Temurbek saltanat boshqaruvida “to‘ra” va “tuzuk”ka asoslangani oydinlashmoqda. Mana shu o‘rinda “to‘ra” va “tuzuk” birliklari misolida turkiy sulolalar davlat boshqaruvida asrlar davomida uzliksizlik davom etganini ko‘rish mumkin.

 

Aslida hokimiyatni idora qilish Temur va temuriylar sulolasidan bo‘lgan hukmdorlar qo‘liga o‘tishi bilan madaniy va ijtimoiy hayotda yana jonlanish, rivojlanish boshlandi. Hokimiyatni mustahkamlash, qo‘lga kiritilgan yutuqlarni saqlab qolish, kelajak taraqqiyot uchun yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish, davlat siyosiy-ijtimoiy tuzumining usullarini belgilash, turli ijtimoiy tabaqalarning vazifasini tayinlash, davlat boshqaruvining nizom-qoidalarini ko‘rsatib berish kun tartibidagi masalaga aylandi.

 

Ayni masalani hal etish uchun Sohibqiron Temurbek eski turkiy boshqaruv an’analariga sodiq qolgan holda, davlatni idora qilish usulini, siyosatini, qonun-qoidalarni, rasm-u odatlarini, axloq me’yorlarini mujassamlashtirgan  nizomnoma sifatida tuzuklardan iborat qonunlar majmuasini yaratdi. Tuzuklar oldiga qo‘yilgan talab juda muhim edi. Unda yuzaga kelgan yangiliklar, ularni mustahkamlash, idora qilish usullari, oddiy fuqarodan (“el kishi” – Sohibqiron Temurbek ta’biri) tortib oliy mansab beklar va amirlar fe’l-atvori qanday bo‘lishi lozimligi, davlat qurilishi, iqtisod va xo‘jalik, ma’rifat va obodonchilik, davlatni mustahkamlash, umuman, siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, moddiy-madaniy, axloqiy-tarbiyaviy singari masalalarga o‘sha davr talabi nuqtai nazaridan yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish, javob berish kerak edi.

 

 

Sulton Temurbek yangi davr, yangi bosqichning qonunshunos va mafkurachisi sifatida mana shu masalalarga javob berdi. Bu davr qonunchilik va davlat boshqaruvi tizimida ham yangi bosqich sanaladi. Hokimiyatda, mafkurada, madaniyatda, ma’naviyatda, dunyoqarashda yangi o‘zan ochildi. Ana shularning bari tuzuklarda aks etdi va qonunchilik taraqqiyotida o‘tmish turkiy davlatlar qonunchiligidan ulgu olgan, tuzuklarga asoslangan boshqaruv tizimining yangi, o‘ziga xos davri boshlandi. Yasaga asoslangan eski qonunchilik o‘z o‘rnini tuzuklarga bo‘shatib berdi.

 

Chingiziy sulolalar davlat qonunlarini anglatgan “yasa” temuriylar davrida ham qo‘llangan. Biroq istifoda tegrasi toraygan, ko‘proq “jinoyat kodeksi” anglamida ishlatilgan. Buning dalilini ham tuzuklarning o‘zidan topamiz: “O‘g‘rilar xususida buyurdimki, ular qayerda bo‘lmasin, tutib olinsa, yasa bo‘yicha jazolansin. Kimki birovning molini zo‘rlik bilan tortib olgan bo‘lsa, mazlumning molini zolimdan qaytarib olib, egasiga topshirsin”. Yoki “Amr etdimki, “o‘g‘ri va qaroqchilarni” “yasa” asosida jazolasinlar”. Dalillar tahlilidan “yasa” asosan jinoiy jazolar kodeksi vazifasini bajargani ko‘rinmoqda.

 

Davlatchiligimiz tarixida qonunlar majmuasi ma’nosida ishlatilgan huquqiy atama “to‘ru”=“to‘ra”, “yasa” bilan bir qatorda, temuriylar boshqaruv tizimida davlatning bosh qonunlari anglami “tuzuk” atamasi semantikasiga yuklandi. Bu to‘g‘rida Sohibqironning o‘zi quyidagilarni yozadi: “...Saltanat qurish va davlat tutish bobida o‘zim qo‘llagan ishlarni bir necha tuzukka bog‘ladim va saltanatni boshqarish haqida qo‘llanma yozib qoldirdim...”. Amir Temur saltanat boshqaruvi haqida bahs ochib, nizom – qoidalar tizimini yaratdi. Shu jihatdan Temurbekning tuzuklarini XIV–XV asr Turon davlatining konstitutsiyasi deyish o‘rinlidir.

 

Yana bir muhim qirrani ayricha qayd etish o‘rinli bo‘ladi. Ko‘pincha davlat boshqaruvi bilan bog‘liq atamalarda jamiyatning mafkurasi, dunyoqarashi, til vaziyati aks etadi. Vaqt o‘tishi bilan muayyan saltanatlar boshqaruvida qo‘llangan birliklar saqlanib qolishi mumkin. Biroq ularning talqini davr va jamiyat ko‘zqarashlarini o‘zgartib borgani singari o‘zgarib boradi. Bu huquqiy va siyosiy atamalarning mazmuni hamda talqiniga ta’sir etmasdan qolmaydi. Chunki yangi mafkura, yangi boshqaruv uslubi yangi talqinlarni talab etadi. Shu jihatdan hokimiyatni idora qilish boshqa sulolalar qo‘liga o‘tishi bilan hokimiyatini mustahkamlash uchun boshqaruv qonunlari, devonxona va ish-yuritish masalalariga ayricha e’tibor qaratiladi. Davlat boshqaruv tizimida qo‘llangan atamalar talqini ham o‘zgarib boradi.

 

E’tibor qilinsa, boshqaruv bilan bog‘liq matnlarda siyosiy, huquqiy birliklarni qo‘llashda katta ahamiyat berilgan. Davlat institutlariga tegishli yozmalarning mazmuni, so‘z va atamaning tanlanishiga devon-mahkama tizimida shu soha bilan shug‘ullanuvchi mansabdorlar “bitigchi”, “alimg‘a” va “yozg‘uchi” mas’ul hisoblangan. Matnlar ularning qo‘lidan o‘tgan.

 

Kezi kelganda masalaning yana bir jihatiga e’tibor qaratish kerak. O‘tmishda kundalik so‘zlashuvda ishlatiladigan ayrim leksik birlik va birikmalar boshqaruv bilan bog‘liq diskursga o‘tganda atamalik xususiyatini ham bajargan. Bu bilan odatiy so‘zning davlat boshqaruvi diskursidagi yangi umri boshlangan. Shu bois davlat boshqaruviga tegishli matnlarni tadqiq etganda u yerda qo‘llangan  birliklarni odatdagi ma’noda talqin qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Aksincha, ularga siyosiy, huquqiy atama sifatida ma’no yuklash to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Quyida keltirilgan jadvaldagi misollar buni tasdiqlaydi:

 

 

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, davlat boshqaruvi bilan bog‘liq siyosiy va huquqiy birliklar o‘rta asrlardagi ko‘rinishiga yetgunga qadar bir qancha lingvistik takomil bosqichni o‘tagan. Davlatchilik tarixida kechgan siyosiy, tarixiy va lingvistik jarayonlar turkcha siyosiy va huquqiy atamalarning to‘la-to‘kis, mukammal bir qolipda shakllanuviga keng yo‘l ochib bergan.

 

Asosiysi, turkiy tildagi davlat boshqaruviga tegishli birliklar eng qadimgi davrlardan boshlab turk xoqonligigacha va undan keyin bunyod bo‘lgan davlatlarda qo‘llangan holda saltanatdan saltanatga uzviylik kasb etib, shakl, tuzilish va mazmun-mohiyati bilan mukammallashib borgan. Muhimi, ota-bobolarimizdan qolgan qadim yozmalardagi huquqiy va siyosiy atamalar to‘liq shakllanib va tugal ko‘rinishni qabul qilgani bilan xarakterlanadi. Bu masalada o‘tmish bobolarimiz to‘g‘ri yo‘ldan yurgan.

 

Qudratulla OMONOV,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

 birinchi prorektori, filologiya fanlari doktori, professor

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

2 Izohlar

Sapura

20:12 / 08.12.2023

Turkiy xalqlar ildizi baquvat. Aniq ma'lumotlar uchun rahmat.

Shahina

11:12 / 08.12.2023

Juda muhim va hammaga qiziqarli ma'lumotlar bo'libdi. Maza qilib o'qidim

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

14:05 / 21.05.2024 0 192
Layk gadolari yoxud xatarli inkubator





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19480
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16908
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi