Hindiston, Pokiston va Xitoy nima uchun Kashmirga da’vogarlik qiladi? Bir asrlik siyosiy nizo tahlili


Saqlash
17:12 / 07.12.2023 677 0

Kashmir mojarosi salkam bir asrlik muammo. Hindiston va Pokiston davlatlari hanuz muammoning yechimini topgani yo‘q. Ikki davlat elitasi ham mazkur hududni milliy davlatchiligi shakllanishida asosiy o‘ringa qo‘yib kelmoqda. Pokistonliklar aholisining katta qismi musulmon bo‘lgan Kashmirsiz to‘laqonli davlat maqomiga ega bo‘lmaymiz deb hisoblasa, hindistonliklar bu hududni barcha din vakillari tinch yashaydigan bag‘rikeng davlatning bir bo‘lagiga aylantirish niyatida.

 

1947-yilda Buyuk Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lgan Hindiston ikkiga – musulmonlar yashaydigan Pokiston va asosan hindlar istiqomat qiluvchi Hindistonga ajralgan edi. E’tiqod sabab yuz bergan bo‘linish millionlab insonlarning qochqinga aylanishiga, qoni to‘kilishiga olib keldi. Ikki davlatning paydo bo‘lishi oqibatida o‘rtada Kashmir mojarosi yuzaga chiqdi.

 

Musulmonlar yashashiga qaramasdan tog‘li Kashmir hududini 1947-yilgacha hind maharojasi boshqarib kelgan. Britaniya mustamlakachiligi barham topgach esa hind rojasiga qarshi qo‘zg‘olonlar ko‘tarilib, bu isyonlarda musulmonlarga yordam berish maqsadida ko‘plab qurolli pokistonliklar Kashmirga bostirib kiradi. Mahalliy roja Hindiston ittifoqiga qo‘shilishga qaror qiladi.

 

Kashmir mojarosi tufayli Hindiston va Pokiston o‘rtasida birinchi urush 1947–1949-yillarda bo‘lib o‘tadi. Urushdan so‘ng Kashmirning katta hududi Hindiston, kichik qismi Pokiston nazoratiga o‘tadi. Aniq belgilangan chegaraning yo‘qligi sababli ikki davlat o‘rtasida yana bir necha bor urush va keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuvlar sodir bo‘ladi. 1971-yilda boshlangan ikkinchi Hindiston-Pokiston urushi Sharqiy Pokistonning mustaqil Bangladesh davlatiga aylanishi va Kashmirda tomonlar o‘rtasida nazorat chizig‘i (chegara) o‘rnatilishi bilan tugaydi.

 

Kashmir mojarosi sababli ikki davlat o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar vaqti-vaqti bilan davom etib kelmoqda. Hamon Kashmirning Hindiston va Pokiston nazorat qiluvchi hududlari o‘rtasida qat’iy chegara o‘rnatilmagan. Ikki davlat ham Kashmirni o‘zining qonuniy hududi deb biladi. Nazoratda bo‘lmagan hududlarni esa vaqtincha bosib olingan deb hisoblaydi.

 

Pokiston Kashmir mojarosini xalqaro nizo deb ataydi. Muammoni xalqaro forumlarda muhokamaga qo‘yishga, boshqa davlatlarning vositachilik qilishiga intiladi. BMTning rezolyutsiyalariga asoslangan holda Kashmirda plebissit (referendumning bir turi) o‘tkazishni talab qilib keladi. Hindiston tomoni Kashmir mojarosi xalqaro nizo emas, plebissit o‘tkazmasa ham bo‘ladi degan fikrda.

 

Hindiston va Pokiston o‘rtasida Kashmir tufayli shu paytga qadar uch marta urush va bir qancha keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuvlar yuz bergan. Kashmir esa qo‘poruvchilik harakatlari tez-tez sodir bo‘ladigan, qurolli hujumlar sababli qon to‘kiladigan zo‘ravonlik markazi bo‘lib qolmoqda. Pokiston bu vaziyatni hind boshqaruviga qarshi xalq qarshiligi deb ta’riflasa, Hindiston Pokiston dastaklaydigan separatizm harakati deb baholaydi.

 

Kashmirda ikki davlatga ham qo‘shilmay mustaqil davlat bo‘lish g‘oyasini ilgari suradigan kuchlar ham bor. Bunday istiqbol Hindiston uchun xavfli. Chunki mamlakatda ayirmachilik kayfiyatidagi hududlar yetarlicha topiladi. Kashmirning mustaqil deb tan olinishi domino effektiga sabab bo‘lib, mintaqa va shtatlarda ayirmachilikning yangi to‘lqini boshlanishiga olib kelishi mumkin.

 

2019-yil 5-avgust kuni Hindiston nazoratidagi Jammu va Kashmir shtatida Narendra Modi hukumati mamlakat konstitutsiyasining 370-moddasida nazarda tutilgan mintaqaning yarim avtonom maqomini bekor qildi. Natijada shtat ikki qismga: Hindiston ittifoqi a’zolari bo‘lgan Jammu va Kashmir hamda Ladax hududiga bo‘lindi.

 

Tabiiyki, bu o‘zgarish kashmirliklar orasida keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi. Vaziyatni yumshatish maqsadida Hindiston hukumati o‘n minglab askar va politsiyachini mintaqaga joylashtirdi. Yana ham keskinroq choralar ko‘rish maqsadida barcha mahalliy maktab va bozorlar yopib qo‘yildi. Komendantlik soati e’lon qilinib, internet cheklandi.

 

Hozir mintaqada nisbatan barqaror vaziyat hukmron. Biroq mutlaq tinchlikka erishilgani yo‘q. Kashmirga etnik hindlarni ko‘chirib keltirish boshlanadigan bo‘lsa, ayirmachi kayfiyatdagi mahalliy aholi yanada faollashishi, keng ko‘lamli qurolli to‘qnashuvlar yuz berishi mumkin.

 

Hozir Hindiston siyosatida hind an’analari va diniy qarashlariga asoslangan milliy o‘zlik mafkurasi (hinduizm ham deb nomlanadi) shakllangan. Bu mafkura hukmron partiya – Bxaratiya janata partiy(BJP)ning asosiy g‘oyaviy yo‘nalishini aks ettiradi. Hinduizm g‘oyasi turli an’anaviy qarashlar aralashmasidan tashkil topgan.

 

Hindiston konstitutsiyasining 370-moddasida ko‘zda tutilgan avtonomlik maqomi bekor qilinishi ortidan norozilik kuchayib, hind kuch ishlatar tuzilmalari bilan to‘qnashuvlar alanga oldi. Mahalliy aholi ko‘chirib keltirilayotganlarga bosim o‘tkaza boshladi. Qarshilik harakatiga javoban hind politsiyasi va xavfsizlik kuchlari jazo choralarini ko‘rishni ma’qul topmoqda.

 

Kashmir mojarosida Xitoyning ham manfaati bor. Kashmirning sharqiy qismidagi Oqsoychin hududi Xitoy tomonidan nazorat qilinib, uning tarkibiy qismi sifatida qaraladi. Biroq ayni paytda bu hududni Hindiston ham tog‘li Ladax viloyatining bir qismi deb biladi va unga doim da’vo qiladi. Xitoy uchun mazkur hudud G‘arbiy Tibet va Uyg‘ur avtonom viloyatini bog‘lashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

1950-yillardan buyon Oqsoychin Hindiston va Xitoy o‘rtasida hududiy nizolar davom etib kelishiga sabab bo‘lmoqda. O‘tgan vaqt davomida ikki tomon o‘rtasida bir necha bor harbiy to‘qnashuv yuz berdi. Oqsoychin chegara hududida joylashgani sababli ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega. Hindiston va Xitoy hududiy kelishmovchiliklarga qaramay, mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishni afzal ko‘radi[1].

 

Kashmir mojarosi nafaqat davlatlar o‘rtasidagi hayotiy manfaatlar to‘qnashuvi, balki mafkuralar o‘rtasidagi kurash ekanligini ham sezish mumkin. Mojaroning faol ishtirokchilari bo‘lgan Hindiston va Pokiston birmuncha vazmin pozitsiyaga ega Xitoyning mazkur muammoga g‘oyaviy qarashlari va mafkurasiga tayanadi.

 

Hindiston mafkurasining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan turli millatlar ahil kun kechiruvchi dunyoviy davlat g‘oyasining muvaffaqiyatida Kashmir masalasi katta ahamiyatga ega[2]. Kashmirda yashovchi aksariyat musulmon aholining hinduiylik diniga e’tiqod qiluvchi hindlar bilan bir davlatda tinch hayot kechirishi hind davlatining g‘oyaviy asoslaridan biridir. To‘lig‘icha islom dini asosida tashkil topgan Pokiston va dunyoviylikni targ‘ib qiluvchi, biroq hinduizmni keng qo‘llovchi Hindiston o‘rtasidagi Kashmir mojarosi ayni paytda qarama-qarshi g‘oyalar to‘qnashuvi ham bo‘lib, bu muammoni battar chigallashtiradi.

 

Kashmirning bir qismi bo‘lgan Oqsoychin hududining Xitoy tarkibida bo‘lishi uning mafkuraviy qarashlarida muhim bo‘lgan milliy birlik, iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy barqarorlik, uyg‘un jamiyat kabi g‘oyalarning hayotga tatbiq etilishida katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, bu hudud Xitoy hududiy birligini ta’minlashda muhim hisoblanadi. “Yagona Xitoy” mafkurasi doirasida Xitoy nazoratida bo‘lgan har qanday hudud bo‘linmasligi targ‘ib etiladi va Oqsoychin ham hududiy nizolarga qaramay, Xitoyning qonuniy yeri hisoblanib, qat’iy himoya qilinadi.

 

Pokiston islom diniga e’tiqod qiluvchilar mamlakati bo‘lib, musulmon o‘ziga xosligini saqlash, diniy asosda milliy birlikni ta’minlash, musulmonlarni himoya qilish g‘oyalariga katta urg‘u beradi. Tabiiyki, aksariyat musulmonlar yashaydigan Kashmir hududini musulmon bo‘lmagan hindlar hukmronligidan qaytarib olish g‘oyasi hukumat va xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Pokiston uchun Kashmirning bir qismiga egalik qilish strategik ahamiyatga ega. Pokiston nazoratidagi Kashmir unga Xitoy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegaraga ega bo‘lishga va asosiy raqibi Hindistonning Markaziy Osiyo bilan bevosita bog‘lanishiga yo‘l qo‘ymaslikka yordam beradi.

 

Shuningdek, mintaqada ikki davlat hududidan oqib o‘tuvchi asosiy daryolar to‘yinadigan ulkan suv resurslari mujassam. Bu resurslarning katta qismi Hindistonga tegishli Kashmir hududida joylashgan bo‘lib, Pokiston hududida kamroq. Shu bois Pokiston uchun Kashmirga to‘la egalik qilish suv zaxiralaridan ko‘proq foydalanishga imkon beradi.

 

Kashmir nizosining asosini mafkuralar to‘qnashuvi desak adashmagan bo‘lamiz. Hudud uchun nizolashayotgan tomonlar Kashmir mojarosidagi muvaffaqiyatsizlikni o‘z davlatchiligi, g‘oyaviy asoslari uchun mag‘lubiyat deb qabul qiladi. Shu bois bu mojaroda tomonlarning yon berishini kutish befoyda. Pokistonda diniy qarashlarga qurilgan islomiy mafkura, Hindistonda hind millatchiligi bilan qorishib ketgan dunyoviy demokratik davlat mafkurasi va Xitoyning iqtisodiy rivojlanishga katta urg‘u beruvchi “xitoycha kommunizm” mafkurasi tomonlarning kelishuvga erishishini qiyinlashtiradi.

 

Kashmirda shakllangan murakkab vaziyat Hindiston va Pokiston o‘zaro adovatga barham bergan holda yagona yechimni topishini taqozo qilmoqda.

 

Avazbek SHERMATOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar

 instituti ilmiy xodimi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 3-son.

“Kashmir mojarosi” maqolasi


[1] China Appears to Understand the Risks in Kashmir More Than India or Pakistan, https://www.worldpoliticsreview.com/china-appears-to-understand-the-risks-in-kashmir-more-than-india-or-pakistan.

[2] National Ideologies and the Kashmir Conflict, https://www.worldpoliticsreview.com/national-ideologies-and-the-kashmir-conflict.

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19031
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19031
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15729
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi