Jurnalist Abduvohid Hayit “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi


Saqlash
17:12 / 07.12.2023 571 0

Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “HAR BIR INSON HAYOTI DAVOMIDA OʻQISHI SHART BOʻLGAN 10 KITOB” tavsiyasini berishda davom etadi.

 

Loyihaning 65-kuni jurnalist Abduvohid Hayit “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:

 

Kattayu-kichik, hammaga tavsiya etish mumkin boʻlgan adib, birinchi navbatda, Navoiy bobomizdir. “Boburnoma”ni men mutolaa etilishi lozim boʻlgan asarlar roʻyxatida ikkinchi oʻringa qoʻygan boʻlardim. Chunki bu asarni mutolaa qilish jarayonida unga singib ketgan, ayniqsa, hozir bizga yetishmayotgan ruh erkinligi, jasurlik, samimiylik, toʻgʻrisoʻzlik kabi Boburning yuksak fazilatlaridan oʻquvchi oʻziga biroz yuqtirsa, jamiyatimiz ancha tetiklashar edi.

 

Mutolaadan maqsad oʻquvchi asardan oʻzi izlayotgan narsani, savoliga javob topishni istaydi. Kimdir sarguzashttalab, kimgadir tarix muhim, kimdir yuksak badiiyat shaydosi, kimdir falsafa, mantiq, azaliy haqiqatlarni kitobdan izlaydi. Qizigʻi shundaki, falsafiy fikrlash tarziga ega oʻquvchi oddiy voqeaband asardan ham falsafiy xulosalar chiqarishi mumkin. Koʻpincha badiiy asar qanot qoqolmay turgan fikrlarimizga turtki berishi uchun oʻqiladi. Shuning uchun kimgadir: “bu yozuvchini oʻqima, mana bu buyuk yozuvchi asarlarini oʻqi”, deb maslahat berish unchalik toʻgʻri emas, deb oʻylayman. Har bir oʻquvchi oʻz darajasi, ehtiyoj va imkoniyatlariga qarab adabiyot tanlaydi. Koʻpgina asarlar oʻquvchidan maʼlum tayyorgarlik talab qiladi. Deylik, J.P.Sartr asarlarini dunyoqarashi butunlay boshqa olamda shakllangan oʻquvchiga oʻqitish uni jazolashday gap. Qachonki, oʻquvchi Sartr javob izlagan savollarga yaqin bir maqomga yetsa, Sartr asarlari uni ohanrabodek oʻziga tortadi. Qaysi asarni qachon mutolaa qilish yosh bilan ham bogʻliq. Deylik, F.Dostoyevskiy asarlarini yoshlikda, ayni ehtirosga toʻlgan paytda oʻqisa boshqacha, hayotning past-balandi, zarbalari, neʼmatlaridan totinib faylasuflashgan oʻrta yoshda oʻqisa boshqacha taassurot boʻlishi mumkin.

 

Muayyan asarning oʻqiladigan davri ham boʻladi. Deylik, kovid boshlangan 2020-yil Alber Kamyuning “Vabo” romani dunyo miqyosida koʻp oʻqildi. Romanni avval oʻqiganlar qayta oʻqishdi. Chunki sizning ruhiyatingiz va badiiy asar ruhiyati oʻrtasidagi yaqinlik asarni chuqurroq tushunish, his qilishda yordam beradi.

 

Milliy oʻzlikni anglash degan muhim tamoyil bor. Oʻzlikni anglamagan inson har maqomga yoʻrgʻalashga mahkum. Buning uchun esa Qodiriy, Choʻlpon, Fitratlar; Ogahiy, Muqimiy, Nodira, Lutfiy, Sakkokiy, Yusuf Xos Hojib... bir soʻz bilan aytganda, barcha mumtoz adabiyotimiz vakillari muhim.

 

Lekin faqat milliy adabiyot bilan chegaralanish ham mahdudlikka olib keladi. Adabiyotda hech bir zamonda chegara boʻlmagan, bugungi badiiy tafakkurni anglash uchun albatta jahon adabiyoti durdonalari bilan oshno boʻlish shart. Bu roʻyxat esa juda uzun. Zamon bilan hamnafas boʻlish uchun esa albatta zamondosh yozuvchi va shoirlarimiz asarlaridan bahramand boʻlish kerak, deb oʻylayman. Bu mening mutolaaga yondashuvim. Ammo loyiha doirasida 10 kitob tavsiya qilish kerak boʻlsa, shartli ravishda quyidagilarni sanagan boʻlardim:

 

1. Alisher Navoiy, “Xamsa” dostonlari

2. Yusuf Xos Hojib, “Qutadgʻu bilig” asari

3. Choʻlpon, “Kecha va kunduz” romani

4. Rauf Parfi, “Sabr daraxti” sheʼriy toʻplami

5. Lev Tolstoy, “Urush va tinchlik” romani

6. Fedor Dostoyevskiy, “Telba” romani

7. Alber Kamyu. “Begona” romani

8. Alber Kamyu, “Vabo” romani

9. Jan Pol Sartr, “Behuzurlik” asari

10. Gabriel Garsia Markes, “Yolgʻizlikning yuz yili” romani.

 

Abduvohid Hayit 1967-yilda Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanida tugʻilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Filologiya fanlari nomzodi. Shoirning “Jon qushi” nomli sheʼriy kitobi chop etilgan. Ayni vaqtda Kanadada yashayotgan ijodkor jahon adabiyotining eng sara namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

 

 Oyina.uzni Telegramda oʻqing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19035
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19035
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15735
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi