Dushman qidirish, jun yig‘ish, paxta terish – sovet tuzumi prokuraturani nimalar bilan andarmon qilgan edi?


Saqlash
18:12 / 18.12.2023 613 0

Ahmadbek Mavlonbekov 1897-yil Xo‘jand shahrida dunyoga kelgan. Otasi Matqul Mavlonbek o‘g‘li bir zamonlar Buxoro amirligida mulozim toifa bo‘lgan beklar avlodidan edi. Ahmadbek eski maktabda savod chiqargach, 1911-yilda Xo‘jand shahridagi rus-tuzem maktabini, keyin esa telegraf kurslarini tamomlaydi. Mehnat faoliyatini 1914-yil rus maktabida qorovullikdan boshlab, 1915-1916-yillarda Po‘latjon Samjialov savdo uyida kotib-mirza bo‘lib ishlaydi. Ish jarayonida rus tilini mukammal o‘rganib, 1916-yil o‘rtalaridan Marg‘ilon pochtasiga ishga kiradi. Ko‘p o‘tmay Ahmadbek Mavlonbekov mahalliy millat vakillari orasida birinchilardan bo‘lib Xo‘janddagi pochta-telegraf bo‘limida katta telegrafchi bo‘lib ish boshlaydi.

 

 

1917-yil Turkistonda jadid taraqqiyparvarlarining tashabbusi bilan muxtoriyat uchun kurash avj oldi. Ahmadbek Mavlonbekov mazkur jarayonda “Sho‘roi Islom”ning Xo‘janddagi sho‘basi – “Musulmon deputatlari kengashi” jamiyatining tashabbuskorlaridan bo‘ldi va Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatladi. Ahmadbek keyinchalik o‘zbek siyosiy elitasining eng yuqori pog‘onalarida faoliyat olib borgan xo‘jandlik tengdoshlari Mo‘min Xo‘jayev, Sulton Matqul, Sharif Rajapov, Jo‘ra To‘rabekovlar bilan tanishib, umrining so‘nggi damlarigacha ular bilan hammaslak do‘st bo‘lib qoldi.

 

 

Turkiston muxtoriyati qonga botirilgach, 1918-yil iyunidan RKP(b) a’zosi bo‘ldi. 1918-1919-yillarda Xo‘jand shahar ijroqo‘mi mehnat va ijtimoiy ta’minot bo‘limi boshlig‘i, 1919-yildan Xo‘jand uyezd xalq sudi raisi, Xo‘jand tuman xo‘jalik kengashi raisi, 1919-1920-yillarda Xo‘jand okrug-shahar RKP(b) qo‘mitasi raisi vazifalarida ish olib bordi.

 

Sho‘rolar mintaqada o‘z hukmronliklarini saqlab qolish maqsadida mahalliy aholi orasida katta nufuzga ega va boshqaruv tajribasi bo‘lgan kadrlarga muhtoj edi. Ahmadbek Mavlonbekov 1920-1921-yillarda Xo‘jand okrug-shahar inqilobiy qo‘mitasi raisi, Xo‘jand okrug-shahar ijroqo‘mi raisi lavozimlarida ishlaydi. Ayni paytda Toshkent shahar Soveti ijroiya qo‘mitasi hamda Turkiston Jumhuriyati Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi kollegiyasi a’zoligiga saylanadi.

 

Ahmadbek Mavlonbekov 1921-1922-yillarda o‘lkaning istiqlolchilik kurashi avj olgan Farg‘ona vodiysiga tashlanadi. Viloyat partiya tashkiloti MQ raisi, Farg‘ona viloyat inqilobiy qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari va raisi vazifasini bajaruvchi, Farg‘ona viloyat xo‘jalik kengashi raisi vazifalarida Nazir To‘raqulov, Sulton Segizboyevlar bilan yelkama-yelka turib xizmat qildi. Imkon qadar qizil armiya hamda arman doshnoqlarining qirg‘in va talonchilik harakatlariga chek qo‘yish, ocharchilik oqibatlarini tugatish, xalq xo‘jaligini izga solishda kecha-yu kunduz tinim bilmadi. 1922-1923-yillarda Turkiston Kompartiyasi Samarqand viloyat qo‘mitasi mas’ul kotibi (obkom) bo‘lib, “Nashri maorif” jamiyatining faoliyatini jonlantirdi. Yangi maktab va kutubxonalar ochish, mahalliy yoshlarning xorij va ichki Rossiya shaharlarida ta’lim olishlari uchun keng sharoitlar yaratishga harakat qildi.

 

 

Ahmadbek Mavlonbekov 1923-1924-yillarda BXSR Kompartiyasi (b) MK mas’ul kotibi, 1924-1925-yillarda yangi tashkil etilgan O‘zbekiston SSRda ishchi-dehqon inspeksiyasi xalq komissari lavozimlarida ish olib bordi. U shubhasiz, o‘zbek sho‘ro siyosiy elitasining yirik shaxsiyatlaridan biri edi. 1925-yildan O‘zbekiston KP (b) MQ Tashkilot hisob va taqsimot bo‘limi mudiri, 1925–1927-yillarda KPSS Markaziy nazorat komissiyasi a’zosi, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy nazorat komissiyasi raisi kabi o‘ta mas’uliyatli lavozimlarda ish olib bordi.

 

Ahmadbek Mavlonbekov 1927-yil 31-martdagi O‘zSSR Ijroiya qo‘mitasi qurultoyi qarori bilan Adliya xalq komissari, bir vaqtning o‘zida O‘zSSR Bosh prokurori lavozimlariga tayinlanadi. Shu davrni uning faoliyatining cho‘qqisi deb aytish mumkin. “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1927-yil 15-aprel sonida “Amirning zulmidan kam emas” nomli maqolada bosh prokuror Mavlonbekovning maxsus muxbir bilan suhbati chop etilgan. Unda “ixtiyoriy taslim bo‘lg‘on qo‘rboshi Muhiddin maxsum Yodgorxo‘jayuf”ning kirdikorlari fosh etiladi. Jumladan, “1926-yil 28-iyulda Zarafshon viloyat jinoyat qidirish idorasiga xizmatga olinib edi. 21 inchi avg‘ustda Polvon qishlog‘ida dehqonlarini jabrlab, Ashuruf degan dehqonning ko‘zini urib chiqoradi. Yodgorxo‘jayif tomonidan qamoqqa olinib Buxorog‘a keltirilgan 7 ta dehqong‘a sud bo‘lg‘onda, ularning hech qanday jinoyat qilmag‘onliqlari ma’lum bo‘lib oqlanadilar. 26 inchi yil o‘ktabr oyida u Labshin, Ja’faruflar bilan Vobkent rayonig‘a jinoyatchilarni qidirishg‘a ketadi. Ular So‘fidehqon qishlog‘ini “ishtob kvartir” qilib, dehqonlarni qattiq jabrlashga kirishadilar. Bir otxonani qamoqxonaga aylantirib, unda dehqonlarni qamaydilar. Qamoqda bo‘lg‘on dehqonlarni yo‘q jinoyatlarni iqror qildirish uchun urg‘onlar, qo‘llarini burag‘onlar, og‘izlarig‘a to‘lg‘oncha suv quyib, yotqizib qornig‘a tepganlar. Qamoqqa oling‘onlarni kechasi dalaga olib chiqib otamiz deb qo‘rqitib aybsiz dehqonlardan jinoyatlarini iqror etishini talab qilg‘onlar. So‘roq protokollarida sachrag‘on qon tomchilari haligacha saqlong‘on. Bu qonlar so‘roq vaqtida azoblash, urish orqasida oqg‘on qonlardir... Qamoqdog‘ilarni ov miltig‘i bilan otqon vaqtda tasodifiy ravishda bitta militsionerning qulog‘ig‘a o‘q tegib yaralaydi. Mana bu holdan foydalanib Yodgorxo‘jayif otryadga hujum bo‘ldi va biz g‘ayrat bilan o‘zimizni mudofaa qildik deb gap tarqatadi... So‘ngra hamma ishtirok qiluvchilarning imzosini yig‘ib, bosmachilar bilan to‘qnashqonliq to‘g‘risida markazga yozib, oxirida bu urushda ishtirok qilg‘onlarg‘a Qizil bayroq nishoni berishni so‘raydi...

 

Noyabr oyida Yodgorxo‘jayif Xargush rayoniga jinoyatchilarni qidirib ketadi. Unda ham qamolg‘onlarni yog‘ochg‘a bog‘lab qamchi bilan urub va boshqa qattiq jazolar berib yo‘q jinoyatlarni bor deb iqror etishga majbur qiladi. Qamalg‘on dehqonlardan Nuraziz degan kishi aqldan ozib bir necha kundan keyin o‘ladi... Dehqonlarni talab, ko‘p narsalarini qiymatlik ashyolarini, yaxshi otlarini oladilar. Shul ravishda 80 ta aybsiz dehqong‘a turli jazolar bergandan keyin Yodgorxo‘jayif qisqa muddatga dam olishg‘a ketadi. Otpuska tamom bo‘lg‘ondan keyin Yodgorxo‘jayif viloyat militsiya boshlig‘i Boxchin bilan birlikda qurol qidirishg‘a G‘ijduvon tumaniga yuboriladi...

 

Yodgorxo‘jayif G‘ijduvon tumanida ham qishloqma-qishloq yurib, dehqonlarni qamoqqa oladi, ularni sovuq otxonalarda ikki haftadan qomob qo‘yadi. Yodgorxo‘jayif dehqonlarni zo‘rlab, talab, hammani qo‘rquvg‘a soladi. Hatto Imonti qishlog‘ida beshikda yotqon bir bolani ham o‘ldiradirlar. Suv bilan qiynash va urish natijasida bir necha dehqonlar o‘ladi. Dehqonlar shayka qo‘lida shunday azob, kulfat tortib turg‘on chog‘da Yodgorxo‘jayifning o‘zi qarta o‘ynab o‘ltiradi. 27 inchi yanvar kuni Yodgorxo‘jayif prokuror ma’murlari tomonidan qamoqqa oling‘onda, uning tomonidan qamab qo‘yilgan 155 nafar dehqonlar bo‘shotilib yuborildi. Bularning 51 tasining badanida azob jazo alomatlari ko‘zga ko‘rinib turar edi... Viloyat militsiya va qidiruv bo‘limi boshlig‘i Boxchinga Yodgorxo‘jayif dehqonlarni uradi deb xabar qiling‘onda u bironta chora ko‘rish o‘rnig‘a: “Mayli, urabersin” degan. Hozir prokuror idorasida tergov bitdi. Yodgorxo‘jayif, Boxchin va ularning yordamchilari bilan birga hammasi bo‘lib 35 kishi sudga berildi. Bularning sudi G‘ijduvonning o‘zida 27 inchi aprelda boshlansa kerak. Men o‘zim maxsus shu ishni avvalidan oxirig‘acha kuzatib borishni ustimga oldim” kabi dahshatli manzara bitilgan. Ushbu sud o‘zbek prokurori va O‘zbekistonda o‘zini haqiqiy xo‘jayin hisoblayotgan OGPU va Sredazbyuro o‘rtasidagi haqiqiy jangning boshlanishi bo‘ldi.

 

O‘zSSR Adliya xalq komissari va bosh prokurori A.Mavlonbekov o‘zining 1927-yil uchun hisobot ma’ruzasida sohada, ayniqsa, mahalliy millatlar orasida yetuk va huquqiy malakali kadrlarning yetishmasligiga alohida e’tibor qaratib, 1919-yilda ish boshlagan yuridik kurslar uchun tanlovning adolatsizligi, o‘quv kurslarining qisqaligi, qabul soni mavjud talabga nisbatan juda cheklanganligini aytadi. Shuningdek, milliy chegaralanish siyosati oqibatida BXSR, XXSR hududlarida yagona O‘zSSR sud-tergov tizimi tashkil etish juda katta qiyinchiliklar bilan kechganini ma’lum qiladi. O‘zSSR prokuratura tizimi 1927-yil 1-aprel holatida 10 nafar okrug prokurori, 10 nafar zamprokuror, 12 nafar okrug sudlari yordamchi prokurorlari va uchastka prokurorlaridan iborat bo‘lgan. Umuman 1925-1926-yillarda prokurorlar 39 nafar, 1926-1927-yillar esa 40 nafarga yetgan. Rayonlashtirish jarayonida ularning soni 71 nafarga yetkazilgan. Biroq 1927-yil so‘ngi va 1928-yillarda byudjetning keskin qisqartirilishi oqibatida bu son yana 38 nafarga, hozirga kelib 33 nafarga tushib ketdi, deyiladi. Ahmadbek Mavlonbekov jamiyatda huquq ustuvorligini ta’minlashda prokuratura organlarining o‘rniga alohida ahamiyat qaratib, “tegishli davrda prokuratura tizimini shakllantirish, tezkor va ortiqcha ovvoragarchiliklarsiz apparatni yuzaga chiqarish bosh vazifamiz bo‘ldi. Jamiyatda qonunsizliklarning oldini olish maqsadida birinchi Respublika Prokuratura ishchilari qurultoyini o‘tkazib sud, okrug ijroqo‘mlari, GPUning hududiy bo‘limlari, Ishchi dehqon inspeksiyalari (РКИ) rahbarlarining ma’ruzalari tinglandi, ishlarning uyg‘unlashtirilishi oqibatida qamoqqa olish holatlarining keskin kamaytirilishiga erishdik. Jamiyatda huquqiy savodxonlikni oshirish uchun tekin to‘garaklar tashkil etildi. Natijada odamlarning sud prokuratura organlariga murojaati keskin ortdi, ish sifati yaxshilanishiga erishildi, deyiladi[1].

 

A.Mavlonbekov butun tizimni isloh qilishga kirishadi. Markazda ham, viloyatlarga ham taftish komissiyalari yo‘llab, mavjud holat va kamchiliklarni muntazam o‘rganib boradi. Jumladan, Surxondaryo viloyat prokuraturasining 8 nafar a’zosi orasida yagona o‘zbek okrug prokurori 1928-yildan boshlab sud-huquq sohada ish boshlagan, quyi maktab darajasida ta’lim olgan oddiy dehqon Boboxodjayev ekani ham, butun mamlakatdagi jami 38 nafar prokuror orasida ayol kishi yagona ekanini ham nazaridan qochirmaydi[2]. Bu vaqtda hali xalq sudyalari orasida islom huquqining bilimdonlari bo‘lgan sobiq mudarrislar, qozilar bor edi. Shu kabi chor zamonida zamonaviy huquq bilimlarini olgan, katta amaliy tajribasi bo‘lgan advokatlar, jumladan, oliy ma’lumotli huquqshunos Toshpo‘lotbek Norbo‘tabekov, Turkiston Muxtoriyati sobiq Harbiy noziri Ubaydulla Asadulla Xo‘jayev kabi insonlar jalb etilgan. Birinchi o‘zbek advokati bo‘lgan Ubaydulla Xo‘jayevning shaxsiy varaqasida 1919-1920-yillar Boshqirdiston respublikasi Tok Churan shahrida kanton yustitsiya komissari, xalq sudyasi, xalq tergovchisi bo‘lgan. 1923-yil 3-noyabrdan advokatlik ishlarida huquqshunoslar kollegiyasi a’zosi degan ma’lumotlar kiritilgan[3].

 

Ahmadbek Mavlonbekov O‘zbekiston doirasida olib borayotgan ishlarini Ittifoq miqyosiga olib chiqishga kirishadi. Umumiy xulosalarini jamlagan holda yagona fikrni shakllantirish maqsadida A.Mavlonbekov 1928-yil 14-fevral sanasi bilan RSFSR Adliya xalq komissari Yanson[4], uning o‘rinbosari Krilenko va SSSR Oliy Sudi Prokurori Krasikov[5]lar nomiga taklifnoma yuboradi. Xatda 5-mart kuni Samarqand shahridagi Oliy Sud binosi zalida O‘zbekiston Yustitsiya ishchilarining I Syezdi ochilishi va unda “Adliya xalq komissarligi ishi va inqilobiy qonunchilik amaliyoti haqida; Sud-tergov apparatini ratsionallashtirish haqida; Jinoyat va sud siyosatining boshlang‘ich asoslari haqida; Yustitsiya idoralarida ijtimoiy-siyosiy ish; Jinoyat-protsessual Kodeksining yangi loyihasi haqida kabi ma’ruzalar tinglanishini ma’lum qiladi. “O‘ylaymizki, mazkur Syezd respublikamizda Yustitsiya idoralarining faoliyatini yaxshilashga yangi tutkilar beradi. Umid qilamizki, Siz bizning Syezdimizda ishtirok etasiz. Salom bilan” deb so‘zini yakunlaydi. Shu kuni adliya komissarligi kollegiyasi kotibi Dudnichenko nomidan O‘zSSR GPU raisi nomiga ham taklifnoma yo‘llanib, “Yustitsiya ishchilarining 1-Respublika syezdi o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbirga Siz, sizning o‘rinbosarlaringiz va okrug bo‘limlari boshliqlarini taklif etamiz. Okrug boshliqlaridan syezd ishtirokchilarini qisqa muddatda yotoq bilan ta’minlash ishini tashkil etishda ko‘maklashishni so‘rab qolamiz. Syezd qatnashchilarning kundalik va safar xarajatlari o‘z muassasalari hisobidan ta’minlanadi”, deyiladi. Ayni tarzda Tojikiston va boshqa ittifoqdosh respublikalardagi hamkasblar ham taklif etiladi, “Qizil O‘zbekiston”, “Pravda” kabi markaziy va mahalliy gazetalardan jarayonni keng targ‘ib va tashviq etish so‘raladi. Darhaqiqat, tadbir o‘ta yuksak saviyada tashkil etildi. Tantanali ochilish marosimi va yosh O‘zbekistonning qisqa vaqtdagi iqtisodiy, siyosiy va madaniy yutuqlari barcha mehmonlarga ko‘z-ko‘z qilindi. Ilmiy qism 7 mart kuni boshlanib, birinchi ma’ruzachi A.Mavlonbekovning o‘zi bo‘ldi. U nutqini tanqidiy ruhda boshlab, davlatda qonuniylikning ustuvorlik shartlari, sohada ma’lumotli, malakali xodimlarni ko‘paytirish zaruriyati haqida so‘zladi. Uchinchi bo‘lib so‘zga chiqqan O‘zSSR Oliy sudi raisi Sa’dulla Qosimov ma’ruzasi ham juda katta qiziqish bilan tinglandi. Bahs-munozaraga boy bo‘lgan Qurultoy yakunida bir qancha qarorlar ilgari surildi. O‘zbekiston sud ishchilarining qurultoyi ochilishi munosabati bilan “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1928-yil 9-mart sonida Respublika bosh prokurori Ahmadbek Mavlonbekovning jurnalist bilan “Asosiy fursatlar” nomli suhbati e’lon qilindi. Unda qurultoyning asosiy vazifalari sifatida sud-tergov apparatini soddalashtirish, o‘tkir muammolar ko‘tarilgan mahalliy matbuotdagi xabarlar ustidan prokuror nazoratini kuchaytirish, sud apparatida xotin-qizlar hissasini ko‘paytirish, xalq maslahatchilarining madaniy saviyasini ko‘tarish, sud ishchilarining ixtisosini oshirish uchun O‘rta Osiyo adliya kurslarini uch yillik adliya texnikumiga aylantirish va darslarni ona tilida yurgazish masalalarini ilgari suradi. Biroq, bu tadbir Moskva tomonidan cheksiz vakolatlar berilgan Sredazbyuro arboblariga aslo yoqmadi. Ular imkon qadar tadbirni yo‘qqa chiqarishga, aksincha uni aksilinqilobiy isyon sifatida talqin qilishga zo‘r berdilar. Natijada shu kundan ikki o‘rtada katta jarlik paydo bo‘ldi va amalda ikki hokimiyatchilikka yaqin o‘ta xavfli vaziyat yuzaga qalqib chiqdi. Kremldan qurultoy qarorlariga nisbatan jiddiy ohangda raddiyalar kela boshladi.

 

 

A.Mavlonbekov nafaqat qonuniylik posboni, ayni paytda jamiyatning huquqiy madaniyati, davlat apparatining tizimli faoliyati uchun ham o‘zini mas’ul deb biladi. “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1928-yil 14-iyun sonida “Birlashgan keng jabha bilan” maqolasida madaniy qoloqliq, jaholat va nodonlikni jamiyatni orqaga tortuvchi omillar deb ataydi. Isrofgarchilik, mansab suiste’moliga qarshi davlat apparatini muntazam yetuk mutaxassislar bilan to‘ldirib borish, qog‘ozbozlik va ma’muriy buyruqbozlikka qarshi “o‘zlari uygan qog‘ozlar ichida adashib o‘lturg‘uvchi yuzlab kishilar o‘rtasidog‘i munosabat butun ishimizni qog‘oz dengiziga botirib nobud qilib keladi” deydi. 1928-yil 18-iyun kuni O‘zSSR Oliy sudi Prezidiumi nomidan O‘zSSR Oliy sudi raisi Sa’dulla Qosimov “O‘zSSR Oliy sudining Jinoyat-protsessual kodeksini isloh qilish to‘g‘risidagi Ishchilar sudi qurultoyining qarori bilan kelishmovchiliklari to‘g‘risida” munosabat bildiradi. Unda 1927-yil 17-oktabrda Oliy sud Plenumida sud apparati va boshqaruvni soddalashtirish to‘g‘risidagi ilgari surilgan qarorlarga munosabat bildiradi. Jumladan, tergov apparatini prokuraturaning to‘liq bo‘ysunishiga o‘tkazish to‘g‘risida: “Tergov apparatini prokuraturaning to‘liq bo‘ysunishiga o‘tkazish bu davlat apparati va sud apparatining asosiy tamoyillariga zid keladi. Prokuratura ma’muriy hokimiyatga ega emas va uning vazifasi faqat inqilobiy qonuniylikni nazorat qilish, surishtiruv va dastlabki tergovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq. Tergov apparatining prokuraturaga bo‘ysunishi dastlabki tergovning biryoqlama ayblov xarakteriga ega bo‘lishiga, sudlanuvchi o‘zini ko‘pincha bo‘rttirilgan ayblovlardan himoya qilish uchun katta kuch va choralar ko‘rish zaruratiga, bu esa soddalashtirishga emas, balki murakkablashishiga olib keladi. Bundan tashqari, aksariyat sud xodimlarining malakasi o‘ta past O‘zbekiston sharoitida, tergov apparati prokuratura organlariga to‘liq bo‘ysundirilgan va ma’muriy majlislar bekor qilingan holda o‘tadigan sud odillikni kafolatlay olmaydi” deydi.

 

2) Tuman sudlarida tayinlov majlislarini bekor qilish to‘g‘risida ham fikr bildirib, “Syezd nafaqat xalq sudlarida, balki viloyat sudlarida ham ma’muriy yig‘ilishlarni bekor qilish tarafdori bo‘ldi. Oliy sud ushbu tadbirni tuman sudlarida o‘tkazishga rozi bo‘lolmaydi, chunki bu harakat alohida jiddiylik va ehtiyotkorlik bilan qabul qilinishi kerak. Sudga keltirish to‘g‘risidagi dalolatnoma, ayblanuvchi sifatida sudga keltirilish dalolatnomasidan farqli o‘laroq, uning oqibatlari alohida ahamiyatga ega. Yetarlicha asoslanmagan ayblovlar sudga tortilmasligi va yuqorida qayd etilgan past malakaga ega bo‘lgan prokuror nazorati xodimi ayniqsa tergov to‘g‘ridan-to‘g‘ri va to‘liq unga bo‘ysunadigan shaxs tomonidan amalga oshirilganda bunday kafolatlarni bera olmaydi. Shuning uchun eng katta kafolatlarni yaratish zarur. Ish tuman sudining ma’muriy majlisida ko‘rilganda, ayblanuvchini sudga keltirish uchun asoslarning yetarliligi sudning uchta a’zosi tomonidan kollegial tarzda tekshirilganda bu kafolatlar ko‘proq bo‘ladi. Ma’muriy sud muhokamasi bekor qilinishi bilan bunday kelishmovchiliklar hal etilmay qoladi.

 

3) Ishlarni nazorat qilishda faqat prokurorga da’vo qilish huquqini berish to‘g‘risida Markaz talabini ham rad etadi va “O‘tgan yillar amaliyoti nazorat ishlarini so‘rashning amaldagi tartibiga ko‘ra ishlarni talab qilish huquqi prokuratura va sud raislariga teng ravishda tegishli bo‘lib, bu faqat ijobiy natijalar berdi. Bu natijalar quyidagilardan iborat: birinchidan, Oliy sud raislari tuman sudlari raislari va tuman sudlari, respublika prokuraturasi va prokurorlariga nisbatan nazorat tartibida ko‘proq ish ko‘rishni so‘raganlar; ikkinchidan, Oliy sud raislari va tuman sudlari tomonidan so‘ralgan ishlar bo‘yicha bekor qilingan hukm va qarorlar foizi prokuratura so‘ragan ishlarga nisbatan qiyoslab bo‘lmas darajada yuqori(!). Qonunlar, davlat va mehnatkashlar manfaatlarini buzganlik masalalarida prokuratura va sud raislarining nuqtai nazarlari ko‘pincha turlicha bo‘lishi mumkin. Prokuratura ishni nazorat tartibida ko‘rish uchun asos topsa, qoidabuzarliklar mavjud bo‘lishiga qaramay, yangi tartib asosida hukm yoki sud qarori bilan bekor qilinadi. Bunday holat sudning nufuzini hech qanday sababsiz pasaytiradi. Shuning uchun oldingi tartibni o‘zgartirish uchun hech qanday sabab ko‘rmaymiz(!). Oliy sud esa ishlarning borishini va jarayonni tezlashtirish maqsadida tuman sudlari raislari va tuman prokurorlarining ishlarni nazorat tartibida so‘rash huquqini olti oy bilan cheklashni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. Bunda respublika prokurori va Oliy sud raisi hech qanday muddat bilan cheklanmasligi kerak. Ushbu tartib, nafaqat ishlarni nazorat qilish, balki tuman sudining sud a’zolari va unga bo‘ysunuvchi xalq sudyalari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish, ya’ni o‘z-o‘zini nazorat qilishni amalga oshirish imkonini beradi” deydi. Darhaqiqat, shu o‘rinda bu takliflarning asosi haqida aytadigan bo‘lsak, S.Qosimov prokuratura nazoratiga qarshi emas, aksincha odil sudning qonunlarga asosan to‘la mustaqil bo‘lishini va prokuratura uning kafolati bo‘lishini istaydi. NKVDning o‘zboshimchaliklari, ayniqsa, uning qoshidagi “uchlik”lar amaliyotini mutloq cheklashni talab qiladi.

 

O‘zSSR Oliy Sudi raisi S.Qosimov 1928-yil 20-iyun kuni yana Moskvaga RSFSR adliya xalq komissarligiga murojaat qilib, JPK islohoti haqidagi Samarqand qurultoyida ilgari surilgan savollarga javob berishlarini so‘raydi. Bu esa Markazning maqsadlariga mutloq zid edi. Ko‘p o‘tmay O‘zSSR Oliy Sudi Prokurori Badriddin Sharipov to‘satdan hibsga olinadi va unga nisbatan matbuotda muntazam tuhmat-u bo‘htondan iborat maqolalar urchiy boshlaydi. “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1929-yil 10-fevral sonida Jumhuriyat prokurori A.Mavlonbekov bilan “O‘z-o‘zini, tanqidni bo‘g‘odirg‘onlarg‘a qattiq jazo beramiz” nomli suhbat bosildi. Unda Buxoro okrugi, Shohrud ishchi qo‘mitasining qamoqqa olinishi misolida ishboshi Dudin va uning “tegishli idoralarga” tayangan holda ishchilarga qo‘pol munosabati keskin tanqid qilinadi va aybdorlar sudga tortilganligi haqida xabar beradi. Bu ham aslida OGPUning noqonuniy xatti-harakatlarini cheklash maqsadida o‘zbek prokurorining jasorati mevasi edi.

 

O‘zSSR Oliy sudi raisi Sa’dulla Qosimov qamoqqa olinar ekan uning asosiy tayanchi va hamkori bo‘lgan Ahmadbek Mavlonbekovning ozodlikda qolishi mumkin emas edi. 1930-yil 15-aprelda “O‘zbekgo‘shtsavdo ishi” degan soxta jinoiy ish doirasida lavozimidan ozod etilib, hibsga olinadi. Biroq, birinchi so‘roqlardayoq ishning uydirma ekanligi va o‘zining aybsizligini isbotlab qutilib ketishga muvaffaq bo‘ladi.

 

 

Ahmadbek Mavlonbekov 1930-yilda – “O‘zbOSOAVIAXIM” ko‘ngillilar jamiyati markaziy kengashi raisi, undan O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining mas’ul kotibi vazifasiga o‘tdi. Biroq muttasil ta’qiblardan bezib, Moskvaga o‘qishga ketish uchun ariza topshiradi. U 1931–1933-yillar Moskvadagi Qizil professorlar tarixi institutida o‘qiydi. 1933-1934 yillar O‘rta Osiyo bo‘yicha SSSR Qishloq xo‘jaligi vakolatli Komissarligi MTS va paxtachilik sovxozlari siyosiy sektori boshlig‘ining o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari, 1934–1937-yillar Tojikiston Kommunistik partiyasi Markaziy Komiteti tashviqot va agitatsiya bo‘limi mudiri kabi yuqori lavozimlarda ish olib bordi.

 

Darhaqiqat, Ahmadbek Mavlonbekov sho‘ro mamlakati mas’ul vazifalarida Turkiston Kompartiyasi MK a’zosi, SSSR MIQning 1 va 2-chaqiriq a’zosi, 1925-yil fevraldan O‘zbekiston Kompartiyasi MK a’zosi, keyingi yillarda Tojikiston Kompartiyasi MK va Byurosi a’zosi, Tojikiston Prezidiumi a’zosi kabi yuksak o‘rinlarda mavqe topdi. Mustabid tuzumda na oddiy insonning, na xizmat ko‘rsatgan insoning tariqcha qadri yo‘q edi. Hamma tanigan, hamma bilgan Ahmadbek Mavlonbekov 1937-yil 10-sentabrda boshqalar qatorida yana quruq bo‘htonlar asosida hibsga olinadi. Mislsiz qiynoqlar va tahqirlar ostida o‘tgan tergovda o‘zini qanchalik himoya qilishga intilmasin vaziyat o‘zgarmadi. A.Mavlonbekov nomi allaqachon 1938-yil 8-mayda I.Stalin va V.Molotovlar tomonidan otilishi tasdiqlangan ro‘yxatga tirkab qo‘yilgan edi. Ahmadbek Mavlonbekov 1938-yil 20-oktabrda Tojikistonning poytaxti Dushanbe shahrida otib tashlangan [6].

 

 

Xulosa sifatida aytish mumkinki, sho‘ro qatag‘on siyosatiga barcha sohalarda bo‘lganidek prokuratura yo‘nalishida ham mislsiz qurbonlar berildi. Sohani ichidan tushungan milliy davlatchilik, huquq ustivorligini istagan insonlar ta’qibga olindi. Tizim markazning hukmini ko‘r-ko‘rona ijro etishga moyil, savodsiz kimsalar bilan muttasil to‘ldirib borildi. Misol uchun, 1931-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra O‘zSSR Adliya xalq komissarligi Markaziy apparati tarkibiga qarasak, aksar qismi rus va yevropa millatlaridan iborat edi. Komissar – Bosh prokuror Shermat Ermatov kasbi ishchi, ma’lumoti quyi, sud-huquq sohasida bor yo‘g‘i 1927-yildan ish boshlagan. Uning o‘rinbosari Ubaydulla Abdullayev dehqon, ma’lumoti quyi, 1929-yildan sud-huquq sohasida, prokuror yordamchisi Shamsiddin Badriddinov tatar millatiga mansub, quyi ma’lumotli, Oliy sud sudyalari Yo‘ldosh Toshqariyev, Usmon Abdurahmonov, Robiya Tillayeva, Fayzi Sharipov, Abdulla Xamdamxo‘jayevlarning barchasi quyi ma’lumotli bo‘lib, kechagi batrak, ishchi, sud-huquq tizimiga 3-4 yil avval kelgan insonlar edi[7]. O‘zbekiston hukumati A.Ikromov va F.Xo‘jayevlar boshqaruv apparatini mahalliylashtirish choralarini qidirib bir qator qarorlar chiqarishga erishdi. Ammo hammasi qog‘ozda qolib ketdi. Jumladan, boshqaruvda kadrlarni o‘zbeklashtirish yuzasidan Maorif xalq nozirligida maxsus hay’at tuzildi. 1931-yil Adliya xalq nozirligidan Lavrik o‘zbek tili o‘qituvchisi so‘rasa, Pershin o‘zbek tili o‘qituvchisi Sodiqovni almashtirishni so‘raydi. Komissarlikning 113 xodimining 54 nafaridan ikkita guruh tashkil etilib, dekabrda G‘ulomov, Zaripov kabi o‘qituvchilar dars o‘tgani hujjatlashtirildi. Aslida esa darslarga deyarli hech kim qatnashmadi[8]. Sh.Badriddinov, S.Qosimov ishini “muvaffaqiyatli” bajargan Katanyan, Ginsburglar jamoasi respublikaning keyingi prokurori Shamsiddin Badriddinov ishini ham yanada yuqori pardalarda olib bordi. Mahalliy va markaziy matbuot qandaydir “badriddinovchilik” mavzusidagi tuhmat va bo‘htonlardan iborat yuzlab buyurtma maqolalar bilan to‘ldi. Buning oqibatida prokuratura, aniqrog‘i butun sho‘ro sud-huquq tizimi to‘liq partiya qo‘g‘irchog‘iga aylantirildi. Asosiy maqsad adolat, jamiyatda qonuniylik va huquqning ustuvorligi emas, stalincha diktatura qarorlarining so‘zsiz ijrochisiga aylanib bordi. Natijada 1932-yil O‘zSSR Prokuraturasi rejasi: bahorgi ekin, kuzgi ekin, sug‘orish, paxta terim, ishchilar ta’minoti, kommunal qurilish, kredit, chistka, kolxozlarda sinfiy kurash, jun yig‘ish, non yig‘ish, davlat qurilishi, rejalarning bajarilish holati, gorsovetlar oylik maoshlarning vaqtida berilishi, MTSlarda ehtiyot qismlar holati[9], davlat mulkini o‘marishni aniqlash va aybdorlarni topish, sinfiy dushmanni aniqlash, xullas son-sanoqsiz vazifalari ortib bordi[10]. Maqsad prokuraturani o‘z vazifasi bilan emas, boshqaruvdagi nuqsonlar bilan band etish edi.

 

“Узбекская Правда” gazetasining 1933-yil 1-mart sonida Astapov degan kimsaning “Sinfiy dushman Bag‘dod prokuraturasida” nomli maqolasida Bag‘dod tuman prokurori Komiljon Mag‘rupovning eshonlar, bosmachilar, boylarni himoya qilgani va xalq dushmanining qiziga uylanganini yozadi. 1933-yil 25-oktabr kuni “Правда Востока” gazetasida “Чей прокурор?” nomli maqolada esa “...prokuratura proletariatniki, uning dushmanlaridan qasd olishini, sinfiy dushmanlarga shafqatsiz va ayovsiz munosabatda bo‘lishini talab qiladi va oramizga kirib olgan dushman, yumshoq supurgilardan biri Bag‘dodning prokurori Komiljon Mag‘rupovdir, deb boshlanadi. Uni ijtimoiy qonunchilikka proletar diktaturasiga xiyonatda ayblaydi. “Kolxoz to‘lqini” gazetasida ham “Bigiz”, “Uzun chopon” imzoli kimsalar Mag‘rupovga tinimsiz bo‘htonlar yog‘dirdi. 1933-yil 26-oktabr kungi muallifsiz maqola “Mag‘rupov ham Qosimov va Badriddinovlarning qoldiqlaridan ekanligiga shubha tug‘dirmaydi” deb tugatiladi[11]. Mana shu nuqta muhim, demak markaz qaytib Sa’dulla Qosimov, Badriddin Sharipov, Shamsuddin Badriddinovlar chiqmasligi uchun hamma narsaga tayyor. Yana bir jihat, sovet huquqshunosligi hamisha savodsiz kimsalar bilan boyitib borilgan. Shu o‘rinda O‘zSSR Prokurori Sheyndlinning O‘zSSR KP(b) MIK va XKSning 5 martdagi “Huquqiy ta’limni yaxshilash va rivojlantirish tadbirlari haqida”gi qarori ijrosi yuzasidan hisobotiga nazar solsak. Unda Sovet huquq instituti qabul hajmi 90 kishilik bo‘lib, 20 mart holatida 65 talaba o‘qigan va yana 25 kishiga tanlov davom etmoqda deyiladi. Tergov-sud ishchilari 6 oylik kursda 70 odam o‘qiydi. Endilikda 6 oylik kurslar 3 oylik qilinib, tinglovchilar sonini 120 nafarga – 60 nafar xalq tergovchisi va 60 nafar xalq sudi ishchisi tayyorlashga kelishilgan. Hisobotga ko‘ra, kurs o‘z binosiga ega bo‘lmagani uchun darslar Krupskaya nomidagi ayollar bilim yurti yotoqxonasida olib borilgan va mutaxassis o‘qituvchi kadrlar, darsliklar mutloq yetishmagan[12]. Aslida, Moskva davlat universitetini muvaffaqiyatli tamomlab kelgan olim Muhammadjon Mo‘minov, O‘zSSR Oliy sudi raisi Sa’dulla Qosimov, O‘zSSR Bosh prokurori Ahmadbek Mavlonbekovlar faqat qonun ustuvorligi, jamiyatning huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida kurashib, bu yo‘lda halok bo‘ldilar. Tili boshqa ishi boshqa kimsalar esa o‘z manfaati yo‘lida jamiyatning huquqiy ongsizligi, savodsizlik va jaholatidan manfaatdor bo‘lganliklari uchun hamisha sohaning abgor ahvolda bo‘lishini ta’minlab keldilar.

 

Bahrom IRZOYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori



[1] O‘zMA, Fond-904, 1-ro‘yxat, 150-yig‘ma jild.

[2] O‘zMA, Fond-904, 8-ro‘yxat, 44-yig‘ma jild.

[3] O‘zR MA, F-904, 12-ro‘yxat, 9 a-yig‘ma jild, O‘zSSR NKY Tashoblsud ishchilarining shaxsiy tarkibi anketalari, 49-bet.

[4] O‘zMA, F-904, r-1, 153-ish, 9-varaq.

[5] O‘zMA, F-904, r-1, 153-ish, 8-varaq.

[6] Sovet tarixiy ensiklopediyasi, jild. 1–16, Moskva, 1961–1976-yillar; RGASPI (Sredazburo fondi. Kadrlar va moliyaviy masalalar bo‘yicha hujjatlar), f. 62. Op. 4. D. 676. L. 3–7. Shaxsiy varaq, avtobiografiya).

[7] O‘zMA, Fond 904, 12-ro‘yxat, 32-yig‘ma jild. O‘zSSR NKY ro‘yxati.

[8] O‘zMA, Fond 904, 9-ro‘yxat, 24-yig‘ma jild.

[9] O‘zMA, F – 904, 9-ro‘yxat, 258-yig‘ma jild. 112-bet.

[10] O‘zMA, F – 904, 9-ro‘yxat, 92-yig‘ma jild. 76–85-betlar.

[11] O‘zMA, F – 904, 9-ro‘yxat, 210-yig‘ma jild.

[12] O‘zMA, Fond 904, 12-ro‘yxat, 51-yig‘ma jild. O‘zSSR NKY qoshidagi Qurilish va huquq instituti talabalari va o‘qituvchilar. 1934-yil 29-noyabr – 135-yil 19-iyul.

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

14:05 / 21.05.2024 0 192
Layk gadolari yoxud xatarli inkubator





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19480
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16908
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi