To‘maris qozoq, Temur Malik tojik, o‘zbek kelgindi bo‘lganmi – tarixni soxtalashtirish kimlarga kerak?


Saqlash
12:12 / 19.12.2023 1426 0

 

Qardosh va qo‘shni xalq tarixchilarining o‘zaro ziddiyatlari Turkistonning parchalanishi bilan bog‘liq

 

Markaziy Osiyo, O‘rta Osiyo, Turkiston, Turon – bu atamalarda Yevrosiyo materigining markaziy qismidagi Kaspiy dengizidan Mo‘g‘ulistongacha, Afg‘onistondan Rossiyagacha bo‘lgan hududdagi 6 mln. kv. km.gacha bo‘lgan maydon nazarda tutiladi.

 

Markaziy Osiyo (Central Asia ) atamasi geografik termin bo‘lib, yuqoridagi Turon, Turkiston, O‘rta Osiyo kabi terminlarga nisbatan kengroq jo‘g‘rofiy makon (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, qisman Mo‘g‘uliston, qisman Xitoy, qisman Rossiya hududlari kiradi) tushuniladi. Ammo bu geografik atama so‘nggi paytlarda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi mamlakatlarni qamrab oladigan siyosiy tushunchaga aylangan.

 

 

 

O‘rta Osiyo esa sovetlar davrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, janubiy Qozog‘istonga nisbatan ishlatiladigan geografik atama bo‘lgan. Aslida, bu hududning Turkiston degan asl nomi bo‘lsa-da, sovetlar mazkur so‘zni ishlatishdan qochishga harakat qilishgan.

 

Turkiston, ya’ni turk xalqlari yurti ma’nosini beradigan bu tushuncha Kaspiydan Xitoyning ichki hududlarigacha bo‘lgan yerlarni ifodalagan. Turkiston atamasi ilk bor VI asrda Xitoy[1], Vizantiya manbalarida, qadimiy O‘rxun-Enasoy bitiklarida (Bilga xoqon, To‘nyuquq), Somoniylar davrida yozilgan Narshaxiyning “Tarixi Buxoro” asarida, Qoshg‘ariyning “Turkiy devon lug‘ati”da, XIII asrga oid “Yinglinglar dostoni” (Skandinaviya)da “Turkland” shaklida, XIV asrda Kamol Xo‘jandiy, Misr Mamluklar tarixchisi Umariy asarlarida, Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarai Turk” va yana ko‘plab so‘nggi o‘rta asr tarixiy manbalarida qayd etiladi.

 

Turkiston yerlariga ruslarning XVIII-XIX asrlardagi ikki asrlik hujumlari natijasida dastlab Janubiy Qozog‘iston va O‘zbekiston  hududlarida 1867-yil Turkiston general-gubernatorligi tuziladi. Turkiston atamasi yana siyosiy ahamiyat kasb eta boshlaydi. Ruslarning Kaspiygacha davom etgan bosqinchiligidan so‘ng qadimiy Turkiston yerlariga qayta shu nom – Turkiston atamasi qo‘llanila boshlaydi. 1917-yilda esa turkistonlik ziyolilarning qahramonona harakatlari natijasida Turkiston Muxtoriyati tuziladi.  Sovetlar 1917-yildan to 1925-yilgacha bu nomdan voz kechish o‘rniga O‘rta Osiyo degan atamani muomalaga kiritishga zo‘r berib harakat qiladi. Nihoyat ular o‘z maqsadlariga yetishadi. Turkiston 5 ta “iston”ga ajratiladi.  Aslida sovetlar  Turkiston degan birlikni yo‘q qilishdan bir qancha maqsadlarni ko‘zlagan edilar:

 

– Xitoy ta’siri ostidagi Sharqiy Turkistondan ruhiy va madaniy  uzoqlashtirish;

– Turkistonning ozodlik, taraqqiy salohiyatini bo‘g‘ish va o‘z nazoratida ushlab turish imkoniyatini oshirish;

– kelgusida mustaqillik uchun ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan turli xil harakatlarning oldini olish.

 

Shuningdek, Turkiston nisbatan siyosiy tushuncha bo‘lib, uning o‘rniga taklif qilingan va muomalaga kiritilgan O‘rta Osiyo atamasi ko‘proq geografik ahamiyatga ega edi, xolos. O‘rta Osiyodagi 1925-yilgi milliy hududiy chegaralanishdan so‘ng yangi tuzilmalarga siyosiy tus berish va zaruriyatini ko‘rsatish uchun soxta milliy tarixlar yozila boshlanadi.  O‘zining davlatchiligi tarixida hech qachon bu geografik chegaralar doirasida bo‘lmagan yangi milliy davlatlar tarixini yozish oson bo‘lmasdi. Chunki bu hudud  azaldan turkiy xalqlarning migratsiyalarida muhim rol o‘ynaganligi sababli milliy jihatdan qorishiq bir holda edi. Shu bilan birga, O‘rta Yer dengizidan markaziy Xitoygacha boradigan savdo yo‘llarining tutashgan joylari aynan Turkiston zaminidan o‘tganligi ham milliy tarkibni boyitgan. Shuning uchun bu zaminda siyosat yuritgan ko‘pchilik qudratli turkiy sulolalar odatda milliy ustunligiga emas, qadriyatlar, e’tiqodlar va an’analarga suyanganlar.

 

Xullas, Turkistonning 1925-yildagi parchalanishidan so‘ng sovetlar davlatining Turkistonni bo‘lib tashlash,  orasidan chegara tortish siyosati to‘g‘riligi va zaruriyligini asoslash uchun yozila boshlangan tarixlar 1991-yildan boshlab yangi bosqichga chiqadi.

 

 

Chalkash tarix

 

Turkistondagi aksariyat mustaqil davlatlar tarixi yozilishida avtaxton nazariyaga suyaniladi. Ularda millat tarixi yozilsa-da millat emas, jo‘g‘rofiy chegara nazarda tutiladi. Hatto jo‘g‘rofiy jihatiga ham e’tibor qaratishmaydi. Masalan, Gerodod va boshqa mualliflar beradigan ma’lumotlarda massagetlarning asl vatani Orol va Kaspiy dengiz oralig‘i, Amudaryo bo‘ylari deb ko‘rsatilib, xorazmiylar massagetlarning bir qismi sifatida e’tirof etiladi. Biroq qozog‘istonlik qardoshlarimiz massagetlar malikasi To‘marisni qozoqlarning ajdodi, uning eng katta dushmani sifatida esa xorazmliklarni ko‘rsatib, tarixni soxtalashtirib film ishladilar.

 

XIII asr boshlaridagi tarixga yondashuvlarni ko‘rib chiqamiz. Turkmanistonlik tarixchilar Xorazmshohlar davlatini Gurganch davlati deb,  tarixni soxtalashtiradi. Boshqa qardoshlar malika Turkon xotunning qozoq bo‘lganini, yana boshqa qardoshlar esa Turkon xotunning qarindoshi Temur Malikning  tojik millatiga mansubligini “isbotlamoqdalar”. Turkiston ilm-fan beshigi. Bu beshikda kamolga yetgan Yassaviy va Farobiylar o‘zining qozoq ekanidan, Beruniy va Xorazmiylar esa fors ekanidan xabardormidi? Eng achinarlisi, ularning ajdodlari bir – turkiy yoki turkistonlik ekaniga e’tibor qaratilmaydi. Bu tarixning turli davrlarida yashab o‘tgan siyosiy arboblar, ulamolarning kelib chiqishi u yoki bu millatga mansubligi bo‘yicha da’volar navbati Odam Ato va Momo Havogacha yetadi. Masalan, tojikistonlik millatchi tarixchilar  o‘z asarlarida o‘zbeklarni kelgindi xalq, Amir Temurni esa tojik millatining tarixdagi birinchi raqamli dushmani, deya ko‘rsatib, nafaqat tarix ixlosmandlari, balki butun Tojikiston ahli ongini zaharlashga urinmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar, xususan feysbuk tarmog‘i bu borada targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishga qulay minbar bo‘lib xizmat qilmoqda[2]. Samarqand-u Buxoro o‘zbeklar emas, tojiklarning tarixiy vatani ekanligiga da’vo qilinadi. Hatto qadimda ham, bugun ham tojik millatiga mansub aholisi bo‘lmagan Xorazmning qadimiy tarixi tojiklarga daxldorligi da’vosi o‘rinsiz. Yana Registondagi Sherdor madrasasini barpo qilgan Yalangto‘sh Bahodirning kelib chiqishi qozoq ekanligi haqida bir qancha qozoqlarning ilmiy va ommabop maqolalari e’lon qilingan, bu mavzu nafaqat akademik doirada, balki ijtimoiy tarmoqlar o‘zbek va qozoq qardosh foydalanuvchilarining ham bir-biri bilan tortishuvi obyektlaridan biriga aylanib ulgurgan.

 

Aynan mana shunday tortishuvlar 1925-yilda Markaziy Osiyodagi milliy chegaralanishdan boshlangan bo‘lsa, bu holat 1991-yildan yanada kuchliroq bosqichga kirgan. Turkistonlik tarixchilarning bu masaladagi muammosi tufayli mustaqillik farzandlari chalkash va noxolis tarixni o‘qib tarbiyalanmoqdalar. Natijada bu tarixni o‘qigan o‘quvchida qardosh millatlarga nisbatan qardoshlikdan ko‘ra nafrat tuyg‘usi ustunlik qilishiga olib kelmoqda. Milliy tarixning milliy ruhda yozilishi millat uchun foydali, ammo uning noxolis bo‘lishi qo‘shni va qardoshlar o‘rtasiga nifoq solishga olib keladi. Bunday tarix hech kimga naf keltirmaydi.

 

 

Markaziy Osiyo integratsiyalashuviga to‘sqinlik qilayotgan omil

 

Uch ming yillik davlatchiligimizning goh achchiq, goh chuchuk tarixiy tajribasi, bugun dunyoda, mintaqamiz atrofida yuz berayotgan globallushuv jarayoni Markaziy Osiyo xalqlarining jipslashuvini, o‘zaro integratsiyalashuvini taqozo etmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xizmatlari katta. Turli xil tashkilotlar – Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari orqali Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamjihatligini yaxshilash, qo‘shnichilik va qardoshlik, do‘stlik va birdamlikni yanada mustahkamlash, buyuk davlatlar tomonidan og‘ir meros sifatida qoldirilgan chegara muammolarini bartaraf qilish singari dolzarb masalalar hal qilinmoqda. Natijada esa qardosh mamlakatlarning o‘zaro aloqalari yanada mustahkamlanib bormoqda. Mintaqamiz atrofida yuz berayotgan geosiyosiy o‘yinlar, shuningdek, qardosh davlatlar rahbarlarining intgeratsiyalashuv borasidagi harakatlariga qaramasdan tarixchilarning “ajdod talashuvi” va “qardoshiga tosh otuvi” hanuz to‘xtamayotir. Aynan mana shunday tortishuv va tosh otuvlar Markaziy Osiyoning o‘zaro integratsiyalashuviga to‘siq bo‘layotgan omillardan biridir.

 

Tarixchilar tomonidan o‘z xalqiga singdirilayotgan millatining boshqalardan ustunligi haqidagi g‘oyalar, mafkuralar alal-oqibat qardoshlarini o‘zidan past ko‘rishga olib keladi. Zero, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbayi ekan, xalqning bunday qarashlari davlat siyosatida aks etmasdan qolmaydi.

 

Yuqoridagilardan kelib chiqib quyidagi takliflar beriladi:

 

– Turkiston tarixchilarining o‘zaro muloqotini yo‘lga qo‘yish, bu borada turli xil tuzilmalar, ilmiy hamkorlik aloqalarini kuchaytirish;

– Markaziy Osiyoning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy aloqalar uchun mo‘ljallangan tuzilmalari kabi Turkiston tarixchilarining doimiy muloqot platformasini yaratish (Turkistonda tojik qardoshlarimizning ham boriligini hisobga olib, ularni ham bu platformaga jalb etish);

– Turkiy davlatlar tashkiloti yoki Turksoy kabi tuzilmalar vositasida Turkiston tarixi, Turkistonning buyuk qahramonlari ruknida tarixiy asarlarni yaratish va qardosh tillarda nashr etish;

– O‘rta Osiyo degan sovetlardan meros qolgan tushunchani ilmiy muomaladan chiqarish;

– Turkiston tushunchasining Markaziy Osiyoga nisbatan ishlatilishi odatda faqatgina ruslar bosqini jarayonidagi jo‘g‘rofiy makon nazarda tutilishi bilan bog‘liq. Bu tushunchani ilmiy muomalada Markaziy Osiyoning ekvivalenti sifatida uch ming yillik davlatchilik tariximiz boshlanishidan to bugungi kungacha bo‘lgan davri uchun qo‘llash zarur bo‘ladi.

 

 

Xulosa o‘rnida

 

Markaziy Osiyo tarixchilarining ajdod talashuvi va tosh otuvi jarayonlariga o‘zbeklar ham qo‘shilib ketsa, bu jarayonni yanada chigallashtiradi. Balki qardoshlar nazdida allaqachon shunday bo‘layotgandir. Fikrimizcha, biz o‘zbek tarixchilari bu borada qardoshlarimizga ergashmasligimiz zarur. Aksincha, umumiy tariximiz, Turkiston tarixini o‘rganish, tadqiq qilish, targ‘ib etish bilan bunga javob berishimiz zarur. Buyuk xalq ekanligimizga boshqalarda shubha bo‘lmasa kerak. Bu haqda buyuk yozuchimiz, Turkiston farzandi – Chingiz Aytmatovning quyidagi so‘zini keltiramiz:

 

– “O‘zbek xalqining mamlakat uchun qilgan mehnatini birma-bir sanayversak, bularning bari boshimizni quyi egib, ta’zim etishga sazovordir. Qadimdan qadim o‘zbek madaniyatining O‘rta Osiyoga ko‘rsatgan ta’sirini ko‘hna Vizantiyaning Qadim Rusga ko‘rsatgan ta’siri bilan qiyoslash mumkin. Sovetgacha bo‘lgan davrlarda va sovet davrida ham O‘zbekiston bizning Sharqdagi so‘zimiz-u yuzimiz bo‘lib keldi. Yo‘q, o‘zbek xalqining bokira yuziga hech narsa dog‘ tushirolmaydi!”

 

O‘zbekiston tarixi naqadar ulug‘, muhtasham bo‘lmasin, o‘zbek tarixchilaridan ko‘ra o‘zbek adabiyotshunoslari  ilg‘or chiqdilar. Ularning mehnatlari samarasi sifatida 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami o‘zbek tilida nashr etildi.  Bu ham o‘zaro integratsiya yo‘lidagi adabiyotshunoslarimizning muhim qadami va yutug‘i bo‘ldi.  Turkiston tarixchilari ham shu yo‘nalishdagi umumumiy tariximizga oid ilmiy asarlarni yozib, bu borada Turkiston xalqlari oldida hisobdorligimizni his qilsak ayni muddao bo‘lar edi. Bugungi tarixiy qulay sharoitdan foydalana olmasak, 100 yil oldingi jadid bobolarimiz kabi armon bilan qolishimiz tayin!

 

Bekzod ABDIRIMOV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Xorazm viloyati bo‘limi rahbari



[1] Султанов Т.И. Чингизхан и Чингизиды. Судьба и власть /Турсун Икрамович Султанов.  М.: АСТ МОСКВА, 2007.  446,[2]с.  (Историческая библиотека).  ISBN 5-17-035804-0 С. 123. (Перевод согдийского документа на русский язык с лингвистическим анализом осуществлен иранистом В. А. Ливщицем // Петербургское востоковедение.  СПб., 1994.  Вып. 6, стр. 693.)

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19031
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19031
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15729
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi