Tuya goʻshti yegan vaʼdalar – 2023-yilda qilinishi kerak boʻlgan ishlarni eslaymiz


Saqlash
15:12 / 21.12.2023 461 0

Xalqimiz davlat xizmatchilarining vaʼdalariga ancha oʻrganib qolgan. “Avtomobilga navbat butunlay yoʻq boʻladi”, “Bu yil qishda svet oʻchmaydi”, “Benzin narxlarini oshirmaymiz” kabi vaʼdalar odamlarimiz xotirasidan hali koʻtarilgani ham, amalga oshgani ham yoʻq. Aksincha, tuya goʻshti yegan vaʼdalar soni oshib bormoqda. Oyina.uz 2023-yili bajarilishi kerak boʻlgan ana shunday katta vaʼdalarni yodga oldi.

 

“Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha asosiy muzokaralarni yil oxirigacha yakunlaydi”

 

2017-yili Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi masalasi yana kun tartibiga qaytdi. 2020-yildan buyon muzokaralar davom etayotgan boʻlsa-da, jarayon hali ham tugash ostonasiga yetgan emas.

2023-yil 4 -yanvar kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev raisligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralarni yil oxirigacha yakunlashi aytildi.

 

 

2023-yil oxirida Oʻzbekiston JST aʼzoligi borasida alohida davlatlar (Saudiya Arabistoni) bilan ham, tashkilot vakillari bilan ham kelishuvlar oʻtkazdi, biroq asosiy muzokaralar yakunlandi, deyishga hozircha erta.

 

“Oʻzbekistonda kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish tizimi ishga tushiriladi”

 

2023-yilning 16-may kuni “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Unga koʻra, 2023-yil 1-dekabrdan respublikada kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi bosqichma-bosqich ishga tushirilishi, tizim doirasida Oʻzbekiston va unga chegaradosh hududlardagi seysmik hodisalarning monitoringi real vaqt rejimida yuritilishi belgilandi.

 

Zilzila oʻchogʻiga yaqin ikki va undan ortiq seysmik stansiyalarda kuchli (5 va undan yuqori balli) tebranishlar aniqlanganda “Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasi orqali aholiga qisqa soniyalarda kuchli zilzila kuzatilishi toʻgʻrisida tezkor xabarnoma yuborilishi qarorda qayd etilgan.

 

Ayni paytgacha Prezident qarorida belgilagan baʼzi vazifalar bajarilgan boʻlsa-da, eng asosiy topshiriqlar – seysmik hodisalarning monitoringi va aholini zilziladan ogohlantiruvchi “Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasi ishga tushirilgani haqida xabarlar yoʻq.

 

“2023-yil oxirigacha “Toshkent–Andijon” pulli avtomobil yoʻlini qurish ishlari boshlanadi”

 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining masʼul xodimi Farrux Gʻafforov umumiy qiymati 2 milliard AQSh dollaridan oshadigan 340 kilometrlik “Toshkent–Andijon” pulli avtomobil yoʻli uchun umumiy qurilish davri besh-oʻn yilni tashkil etishi mumkinligini aytganiga ikki yarim yildan oshdi. 2023-yil saylovoldi kampaniyasi doirasida Andijon viloyatiga borgan Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil oxirigacha Toshkent–Andijon pulli avtomobil yoʻli qurila boshlashini bildirgandi.

 

Shu kunlarda “Toshkent–Samarqand” pulli avtomobil yoʻlining loyihasi ishlab chiqilgani maʼlum qilindi. Biroq yil oxirigacha qurilishi boshlanishi kerak boʻlgan “Toshkent–Andijon” pulli avtomobil yoʻlining hatto loyihasi eʼlon qilingani yoʻq.

 

ToshkentSamarqand” pulli avtomobil yoʻli loyihasi 

 

Kasaba uyushmalari kuni ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilanadi

 

2023-yil 2-may kuni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilgandi. Unda 11-noyabr – “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni”ni ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilash nazarda tutilgan. Shu tariqa Oʻzbekistonda ishlanmaydigan bayram kunlari soni 10 taga yetishi kerak edi. Biroq hozirga qadar ushbu qonun imzolangani va kuchga kirgani yoʻq.

 

Es(i)kirmaydigan vaʼdalar

 

“Oʻzbekistonda uch yil ichida kamida uchta mahalliy loukoster aviakompaniya ochiladi”

 

2019-yil dekabr oyida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev “Ular” loyihasiga bergan intervyusida uch yil ichida Oʻzbekistonda kamida uchta mahalliy loukoster aviakompaniya ochilishini aytgandi.

 

Ammo oradan toʻrt yil oʻtib, 2023-yilning dekabr oyida Oʻzbekistonda birinchi haqiqiy loukoster – “Humo Air” parvozlarini boshladi. Oldinroq tashkil qilingan “Centrum Air”, “Qanot Sharq” va “Silk Avia” aviakompaniyalari esa oʻzlarini loukoster sifatida koʻrsatmagan va ulardagi narxlar ham asosiy aviatashuvchi – “Uzbekistan Airways”nikidan katta farq qilmaydi. Shunday qilib, toʻrt yil oldin berilgan vaʼda endigina, shunda ham qisman amalga oshishni boshladi, deyish mumkin.

 

 

“2022-yil 1-maygacha mashinalarga navbat toʻliq tugatiladi”

 

2022-yil 14-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Uzavto” kompaniyasiga 2022-yil 1-mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni toʻliq bartaraf etish borasida topshiriq bergan edi. Oʻzbekiston xalqiga bajarilmas vaʼdalari, yuqori narxlari, past sifati bilan tanilgan “Uzavto” kompaniyasi oradan bir yarim yildan oshiq vaqt oʻtsa-da, hali ham Prezident topshirigʻini bajargani yoʻq. Ammo kompaniya bu orada navbatlarni kamaytirishning ajabtovur yoʻllarini topdi – shartnomalar berishni toʻxtatish va baʼzi avtomobillarni ishlab chiqarishdan olib tashlash (2022-yil oktabrdan Spark va Nexia 3, 2023-yil dekabrdan Lasetti (Gentra) sotuvi toʻxtatildi).

 

 

Kompaniyaning yangi usullari ham toʻliq foyda bergani yoʻq. Sotuvda mavjud avtomobillar (Damas, Cobalt, Onix, Tracker) uchun uzundan-uzun navbatlar hanuz saqlanib qolmoqda. “Shapka”ga qarshi ekanini aytgan “Uzavto”ning sobiq rahbari Shavkat Umurzoqov (hozirgi poytaxt hokimi) “Avtomobilga navbatlar yoʻq boʻladi, faqat ozgina sabr qiling” deganiga ham qariyb bir yil toʻlyapti. Oʻzbekiston xalqi esa hamon sabr qilmoqda va aftidan hali yana a-ancha sabr qilishga toʻgʻri keladi.

 

Toshkent metrosining barcha stansiyalarida nogironligi bor shaxslar uchun sharoit yaratiladi

 

2022-yilning 26-oktabrida “Gazeta.uz” nashri muxbiriga bergan intervyusida Transport vazirligi departament boshligʻi Ruslan Roʻzimetov kelasi ikki yilda Toshkent metrosining barcha stansiyalarida nogironligi bor shaxslar uchun sharoit yaratilishini maʼlum qilgandi. Hozircha bu vaʼda berilganiga bir yildan oshdi va baʼzi oʻzgarishlar kuzatildi. Metroning yangi yerusti bekatlaridagi nogironlar uchun moʻljallangan liftlar ishlay boshladi, panduslar qurildi.

 

Metro bekaklarining aksariyatida nogironlik aravachasi uchun pandus yo‘q

 

Eski metro bekatlarida esa muammolar hali-hanuz bisyor. Aksariyatida panduslar yoʻq, bori ham juda tik, nogironlik aravachasidagi inson oʻz kuchi bilan koʻtarilishi yoki tushishi deyarli ilojsiz. Vagon va perron orasidagi boʻshliqlar muammosi ham hal qilinganicha yoʻq. Vagonlar ichida nogironlik aravachasi uchun joylar faqat yangi metro vagonlarida bor. Demak, bu boʻyicha qilinishi kerak boʻlgan ishlar juda koʻp. Transport vazirligi kelgusi bir yil ichida mazkur muammolarning barchasini bartaraf etishiga koʻpchilik ishonmasa ham, bunga umid qilib qolamiz.

 

“Toshkentda 1-iyuldan tibbiy sugʻurta tizimi mexanizmlari joriy etiladi”

 

Sogʻliq saqlash vaziri Amrillo Inoyatov 2023-yil 5-yanvarda “Oʻzbekiston – 2030 strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori doirasida 2023-yil 1-iyuldan Toshkent shahrida davlat tibbiy sugʻurta tizimi mexanizmlari joriy etilishini maʼlum qilgandi.

 

Oʻsha paytda SSV rahbari “Prezidentning Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatida taʼkidlanganidek, 2023-yildan boshlab davlat tibbiy sugʻurta tizimini Toshkent shahrida joriy qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Biz oʻzimizga majburiyat olgan holda Navoiy viloyatida ham tibbiy sugʻurtani yoʻlga qoʻyamiz”, deb vaʼda bergandi. Oradan bir necha oy oʻtib, tibbiy sugʻurta tizimi 2023-yili nafaqat Navoiy, balki Toshkentda ham joriy etilmasligi ayon boʻldi. Yaʼni poytaxtda tibbiy sugʻurta tizimi 2024-yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etilishi eʼlon qilindi.

 

Jamoat transportida kunlik tushum “plani” bekor qilinadi

 

2023-yilning 31-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoat transporti sohasini takomillashtirish yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Jumladan, kunlik tushum “plani” belgilash amaliyoti bekor qilinishi aytildi.

 

2023-yil avgust oyiga kelib “Toshshahartransxizmat” barcha (160 dan ortiq) avtobus yoʻnalishlarida kunlik naqd pul topshirish rejasi bekor qilinishini maʼlum qildi. Shu tariqa sentabrda Toshkentdagi 22 avtobus yoʻnalishida, noyabrda esa 10 ta yoʻnalishda kunlik reja olib tashlandi (biroq, ayni damda poytaxtda kunlik tushum “plan”i saqlanib qolgan avtobus yo‘nalishlari hali ko‘p). 18-dekabrda Samarqandda jamoat transporti haydovchilaridan 2024-yil 1-yanvardan boshlab kunlik tushum talab qilinmasligi xabar berildi.

 

 

Umuman olganda, 2023-yili Toshkentda jamoat transporti sohasida jiddiy ijobiy oʻzgarishlar yuz berdi. Avtobuslar parki kengaydi, intervallar qisqardi, xizmat koʻrsatish vaqti ortib, sifat ham oshdi. Ushbu vaʼda 2023-yili haqiqatdan ham bajarilgan vaʼdalar (Bobur stipendiyasini joriy qilish, “Aviation & Logistics Forum” II xalqaro aviatsiya forumini oʻtkazish)dan biri boʻldi.

 

Shunday qilib, 2023-yili avvalgi yildagilardan kamroq vaʼda berildi, lekin shuni ham bajarmaslik yoki ortga surish odati davom etdi. Oyina.uz nashri 2023-yili berilgan va kelgusi yillarda bajarilishi kerak boʻlgan vaʼdalar amaliyotini ham kuzatib boradi.

 

Muhammadqodir SOBIROV,

 

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19032
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19032
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15731
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi