“Ko‘cha” so‘zining etimologiyasi yoxud turkiy tilda transportni qanday atashgan?


Saqlash
18:12 / 27.12.2023 800 1

O‘zbek tilining izohli lug‘atida “ko‘cha” so‘zi fors tilidan o‘zlashgan, deb berilibdi[1]. Ammo nimaga asosan? Izohli lug‘atni tuzayotganlar qaysi manbaga tayanishgan?

 

 

Men ko‘cha turkiy so‘z ekanini his qilgan holda, qardosh tillardagi variantlarining tahlili orqali uning  ma’nosini o‘rganishni niyat qildim. E’tibor bering, turkiy tillarning uch lahjasida ham bu so‘z bor: qozoqcha kөshe; qirg‘izcha  kөchө; o‘zbekcha ko‘cha, ozarbayjoncha küçə.

 

Forsiy tillardagisiga e’tibor bering: forscha خیابان; pushtun tilida خیابان; tojikcha roh, ko‘cha;

 

Endi ko‘cha ma’nosini beradigan turkiy so‘zlarning tahliliga diqqat qaratamiz: Ko‘chaning arxaik shakli o‘ram deyilgan. Nega?

 

Qadimda, aniqrog‘i hali shaharlar va qishloqlar paydo bo‘lishidan oldin kishilar o‘tovlari tartibsiz joylashtiriladigan ovullarda yashashgan[2].

 

 

O‘tovlar orasidagi ko‘chalarni esa tartibli, tekis va to‘g‘ri o‘tkazish imkoni bo‘lmagan. Natijada, o‘tovlar orasidagi yo‘llar o‘rama shaklda tushgan. “O‘ram” o‘ralmoq, o‘rol, o‘rim, o‘roq so‘zlari bilan o‘zakdosh. Bu so‘z ko‘plab turkiy tillarda saqlangan: oltoycha orom[3]; boshqirdcha uram[4]; chuvashcha uram[5]; xakascha oram[6]. O‘zbek tili shevalarida ham bu so‘z saqlangan. Jumladan, o‘zbek tilining qipchoq shevalarida o‘rama shaklida saqlangan: – bolang qayerda? – shu o‘ramada yuruvdi. Bu gapdan bolam shu atrofda yuruvdi, degan ma’no anglashiladi.

 

Ikkinchi shakli yo‘l (jol) yoki yo‘lka (jo‘lka) varianti barcha turkiy tillarda saqlangan.

 

Ko‘cha so‘zi – turkiy. Buni isbotlash uchun o‘zbek adabiy tilidagi ayni o‘zakdan yasalgan boshqa so‘zlarni aniqlab olamiz: ko‘cha-kuy, ko‘ch – ko‘chish paytida tashiladigan yuk; ko‘cha – ko‘cha oshi (go‘ja), ko‘chat, ko‘chim, ko‘chirgich, ko‘chish, ko‘chirma, ko‘chmoq, ko‘chki, ko‘chma, ko‘chmanchi va hokazo. Endi bu so‘zlarning ma’nosini abstraktlash orqali umumiy ma’nosini topamiz. Va aniqki, bu so‘zlarni ko‘chish ma’nosi birlashtiradi.

 

Ko‘ch o‘zakli so‘zlarning hammasi ko‘chishni, aniqrog‘i bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga o‘tishni bildiradi. Demak, ko‘chat ko‘chirib o‘tqaziladigan o‘simlikni, ko‘chki tepalikdagi  tosh, tuproq yoki qor qatlamining o‘z o‘rnidan ko‘chishini, ko‘chma ko‘chirib o‘tkazish mumkin bo‘lgan narsani, ko‘chirish biron narchani nusxalashni, ko‘chirgich narsani yoki yozuvni ko‘chirib o‘tkazadigan vositani, ko‘chirma ko‘chirilgan yozuvni, ko‘ch ko‘chish paytida tashiladigan yukni, ko‘chim ko‘chirib o‘tkaziladigan yuk hajmini (bir ko‘chim yukimiz qoldi, olib keling!) bildiradi, ko‘chmanchi esa chorvani o‘tlatish uchun yillik sikl bo‘yicha ko‘chib yuradigan aholi vakilini anglatadi. Ko‘chmanchining ko‘chkin va ko‘char shaklidagi sinonimlari ham bor. Ko‘chkinning ma’nosi esa to‘g‘ri talqin qilinmagan. Ammo ko‘char garchi o‘zbeklarda ayni shakldagi ism saqlanib qolgan bo‘lsa-da izohli lug‘atga kiritilmay qolgan. Darvoqe, turkiy xalqlarda azaldan Ko‘char, Ko‘chkin, Ko‘chkinchi, Ko‘chim kabi ismlar ham ko‘p bo‘lgan.

 

Ko‘cha-ko‘y juft so‘zining ma’nosini aniqlash uchun ko‘y so‘zining ma’nosini topish kifoya qiladi. Ko‘y turkiy tillarda mahalla ma’nosida ishlatilgan. Ammo, afsuski, izohli lug‘atda ko‘y ham forscha, deb berilgan. Biroq izohda uning ko‘cha, yo‘l, qishloq, mahalla ma’nolarida ishlatilishi ko‘rsatilgan. Bu esa to‘g‘ri emas, undagi ko‘cha va yo‘l ortiqcha[7].

 

 

Turk tilida va butun Qoradengiz bo‘yi turkiylarida ko‘y (köy) – qishloq ma’nosini bildiradi va uning ko‘cha ma’nosi yo‘q.

 

Endi ko‘cha so‘zining ma’nosiga e’tibor qaratamiz. Yuqoridagi ko‘ch o‘zakli so‘zlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, ko‘cha dastavval ko‘ch (yuk) A nuqtadan B nuqtaga olib o‘tiladigan yo‘l ma’nosida paydo bo‘lgan.

 

 

Turkiylar o‘troqlashishi bilan esa o‘ram o‘rniga qishloq va shahar ichidagi yo‘llarga nisbatan ham qo‘llanila boshlagan. Tojik tiliga bu so‘z turkiy tillardan o‘zlashgani aniq. Chunki ayni so‘z boshqa hind-yevropa tillarida uchramaydi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, rus tilidagi “кочевник” so‘zi ham turkiy tillardan o‘zlashgan[8].

 

Ma’lumki, o‘zbek tilida transport ma’nosida qo‘llaniladigan so‘z yo‘q. Shevalarda va boshqa turkiy tillarda bu so‘z bor. Misol uchun, o‘zbek tilining qipchoq shevalarida ko‘lik so‘zi saqlangan. Ayni so‘z qozoq, qoraqalpoq tillarida transport ma’nosida faol qo‘llaniladi. Qozoq tilida transport allaqachon ishlatilmaydi, uning o‘rnini ko‘lik egallagan[9]. Katta ehtimol bilan ko‘lik so‘zi ham ko‘chlik so‘zining buzilgan shakli bo‘lishi mumkin.

 

Xulosa o‘rnida

 

Turkiy, umuman oltoy tillari oilasiga mansub so‘zlarning ajoyib bir xususiyati bor. Unda so‘z yasalishi jarayonida ma’no yuklangan o‘zak so‘zning shakli o‘zgarmaydi. Bu qaysidir jihatdan o‘z qatlam so‘zlarni aniqlashda identifikator vazifasini ham o‘taydi va so‘zlarimiz noto‘g‘ri talqin qilinayotganda undan dalil sifatida foydalanish mumkin.

 

Ushbu maqola, oddiy bir tahliliy mulohaza, хulosa emas. Xulosa uchun yana boshqa faktlar bilan boyitilgan maqola tayyorlash niyatimiz bor. Ammo tilimizning boyligi bo‘lgan so‘zlarimizni begonalar o‘ziniki qilib olayotganda bir o‘zbek o‘laroq “qizg‘anishimiz” axloqdan tashqari bo‘lmasa kerak. Agar shunday qilmasak, avval so‘zlarimizni, so‘ng tilimizni boy beramiz.

 

Anvar BO‘RONOV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori



[1] Ўзбек тилининг изоҳли луғати. – Тошкент: ЎМЭ. 2020. – Б. 476

[2] Ҳозир ҳам шундай овуллар бор.

[3] Алтай-орус сöзлик. Горно-Алтайск. НУ РА «НИИ алтаистики им. С. С. Суразакова», 2018. С. 509.

[4] Башкирско-русский словарь: М.: Дигора,Рус. яз., 1996.  С. 679.

[5] Чувашско-русский словарь: М.: изд. Рус. яз.,1985. С. 510..

[6] Хакасско-русский словарь. Новосибирск: Наука, 2006. – С. 310.

[7] O‘zbek tilining izoҳli luғati. – Toshkent: O‘ME. 2020. – B. 449

[8] Фасмер Макс . Этимологический словарь русского языка. Т. 2. – Москва: Изд. Прогресс. 1986 – С. 357

[9] Бектуров Ш., Бектурова А. Қазақша-орысша создік: – Астана: «Фолиант», 2001. Б.123.

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

1 Izoh

ААА

11:01 / 12.01.2024

Тилимиздаги энг кўп қўлланадиган "кўча" сўзига эътиборингиз учун раҳмат! Ҳақиқатдан ҳам туркий негизга эга бўла туриб бошқа тилларда ўзлаштириб олинган сўзларни чуқур тадқиқ этмай ўзга тилдан бизнинг тилга ўзлашган тарзидаги бу сўз каби эътирофлар учрайди. Бу даъвонгиз асосланганлигига қўшиламан. Давр ўтиши билан "айва", "кирпиш", "ўтюк", "қоратош"лар ўзга тилга ўзлашиб, биз "беҳи", "ғишт", "дастмол", "қалам"ни қабул қилиб олганимиздек тил қизиқарли ижтиомоий-маънавий жараён. Шу руҳда янада кўпроқ мувафаққиятли тадқиқотларингизга тилакдошман.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 292
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17504
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//