“Ma’naviyat oxirgi o‘rindagi masala emas” – Prezident raisligida oʻtkazilgan Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishidan keyingi mulohazalar


Saqlash
18:12 / 27.12.2023 727 0

22-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu yig‘ilish yuzasidan qator ma’lumotlar va munosabatlar ulashdik. Bir guruh ziyolilar hanuz Oyina.uz manziliga o‘z mulohazalarini yubormoqdalar. Sizlarni mana shu mulohazalar bilan tanishtirishda davom etamiz.

 

Eshqobil Shukur,

“Ma’naviy hayot” jurnali bosh muharriri

 

 

Biz qaltis ma’naviy tahdidlar zamonida yashayapmiz. To‘g‘ri hamma zamonlarda ham bunday harakatlar bo‘lgan. Lekin, butun dunyo hali ma’naviy tahdid borasida bu qadar katta ko‘lamli bosqinni o‘z tarixida ko‘rmagan. Chunki hozir bizdan minglab chaqirim uzoqlikda, butunlay o‘zga sarhadlarda paydo bo‘ladigan bir tahdid bor-yo‘g‘i 10 sekundda  yetib kelayapti. Bunday vaziyatda ma’naviyatning, adabiyotning vazifasi yanada katta salmoq kasb etadi.

 

Davlatimiz rahbari kuni kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bunga alohida to‘xtaldi. Adabiyot inson tuyg‘ulari va tafakkurini parvarishlaydi. Inson ma’naviyatning ikki asosiy ustuni ham, shubhasiz, tuyg‘u va tafakkurdir. Kelajagimiz egalari bo‘lgan bolalarimiz ham adabiyot bilan yashashi kerak. Xususan, bolalar adabiyotiga qaratilgan e’tibor, bolalar nashrlariga berilayotgan imtiyozlar bu sohada sezilarli siljishlar bo‘lishiga odamni umidlantiradi. Bolalar kitob bilan ulg‘aysa, ular ruhiyatida vatanparvarlik, o‘z yeri va o‘z xalqiga muhabbat tuyg‘ulari unib-o‘sib boradi, ma’naviy himoyasi kuchayadi. Botinida asl adabiyot bo‘lgan odamning dunyoqarashi, qalbi boshqacha bo‘ladi, ruhiyatida parokandalikka moyillik sezilmaydi.

 

Yig‘ilishda Prezident adabiyot o‘qituvchilarining maoshiga 50 foiz ustama berilishi haqida topshiriq berganida ham mana shunday ezgu maqsad nazarda tutilgan. Shuningdek, o‘zbek tili masalasida ham jiddiy fikrlar bildirildi. Zero, tilimiz taqdiri millatimiz taqdiridir, ya’ni tilimizning holati qanday bo‘lsa, bizning holatimiz ham shunday bo‘ladi. Shu bois, o‘zbek tiliga munosabat O‘zbekistonga munosabatni belgilaydi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Xalqning ma’naviy butunligi uni har qanday tahdiddan, har qanday xavf-xatardan himoya qila oladi.

 

Baxtiyor Omonov,

O‘zbekiston milliy universiteti “Siyosatshunoslik” kafedrasi professori

 


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining 2023-yil 22-dekabrdagi kengaytirilgan majlisidagi nutqini e’tibor bilan tingladim. Unda jamiyatimizni qiynab kelayotgan konseptual masalalarga e’tibor qaratildi. Oldimizda turgan vazifalarga to‘xtalgan holda ayrim mulohazalarimni ham keltirib o‘tmoqchiman.

 

Dunyoviy davlat konsepsiyasi. Bu hujjatda dunyoviylik, milliylik, diniylik masalalari teng darajada ko‘riladi. Fikrimni asoslashga urinib ko‘raman. Diniy qarashlarning kuchayishi tagzaminida avvalo, dunyoviy qarashlarimizning primitivlashganligi, zamondan orqada qolishimiz, moddiyunchilik va byurokratiyaning haddan ziyod avj olganligi turibdi. Dinga munosabat shunday bo‘lishi lozimki, u adolat, to‘g‘rilik, iymonlilik, yaxshilikka da’vat qiladi va hozirda ham jamiyatda shu vazifani ado etmoqda.

 

Madaniy-ma’rifiy sohadagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda hokimlarning mas’uliyatini keskin oshirish. Bu o‘ta dolzarb masala bo‘lib, ma’ruzada keltirilganidek, Andijon viloyati Xonobod shahri hokimi Tojiboyevning respublika ishchi guruhiga ochiqdan-ochiq “Ma’naviyat men uchun oxirgi o‘rindagi masala” deganida ko‘p ma’no-mazmun va xatar ham seziladi. Qolaversa, bu jiddiy ogohlantirish. Bizningcha, boshqa tumanlarda ham ma’naviyatga munosabat faqat Prezident tashrif buyurganda, ijobiy tomonga o‘zgaradi, xolos.

 

Ma’naviyatda orqaga ketish yomon oqibatlarga olib kelishini tarix isbotlaydi. Nima qilish kerak, degan haqli savol tug‘iladi. Respublikada 2023-yil noyabr-dekabr oylarida ro‘y bergan kriminogen holatlardan saboq chiqarib, 2003-yilda qisqartirilgan hokimlarning ma’naviyat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini tiklash darkor.

 

Madaniy dam olish tizimini takomillashtirish, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda mamlakatimizdagi mavjud 837 ta madaniyat markazining faoliyati juda muhim. Menimcha, bu madaniyat markazlarining asosiy mashg‘uloti kitoblar yozish (ijtimoiy buyurtma asosida) va uning targ‘iboti bo‘lishi kerak.

 

Kino sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar. “Hozirgi vaqtda “Tirik tarix” seriyasida Vatanimizning shonli o‘tmishiga bag‘ishlangan 50 ta badiiy film yaratish bo‘yicha farmon loyihasi tayyorlanmoqda. Shu asosda tarixiy filmlar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Bu dastur ijrosiga nafaqat mahalliy, balki xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar jalb etiladi”, dedi Prezidentimiz. Bu milliy o‘zligimizni tiklashda, yoshlarning buyuk tariximizni  o‘rganishlarida  juda muhim o‘rin tutadi.  

 

Har bir mamlakat faqat ilmli ziyolilari bilan dunyoga taniladi. Ilmning manbai esa kitob. Prezidentimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish, kelgusi yildan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ko‘p ming nusxalarda chop etish va barcha kutubxonalarga yetkazib berish, shu bilan birga, har yili eng yaxshi badiiy asarlar yaratish, tarjima qilish uchun ijodiy buyurtmalar berilib, muallif va tarjimonlarga munosib qalam haqi to‘lash to‘g‘risidagi fikrlari sobiq noshir sifatida meni juda mamnun etdi. Chunki noshirchilik keyingi yillarda oqsayotgan sohaga aylangan edi. Yurtboshimizning o‘z sohasida ilmiy maktab yaratgan hurmatli olimlarimizni adiblar va noshirlar bilan hamkorlikda bolalar uchun qiziqarli va sermazmun kitoblar yaratishga chaqirig‘i, kelgusi yili mamlakatimizda Xalqaro bolalar adabiyoti ko‘rgazmasini tashkil etish haqidagi tashabbuslari o‘zbek ziyolilari ko‘nglidagi armonlarini ro‘yobga chiqarishiga ishonaman.

 

Yuqoridagi fikrlar ilm-ma’rifat, ijod ahliga chinakam g‘amxo‘rlik qilib, ularni mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishga undaydi. Demak, ta’lim, tarbiya, ma’naviyat sohasida ishlaydigan intellektual shaxslar bir yoqadan bosh chiqarib va birlashib, ahillikda ijod qilishi va  yosh avlodning ma’naviy yuksalishi uchun xizmat qilishiga ulkan imkoniyatlar paydo bo‘ldi.                                                                      


Abdunabi Boyqo‘ziyev,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir




Shavkat Mirziyoyevning kengaytirilgan majlisidagi nutqi bilan tanishib o‘tmishga bir nafas qaytdim. Erk, istiqlol, ozodlik, hurriyat... Bu terminlarni biz juda ham tansiq kalom sifatida, ko‘zlarimizga surtib, ayni paytda, qo‘rqa pisa istifoda etgan kunlarimizni eslasam, bir g‘alati bo‘lib ketaman. Nega? Gap, ana shu “nega”ni sizga tushuntira olishimda qolyapti, aziz o‘quvchim. Arzimagan o‘sha “nega” mohiyatini bayon qilib berish esa men uchun Sizif sharini g‘ildiratib qoyaga olib chiqishdan ham og‘ir vazifa bo‘lib turibdi hozir.

 

Bu tushunchalarni biron asar yoki maqolada qo‘llash u yoqda tursin, o‘zaro suhbatlarimizda ham, shuuran to‘rt tomonga alanglab, shunda ham qo‘rqa pisa “yaltiroq qog‘ozga o‘rab” istifoda etgan avlodmiz. 

 

Ushbu gapimni o‘qigan bugungi istiqlol bolalari, “Ola, oqsoqol mubolag‘ani ham xamirday oshirvorarkan”, deyayotgan bo‘lsa ajabmas. Yo‘q, bolalar! Men mutlaqo mubolag‘a qilayotganim yo‘q. Ishonmasangiz, biz tengi jurnalistlar, qalamkash ijodkorlarning “o‘tgan kunlari” bilan bog‘liq tarixni varaqlang! Zora, o‘sha iztiroblarimizdan ayrim lahzalarini his qila olsangiz.

 

Mana shunday jasorati, millatparvarligi bois yuzlab qo‘rboshi bobolarimiz “bosmachi” tamg‘asi bilan yo‘q qilindi. Cho‘lpon, Qodiriy, Behbudiy, Munavvar qori, Fitrat, Avloniy, qo‘yingki, minglab ziyoli oydinlarimiz joni va qoni bilan xun to‘ladi. Mirtemir, Shayxzoda, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat domla, Shukrullo domla singari yana o‘nlab dovyurak ijodkor akalarimiz umrining  besh, o‘n, yigirma yillab, ayni kuchga to‘lgan damlarini surgun va zindonlarda o‘tkazishdi. Ulardan keyingi avlod – Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Gulchehra Nurillayeva, Halima Xudoyberdiyeva singari shoirlarimiz boshiga tushgan iztirobli kunlarni biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik!

 

Eh-he, bunaqa misollarning qaysi birini aytay? Paxta dalalarida umri hazon bo‘lgan, qulday ishlatilgan millionlab millatdoshlarimiz taqdiri ne kechganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan, o‘zbek sovet jurnalistikasining uqubatlarini tatimagan, xiylagar sho‘ro siyosatchilarining sovuniga kir yuvmagan kishilar bu gaplarimni bugun to‘la to‘kis anglab yetishi mahol.

 

Istilochilikning hadeganda ko‘zga tashlanmaydigan sirli kasofatlari ham bor ekanki, ular mana istiqlolga erishdik, deganimizdan keyin ham lop-lop yuzaga chiqyapti. Bu ellar, elatlar, millatlar aro nizolar, sarhadlar bobidagi muammolar, umumiy tariximizga doir atay chatilgan, yechilishi mushkul tugunlar. Eng yomoni, milliy va diniy ruhoniyatimiz bilan bog‘liq, uzoq yillarni ko‘zlab maxsus ishlab chiqilgan loyihalar...

 

Hayriyatki, bu borada bizning mamlakatimiz rahbariyati ham g‘aflatda qolayotgani yo‘q. Qichishadigan joyni oldindan qashish, sizlavuq chiqadigan muchaga o‘z paytida malham bosish, yara chiqib ulgurgan taqdirda, maddalamay turib chora ko‘rish salohiyatini ham namoyon qilayaptiki, bu tajribalar va o‘ziga xos diplomatik harakatlarni butun dunyo jamoatchiligi e’tirof etyapti. Nafaqat e’tirof, balki bundan xursand va manfaatdor ekanliklarini ham yashirmayaptilar.

 

Xalqimiz o‘z erki yalovini mahkam ushlab, mustaqil qadamlarini yanada mustahkamlash yo‘liga chiqib oldi. Albatta, millat birligi, mintaqamizdagi qon qardosh xalqlarining yakdilligi kun sayin qat’iylashib borayotganini ko‘ra olmayotgan kuchlar bot-bot bosh ko‘tarib qolayotganini ham ko‘ryapmiz. Bunday holatlarning aksariyatiga, “Ha endi, alamzada-da! Xuraversin! Karvon to‘xtarmidi?”, deb beparvoroq qarardik. Ammo kuni kecha, g‘oyaviy qarashlarida qarori yo‘q, u shoxdan bu shoxga sakrashni or bilmaydigan Zaxar Prilepin degan zobit yozuvchi ochiqdan ochiq “O‘ris millatini saqlab qolishimiz uchun O‘zbekistonni qo‘shib olishimiz kerak. Aks holda pushtimiz quriydi”, deb turibdi-ku!

 

Prilepinning bu chiqishi o‘zbek mediasi va jamoatchiligini junbushga keltirdi. Bu qabil xusumatli gaplarga parvo qilavermaydigan prezidentimiz Shavkat Mirziyov, xatto, Senatimiz raisasi ham bu boradagi o‘z fikr mulohazalarini og‘ir bosiqlik bilan bayon etishdi. Tashqi ishlar vazirligimiz esa Rossiyaning mamlakatimizdagi elchisini chaqirib, masalani ko‘ndalang qo‘yishga majbur bo‘ldi. Bularning bari bunday “prilepincha” chiqishlarning oxir-oqibatda yaxshilik bilan tugamasligini anglatadi, albatta. Bu esa barchamizni, ayniqsa, biz ijod ahlini bundan buyog‘iga befarqlikni yig‘ishtirib, chandon hushyor turishga chorlaydi.

 

Ha, darvoqe, yurtboshimiz bunday holatlarda jamiyat ham, jamoatchilik ham, qo‘yingki,  har bir soha vakili ortiqcha, foydasiz hissiyotlarga chalg‘imay, bir nafas ham beparvolikka berilmagan holda munosib maqsadli harakatlar qilishimiz zarurligi yuzasidan o‘nga yaqin aniq taklif va tavsiyalarini aytdi. Shu aziz tuprog‘imiz taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir vatandosh, ana o‘sha ko‘rsatmalardagi ishoralarni nozik ilg‘agan holda, har kim o‘z jabhasida hushyorlik va jonbozlik ko‘rsatishi zarurligini uqtirdi.

 

Prezidentimizning fikr mulohazalari va tavsiyalariga ko‘ra shoir va yozuvchilar, ijodiy tashkilotlar oldida turgan bir qator vazifalar belgilab olindi. Yakdil milliy ruh, ayniqsa, chin vatanparvar yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazadigan badiiy baquvvat asarlarning ko‘proq yaratilishini asosiy maqsad qilish, bu yo‘lda, birinchi galda, yurtboshimiz alohida ta’kidlaganiday, urg‘u va imkoniyatlarni Vatan va millat kelajagini belgilaydigan bolalar adabiyotiga qaratish, tarjima san’atini yanada yuksaltirish, rivojlantirishga qaratishga  qaror qilindi.

 
Akmal Nuriddinov,

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi



Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ma’naviy va ma’rifiy islohotlar jarayonida milliy tasviriy va amaliy san’atimizni yuksaltirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

 

Sohada yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’ati, dizayn sohalarida salmoqli o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda, ustozlar izidan milliy san’atimizni jahonga tanitadigan iste’dodli yoshlar maydonga chiqib kelayapti. Bunday rag‘batlar sohada yangi tarixiy davrni boshlab berdi. Bugun Yangi O‘zbekiston dunyoga yuzlanayotgan pallada barcha sohalar kabi, san’atimiz ham dunyo bilan hamnafas va hamqadam rivoj topayotir. Zero, san’at butun dunyo xalqlari uchun umumiy bir til hisoblangani holda inson ma’naviyatini go‘zallashtiradigan noyob hodisa  hisoblanadi.

 

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi hamda madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari tasviriy va amaliy san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilinishini ta’kidladilar.

 

Dasturga muvofiq, Badiiy akademiya ixtiyoridagi Markaziy ko‘rgazmalar zali rekonstruksiya qilinib, jihozlanadi. Badiiy fond hududida zamonaviy galereya binosi quriladi hamda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi tashkil etiladi. Xattotlik va miniatyura san’ati ta’limini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida milliy usulda qog‘oz tayyorlash ustaxonasi tashkil etiladi. Yoshlar – kelajagimizning egalari. Shuni nazarda tutgan holda markaz o‘zbek tasviriy san’atiga kirib kelayotgan yosh iste’dod egalariga ijodini yuksaltirish, badiiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Yosh iste’dodlarni qo‘llab quvvatlashga bosh-qosh bo‘layotgan Prezidentimizning  ushbu tashabbusidan biz, ijod ahli behad minnatdormiz. Mazkur tarixiy uchrashuvda tilga olingan ijodkorlar faoliyati uchun yangidan yangi qo‘shimcha qulaylik va shart-sharoitlar bundan keyin ham barchamizni shijoat bilan mo‘yqalam yuritishga undaydi.

 

Albatta, oldimizga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, yurtimizda tasviriy san’at ravnaqini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida ham katta marralarni belgilab olganmiz. Inson qalbi, xalqning orzu-intilishlari, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini betakror ranglarda tarannum etish ijodiy faoliyatimizning asosiy ma’no-mazmuni bo‘lib qoladi.

 

 

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19032
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19032
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15731
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi