“Avtoritet” larga tomoshabinda nafrat uyg‘onmasligi kishini cho‘chitadi. Bahslarga sabab bo‘layotgan “Yigit so‘zi” seriali sirlari


Saqlash
12:12 / 28.12.2023 2813 0

Oxirgi oylarda shov-shuv bo‘lib turgan “Слово пацана. Кровь на асфальте” serialining reytingi u suratga olingan Rossiyada ham va boshqa mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham birdek yuqori. Ko‘proq o‘tish yoshidagi va o‘smirlar hayoti aks etgan serialni kattalar ham, balog‘at yoshiga yetgan va yetmaganlar ham tomosha qilmoqda. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, sartaroshxonalarda serialning bosh qahramonlaridan biri Andrey-Palto kabi uzun soch va soqolini qirdirib oldirayotgan yoshlar ko‘payganmish. Shu bilan birga bu serial haqidagi nuqtai nazarlar ham har xil bo‘lmoqda. Buning siri bilan qiziqib ko‘rgan kinoshunos Shohida Eshonboboyeva mazkur serialning  suratga olinish tarixi va uning psixologik ta’siri xususida Oyina.uz’da mulohaza  yuritadi.

 


Yuqori reyting siri

 

2022-yilda ishlab chiqarishga tushirilgan “Yigit so‘zi” serialiga o‘tgan asrning oxirgi yillarida Tatariston, aniqrog‘i Qozondagi voqealar qisman asos qilib olingan. Shu bois, suratga olish ishlari asosan Tataristonda bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Lekin serial mazmun-mohiyatidan xabar topgan Tatariston hukumati mamlakat reytingiga salbiy ta’sir bo‘lishidan tashvishlanib, bunga ruxsat bermaganligi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Bu mish-mishlarning tasdig‘i o‘laroq, tasvirga olish jarayonlari Yaroslavlga ko‘chirildi.

 

2023-yilda Tatariston Respublikasi hukumati yana bu serialni taqiqlashga chaqirdi. Lekin serialning ilk qismlari namoyish etilishi bilanoq, qisqa muddatda uning reytingi oshib ketdi. “Yigit so‘zi” nafaqat Rossiya hududida, postsovet respublikalari orasida ham mashhurlikka yuz tutdi. Buning sababi, nazarimizda 1980-yillar oxirida yuzaga kelgan va filmda imkon qadar real aks etgan muammolar sobiq sovet respublikalarining barchasiga xos bo‘lgani bilan bog‘liq.

 

Savol tug‘iladi: xo‘sh, 8 qismdan iborat serial mazmuni real voqealarga asoslangani uchungina uning tomoshabini ko‘p bo‘lmoqdami?  Yo‘q, albatta, buning sababi faqat bunda emas. Asosiy sabab shuki, ijodiy guruh  professional tarkibdan tashkil topgani va muvaffaqiyatli natija uchun yetarli darajada sharoit, imkoniyat va mablag‘ bo‘lganida.

 

Serialning ssenariy mualliflari Jora Krijovnikov va Andrey Zolotaryov, rejissor ham Jora Krijovnikov. Prodyuserlar tarkibining safi esa Fyodor Bandarchuk ismi bilan boshlangan. Demak, o‘ziga yarasha katta tajribaga ega bu uchlik boshchiligida yig‘ilgan ijodiy guruh mehnatining natijasi kutilganidan ham a’lo bo‘lib turibdi.

 

30 yil avvalgi davr suratga olingan kino muhitida o‘tgan asrning ruhi har jihatdan ishonarli bo‘lishiga erishilgan. Sovet davriga tegishli buyumlar, sovet maktabi, o‘qituvchisi va o‘quvchisi, sovet kishisining uy tutumi-yu, ro‘zg‘ori – barcha barchasi haqqoniy tiklangan. Bir necha shaharlarda bo‘lib o‘tgan kasting natijasida yig‘ilgan aktyorlar ansambli ham 50 foiz muvaffaqiyat kaliti demakdir.

 


15 dan ortiq tanlangan tanish musiqiy termalar va serialning tatar tilida kuylangan saundtreki ham bu serial sababli yana reytingi yuqori qo‘shiqlar qatoriga chiqib oldi. 80-yillar oxiri va 90-yillar boshida xit bo‘lgan “Форум”, “Мираж”, “Ласковый май”, “Комбинация”, “Баста” guruhlarining qo‘shiqlari, Igor Talkov, Aleksandr Serov, Yuriy Shatunov kabi estrada yulduzlarining eslatilishi davr ruhini keng qamrovli ifodalanishiga katta yordam bergan. Aygel Gaysina kuylagan qo‘shiqdan esa serialning eng kulminatsion nuqtalarida foydalanilgan. Tatar folklori va zamonaviy musiqa sintezi sifatida yaratilgan “Kuzda kuz” qo‘shig‘i g‘ayritabiiy  joziba bilan tomoshabin ruhiyatiga kuchli ta’sir  etadi.

 

8 qismning har bir lavhasi kino tili bilan aytganda mazmundor lavhalarga to‘la. Postanovkachi operator Yuriy Korobeynikov va rejissor boshchiligida yaratilgan mizankadrlardan nigoh uzish qiyin. Interyer yoki natura uchun tanlangan detal va makonda davr ruhiga yot buyumning o‘zi yo‘q. Serial asosan qish fonida suratga olingan. Sovuq muhitda qarama-qarshi guruhlar bilan kurash sahnalarida oppoq qorga tomgan qon tomchilari va quturgan yosh yigitlarning o‘z kuch-quvvatini raqibining qonini to‘kishga sarflashi goh yirik, goh o‘rta planlarda, goh panorama ko‘rinishida, goh yuqoridan suratga olingan kadrlarga boy. Bunday lavhalarning, aytaylik, 30 sekundida 20-30 tagacha kadr turli rakursda almashinib turadi. Bu esa har qanday tomoshabinni o‘z domiga tortmay qo‘ymaydi.

 

Har doim katta sonli tomoshabinni o‘ziga jalb etgan har qanday badiiy ijod mahsulida puxta o‘ylangan manipulyasion ta’sir omillari mavjud bo‘ladi. Buni bir ko‘rishda ilg‘ash qiyin. Aslida tomoshabin uchun bu muhim ham emas. “Yigit so‘zi” serialida sirli olam bo‘lgan hayot (hatto, ko‘chadagilarning o‘zi ham butkul anglab yetmagan “tilsimlar”)ga kamera ob’yektivi qaratilgan. Xususan:

 

      Qozonda haqiqatda bo‘lib o‘tgan kriminal dunyo bir taraflama qoralashdan xoli tarzda ko‘rsatilgan;

       Didaktika uchinchi planda bo‘lib, birinchi planga “ko‘cha” qonunlari nimalardan iborat ekanligi chiqarilgan;

       “kosa tagida nimkosa” qabilida ko‘cha to‘dalarining o‘zga yo‘li yo‘qdek, ular go‘yo oqlangandek bo‘lib qolgan...

 

Shu va shunga o‘xshash omillar vajidan hozirda mazkur serialni yoshlar  ko‘rishi yoki ko‘rmasligi masalasi ustida bahslar avjida. Aynan shu bahslar ham “Yigit so‘zi”ga bo‘lgan qiziqishni orttirmoqda. Serialni ko‘rish jarayonida asl haqiqat nimada-yu, ijodkorlar o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘yganini anglagandek bo‘lasiz.

 

Serial haqiqati

 

“Слово пацана” serialiga jurnalist Robert Garayevning “Yigit so‘zi. Kriminal Tatariston 1970-2010” kitobi asos qilib olingan. Shuning uchun ham mazkur serialda Garayev maslahatchi vazifasini o‘taydi. Chunonchi, uning o‘zi ham 1989-1991 yillarda Qozondagi “Niza” to‘dasining a’zosi bo‘lgan. Bosh roldagi Andrey – “Palto” prototipi R.Garayev degan taxminlar ham bor.

 


Aniq ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab, Tataristonda ko‘cha to‘dalari vujudga kelgan va bu hol bir emas, o‘ttiz-qirq yilga cho‘zilgan. Davlat ichida “davlatchalar” tashkil etib olgan bu to‘dalarning uch-to‘rttasi haqida hikoya qilgan “Yigit so‘zi” serialida  asl voqelikka nisbatan yengilroq sujetlar kiritilgan. Har holda ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarda o‘sha davrda maktab yoshida bo‘lgan insonlar o‘tmishdagi ular yashab o‘tgan dahshatli haqiqatni tan olishmoqda.

 

P.S. Sobiq sovet davlati tarkibida bo‘lgan O‘zbekistonda ahvol qanday bo‘lgan, degan savolga javoban shaxsan bizning maktabda bunday hodisani kuzatmaganman. Ammo “Shaytanat” serialidagi voqealarni gohida eshitib turganimiz bor. Jumladan, “bandit”, “qimorboz”, “kissavur” kabi “avtoritetlar”, albatta, “ko‘chada” avj olgan paytlar bo‘lgani va militsiya arqonni haddan ortiq uzun tashlab, o‘zi ham ba’zida “foyda olib”, jinoyatda  ishtirokchi bo‘lishi haqida mish-mishlar yurardi. Endi, bu boshqa masala...

Qozonga onasi va besh yoshli singlisi bilan yaqindagina ko‘chib kelgan Andrey har tomonlama iste’dodli o‘quvchi. U fortepiano maktabiga qatnaydi, ingliz tilida erkin so‘zlashadi, umuman har bir fandan a’lochi bo‘lishi bilan birga, onasining ishongan tog‘i. Lekin maktabga borib kelishda unga bezorilar kun bermaydi. Kechagina Andreyning yordami bilan avtobusdagi talonchidan qutulib qolgan sinfdoshi, bugun ko‘chadagi to‘dalarning biriga a’zo bo‘lib olib, endi har kuni  “pul olib kel” deb uni tinch qo‘ymaydi. Andrey tasodif sabab “Universam” to‘dasining a’zosi Marat bilan do‘stlashib qoladi. Aniqrog‘i, ingliz tili o‘qituvchisi Andrey Maratga ingliz tilidan yordam berishini so‘rab, ularni tanishtiradi. Hammasi shundan boshlanadi.

 

Kriminal hayot ta’mi bilan yaqindan tanishtirgan Marat Andreyning ularga qo‘shilishini istamaydi. Ammo, Andrey o‘jarlik bilan bu to‘daga burun suqadi. “Chujpan” bo‘lish jonimga tegdi, yigit bo‘lmoqchiman”, deya qarorini e’lon qiladi.  Uni “Universam” ga qo‘shadilar va “Palto” laqabini beradilar. Endi “Palto” ham talonchilik, tovlamachilik bilan pul topishga o‘tadi. Musiqa maktabiga bormay qo‘yadi, o‘qishdan soviydi. Uning asosiy vaqti ko‘chada o‘tadi. Ona o‘g‘lidagi keskin o‘zgarishdan qo‘rqadi, uni militsioner Ildar Yunusovich yo‘lga solishidan umid qiladi. Ammo hech biri foyda bermagach, Ona o‘g‘lining ketma-ket “xurmacha” qiliqlariga chidolmay, aqldan ozadi...  

 


“Yigit so‘zi” ning ijodkorlari “Qozon fenomeni” nomi bilan tarixda qolgan kriminal hodisani jiddiy o‘rganib, “ko‘chadagilar” qanday va nimalar hisobiga yashaganini ko‘rsatishga harakat qilganlar. Va, buning sabablarini ochiqchasiga bo‘lmasa ham qisman yoritganlar. Serialda davrning qatlam qatlam muammolari  zamon va makon birligiga ko‘ra  ekrandagi hodisalarni to‘ldirib boradi. Chunonchi,

 

-         kattalar va bolalar o‘rtasidagi g‘oyaviy tarafkashlik – sovetlar mafkurasining tuturiqsiz g‘oyalaridan bezgan pioner, komsomollar va hukumatning behisob aldovlari ostida bor kuchi va aqliy mehnatini davlatga sarf etgan, evaziga o‘zi va farzandlarining oddiy ehtiyojlariga ham pul topishga qiynalgan ishchilar sinfi;

-      nurab borayotgan sho‘ro hukumatining “devoriga” chin ko‘ngildan “tirgak” bo‘lishni istagan davlatning ishongan amaldori, milisiyasi va “kommunist inson” qiyofasida kalavasini yo‘qotgan hukumat a’zolari;

-         Afg‘oniston urushidan ruhiy tushkunlik girdobida qaytgan sovet soldati va orzu umidlaridan voz kechib, qo‘rquvni yengish uchun yoshlik quvvatini ko‘cha to‘dasiga sarflagan o‘smirlar...

 

Sanayversak ko‘p. Qayd etilgan haqiqatlarni bugunning bolasi anglamaydi – bu esa uning baxti. Ammo, “Yigit so‘zi” serialidagi hodisalar Qozondagina sodir bo‘lmagan. O‘sha vaqtlarda har bir mamlakatning o‘z mentalitetiga xos o‘z “ko‘cha to‘dalari” va ularning qilmishlari oqibatida behisob mudhish voqealar sodir bo‘lib turgani rost. 1987 yilda qayta qurish va oshkoralik boshlangach, xudosizlik “e’tiqodi” ustiga  o‘rnatilgan hokimiyatning yemirilib bitgani ma’lum bo‘lgan va bu jamiyatda yashab qolish uchun har kim taqdiriga yozilganini ko‘rgan davr edi. Va, bu paytda o‘tish yoshidagi avlodning xavfli ovchisi ko‘p edi.  Shulardan eng xavflisi “ko‘chadagi to‘dalar”...


 

Serialning psixologik ta’siri

 

Odamzod uchun har doim “taqiqlangan olma” shirin tuyulgan... Lekin olma tatib ko‘rilganidan so‘ng, ortidan keladigan oqibatlar inson uchun paradoks holatini paydo qiladi. Bizning  miyamiz organizmimizning hazm qilish tizimi kabi, iste’mol qilgan axborotning keraksizini chiqarib yuborolmaydi. Ko‘rganimiz, eshitganimiz, his etganimizni miyamiz umrbod xotirada saqlaydi. Qulay payt kelganida xavfni sezgan organizm o‘zini ehtiyot qilish uchun qachondir, qayerdadir, kimdadir ko‘rgan va xotira qutisiga tashlab qo‘ygan himoya “quroli”ni ishlatib yuborishi mumkin. Xuddi shunday,  “Yigit so‘zi” serialida beixtiyor tarzda miyamizning qutisiga kirib oladigan, ammo o‘zimiz ko‘rishni istamagan kadrlar juda ko‘p. Kattalar-ku, mayli o‘sha joyda kadrni to‘xtatib, boshqa kadrga o‘tkazib yuborar. Ammo, kichiklar-chi? Shu savolga javob topishda “Yigit so‘zi” seriali nimaga kerak o‘zi, degan ikkinchi savol yuzaga chiqadi. Maqsad nima? Mayli shu voqealar bo‘lgan, ularni inkor etmaymiz. Kriminal dunyoga qarshi kurashish uchun uni eslataverish va “mana yaqin o‘tmishda nimalar bo‘lgan, ko‘ringlar”, deb hadeb ta’kidlashdan nima naf? Rossiya uchun bu Tataristonni obro‘sizlantirishmi? Bunday desak, Rossiyaning o‘zida “Brigada”, “Bumer” yoki “Banditlarning Peterburgi” seriallari orqali namoyish etilgan lavhalar “Yigit so‘zi”dan xavfliroq-ku...

 

Ko‘cha hayotini romantika darajasiga ko‘targan “Cho‘qintirgan ota” filmidagi “jinoyat formulalari”ni ko‘plab kriminal dunyo avtoritetlari sevgani va ulardan ustomonlik bilan foydalanib kelgani haqida “delo”lar bisyor. Ayniqsa, ot bilan bog‘liq jinoyat juda ko‘p  takrorlangan. “Taqdir o‘yini” nomli koreys serialida ham bu eslatib o‘tiladi. Yuqorida aytganimizdek, kriminal olam sirlari ham, bu olamdagi real yoki to‘qima hodisalar aks etgan filmlar ham hamisha tomoshabinning e’tiborini tortib kelgan. Va, Don Karleonega havas qilgan yoki “Yigit so‘zi” dagi Vova Adidas, Marat, Turbo, Kashey yoki Zima, Paltolar hayotiga diqqat qilgan o‘smir miyasi ular sodir etgan noxush jinoyatlarni o‘z xotira qutisiga joylab qo‘yishi tabiiy... Nima demoqchimiz – “Yigit so‘zi” da sanab o‘tilgan “avtoritet” larga tomoshabinda nafrat uyg‘onmasligi kishini cho‘chitadi. Nega shunday bo‘lgan? Bu hodisalar yuzaga kelishiga, davlat atalmish “KUCH” nega kuchsizlik qolganiga javob yo‘q! Mana nima uchun bu serialning oshig‘i  olchi bo‘lib turibdi. Har qanday jinoyat uchun qonun oldida, hech bo‘lmaganda insonga ko‘rinmas sirli parallel dunyo tomonidan jazo bo‘lishi muqarrar ekanligiga tomoshabin ishonishi kerak. Bu serial ijodkorlari bu haqda o‘ylab ko‘rishmagan, chog‘i. Hatto, Aygulga zo‘ravonlik qilgan iblis qiyofasidagi individ shunchaki qizning sevgilisi Marat tomonidan kaltaklanadi, xolos. Bu esa 14 yoshli qizning bevaqt o‘limi xunini to‘lolmaydi.

 


Agar serial qahramonlarini yo‘qchilik shu yo‘lga boshlagan desak, xato qilamiz. Chunki, aka-ukalar Vova Adidas va Maratning ota-onasi ularni hech nimadan kam qilmay katta qilishgan. Serialda ham bunga boshqa personajlar tilidan ko‘p urg‘u beriladi: “Juda yaxshi yashar ekansiz...”. Xo‘sh, unda  “ko‘cha”da nima bor? – Himoya, o‘z-o‘zini himoya qilish uchun to‘daga a’zo bo‘lingan, xolos. Inson “ma’naviyati”, “axloq”, “vijdon” normalari sovetlar mafkurasi tayangan g‘oyalar edi. Ammo, mafkuraning o‘zi yolg‘on ekanligi ma’lum bo‘lgach, sovet kishisi eng asosiysi – Yaratganni inkor qilish nimalarga olib kelishi mumkinligini tushunib yetishi kerak edi. Mana shu haqiqat afsuski, ssenariy muallifi tomonidan ham, rejissor va prodyuserlar tomonidan  ham eslatilmaydi. Agar har bir qilmishning qaytar javobi borligi serialning o‘q tomiri bo‘lib o‘tganida edi, serialning oxirgi qismlaridagina xatoni xaspo‘shlab qayta suratga olish ishlari bo‘lmagan bo‘lardi…

 

Ko‘rish kerakmi yoki yo‘q

 

Bizning davrimizda taqiq tushunchasi eskirib bo‘lgan. Axborot xuddi jala yoki do‘l bo‘lib yog‘adigina emas, savalab tashlaydi. O‘tgan asr o‘smirlaridan farqli tarzda, bugunning bolasi issiqxonalarda o‘sgandek tasavvur uyg‘otadi. Chunki, ular uchun hamma narsa muhayyo va asosiysi, bugunning bolasi diniy va dunyoviy bilimlarga ega bo‘lishi uchun ota-onalar qattiq harakat qilmoqdalar. Albatta, bu birgina O‘zbekistonda emas. Ammo yana tanganing ikkinchi tomoni shundaki, aqliy mehnat qilayotgandek ko‘rinayotgan kichkintoylarimizning aksariyati virtual olam ichida yashamoqda. Subhdan xuftongacha yonimizdagi telefon, kompyuter bizni virtual olam bilan osongina bog‘lar ekan, ijtimoiy tarmoqlarsiz hayotimizni tasavvur qilolmaganimiz kabi farzandimizni ham bu olam bilan muloqot qilishiga e’tiroz bildirmaymiz. Demak, taqiqlangan “olmalar” har qadamda muhayyo...

 

 “Yigit so‘zi”ni  ko‘rgisi kelgan 18+ yoshdagilar ko‘rsin, marhamat. Lekin ularning ota-onalari ham, ustozlari ham  serialni ko‘rishlarini va yoshlar bilan birga uni muhokama qilishlarini taklif qilgan bo‘lardik. Va, yana shundan ehtiyot bo‘lish kerakki, guruh guruh bo‘lib “Yigit so‘zi” va shunga o‘xshash tomoshalarni o‘smir yoshlar ko‘rishini oldini olish zarur. Chunki mazkur serial misolida gapirsak, 100 dan ortiq “ko‘cha” bolalari bir tomonda va yana shunchasi ikkinchi tomonda bo‘lib, qo‘liga nima ilinsa, shuni ko‘tarib, bir-birining joniga qasd qilib jang qilishi g‘ayrioddiy hodisa. Ammo haqiqatda shunday voqealarni tiklab, ekranda ko‘rsatgan rejissor buning oqibati yomon bo‘lishi haqida o‘ylamagan. Bu kadrlarni ko‘rar ekansiz, bular odam bolalarimi o‘zi, degan fikr keladi xayolga. Guruhbozlikka ruju qo‘ygan yoshlar esa tomoshadan so‘ng qaynagan qonini sovutish haqida “reja” tuzmasligiga kafolat yo‘q. Shuning uchun ham, serialni aksar ota-onalar ko‘rmaslik kerak, deyishmoqda.

 

Yana yuqoridagi taklifga qaytamiz, agar, farzandlaringiz bilan biror bir ijod mahsulini, badiiy asarmi, film yoki serialmi birgalikda  tahlil qilsangiz va ota-ona bo‘lib, o‘z nuqtai nazaringizni farzandingiz bilan bo‘lishsangiz, kutilmagan asoratlar bo‘lmaydi. Ruhiy yolg‘izlik esa nafaqat bolalarni, kattalarni ham tushkunlik va alamzadalik ko‘yiga solib qo‘yadi...

 



Professionallik ortidagi maqsad

 

“Yigit so‘zi” serialiga e’tiroz bildirayotganlar bu filmda ko‘cha to‘dalari hayoti romantik ruhda ko‘rsatilganidan norozi. Ularga qarshi bo‘lganlar esa haqiqat ko‘rsatilgan serialning nimasi romantizm, degan fikrda. Romantika elementlari serialda ustunlik qilishining bosh omili bu yuqorida aytib o‘tganimizdek, jinoyatchi guruhlarga nisbatan tomoshabinda nafrat o‘rniga, xayrixohlik uyg‘onayotganligi. Hatto, odam o‘ldirib, yoshlarni talonchilik va zo‘ravonlikka boshlagan Vova Adidasning o‘limi, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan Aygulning o‘limidan kuchliroq ruhiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa romantikaning o‘zi.

 
Rossiyalik kinoshunos Anton Dolin “Слово пацана. Кровь на асфальте” seriali haqida eng keskin fikr bildirganlardan biri. Iqtibos keltiramiz: “Biz qonunlar va Konstitusiyaga amal qilish to‘xtagan dunyoda yashayapmiz. Hozir har qanday vaziyatda ham davlatga tayanish mumkin emas. Biz to‘dalar (banda) tomonidan boshqarilayotgan dunyoda yashayapmiz. To‘dalar bor, o‘g‘il bolalar bor (пацан). Putinning so‘z boyligi boshidanoq ko‘cha bolasining lug‘ati edi. “Yigit so‘zi” dagi gaplarni Putin har joyda ishlatadi... Putin va putinizm bu – zo‘ravonlar qonuni, kuchlilar qonuni.  Bu degani, banditlar yoki milisionerlar yaxshi ekanligiga ishontirish emas. Bu – hamma yomon ekanligiga ishontirish. Kuchli odam bilan bo‘l va sen yutqazmaysan yoki yutqazsang ham, chiroyli tarzda yutqazasan. Chiroyli yutqazish esa – bu romantika elementidir.”  




Kino olamida atayin tomoshabinni chalg‘itish va maxsus kadrlar orqali tomoshabin ong ostiga mafkuraviy ta’sir ko‘rsatish usuli mavjud. Bunday psixologik ta’sir uslublaridan foydalanish hukmron mafkura boshqaruvchilari va ularning kinochilari uchun sinalgan usul. Nazarimizda “Yigit so‘zi” syerialiga ham yuqoridan buyurtmalar berilgandek. Ya’ni, yosh, kuchini qayerga sarflashni bilmayotgan o‘smirlarda jang qilish, urushga borish va qurol ishlatish havasini uyg‘otish. Bu serialda bunday mafkuraviy targ‘ibot ochiq ko‘rinmaydi. Lekin, hali serialning davomi olinadigan bo‘lsa, nimalar bo‘lishi Yaratganga ayon...

 

Serialning Tataristonda emas, Rossiyada suratga olishini va juda katta mablag‘ ajratilishi ortida ham sirli maqsad bo‘lishi mumkin. Avvaldan yomonlikni bashorat qilishni istamasdik, albatta. Ammo, serialga saundtrek yozgan Aygel Gaysinaning ismi sharifi titrlarga kiritilmaganiga ahamiyat bergandirsiz. Aygel Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan hozirgi harakatini ochiq qoralagan qo‘shiqchilardan ekan. Shuning uchun, uning Rossiyada bo‘lishi kutilgan konserti to‘xtatilgan, “Yigit so‘zi”dan esa nomi olib tashlangan. Aygel hozir Germaniyada yashamoqda...

 

Professional ijodkorlar yig‘ilgan “Yigit so‘zi” ijodkorlarining biz ko‘rib turgan asosiy maqsadi sarflangan katta mablag‘ni ortig‘i bilan qaytarish. Qancha ko‘p shov-shuv bo‘lsa, qancha ko‘p PR bo‘lsa shuncha ko‘p prosmotr bo‘ladi va puli ham shunga yarasha bo‘ladi. O‘ylab ko‘ring, o‘smirlarning biologik o‘tish yoshidagi ruhiy va jismoniy kechinmalarini ochiq ko‘rsatish ortidan ijodkor nima yutishi mumkin – faqat ko‘p tomoshabin ko‘rigi. Demak, ong ostiga psixologik ta’sir ko‘rsatish esa aldov bilan tomoshabinni chalg‘itish – manipulyatsiyadir. Nazarimizda, bu borada professional prodyuser, rejissor va ssenariynavis o‘z maqsadlariga erishdilar.

 


Xulosa o‘rnida

 

Kino ommaviy san’at bo‘lib tan olinibdiki, juda ko‘p omma ko‘rishi uchun juda katta harakat va xarajatni talab etadi. “Yigit so‘zi” seriali o‘zbek kinomaydonida yoshlarbop o‘z milliy serialimizni zudlik bilan yaratish talabini yana kun tartibiga chiqardi. Va, kerak bo‘lsa katta mablag‘, ijodiy guruhni bir joyga yig‘ib, mafkuraga qarshi mafkura bilan javob berish ustida bosh qotirish kerak. Zotan, fuqarolik burchini unutmagan ssenariynavis va rejissorlar bizda yetarli. Faqat xarajatidan qochilmasa bo‘ldi...

 

 

Shohida ESHONBOBOYEVA,

Oyina.uz

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19031
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19031
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15729
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi