Menga so‘z bering!..


Saqlash
18:12 / 28.12.2023 1398 3

Qadim Sharqda azaldan hukmdor qabulida hozir bo‘lmoqning ma’lum tartib-qoidalariga amal qilinganini bilamiz. Ya’ni huzuri muborakda beizn so‘z aytilmagan – so‘ralgandagina aniq, muxtasar javob qilingan; bunda har xil tama yoki ig‘vo alomatlari aralashsa, tegishli yo‘sinda jazoga mustahiq etilgan. Albatta, bandasi xom sut emib katta bo‘lganki, unaqa holatlar ham kam uchramagandir. Biroq biz hozir muddaomizdan yiroqligi bois, ul xususda so‘z yuritmoqdan tiyilamiz.

 

Bugun boshqa zamon, rahbar bilan raiyat o‘rtasidagi muomala-munosabat xiyla erkin, demokratik, hatto do‘stona bir tus olgan. Bugun har kim majlis-marosimda so‘z olib, dilidagini emin-erkin bayon qilishi, zarur kelganda “katta”ning fikriga asosli e’tiroz bildirishi ham ayb sanalmaydi va buning uchun biron bir tukiga ziyon yetmas, goho esa ana shu dadilligi uchun rahbarning olqish-e’tiboriga sazovor bo‘lgusi.

 

Yashirmaylik, davlat boshlig‘i qatnashadigan katta yig‘inlar oldidan ko‘pincha ayrim ehtiyotkor xodimlar so‘zga chiqadigan kishiga “g‘oyaviy ishlov beradi” – nimani aytish kerag-u nimadan “qaytish” kerakligi xususida. Biz bu tartibni hoshakallo bekor qilish tarafdori emasmiz, rahbarlarning vaqti ziq bo‘ladi, mavzudan tashqari har xil luqmalar-u behuda so‘zamollik bilan ularni band etish odobdan emas. Bir kun kelib so‘zlovchilarimiz ham, tinglovchilarimiz ham maxsus “muallim”larsiz gapning marom-me’yorini bilib olar, shunga muvofiq go‘ftugo‘ qilinar, lekin hozircha...

 

Kuni kecha o‘tkazilgan ma’naviyatchi va ma’rifatchilarimizning katta yig‘inida biz bunga amin bo‘ldik. Kengash raisi hisoblangan Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’ruzasini yakunlab, qatnashchilarga so‘z berarkan, boyagi “muallimchilik” tajribasidan xabardor ekanini aytdi, bugun shu tartibdan voz kechib, xohlagan odam so‘zga chiqishi, ko‘nglidagini baralla bayon qilishi mumkinligini ta’kidladi, anjuman ahlini ochiqlikka, dadillikka da’vat etdi.

 

Avvalo shuni aytaylikki, davlat rahbarining mufassal ma’ruzasida ma’naviy-ma’rifiy hayotimizning barcha muammolari tilga olindi hisob, har tomonlama tahlil qilindi, yechim va istiqbollari bir-bir ko‘rsatib berildi. “Jadid” atalmish yangicha gazeta, ulug‘ ajdodlarimiz nomida xalqaro mukofotlar ta’sis etish, noshirlarga soliq imtiyozlari, muzeylar, teatrlar ta’miri, maoshlar masalasi, xullas, dag‘alroq tuyulsa-da, nonsizga non, oshsizga osh degandek...

 

Bunday olganda, kun tartibidagi masalalar hal, izoh-izhorlarga hojat yo‘q edi. Qoida bo‘yicha esa, anjuman ahlining oldidan o‘tib, ularga-da so‘z bermoq lozim. Bu yog‘i, so‘z olgan muzakkirlar o‘rtaga qo‘yilgan vazifalar yuzasidan aniq-lo‘nda fikr bildirsa kifoya. Qayoqda deysiz, bir-ikki notiqni istisno qilganda, hamma o‘z dardiga tushib ketdi. Dardi – yuksak nazarga ilinib qolish, “men ham borman, haliyam borman”, bahonada aravasini yurgizib olish, to‘ymas ilinj, oshkora tama... Bunga o‘xshash katta-kichik yig‘inlarda qatnashib ko‘rgan odam – shaxsan men xijolatlarga chulg‘anib o‘tirdim...

 

To‘g‘ri, ma’ruzada aks etgan masalalar bo‘yicha fikr bildirish, uni qo‘llab-quvvatlash va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik izhor etish, hatto uncha-muncha lutf qilish ham ayb emas, albatta. Ammo gapirgan gapimiz boshdan-adoq hamd-u sanodan iborat bo‘lsa, boz ustiga unda riyokorlik manaman deb tursa, ishni yurishtirishga doir biror jonli fikr o‘rtaga tashlanmasa... Ma’naviyat va ma’rifatning chin homiysi sifatida bag‘rikenglik qilib, ko‘ngilda borini baralla so‘zlamoqqa qayta-qayta da’vat etib turganiga qaramay, esli-hushli mardum davlat rahbarining har daqiqa vaqti hisobli ekanini his etmog‘i darkor. Bunday choqda masala harqancha murakkab bo‘lmasin, aytilayotgan fikr imkon qadar qisqa va lo‘nda ifoda etilmog‘i lozim. Qarang, yon-veringizda o‘tirganlar ham sodda-anoyi emas, har biri o‘z sohasining bilimdoni, piri degulik! Ular qolib (balki turli andisha bilan), aynan siz so‘z so‘radingizmi, marhamat, el-ulusga manfaatli biror gap bilan o‘zingizni ko‘rsating, tahsin aytaylik!

 

Bunday chuchmallik, yumshoqsupurgilik yoshi kattalarimizga kechagi zamondan ilashib kelayotgan illat-da desangiz, bugungi yoshlar-chi?! Qatorlashib so‘zga chiqqan bir talay uka-singillarimizning huv bir vaqtlardagi komsomollar singari o‘ktam va biyron xitoblari-yu chiranishlarini (ha, shunday, boshqa ifoda yo‘q!) ko‘rib, ulug‘ shoirimizning pushaymonlikka to‘liq nadomatli satrlari yodga tushib ketadi:

 

Endi sen bobolar shavkatiga boq,

Aktyordek soxtakor shavqlarga to‘lma.

Men hayot qo‘lida bo‘ldim o‘yinchoq,

Baxtsiz yashab o‘tdim, sen baxtsiz bo‘lma.

 

Prezident nutqining avvalida besaranjom zamonda yashayotganimiz, bu ko‘hna dunyo hamon zo‘r-u zar o‘rtasida talash ekani, ayniqsa, so‘nggi kunlarda og‘ziga kuchi yetmagan ayrim “vatanparvar” nusxalar o‘z yurtining holiga boqmay boshqa yurtlarga egalik da’vosi bilan chiqayotgani borasida fikr yuritib, shunday nozik va qaltis damlarda ziyolilarimiz birdam va mahkam turmoqlari zarurligini ta’kidladi.

 

Ajabki, minbarga chiqqan voizlarimizning birortasi ana shu muhimdan-muhim, hayot-mamot degulik masalani loaqal bir eslab qo‘ymadi. Bizningcha, kun tartibidagi eng dolzarb mavzu shu edi. Xo‘sh, o‘zing-chi, o‘zing nega mum tishlab o‘tirding deyishlari mumkin. Aybimiz bo‘yinda, har ma’no istiholalar girdobida biz ham majlisxonani to‘ldirgan ko‘pchilik qatori tomoshabin bo‘lib o‘tirganimiz rost. Bunga endi oqlov topib bo‘lmas!

 

Ana shunday behuda chaynash-chaynalishlar, uzundan-uzoq daromad-buromad so‘zlari hisobiga mashvarat besh soatga cho‘zildi. Bu fursatni majlisda o‘tirgan har bir kishining umr muddatiga zarb bersangiz!.. Chorakam bir asr burun 350 kilometrli Katta Farg‘ona kanali sodda qo‘l mehnati bilan atigi 45 kunda qazib bitkazilgani biz avlodlarga atalgan anchayin cho‘pchak, afsonamikan?..

 

Xo‘sh, shunday qilib, kaminangiz erkin minbar – minbar erkinligiga qarshimi? Zinhor-bazinhor, yo‘q! Nihoyati aytmoqchi bo‘lganim – katta minbarlar sari yo‘l olganda million-million qorako‘z eldoshlarimiz, kelajak bizga ko‘z tikib turganini unutmasak bas! Chinakam insoniy burch-mas’uliyat deganimiz ham, milliy g‘urur deganimiz ham ana shunda yuz ko‘rsatadi.

 

Erkin A’ZAM,

O‘zbekiston xalq yozuvchisi

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

3 Izohlar

Asilbek

14:01 / 11.01.2024

Rahmat sizga kattakon. Bu fikringizni, Siz aytgan o'sha so'z amollar o'qib, keyingi majlislarda, diqqatli bo'lishadi...

Jo'ra Xudoyberdiyev

12:01 / 06.01.2024

Rahmat, Erkin aka. Shu fikrlaringizga katta ehtiyoj bor edi.

Улугбек

17:12 / 29.12.2023

Хайрият! Бор эканку! Эркин ака купчиликни ичидаги гапни езибди. Хакикий зиели шундай булиши керак! Пахтакор эмас!

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19035
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19035
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15735
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi