O‘zbek xalqi o‘zini va o‘zligini qadrlashi kerak – munosabat


Saqlash
18:12 / 29.12.2023 472 0

Yaqinda muhtaram Prezidentimiz raisligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Yig‘ilishda Prezidentimiz ma’naviyat-u madaniyat, adabiyot-u san’atdan tortib, inson kamoloti uchun zarur bo‘lgan barcha sohalarda amalga oshirilgan ulug‘vor ishlar qatorida bugundan kechiktirmasdan – ayni damda bajarilishi zarur masalalarga atroflicha to‘xtaldi, qimmatli fikr mulohazalarini bildirdilar. Davlatimiz rahbari, albatta, har bir masalaning mohiyatini keng qamrovda tushuntirib berdiki, yig‘ilishda qatnashayotgan ijodkor ziyolilar to‘lqinlanib, hayajon bilan tinglab turdi. Bugun O‘zbekistonga xalqaro maydonda katta ishonch paydo bo‘lgani, bu ishonch, avvalo, g‘ururi baland, niyatlari ulug‘ o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan buyuk xalqimizning orzu-umidlari bilan chambarchas bog‘liq ekani ta’kidlandi.

 

O‘zbekiston mana shunday katta yo‘lga chiqib, o‘zining aniq yo‘nalishini belgilab, xalqaro hamjamiyat orasida obro‘-e’tibor topib borayotgan paytda jonajon Vatanimiz haqida og‘ziga kuchi yetmagan, chala siyosatchilar tilidan ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat yo‘sinida bilan himoya qilib kelgan markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar tutumini tanlayotgani aytib o‘tildi. Bu mulohazalarni eshitar ekanman, shu kunlarda bunday g‘alamis kimsalarga ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqimizning mard va tanti farzandlari – ijodkor ziyolilar, shoir va adiblar, ommaviy axborot vasitalari xodimlari jasorat bilan bildirayotgan munosabatlari ko‘z oldimga keldi.

 

Biz bugun zimdan olib borilayotgan g‘oyaviy-mafkuraviy kurashlar zamonida yashayapmiz. Demakki, gap vatan manfaati va yurt taqdiri haqida borganda ijodkor-ziyolilar zimmasidagi vazifalar harbiylarimizning burch va majburiyatlaridan aslo kam emas. Prezidentimiz aytganlaridek, “Agar biz bu yorug‘ dunyoda “o‘zbek”, “o‘zbekistonlik”, “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo‘lsak” bunday g‘alamislarga munosib javob berishimiz kerak. Mafkura poligonlarida so‘zimizni aytishimiz, fikrimizni o‘tkazishimiz, shu vatan, shu millat taqdiri har narsadan ustun ekanini el-u xalq orasida ko‘proq tushuntirishmiz zarurligini angladim. Bu borada, albatta, bizga jadid bobolarimizning: “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan gaplari shior bo‘lishi kerak. Shundagina biz bunday g‘oyaviy kurashlarda g‘olib bo‘lamiz.

 

Ko‘hna tarix zarvaraqlarida shonli sahifalarni bezab turgan o‘zbek degan nomga munosib yashash, ulkan maqsadlarga erishish uchun ham doimo zamon bilan hamnafas bo‘lishimiz, ilm-fanda, madaniyat-u ma’rifatda, adabiyot-u san’atda yangi pog‘onani zabt etishimiz taqozo etiladi. So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan bu boradagi vazifalarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida poytaxtimiz markazida Adiblar xiyoboni barpo etilib, bu maskanga xalqimizning yigirma to‘rt nafar suyukli farzandining siymosi aks etgan haykal o‘rnatildi. Bog‘ga hamohang tarzda Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosi, unga yaqin masofada samarali ijod qilayotgan adiblar imtiyozli asosda uy-joylar bilan ta’minlandi. Hududlarda yangi ijod uylari foydalanishga topshirildi. Shuningdek, atoqli ijodkorlar: Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Munavvar qori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Usmon Nosir, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimovning tavallud sanalari keng nishonlandi.

 

Milliy adabiyotimizda tetapoya bo‘lib qadam tashlayotgan yosh iste’dodlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari qayta tiklandi. Bugun adabiyotimizni navqiron nafas, o‘ziga xos ifoda bilan boyitib borayotgan ijodkorlarning barchasini bundan chorak asr muqaddam O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov boshchiligida ustozlar kashf etishgan, deb aytsak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Yosh qalamkashlarning mehrini qozongan, unga borish, qatnashish ijodkor sifatida e’tirof etilishga tenglashgan ushbu seminarning tashabbuskori muhtaram Shavkat Mirziyoyev ekanini yaqin-yaqingacha ko‘pchilik bilmasdi. 

 

Bu seminar zamonaviy adabiyotimizning go‘zal bir an’anasiga aylandiki, qayta tiklangandan buyon ko‘plab yosh ijodkorlar she’riyatimizni, nasrimizni badiiy yetuk asarlar bilan boyita boshladi. Jumladan, ularning ilk kitoblari Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasiga ko‘ra katta adadda chop etilib, ta’lim muassasalari va mahalla fuqarolar yig‘inlari kutubxonalariga yetkazilmoqda. Shuningdek, mualliflar tug‘ilib o‘sgan mahallalar va ular ta’lim olgan o‘quv dargohlarda taqdimotlari tashkil etib kelinyapti.

 

Yana shunday ezgu ishlar qatorida  birinchi marta 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” nashr etilganligi o‘zbek xalqining ma’naviy-adabiy dunyosi, balki butun turkiy olamda qiyosi yo‘q bir ish bo‘ldi. Negaki, bu yuz jildda turkiy xalqlarning qadim tarixidan, bugungacha bo‘lgan davrda olamni va odamni idrok etishi, borliq va shaxs munosabatlari, qadriyatlari, qudrati, intellekti, bir so‘z bilan aytganda, qardoshlarimizning ham ulug‘vorligini va Amir Temur bobomiz ta’biri bilan aytganda: “Millatlarning eng ulug‘i va qadimi turkning bosh bo‘g‘ini” ekanligimizni ko‘rsatib turibdi.

 

Shu o‘rinda yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan to‘qqiz yo‘nalishdagi muhim tashabbusning har bir yurtdoshimizni hayotga, jamiyatga, ma’naviyat-u adabiyotga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartiradi, deb o‘ylayman. Chunki mazkur tashabbuslarning hayotiy ildizi turmushimizning barcha jabhalariga tomir otadigan, o‘smir-yoshlarning ongu tafakkurini boyitadigan, qalb go‘zalligini shakllantiradigan tashabbuslardir.

 

Jumladan, madaniy-ma’rifiy sohadagi ishlarda hokimlarning mas’uliyatini oshirish; tuman va shaharlarda ma’naviyat va ma’rifat maskanlarini ishga tushirish; shu maqsadda, Surxondaryo viloyatida to‘rtta sektorga qo‘shimcha ravishda Ma’naviyat sektori tashkil etilgani ma’lum qilindi. Ular joylardagi Ma’naviyat va ma’rifat kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida faoliyat yuritishini soha vakillarni ko‘tarinkilik bilan qarshi oldi. Ana shunday tashabbuslarga ko‘ra teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Unda eng yaxshi yigirmata pyesa uchun adiblarimizga ijodiy buyurtma beriladi va mualliflarga ellik milliongacha qalam haqi to‘lanadi. Yosh rejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun san’at darg‘asi, ulug‘ ijodkor Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofot ta’sis etish; korxona va muassasalarda oyning bir kuni “Teatr kuni” deb belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishini yo‘lga qo‘yish; har bir tumanda sahnali zal, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalari bo‘lgan bittadan Madaniyat markazini barpo etish ta’kidlandi.

 

Yanada quvonarlisi, bundan so‘ng o‘zbek tilini o‘qitish masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Milliy sertifikatga ega bo‘lgan “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga kelgusi o‘quv yilidan boshlab ellik foiz ustama to‘lanishi belgilanadigan bo‘ldi. Shuningdek, xalqimiz orasida yanada kitobxonlik madaniyatini oshirish qo‘llab-quvvatlanadi. Tarjimonlarning mehnatini munosib rag‘batlantirish uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etiladi hamda nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida besh yilga soliqlardan ozod qilinadi.

 

Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yaratishda katta ahamiyat kasb etdi. Bu tanlovga yosh-u keksa birdek qiziqish bildirib, oilaviy kitobxonlik muhiti paydo bo‘ldi. Kamina, uzoq tumanlarda istiqomat qiladigan ana shunday bir necha kitobxon oilalarni bilaman. Ular tanlovning shaffofligiga, hakamlarning adolatiga o‘zgacha bir mehr bilan qaraydiki, yana va yana – takror-takror qatnashishdan zavqlanadilar.

 

Ana shu zukko kitobxonlarni zamonaviy o‘zbek adabiyoti bilan yaqindan tanishtirish, ulug‘ ajdodlarimiz haqida so‘nggi yillarda yozilayotgan asarlardan xabardor qilish, shu bilan bir qatorda, taniqli adiblarimiz, olimlarimiz va el-yurt orasida obro‘-e’tibor topgan ziyolilarning kitob mutolaasi borasidagi tajribalarini “Yoshlik” jurnali yoritishni ham maqsad qilgan. Endilikda esa ana shunday maqolalarga yanada kengroq o‘rin beramiz. Negaki, keyingi yillarda bosma nashrlarning muammosi bo‘lib kelayotgan obuna masalasiga Prezidentimiz alohida e’tibor berib yig‘ilish qatnashchilariga qarata: “Hozirgi vaqtda matbuot nashrlarining obunasi bilan bog‘liq ayrim muammolar mavjudligini bilamiz. 2022 yil 27 iyundagi Prezident qarorida  byudjet tashkilotlariga ulardagi kutubxona fondi xarajatlari orqali davriy bosma nashrlar, ularning elektron shakli va elektron ommaviy axborot vositalariga obuna bo‘lish uchun mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat beriladi, deb ko‘rsatilgan. Demak, masalaning aniq yechimi bor. Faqat buni amalga oshirishimiz kerak”, dedilar.

 

Yig‘inda ko‘tarilgan masalalardan ko‘rinib turibdiki, o‘zbek xalqi yanada o‘zligini, o‘zini tanishi va anglashi, shaxsiga nisbatan hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi uchun qalbini uyg‘otadigan, ruhini ko‘taradigan sohalarga e’tibor qaratilishi bejiz emas, albatta. O‘ylaymanki, bu borada amalga oshirilishi ko‘zlangan har bir tashabbus uchun ijodkor ziyolilar ming yillar qa’ridan so‘zlaydigan dostonlarimizda yangrab turgan “Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema” deya jadid bobolarimizning fidokorligini, jasoratini o‘zlariga na’muna bilib kirishadi, va albatta, bu yo‘lda Prezidentimizga kamarbasta bo‘lishadi.

 

 

Nurilla CHORIYEV,

“Yoshlik” jurnali bosh muharriri

 

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19031
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19031
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15729
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi