Ilm-fanning bosh maqsadi – rost va raso haqiqatni topishdir


Saqlash
17:01 / 09.01.2024 4345 5

Yangi O‘zbekistonimiz Uchinchi Renessans sari dadil odimlab, ijtimoiy, madaniy, siyosiy, iqtisodiy hayotda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishmoqda. Yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat, ehtirom ruhida ulg‘aytirish, ertangi kun qiyofasini belgilab beradigan kamolot sohiblarini tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ijobiy islohotlar esa taraqqiyot yo‘limizga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi. Jamiyatda ustoz-murabbiylar, o‘qituvchilarning qadr-qimmati yuksalgani, ilm-fan sohasi vakillariga o‘z ilmiy tadqiqotlarini yuzaga chiqarish uchun ikki bosqichli tizimning, fan nomzodi va falsafa doktorlariga 30 foizgacha, fan doktorlariga 60 foizgacha qo‘shimcha haq to‘lashning joriy etilgani fikrimizning yorqin isbotidir.

 

Ammo bemulohazalik bilan aytilgan yuzaki va quruq gaplar, yasama va sun’iy qat’iyat, o‘rinsiz va kemtik da’volarning yuzaga chiqishi nafaqat xato talqin-u tahlillarga yo‘l ochadi, balki keng ommaning fikr-qarashlarini asl haqiqatdan chalg‘itishga ham sababchi bo‘ladi.  Yaqinda “Oyina.uz” portalida e’lon qilingan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklari instituti ilmiy xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Feruza Manukyanning Ilmiy ishlardagi yolgʻonlar: 90 foiz plagiat dissertatsiya, 100 dan oshiq ilmiy ishga rahbarlik qilayotgan fan doktorlari va egizak tadqiqotlar tahlili maqolasini o‘qib, ko‘nglimizdan ana shunday fikrlar kechdi. Maqola muallifiga javoban esa quyidagilarni aytish mumkin:

 

1. Jonajon Vatanimizda oliy ta’limdan keyingi ta’limga qaratilayotgan e’tibor, tayanch-doktorant va doktorantlar stipendiyalarining bir necha barobarga oshirilgani, respublikaning ilmiy salohiyati yetarli bo‘lgan, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari faoliyat yuritayotgan, qolaversa, sog‘lom ilmiy muhit shakllangan oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlarida ilmiy kengashlar ochilgani, ularda himoya jarayonlari shaffof va adolatli tashkil etilayotgani, shuningdek, talabgorlarning ortiqcha ovoragarchilikdan, turarjoy, yo‘lkira bilan bog‘liq muammolardan, ish jarayonidan uzilib, turli noqulayliklardan xalos bo‘lgani davlatimizning “inson qadri uchun” tamoyiliga uyg‘undir.

 

2. Filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev ilmda o‘z sohasini yaxshi biladigan, fidoyi va taniqli olim ekani barchaga ma’lum. Uning o‘zbek amaliy tilshunosligi maktabiga asos solgani, milliy grammatikamizni yangi g‘oya bilan boyitib, o‘zbek tilidagi ayrim grammatik shakllargina sintaktik vazifa bajaradi, degan an’anaviy qarashlarni o‘zgartirgani, barcha grammatik shakllar sintaktik imkoniyatga egaligini isbotlab bergani, o‘zbek o‘quv leksikografiyasi nazariyasini yaratgani, uning hammuallifligidagi “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligi bir necha bor “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” (2006–2011-yillar) sifatida e’tirof etilgani fikrimizning yaqqol isbotidir.  Mutaxassis ilmiy salohiyati baland, imkoniyati keng, o‘z sohasining bilimdoni bo‘lib, unda o‘nlab, yuzlab tadqiqotchilarga rahbarlik qilish qobiliyati shakllangan ekan, buning qanday salbiy oqibati bo‘lishi mumkin? Ilmda har kimning o‘z qarichi, o‘z o‘lchami bor. Tafakkur mezonida tortilgan baho va mulohaza insonni har bir masalaga teran nazar tashlashga undaydiki, buni unutmaslik kerak.

 

3. O‘zbek tilining izohli lug‘ati o‘zbek tili lug‘at boyligini, xususan, so‘z turkumlari, birikmalari, o‘z va ko‘chma ma’noli so‘zlar, boshqa tillardan o‘zlashgan qatlamni ham to‘la qamrab oladi. Amalga oshirilayotgan monografik tadqiqotlar, birinchidan, kelgusida lug‘atning yanada mukammal bo‘lishini ta’minlashga, ikkinchidan, tilimizning o‘ziga xos fazilatlarini ilmiy jihatdan dalillashga ham yordam beradi. Demak, O‘zbek tilining izohli lug‘ati yuzasidan bir-ikkita yoki o‘nlab emas, yuzlab dissertatsiyalar yozilishi, himoya qilinishi kerakki, bu o‘zbek tilining hali ilm-fanga noma’lum bo‘lgan imkoniyatlarini ilmiy jihatdan tadqiq etish, asoslash imkonini beradi, deb o‘ylaymiz.

 

4. “Avval o‘zingga boq...” deydi dono xalqimiz. Boshqalarga baho berishda o‘z xatti-harakatlarimizni, tabiatimizdagi qusurlarni ham unutmasligimiz kerak. Hayot yo‘limizda kimgadir ergashganmiz, kimdandir ta’sirlanganmiz, yana kimdandir andaza olganmiz. Bilib-bilmay, anglab-anglamay, masalaning mohiyatiga chuqur yetmasdan, turli taxminlarning o‘rtaga chiqishi nafaqat jamoatchilik fikri, balki xalqaro maydonning ham noto‘g‘ri xulosalariga sababchi bo‘lmoqda. O‘zbek ilm-fanining ibratli sohalaridan biri sanalgan filologiya borasidagi asossiz bahs-munozaralarni yuzaga keltirmoqda. Jumladan, Suvonov Zavqiddin Norqulovichning “O‘zbek badiiy matnlarini filologik ekspertiza qilishning nazariy-metodologik asoslari” mavzusidagi fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasidan maqolada misol tariqasida olingan barcha iqtiboslarga havolalar keltirilgan, “Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati”da manbalarning hammasi ko‘rsatilgan, inson omili aralashuvisiz ko‘chirmachilik mavjud yoki mavjud emasligini aniqlaydigan antiplagiat dasturi ishda plagiatlik holati yo‘qligini isbotlagan. Uch-to‘rt jumladagi o‘xshashlik, fikriy yaqinlik yoki juz’iy takrorlar dissertatsiyaning umumiy saviyasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Yana bir maqol esimizga tushdi: “O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir!”

 

Ma’lum bo‘ladiki, Feruza Manukyanning maqolasida bayon qilingan muvozanatsiz fikrlar O‘zbekiston ilm-fani, jumladan, filologiya sohasidagi ijobiy yutuqlarning salmog‘iga aslo soya sola olmaydi. Ayni paytda, yurt ravnaqi, Vatan taraqqiyoti, ilm-fan rivoji yo‘lida o‘zaro hamfikrlilik, birdamlik va yakdillik bilan harakat qilish har birimizning muqaddas burchimiz ekanini unutmaylik.

 

                                      Nizomiddin MAHMUDOV,

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori,

filologiya fanlari doktori, professor

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

5 Izohlar

Raxmatjon

17:01 / 15.01.2024

Bu yerda olima Feruza toʻgʻri gapirgan deb oʻylayman. Boshqalar esa shunchaki oynadagi aksidan uyalib ommani eʼtiborini boshqa joyga qaratmoqchi. Baland parvoz gaplar, mansabidan foydalanib bosim qilishyotgandek koʻrinyabdi. Bir narsa aniq xalqning toʻlagan jarima va soliqlarini hech narsaga arzimaydigan "ilmiy ish"lari evaziga olayotganlar bu ishlaringizni bir kun aniq xisobi bor.

Умид

14:01 / 10.01.2024

Бахтиёр Менглиев катта салоҳиятга эга олим. У кишининг тилшунослик фанига қўшган ҳиссаси улкан. Ферузахоннинг бундай олимга нисбатан ҳурматсизлигини олқишламаймиз.

Law abiding citizen

14:01 / 10.01.2024

Ассалому алайкум, мақолада аниқ гаплардан кўра, умумий гаплар жуда кўп қўлланилган, айниқса баланд парвозли сатрлар! Ҳўш, мамлакатнинг ҳозирги таълимини аҳволи қай даражада?! айниқса педагогларини (академик, профессор ва ҳ.к умумий назарда тутилмоқда) наҳотки умуман камчиликлар бўлмаса, наҳот юқоридаги мақолада тасвирлангандай ҳаммаси зўр?! Шахсий кузатувларимдан келиб чиқиб, қуйидагиларни баён қилмоқчиман... Аҳвол ачинарли ҳолатда. Феруза Манукяннинг мақоласида ҳақиқатлар мавжуд, таълим коррупция ботқоғига ботган ва умуман меҳнатини алоқаси бўлмаган псевдо-шогирдларни ўзлари учун рақамлаштириб, академик, профессор (даража, унвон) олаётганлар ҳақида менимча, атрофдагиларга сир бўлмаса керак, фақат, ҳаммада журъат етишмайди ҳолос буни кўтаргани. Бугунги таълим, ҳали ҳам қоғозбозлик кўчасидан чиқиб кета олмаган, натижалар фақат қоғозда, амалда эса йўқ, бу эса албатта ривожланиш кушандаси бўлиб, фантазиялар оламида сайр қилишдан бошқа чора қолмайди. Нобюджет бўлган яъни шахсий ўқув юртларини очилиши ва бу ҳолат ўзига ҳос бизнесга айланиши, ҳозирда мамлакатнинг бюджет тармоғидаги мактаб, институтлар ва умуман таълим муассасаларининг аҳволи, ваҳоланки, педагогларини қай даражада эканлигидан далолат бермоқда. Вазиятни ўйлантирадиган яна бир жихати шуки, агар мақолада таъкидланган педагоглар ҳақиқатдан ўзига ҳос бўлса, ва шу каби мутаҳассисларимиз талайгина деб ҳисобга олсак, шунча илмий ишлар, диссертациялар, ўрганишлар оқибатида, нега ҳилигача мамлакатнинг таълим аҳволи паст даражада?! Нега ҳалигача ўзбек алифбоси ҳақида бош қотирмоқдамиз, ушбу мавҳумлик мамлакат таълимини алғов-далғов қилаётгани ҳақида кимдир тушунтириш бера оладими?! Ҳа айтганчи, яна бир воқеликка эътиборингизни қаратмоқчиман, педагог қанчалар вундеркинд бўлмасин, инсонни сифат максимали тушунчаси мавжуддир, юкни ҳам гарданига сифатли бажара оладиган даражада олиш, мақсадга мувофиқдир. (гап нимага ишора бўлаётганини сезгандирсизлар). Феруза Манукяннинг мақоласига назар ташласак, мавзу борасида изланиш олиб борилганлиги сезилмоқда ва ушбу ҳолат юзасидан ўз шахсий фикрини билдиргани тахсинга сазовордир. Мен эса негадир юқоридаги мақоладан илмий жиҳатдан ҳам, даража жиҳатдан жуда саёз бўлган ҳужумни, яъни, индивидуал шахснинг фикрига нисбатан хужумни англадим ҳолос.

qandil

11:01 / 10.01.2024

Assalomu alaykum. Yuqoridagi "“Ilmiy ishlardagi yolgʻonlar: 90 foiz plagiat dissertatsiya, 100 dan oshiq ilmiy ishga rahbarlik qilayotgan fan doktorlari va egizak tadqiqotlar tahlili” ga yozilgan javob maqolaning ayrim joylarini o`qib chiqdim. Siz tariflayotgan olimlarning birontasining ilmiga na jamiyat na davlat na millatning shubhasi yo`q. Lekin yil davomida 58ta ilmiy ishga rahbarlik qilish sehrgarlikdek tuyilmayaptimi. Suvning katta oqimini ko`zboyamachilik bilan to`plab turgandik, suv bosimi ko`payim yorib chiqdi, sel kelib bo`lgan, endi kema yasashni bas qiling, Qo`ying! millatning, davlatning kelajak daraxtiga bolta urayotgan bu noinsoflar cho`ksin. Ilm egasiz qolmaydi, bu jamiyat ilmi har doim yaxshi qo`llarda bo`lib kelgan. Bu nima ahvol, minimum, hujjatlar topshirish, kafedra va ilmiy seminarlar, antiplagiat xulosalari , vakda elon chiqishi hammasi qanday bo`layotgani butun ilmiy jamiyatga malumku. Sizdan iltimos, yo xolis, adolatli gapiring yo jim turing! hej kim bu fkrlar bilan hisoblashadi deb bilmayman, ammo ichimdagini aytdim qo`ydim

Iqbol

20:01 / 09.01.2024

Zór javob bólibdi.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19033
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19033
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15735
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi