Oltin vasvasasi, kutilmagan musibat, Pyotr I armoni – Shergʻozixon va Cherkasskiy toʻqnashuvi


Saqlash
10:01 / 11.01.2024 639 0

Istiqlolning oʻttiz uchinchi yilida ham chet-chetdan suverenitetimizni tan olishni istamayotgan, mustaqilligimizga ola qarayotgan kimsalar uchrab turibdi. Yaqinda “Spravedlivaya Rossiya” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning Oʻzbekiston mustaqilligiga daxl qiluvchi gaplari ijtimoiy tarmoqlarni junbushga keltirdi. Bu safsatabozning kurakda turmaydigan iddaolariga rasmiy va norasmiy doiralardan tegishli javob berildi. Shu oʻrinda har birimizda “Nima balo, ulugʻ davlatchilik shovinizmi bu qavmning har bir hujayrasiga singib ketganmi?” degan ishtiboh  tugʻiladi. Ushbu savol javobini esa toʻrt-besh asr naridan izlash kerak boʻladi, negaki Rossiyaning istilochilik siyosati bir necha asrlarni oʻz ichiga oladi. 

 

Ingliz tarixchisi Piter Xopkrik oʻzining “Katta oʻyin” nomli kitobida Rus imperiyasi maydoni keyingi toʻrt asr mobaynida oʻrtacha har kuni 55 kvadrat mil!(bir mil – 1609 metr)ga, yiliga esa 20 ming kvadrat milga  kengayib borganini taʼkidlaydi. Ushbu mustamlakachilik siyosatida Turkistonni egallash alohida oʻrin tutadi. Ammo Turon zaminni qoʻlga kiritish ularga oson boʻlmadi. Uchta xonlik hududiga uyushtirilgan 5-6-martalik harbiy yurishlarning deyarli hammasi samarasiz, baʼzan fojiali va sharmandali yakunlandi.

 

Pyotr I tashabbusi bilan Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy boshchiligida 1717-yilda Xiva xonligiga uyushtirilgan dastlabki harbiy yurish buning tasdigʻidir.

 

Oltin vasvasasi

 

1700-yilda Xiva elchisi qoʻshni davlatlardan (asosan Buxoro amirligi) oʻzini himoyalash evaziga Rossiyaga tobelikka rozilik bergan xon Shohniyozning ishonch yorligʻini Pyotr I ga topshirgan edi. Oʻsha yili 30-iyundagi yorliqda Pyotr bunga rozilik bildiradi. 1703-yilda Arab Muhammadxonga yuborilgan yorliqda ham yuqoridagi gaplar oʻz ifodasini topgan.

 

1713-yilda mangqishloqlik turkman qavmlaridan birining sardori Xoʻja Nafas Astraxanga kelib knyaz Mixail Samonov( baʼzi manbalarda Zamonov) bilan uchrashib, ruslarga Amudaryo ortidagi oltin qumlar togʻ-togʻ uyulib yotgan mamlakatni bosib olishni  tavsiya etadi. Sardorning aytishicha, xivaliklar Rossiyadan xavfsirab Amuning Kaspiyga quyiladigan eski oʻzanini koʻmib tashlashgan. M.Samonov Xoʻja Nafasning oyogʻini yerga tegizmay, Peterburgga olib joʻnaydi. Gvardiya poruchigi knyaz Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy vositachiligida u Pyotr bilan uchrashadi.

 

Oltin vasvasasi, mintaqaning ulugʻ daryolaridan biri Amuni Hazar(Kaspiy)ga burish va Hindistonga eng yaqin yoʻlni ochish rejalari Pyotrning oromini butkul oʻgʻirlagandi. Zudlikda Kaspiy dengizi va Sibir ekspeditsiyalarini tuzishga qaror qilindi. Bir nechta shved muhandis asirlari va 2000 nafar askardan iborat podpolkovnik Buxgols boshchiligidagi Sibir ekspeditsiyasi kemalar va paromlarda Irtish daryosi boʻylab yuqoriga suzib, Yamishevda qalʼa qurishi va oltin konlarini izlashga otlanadi. 1715-yilda 2 ta piyodalar polki va 700 kazak Irtish daryosining yuqori qismiga yoʻl oladi. Yoʻlda ularga yana 1500 otliq askar qoʻshildi. 1-oktyabrda ekspeditsiya Balxashga yetib kelib, Yamishev qalʼasini qurishni boshladi.

 

Bundan xabar topgan mahalliy hukmdor Kuntoysha boshchiligidagi qalmiqlar qoʻshini 1716-yil fevral oyi oxirida 10 ming askar bilan qalʼani qurshab oladi. Uch oylik qamalda singa va kuydirgi kasalliklariga chalingan 3800 nafar askardan ayrilgan rus qoʻshini abgor-u aftoda holda ortga qaytadi. Tarixchi, general-leytenant Mixail Terentev uch jildlik “Turkistonning bosib olinish tarixi” kitobining 1-jildida garchi oltin konlari topilmasa-da, ruslar bu hududda besh yil mobaynida 1000 verstdan ziyod masofadagi Irtish vodiysini qoʻlga kiritganini aytib maqtanadi.

 

Qabardalik xoin

 

Aytganimizdek, oʻsha paytda Kaspiy ekspeditsiyasi ham tuzildi. Unga Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy boshliq etib tayinlandi. Uning tarjimayi holidan bir-ikki ogʻiz. U katta Qabarda knyazlari avlodidan edi. Oʻsha yillarda Qabardadagi bitta sulolaning ikki knyazi – Qaytuqo va Bekmirza nizolashib qoladi. Shu bois Bekmirza oʻgʻli Davlat Gireyni Qaytuqoga garov(omonat) sifatida joʻnatadi, u bolani Terkadagi rus qalʼasiga garov sifatida beradi. Garovdagi bolaning qay yoʻl bilan, kimning yordamida Terkadagi garovdan xalos boʻlib, Moskvaga ketgani noaniq. Pyotr I ning tarbiyachisi knyaz Boris Golitsinning cherkes bolasini oʻz oilasi bagʻriga olishi kalavani yanada chigallashtiradi. Davlat Girey mirza (baʼzi oʻrinlarda Iskandar) shu yoʻsinda goʻdaklik paytida Rossiyaga kelib qoladi. Golitsinlar sulolasidan badavlat beva ayol homiylik qilib, uni oʻzining vorisi deb eʼlon qiladi. Choʻqintirilishda unga Aleksandr nomi berilib, knyaz Boris Alekseyevich Golitsin xonadonida tarbiyalanadi. Keyinchalik u Golitsinning qizi Marfa Borisovnaga uylanadi.

 

Aleksandr 1707-1709-yillarda atoqli rus boyarlari bolalari bilan birga geometriya, matematika va dengizchilik ilmini oʻrganish uchun Gollandiyaga oʻqishga joʻnatiladi. Ammo bu gʻamxoʻrliklar bejiz boʻlmay, 1711-yilda unga Kabardani Rossiyaning itoatiga oʻtkazish vazifasi topshiriladi. Cherkes beklari knyazning taklifiga moyillik koʻrsatib, Cherkasskiy Qabardani Pyotrga qoʻshqoʻllab topshiradi.

 

1713-1714-yillarda Pyotr Cherkasskiyga Amudaryoning eski oʻzanini topishni buyuradi, u Kaspiyning sharqiy sohillarida keng koʻlamli qidiruv ishlarini olib boradi va Xorazm hududlari chegarasida Kaspiy va Orol dengizi xaritasini tuzadi. Ikkita xarita Pyotr I ga yetkazilgach, Cherkasskiy Preobrajenskiy leyb gvardiya kapitani etib tayinlanadi. Yangi unvon bilan birga unga 13 banddan iborat farmon ham yuboriladi. Hukmdorning farmoni oliysida jumladan, quyidagi bandlar mavjud edi:

 

– Amuning Kaspiy dengiziga quyilgan joyida ming kishilik istehkom-qalʼa barpo etish, Amudaryo oqimi va toʻgʻonlarini puxta oʻrganib chiqqan holda, mumkin qadar eski oʻzaniga burish;

 

– Xiva xonligini rus davlatiga tobe qilish, xon rozilik bersa va imkoniyati boʻlsa, rus qoʻshinlarining taʼminotini boʻyniga olish;

 

– Xiva xonligi orqali Buxoro amirligining Rus davlati qaramligiga oʻtish istagini aniqlash. Bunday istagi boʻlmagan taqdirda oʻzaro doʻstona aloqalarni oʻrnatishga erishish.

 

Rus podshohining taxminiga koʻra, Xiva xonligi osongina taslim boʻlishi kerak edi. 1716-yil 15-sentyabrda Astraxandan 100 tacha kemada yoʻlga chiqqan A.Bekovich-Cherkasskiy 9-oktyabrda Tubqaragʻan (Mangqishloq) koʻrfaziga yetib keladi. Koʻrfazda avliyo Pyotr nomli qalʼaga tamal toshi qoʻyilib, u yerga Xrushchovning polki qoldiriladi. Knyaz shundan soʻng Kendirli qoʻltigʻida navbatdagi qalʼani qurib uni Aleksandrboy deb nomlaydi. Tupqaragʻan qaqroq sahro boʻlib, quduqlarda suv juda kamchil edi. Ofitserlarning bu yerdan qalʼa qurmaslik haqidagi qarshiliklariga javoban Bekovich ularga “Senlar buyruqni bajarishing kerak, senlar tajriba uchun qoldirilgansan”, deydi. Bu tajriba garnizonga qimmatga tushdi.

 

Cherkasskiy 4 mingga yaqin qoʻshin bilan 1717-yil may oyining oxiri – iyun boshlarida Guryevdan chiqib, Xivaga yurishini boshladi. Jazirama issiqda oʻta mashaqqat bilan yoʻl bosib oʻtayotgan, ancha askarlari va ot ulovlaridan ayrilgan A.B. Cherkasskiy Yangisuvga kelgach, oʻzining tinchlik va doʻstlik elchisi sifatida kelayotganini bildirib, Shergʻozixon huzuriga elchi qilib Mixail Koretovni joʻnatadi. Ammo Xiva qoʻshinlari allaqachon jangga otlangan edi.

 

Kutilmagan musibat va xonning tuzogʻi

 

Xivaga 108 kilometrlik masofada, Aybugʻir koʻli hududida ekspeditsiya 20 ming kishilik Xiva qoʻshini bilan toʻqnashdi. Uch kunlik ayovsiz jangdan keyin xivaliklar chekindi. Bunga xivaliklarning piltali miltiq, qilich, nayza, oybolta, oʻq-yoy kabi almisoqdan qolgan yarogʻ-aslahalar bilan qurollangani sabab boʻldi. Rus tarixchisi Konstantin Konstantinovich Abaza “Turkistonning bosib olinishi” nomli kitobida yozishicha, Xivaliklar hali bunday qarshilikka duch kelmagandi. Ular bir hovuch “oʻruslar” katta qoʻshinga qarshi jon jahdi bilan kurashayotganiga hayron edi. Toʻrtinchi kuni lagerga xivalik Xoʻja Eshim kelib, xonning yarashmoqchi ekanini maʼlum qiladi. Bu yerda muzokaralar boʻlayotgan paytda Shergʻozixon arkoni davlatni yigʻib kengash oʻtkazadi. Xon xazinachisi ruslar bilan goʻyo kelishmoqchi boʻlib, ularni tuzoqqa tushirib, qilichdan oʻtkazishni maslahat beradi. Tinchlik sulhi tuzish uchun Cherkasskiy huzuriga Xoʻja Nazar va Koʻchimboy joʻnatiladi.

 

Aynan mana shu muhim daqiqalarda A.Bekovichni Xiva yurishiga kuzatib ortiga qaytayotgan xotini Marfa Borisova va ikki qizi kemada Volga daryosiga choʻkib, halok boʻlgani xabari yetib keladi. Bu knyaz hayotining eng fojiali lahzalari edi. Mashʼum xabarni eshitgan Bekovich chuqur qaygʻuga botib, bu musibatga oʻz dinini sotib boshqa dinga oʻtganini sabab bilib, qattiq pushaymon qiladi. U tavba-tazarru qilib musulmoncha kiyinib, sochini oldirib, Davlat Girey nomini qayta qabul qiladi. – Knyazning bu qilmishidan soʻng butun qoʻshin, askarlar unga ishonmay qoʻyishdi, deydi tarixchi Terentev.

 

Xivadan 108 chaqirim uzoqlikdagi Porsu qalʼasida (hozirda Toshhovuz viloyatida) Shergʻozixon va A.Bekovich uchrashuvi vaqtida xon ruslarning katta qoʻshinini oziq-ovqat va yem-xashak bilan taʼminlash mushkulligini bahona qilib, ularni qismlarga boʻlib, turli hududlarga joylashtirishni taklif etadi. Ogʻir judolikdan es-hushini yoʻqotgan Cherkasskiy hech narsadan shubhalanmay, oʻrinbosari mayor Frankenbergga otryadni beshga boʻlish toʻgʻrisida buyruq yuboradi. Frankenberg oʻzbek chopari yetkazgan buyruqni bajarishdan bosh tortib, uni quvib soladi. Knyazning “Agar buyruqni bajarmasang, qamoqqa olinasan” degan poʻpisasidan keyin Frankenberg yon beradi. Askarlar besh qismga ajratilib, Xiva atrofidagi qishloqlarga sochib yuboriladi. A.Bekovich qoʻl ostidagi 700 askardan 200 nafarinigina yonida olib qoladi. Oʻsha zahotiyoq knyaz Mixail Samonov, Kiryep Ekonomov va Cherkasskiy yechintirilib, boshlari tanasidan judo etiladi. Qoʻshinning qolgan aʼzolari ham yoʻllarda mahv etilib, bir qismi asir olinadi. Bu tarixiy voqea 1717-yilning 29-avgustida roʻy bergan edi.

 

Xorij safarida boʻlgan Pyotr ekspeditsiya taqdirini keyinroq eshitadi. U 1717-yil 10-oktyabrda Peterburgga qaytgach, Toʻpqaragʻan (Mangqishloqda) hamda Krasnovodskdagi qalʼa-istehkomlarni yanada mustahkamlashni buyuradi. Biroq imperator buyrugʻi qoʻshinlarga kechikib yetgani bois, kasalliklar xuruji va turkmanlar bosqini tufayli 2370 nafar rus askaridan tirik qolgan 300 nafari 1718-yil bahorida Astraxanga qaytib ketadi.

 

Shubhasiz, Shergʻozixon bu voqea qudratli qoʻshni mamlakat hukmdorini qattiq gʻazablantirishini bilgani holda, vaziyatni yumshatish uchun 1720-yilda Uvays Muhammad boshchiligida elchilarni Rossiyaga joʻnatadi. Elchi Xiva xoni ruslar bilan doʻstona aloqalarni oʻrnatishdan manfaatdor ekanini, lekin A.Bekovich birinchi boʻlib hujum boshlaganini, tutqunlikda 2 ming rus askari boʻlib, ularning hayoti evaziga munosabatlarni yaxshilashni taklif etadi. Ammo gʻazab otidan tushmagan Pyotr elchilarni hibsga olib, surgun qiladi. Uvays Muhammad Petrapavlovsk qalʼasiga tashlanadi va shu yerda olamdan oʻtadi. Rus asirlarini ozod etish talabi yozilgan xat tirik qolgan bitta elchi orqali Xivaga yuboriladi. Tahdid ohangidagi bu xat Shergʻozixonning nafsoniyatiga tegib, uni oyogʻi ostiga olib toptaydi.

 

Albatta, A.Bekovich magʻlubiyati Rossiya saltanati uchun katta uyat va isnod edi. Zero, bu harbiy missiya bunday yakun topishini Pyotr mutlaqo kutmagan edi. Hukmdor ekspeditsiya halokatini koʻngliga shunchalik qattiq olgan ekanki, hatto oʻlim toʻshagida yotib ham Xiva xonligidan “qonga-qon” uchun xun olishni vasiyat qiladi. Bu haqda rus shoiri Pushkin: “Pyotr I ikki armon bilan ketdi: biri – Prut qirgʻogʻidagi magʻlubiyat uchun Turkiyadan, ikkinchisi – A.Bekovichning qatli uchun Xivadan oʻch ololmagani edi” deb yozgan edi.

 

A.Bekovichning Xiva yurishi haqida oʻzbek muarrixlari Munis va Ogahiyning “Firdavsul iqbol” asarida ham muxtasar maʼlumotlarni uchratamiz. Tarixning ushbu sahifalari kuchli dushmanni ham harbiy hiyla bilan yenga olgan qadim ajdodlarimiz Shiroq va Toʻmarisning beqiyos jasoratini ham esga soladiki, asrlar oʻtib oʻsha anʼanani Shergʻozixon chiroyli tarzda davom ettirdi. Bu voqeani tahlil etgan rus tarixchilari Shergʻozixon oʻz vaʼdasiga xiyonat qildi, deya iddao qilishadi. Lekin Vatan manfaati, himoyasi yoʻlidagi har qanday harbiy hiyla oʻzini oqlashi oddiy haqiqatdir. Xonning harbiy taktikasi tarix va keyingi avlodlar uchun oʻta ibratli saboq boʻlib, kelgusida bu mavzuda badiiy va kinoasarlar yaratilsa, bolalar uchun multfilmlar ishlansa, gʻoyatda oʻrinli ish boʻlardi. Muxtasar aytganda, A.Bekovich-Cherkasskiy qoʻshinlarining talofati Rossiyaning bosqinchilik siyosatiga katta zarba boʻldi. Rus armiyasining Turkiston zaminiga kirib kelishini esa naq 150-yilga orqaga surdi.

 

                                                                                  Abdumajid AZIMOV,

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

20:06 / 14.06.2024 0 1891
Hamster Kombat oʻynaganni pul kutadimi yoki qamoq?

Adabiyot

17:06 / 14.06.2024 0 205
Taraqqiyot uchun nimalarni o‘zgartirishimiz kerak?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19724
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17266
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//