Vatanparvarlik faqat fazilat emas, milliy g‘oya asosida birlashish, jipslashishdir


Saqlash
16:01 / 11.01.2024 991 0

O‘z xalqiga sadoqat va fidoyilik, ona Vatanni himoya qilish, uni cheksiz sevish har qanday insonning haqiqiy vatanparvarlik fazilati hisoblanadi. Zero, vatanparvarlik Vatanining ozodligi va obodligi, uning sarhadlari daxlsizligi, mustaqilligining himoyasi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib yashash, xalqining or-nomusi, shon-sharafi, baxt-u saodati uchun kuch-g‘ayrati, bilim va tajribasi, butun hayotini baxsh etishdek muqaddas va olijanob faoliyatni anglatadi. Shu ma’noda, Vatan ravnaqi uchun faol bo‘lishga undaydigan ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy fazilat, desak ham to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Tarixdan ma’lumki, Vatan ozodligi uchun kurashish masalasi allomalar asarlari hamda ezgu g‘oyalarni ifoda etuvchi ta’limotlarning bosh g‘oyasi bo‘lib kelgan. Binobarin, muqaddas manbalarda ham “Vatanni sevmoq iymondandir”, deyilgan. Shunday ekan, Vatan tarixini bilgan, ulug‘ ajdodlar merosini chuqur o‘rgangan har bir inson qalbida milliy g‘urur-iftixor tuyg‘ulari yanada jo‘sh urib, el-yurtga, Vatanga sadoqati ortib boraveradi.

 

Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy Vatanni sevish va uni ardoqlashni tabiat va jamiyatning muhim qonuniyati sifatida ta’riflaydi. “Vatan. Har bir kishining tug‘ulub o‘skan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug‘ulgan, o‘sgan yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu vatan hissi-tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Inson qalbida millat, Vatan, ajdodlar ruhi oldidagi burch va tuyg‘ular qanchalik chuqur joy olgan bo‘lsa, mahdudlik o‘rniga milliy g‘oyalar vujudga keladi. Mana shunday fazilatlarga ega insonlarda kurashchanlik, tashabbuskorlik, o‘z-o‘zini anglash, millat, Vatan sha’ni va manfaatini himoya qilishdek muqaddas tuyg‘ular shakllanadi. Agar bir hayvon o‘z vatanidan – uyuridan ayirilsa, o‘z yeridagi kabi rohat rohat yashamas, maishati talx bo‘lub, hap vaqt dilining bir go‘shasida o‘z vatanining muhabbati turar”.

 

Vatanparvarlik tuyg‘usi, avvalo, insonda yurtga nisbatan ichki va tashqi xavflarning oldini olishda mustahkam immunitet shakllanishiga xizmat qiladi. Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi uchun kurashda tashabbuskor bo‘lish, tinchlikni ko‘z qorachig‘idek asrash, unga fidoyilik bilan xizmat qilishga undaydi.

 

Inson qalbida millat, Vatan, ajdodlar ruhi oldidagi burch va tuyg‘ular qanchalik chuqur joy olgan bo‘lsa, mahdudlik o‘rniga milliy g‘oyalar vujudga keladi. Mana shunday fazilatlarga ega insonlarda kurashchanlik, tashabbuskorlik, o‘z o‘zini anglash, millat, Vatan sha’ni va manfaatini himoya qilishdek muqaddas tuyg‘ular shakllanadi.

 

Bugungi zamon shiddati inson uchun ma’naviyat naqadar najotkor kuch ekanini namoyon etmoqda. Zero, axloqsizlik, odobsizlik, ma’naviy qashshoqlik insonni ma’naviy tubanlik girdobiga giriftor etib, keng miqyosda esa jamiyat taraqqiyotini izdan chiqarib, parokandalikni yuzaga keltirayotganini namoyon etmoqda. Ma’naviyat insonning jamiyatda yashashi uchun zarur ijobiy fazilatlarini namoyon etuvchi beqiyos kuch. Aynan ma’naviyat tufayli insonda go‘zal odob-axloq fazilatlari shakllanib, uning jamiyatdagi mavqeini belgilab beradi. Shu bois, jamiyat hayotida ma’naviyat masalasiga nihoyatda mas’uliyat bilan yondashishni taqozo etadi. Zero, tomirida milliy g‘urur, Vatan ishqi jo‘sh urgan oriyatli, ma’naviy jasoratga ega odamgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.

 

Prezidentimiz raisligida joriy yil 2-yanvar kuni mudofaa qurilishi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yana bir bor e’tibor qaratildi.

 

Globallashuv jarayonida harbiy xizmatchilar tomonidan milliy qadriyatlarni saqlashning o‘ziga xos tamoyillari haqida fikr yuritganda, harbiy xizmatchi – ruhan tetik, jismonan sog‘lom, axloqiy barkamol, talabchan, ma’naviy sog‘lom, qanoatli, rostgo‘y, sadoqatli, pokiza, ziyrak, andishali, vazminlik kabi shaxsiy fazilatlarga ega bo‘lish talab etiladi. Shu bilan birga, o‘z sohasining yetuk bilimdoni bo‘lishi, hunar sirlarini puxta o‘rganishi, yutuq-kamchiliklarini idrok eta olishi, nutq madaniyatini egallashi asnosida barchaga har jihatdan shaxsiy namuna va ibrat bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Vatanparvarlik milliy qadriyatlar zamiridagi eng muhim jihatlardan biri sanaladi. Zero, bugungi kunda vatanparvarlik fazilatlarini kuchaytirishda xalqimizning milliy mentaliteti va qadriyatlarimizni yosh avlod ongiga chuqur singdirish hamda shu orqali ularda kelajakka ishonch tuyg‘ularini qaror toptirish muhim.

 

Xulosa qilib aytganda, Vatan sha’ni, or-nomusini jon-jahdi bilan himoya qiladigan, jamiyat maqsad va manfaatlarini tushunib yetadigan, har tomonlama yetuk komil insonni tarbiyalash, buning uchun farzandlarimiz ongida Vatanga muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik, tinch, erkin va farovon hayotning qadriga yetish tuyg‘usini kuchaytirish mudom eng ustuvor masala bo‘lib davom etaveradi. Zero, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari, ezgu g‘oyalarni tarannum etish tinchlik va barqarorlikning asosi ekan, bu har bir vatandoshimizning muqaddas burchi bo‘lib qolaveradi.

 

Mansur MUSAYEV,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti

bo‘lim boshlig‘i, siyosiy fanlar doktori

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 277
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17498
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//