“Suvni tejab ishlatish bilangina qurg‘oqchilikning oldini olib bo‘lmaydi” – professor Usmon Norqulov


Saqlash
15:01 / 16.01.2024 520 1

Biz keltirmoqchi bo‘lgan ushbu ma’lumotlardan ehtimol xabardordirsiz. Ammo takror bong urishdan muddao bitta: eshitganga amal qilish boshqa, shunchaki beparvo o‘tkazib yuborish mutlaqo boshqa narsa...

 

Zero, suv taqchilligi, qurg‘oqchilik xavfi bizning yashnab turgan hayotimizga shu qadar yaqin kelib qoldiki, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

 

* * *

Suv haqida gap ketsa bolaligim ko‘z oldimga keladi. Qishlog‘imiz buloqdan suv ichardi. Erta bahorda mahalla ahli oqsoqollar boshchiligida hashar boshlardi. Buloq boshi mol va boshqa hayvonlar o‘tmaydigan qilib to‘silar, ariq bosh-adoq qirtishlab tozalanar edi. O‘sha joyda jonliq so‘yilib, doshqozon osilar, nuroniylar yilning barakali kelishini so‘rab duoga qo‘l ochar, xullas, suvning hurmatini qilishardi. Ezgu so‘z va amal birlashar edi. Ha, biz suvni qadrlash, unga tuflamaslik, chiqindi tashlamaslik shart ekanini ko‘rib ulg‘aygan avlodmiz. Keyinchalik bunday amallar so‘zga ko‘chdi, suvning azizligi faqat tilda qoldi. Tabiatga bepisand qarash vujudga keldi. Odamlar tabiatdan uzoqlashgani sari muqaddas tuyg‘ularini boy bera boshladi.

 

Achchiq haqiqat shuki, suvga munosabat butkul o‘zgardi. Bugun ariqlar, dengiz va okeanlar odamlar tashlagan chiqindilarga to‘lib borayotir. Suvning xotirasi bor. U yaxshilik va yomonlikni farqlay oladi. Ancha yillar oldin bir tadqiqot o‘tkazilgan: olimlar bir joydan olingan suvni ikki idishga quyib, ularga bir siqimdan guruch soladi. Keyin ikkala idish alohida joyda saqlanib, ularning biriga yaxshi gaplar, ikkinchisiga so‘kish-u qarg‘ish “eshittirilgan”. Yomon gap eshitgan suvdagi guruch aynib, qorayib ketdi. Bunisida esa aksi – guruchning rangi u solingan suv kabi tiniqlashdi. Shu kabi tadqiqotlar bir necha marta o‘tkazildi va suvning odam kabi ma’lumotlarni qabul qilish, saqlash hamda tashish xususiyati bor degan yakdil qarorga kelindi.

 

Bilamizki, inson tanasining katta qismi suvdan iborat. Hayvonot va nabotot olaminiki ham. Binobarin, bizga suv emas, toza suv yetishmayapti. Aslimiz, tabiatimiz kirlashmoqda. Bugungi toza suv taqchilligi ham aslida tabiatga munosabatimizning natijasi. Tabiatda hech narsa o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Hammasiga bir sabab bor. Jumladan, bugungi ichimli suv taqchilligining sababi insoniyatning keyingi ikki asrlik jadal texnik taraqqiyotiga bog‘liq.

 

Darhaqiqat, dunyo mislsiz texnik rivojlanishga erishdi. Inson tuyg‘ulari shunga mutanosib ravishda globallashdi, qadriyatlar, xususan, tabiatga munosabat esa aks tomonga o‘zgardi. Inson o‘zini tabiatning bir qismi emas, xoqoni kabi tuta boshladi. Endi shu jarayonning og‘ir oqibatlari yuzaga chiqayapti. Suv yetishmasligi butun dunyoda global muammoga aylandi. Iqlim o‘zgarishlari hamma yerda kuzatilmoqda. BMTning ma’lumotlariga ko‘ra yaqin qirq yilda yer sharidagi harorat eng pasti 0,5 daraja, eng yuqorisi 2,5 daraja ko‘tarilgan.

 

Xususan, 2050-yilga borib Markaziy Osiyoda suv taqchilligi kuchayishi mumkin degan taxmin ilgari surilmoqda. Bu holat dunyo xalqlari uchun ham jiddiy ogohlantirish deya baholanmoqda. Negaki, sayyoramizdagi ma’lum hududda iqlim o‘zgarishi, suv kamayishi boshqa mintaqalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Suv taqchilligi esa insoniyatning muqarrar inqirozidir. “Suv – hayot” deb bekorga aytilmagan. Suv bo‘lmasa hech narsa unib-o‘smaydi. Oziq-ovqat yetishmaydi. Shu bois qadim ajdodlar doim suv bo‘ylariga ko‘chib, o‘sha yerlarni makon tutishgan.

 

Ilm-fan suv taqchilligining bir nechta sababini ko‘rsatadi. Quyosh faolligining yildan-yilga oshib borayotgani bir sabab. Yerning tub qatlamlarida ham kuchli isish boshlangan. Yer yadrosidagi harorat ko‘tarilsa, u okeanlarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Dunyo ummonlaridagi suv oxirgi vaqtlarda 2 darajagacha isigan. Bu esa katta miqdorda bug‘lanishni vujudga keltirdi. Ayni paytda suv tarkibi ham o‘zgarib borayotir.

 

Bugungi kunda shularning yoniga inson omili ham kelib qo‘shildi. Maktab davridan bilamizki, ummon, dengiz, muzliklar erib, bug‘lanadi va u qor-yomg‘ir bo‘lib yana zaminga qaytadi. Bu jarayon million yillarki o‘zgarmay kelayotgan edi. Zamonamizga kelib inson kashf etgan texnik taraqqiyot suvning aylanma harakatiga soya tashladi. Minglab, millionlab zavod-u mashinalardan chiqayotgan zaharli gazlar havoda karbonat angidridning ko‘payishiga olib keldi. Oqibatda bug‘ bo‘lib havoga ko‘tarilgan suvning ma’lum qismi yaroqsiz bo‘lib qolayotir.

 

Shuningdek, havoga ko‘tarilgan zaharli gazlar osmonning yuqori qismlarida yupqa parda hosil qilib, yerdagi ortiqcha issiqlikning koinotga tarqalib ketishiga to‘siq bo‘lib qoldi. Buni parnik effekti – issiqxona hodisasi deb atashadi.

 

Havo qancha issiq bo‘lsa, bug‘ning bulutga aylanishi shuncha qiyin kechadi. Samoda suv bug‘larining keragidan ortiqcha to‘planishi esa ulkan bulut, katta yomg‘ir deganidir. Bunday yomg‘ir asosan savalab yog‘adi. Bu o‘z navbatida tabiiy ofatlar, jumladan, jala va toshqinlarni keltirib chiqaradi. Tuproq bunday suvni to‘la o‘zlashtira olmaydi.

 

Ba’zilar tez bug‘lanish suv tanqisligiga barham beradi deb o‘ylaydi. Ammo bunday emas. Tez bug‘lanish oqibatida o‘simliklar keskin kamayib ketadi. Chunki ular kecha-yu kunduz tinim bilmagan odam kabi bug‘lanishdan charchaydi. Ko‘pincha don, hosil qoldirishga ulgurmay, qovjiraydi. Tabiat muvozanati shu zayl izdan chiqadi.

 

Ko‘pchilik suvni asrash uchun uni tejab ishlatish kerak degan torroq xulosada. To‘g‘ri, suvni tejash, ayniqsa yer qa’ridan olinadigan ichimli suvni ko‘z qorachig‘iday asrash shart. Shunda u keskin kamayib ketmaydi. Lekin bu bizning suvni asrashdagi vazifalarimizdan bittaginasi, xolos. Aslida zavodlardan chiqayotgan zararli gazlarni kamaytirish, mashinadan kamroq foydalanish ham suvni tejash degani. Toshkentda ishxonalar atrofi shaxsiy avtomobillar bilan to‘la. Ulov qo‘yishga joy topilmaydi. Ularning deyarli barchasidan faqat bir kishi, o‘sha ishxonaga kelgan shaxs foydalanadi. Agar ularning hech bo‘lmaganda yarmi jamoat transportidan foydalansa, zararli gaz miqdori keskin kamayadi. Tabiat nafas olishi uchun toza havo ko‘payadi. Azim cho‘qqilarda yana qor ko‘rina boshlaydi.

 

Tabiatning nafas olishi yashillik dunyosiga bog‘liq. Daraxtlarni ko‘paytirish ham suv tejashning samarali usullaridan hisoblanadi. Afsuski, bu borada ham og‘riqli nuqtalarimiz ko‘p. Shundoq ham O‘zbekistonning 80 foiz yeri cho‘l va chalacho‘llardan iborat. Biz esa uni yanada cho‘llashtirib, tinimsiz daraxt kesish bilan shug‘ullanayapmiz. Bunga qarshi moratoriy e’lon qilingan edi. Ayrim “ishbilarmon”lar sog‘lom daraxtni dori bilan o‘ldirib, osongina kesib tashlayapti. Holbuki, yashillik qancha ko‘paysa yomg‘ir suvlari shuncha barakali bo‘ladi. Chunki daraxt, buta va o‘simliklar suvni bargi va ildizi orqali yer qa’riga yuboradi. Shu bilan birga ular ildizi atrofida yer osti suvlarini to‘plab, uzoq saqlash xususiyatiga ega. Afsuski, bu borada ham ahvolimiz maqtanishga arzimaydi.

 

Masalan, hozirgi vaqtda qariyb o‘n mln gektar yaylov tubdan yaxshilanishga muhtoj. Mollarni bir yaylovda qayta-qayta o‘tlatish, daraxtlarni kesish cho‘l zonasida buta va boshqa o‘simliklarning kamayib ketishiga olib keldi. Oqibatda mamlakatimiz hududida ko‘chadigan qumlar qariyb bir mln gektar maydonni egallamoqda. So‘nggi vaqtlarda qum ko‘chadigan ikki yuz ming gektar joy paydo bo‘ldi. Bu cho‘llashishning kuchayishidir.

 

Buning oldini qanday olamiz degan savol tug‘iladi. Birinchi navbatda daraxt kesishga barham berish kerak. Buni qonun bilan taqiqlash barobarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, tabiatni asrashdagi qadim qadriyatlarimizni tiklash lozim. Axir biz ertaga qiyomat ekanini bilsang ham daraxt ek degan millatning avlodlarimiz. Shunday ekan, nega bugun faqat daraxt kesish bilan shug‘ullanayapmiz?! Sababi – oilada tarbiya izdan chiqdi. O‘zlikni unutdik. Qanday bo‘lmasin, nima qilib bo‘lsa ham pul top degan qarash ongimizni egalladi. Illatlardan qutulish uchun esa yaxshilikni ko‘proq targ‘ib etish zarur.

 

Shu ma’noda Orolning qurigan tubida yaratilayotgan yashil makon loyihasini e’tirof etish kerak. Ayni paytda bu ishlar ko‘lamini kengaytirish zarur. Chunki havoga chang va qum qancha kam uchsa, cho‘llashish shuncha kamayadi. Tan olaylik, bu jarayonni to‘xtatish oson kechmaydi. Shu bois endi tez-tez yog‘adigan jalalarga tayyor turishimiz kerak. Negaki, yuqorida aytganimiz kabi bug‘lanish tezlashganda, yomg‘irning savalab yog‘ishi kuchayadi. Agar ana shu toshqinlar oqimini boshqarishni o‘rganib, undan foydalana olsak, juda katta yutuqqa erishgan bo‘lamiz.

 

Bunga misollar juda ko‘p. Qadimda bobolarimiz sel yo‘llarini to‘sib ko‘l hosil qilgan. Bunday ko‘llar qoq deyilgan. Qoqda avval mollarini sug‘orishgan. Suv tugagach, mana shu nam yerda lalmi dehqonchilik qilishgan. Poliz va dukkakli ekinlar mo‘l hosil bergan. Muhimi, bunday joyda suv yer ostiga ko‘proq singib, keyin u toza suv sifatida o‘zimizga qaytadi. Boz ustiga, yer qa’ridagi haroratning pasayishiga, demak, bug‘lanishning ham kamayishiga xizmat qiladi. Bu narsalar kimgadir jo‘n tuyular, lekin zamonaviy usullarda yangicha vositalarni izlab topsak foydali bo‘lishi aniq.

 

Muxtasar aytganda, tabiat bir butun halqadir. Inson ham o‘sha halqaning bir bo‘lagi. Bu biz o‘ylab topgan gap emas. Dunyo xalqlarining qadriyatlarida, tabiatga munosabati zamirida ana shu haqiqat bo‘rtib turibdi. Shu bois suv tejashni avvalo tabiatga yaqin bo‘lgan dehqonlar fikratini o‘zgartirishdan boshlash kerak chog‘i. Chunki shu sohada juda ko‘p suv yo‘qotayapmiz. Xususan, mamlakatimizda ishlatiladigan suvning 90 foizi qishloq xo‘jaligiga sarflanadi. Achinarlisi, uning yarmidan ko‘pi loqaydligimiz va uquvsizligimiz bois isrof bo‘ladi.

 

To‘g‘ri, keyingi vaqtlarda suvdan unumli foydalanish to‘g‘risida bir nechta qonun qabul qilindi. Suv tejash texnologiyalari, jumladan, tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish, plyonka to‘shab sug‘orish yo‘lga qo‘yildi. Ulardan foydalanish uchun fermerlarga subsidiya hamda yengil kreditlar ajratilmoqda. Xorijdan keltiriladigan sug‘orish texnologiyalari uchun boj to‘lovi bekor qilindi. Ulardan foydalanish yer solig‘idan ozod qilish bilan rag‘batlantirildi. Lekin taassufki, bu texnologiyalardan fermerlarimizning katta qismi to‘g‘ri foydalana olgani yo‘q. Ayrimlari bu texnologiyani qanday o‘rnatishni ham bilmasligini, ehtimol, o‘rganishga rag‘bati ham yo‘qligini hisobga olsak, zamonaviy fermerga nafaqat kuch, balki aqliy salohiyat va fidoyilik ham zarur ekaniga amin bo‘lamiz. Bu dehqonchilikda ham ming yillik maktabning inqirozga yuz tutganini ko‘rsatadi. Axir kechagina suvchilar bir tanob suvni shunday mahorat bilan tarashlab, katta maydonlarni sug‘orar edi-ku. Ularda zamonaviy texnologiya yo‘q edi. Ular yerning past-balandini, suvning kelishini hisobga olib, bir egatning uch-to‘rt joyiga band qo‘yib sug‘orardi. Bugun katta ariqda suv boshqarib kelinadi va sel bosganday qilib ochib yuboriladi.

 

Oldinlari namlikni saqlash uchun yer har ikki-uch yilda bir marta 60 santimetrdan 1 metrgacha yumshatilar, dam berilar edi. Natijada yomg‘ir suvi yerga chuqur singar, namlik ko‘payardi. Ayni paytda yerga mol go‘ngini solish ham samara beradi. U yerga o‘g‘it bo‘lish barobarida namlik paydo qilish xususiyatiga ega. Agar har gektarga o‘n tonna go‘ng tashlasak, tuproq o‘zida ikki-uch foiz namlikni ishlab chiqara oladi. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi.

 

Odamning boshi og‘risa bora-bora oyoqdan ham qoladi. Oyoqdan qolgan odamning esa boshi og‘riqdan chiqmaydi. Tabiat ham shunday. Uning barcha dardiga malham bo‘lish evaziga suvsizlikka ham, boshqa og‘riqlarga ham barham berish mumkin. Biz unga munosabatimizni o‘zgartirsak, tabiat ham bizga faqat yaxshilik yo‘llaydi. Yuqorida biz tabiatni asliga qaytarishimiz kerak dedik. Ha, bu nihoyatda muhim vazifa. Buning uchun esa avvalo inson o‘zligini tanishi zarur.

 

Usmon NORQULOV,

Toshkent agrar universiteti professori

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023 yil 4-son.

“Suvsayotgan zamin dardi” maqolasi

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

1 Izoh

MI

20:01 / 18.01.2024

Barchasi Olloxdan har duo qilganimizda sub muommosini ham so'raylik xar narsaga qodir faqat Olloh

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19033
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19033
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15732
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi