Vatan mustaqilligi, millat taqdiri uchun kurash – abadiy kurash


Saqlash
09:01 / 30.01.2024 809 0

Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan alohida qayd etilganidek, O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak! Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!

 

 

It hurar, karvon o‘tar

 

Bu fikrlar bejiz aytilgani yo‘q. Bugun biz dunyoda imperiyaparastlik va shovinizm bosh ko‘tarayotgan, tajovuz va tahdid tobora ortayotgan, tarixni buzib talqin qilish kuchayayotgan, kamsitish, bosqinchilik, vayronkorlik va bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, adovat qo‘zg‘ash, urushlarni moliyalashtirish, ichki ishlarga aralashish ochiq-oydinlik kasb etayotgan ziddiyatli va murakkab bir davrda yashayapmiz.

 

Mustaqil davlatlarga tahdidlar turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lyapti. Ba’zan unga beparvo qaraymiz, ba’zida kampaniyabozlik qilib, kimo‘zarga javob qaytaramiz. Lekin biz millat sifatida anglab yetishimiz zarur bo‘lgan bir haqiqat bor. Mustaqillik uchun kurash qachonki, unga nisbatan tahdidlar yuz bergandagina ko‘zga tashlanmasligi kerak. Bu ojiz qarash bilan mutlaqo murosa qilib bo‘lmaydi. Zero, mustaqillik uchun jang mamlakat va millat bor ekan, hech qachon to‘xtamaydi.

 

Unutmaslik kerakki, bu jang to‘xtagan kuni dushmanlar bosh ko‘taradi. Ular hali-hamon mustamlakachilik, hukmronlik da’vosidan voz kechgani yo‘q, payt poylab turibdi. Qachonki, biz ahillikni, birlikni, hamjihatlikni yo‘qotsak, ichimizdan xoinlar chiqsa, Vatan ozodligini ko‘z qorachig‘imizdek asramasak, bunday vaziyat dushmanlarimizga qo‘l keladi.

 

Ba’zan qaysidir kovaklardan, o‘zimizning ichimizdan chiqqan sotqinlarning jirkanch ovozi chiqib qoladi. Ular tutqunlik, qullik davrlarini zo‘r berib qo‘msaydi. Ular safsatasi “gugurt bir tiyin edi”dan boshlanadi. Ushbu chirkin qarashlarga chidab turish og‘ir. O‘sha zamonlarda “Qadring qancha edi?” deging keladi.

 

Turmush qiyinligidan, nochorligidan ayollar o‘ziga o‘t qo‘ygan, “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” girdobida otalar qamalgan, go‘daklar o‘limi ortgan, bemaqsad urush tufayli yigitlar jasadi temir tobutlarda qaytgan, bolalar paxta quliga aylantirilgan davrlarni nahotki unutgan bo‘lsak? Nahotki, shunday mash’um kunlarni qo‘msayotganlar oramizda bo‘lsa. Bu dahshat-ku...

 

Mustabid tuzumni qo‘msaydiganlarni, buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatov ta’biri bilan aytganda, manqurt degim keladi. Nahotki, qandaydir moddiy narsalarga Vatan mustaqilligini qiyoslash mumkin bo‘lsa? Nahotki, uning qalbida milliy g‘urur bo‘lmasa? Or bo‘lmasa? Nomus bo‘lmasa? O‘sha kimlardir qo‘msayotgan mustabid tuzum bizni millat sifatida ojiz qilib qo‘ymadimi? Tafakkurimizga qo‘shib mutafakkirlarimizni o‘ldirmadimi? Osmadimi? Otmadimi? Surgun qilmadimi? Agar mustaqillik bo‘lmaganida edi, biz allaqachon o‘zligimizni yo‘qotgan, qadriyatlarimizdan ayrilgan, tilsiz, erksiz, bir nochor xalqqa aylangan bo‘lar edik.

 

Bugun mamlakat mustaqilligi haqida gapirayotgan ayrimlar uni oddiy hodisa sifatida ta’riflaydi. Yo‘q, aslo unday emas. Mustaqillik mamlakat va millatning qaddini tikladi. Mustaqillik millatning ongidan qullikka ko‘nish sindromini siqib chiqardi.

 

Mustaqillikning bebaho imkoniyatlarini, buyuk evrilishlarini, ulug‘ istiqbollarini anglash uchun mustabid tuzumning kirdikorlaridan xabardor bo‘lish kerak. O‘sha ayanchli tarixni chuqur o‘rganish kerak. Bobolarimiz qanchalik xo‘rlanganini, toptalganini, qatag‘on qilinganini, millatning aqli, bilimi, o‘tmishi ayovsiz yo‘q qilinganini taftish etadigan payt allaqachon kelgan.

 

Hech qachon mustabidlik qaytib kelmasin. Xalqimiz ozod yashasin!

 

Ozodlik uchun kurashga jonini tikadigan avlodlar paydo bo‘lsin!

 

Vatanparvar, millatparvar yoshlar maydonga chiqsin!

 

Yaxshi bilingki, Vatan uchun, mustaqillik uchun kurash, bu – abadiy kurash. Bu kurashdan hech kim o‘zini chetga olishga haqqi yo‘q. Bu kurash umummillat kurashidir. Bu kurashda chekinib bo‘lmaydi.

 

Bugun O‘zbekiston jadal taraqqiy etayotganligi ba’zilarga yoqmasligi aniq. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo birligi yo‘lida ulkan ishlarni qilayotganligi kimlarningdir tinchini o‘g‘irlaydi. Yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi o‘rni tobora yuksalayotganligi dushmanlarimizni bezovta qiladi.

 

Chunki ular bir paytlar mustaqillikning dastlabki yillarida “Bizsiz yasholmaydi”, “O‘zlari yalinib keladi”, “Chegarasini himoya qilolmaydi”, “Ertaga falon davlat ularni bosib oladi” deya fol ochishgan edi. Lekin bu fol to‘g‘ri chiqmadi. Biz mustaqillikni boshimiz uzra baland ko‘tarib, mashaqqatli yo‘llarni mardonavor bosib o‘tdik.

 

Davlatimiz rahbari haqli ravishda qayd etganidek, bugun oldimizda turgan vazifalar qanchalik ulkan va murakkab bo‘lmasin, ularni birgalikda hal etishga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham yetadi. Biz endi kechagi odamlar emasmiz. Xalqimiz ham kechagi xalq emas.

 

Bugun O‘zbekiston dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlarining to‘laqonli a’zosi. Dunyo tinchligida muhim o‘rin tutadigan mamlakat. O‘z so‘ziga, o‘z qarashlariga ega bo‘lgan qudratli davlat. O‘zbekiston uchun qaramlik allaqachon tarixga aylangan.

 

Xomtama bo‘lmang, millatimizni kamsitishingizga indamay qarab turmaymiz. Bugun bunday kimsalarga javob berishga, kimligimizni ko‘rsatib qo‘yishga kuchimiz ham, bilimimiz ham yetadi!

 

Aynigan kallangizdan chirkin xayollarni quving. O‘zbekistondan, o‘zbek xalqidan, balki nimalarnidir olishingiz mumkin. Lekin mustaqillikni emas!

 

Bu so‘zlarni qulog‘ingizga qo‘rg‘oshindek quyib oling.

 

Rustam XOLMURODOV,

Samarqand davlat universiteti rektori,

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,

Oliy Majlis Senati a’zosi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 283
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//