Dyumalar avlodi: Quldan chiqqan general


Saqlash
18:01 / 30.01.2024 499 0

Dyuma familiyasini eshitgan aksariyat insonlar hayoliga mashhur ota-bola fransuz adiblari kelishi tayin. Ota va oʻgʻildan tashqari bobo Dyuma ham Fransiya tarixida oʻz nomini qoldira olgan mashhur shaxslardan. Keling, bugun siz bilgan ota-bola emas, bobo haqida gaplashamiz.

 

Tomas Aleksandr 1762-yilda oʻsha vaqtlarda Fransiyaning mustamlakasi hisoblangan Sent-Domingo (hozirgi Gaiti) hududida dunyoga kelgan. Uning onasi qora tanli qul Mari Sesseta Dyuma boʻlib, otasi plantatsiya egasi — Antuan Delisle Davi de la Payletri qarz va soliqlardan qochib yurgan sobiq polkovnik edi. Keyinchalik Tomasning onasi vafot etgach, qiyin ahvolda qolgan ota 4 farzandining toʻngʻichi boʻlmish Tomas Aleksandrni qaytarib sotib olish sharti bilan qullikka sotadi va qarzlarini toʻlab boʻlganidan soʻng uni yana sotib oladi.

 

Ulgʻaygan Tomas Aleksandr qirollik gvardiyasiga oddiy askar sifatida xizmatga kiradi. Biroq sobiq polkovnik ota oʻgʻlini oddiy askar boʻlib uning familiyasini obroʻsizlantirishini istamasligini aytgan, shundan soʻng Tomas otasidan faqat Aleksandr ismini oladi, familyasini esa onasi Mari Dyumadan olgan. Shu tariqa Tomas Aleksandr Dyuma nomi ostida qirolicha Mari Antuanettaga xizmat qiluvchi polkka askar sifatida yollanadi va bu yerda 1789-yil “Buyuk fransuz burjua inqilobi” gacha xizmat qiladi. U askarlikning ilk yillaridanoq oʻzini har tomonlama jasur jangchi va gʻayritabiiy kuch egasi ekanligini koʻrsata olgan. Inqilobdan soʻng Tomas Aleksandr 1792-yilda Parijdagi moʻjazgina mehmonxonalardan birining xoʻjayini qizi — Mari-Luiz Laboure bilan turmush quradi. Oʻzining jasurligi bilan mashhur boʻlgan Tomas inqilobdan soʻng yosh Napoleon Bonapartning qoʻshini safiga qabul qilinadi. Qoʻshin tarkibida ham faolligi va shijoati bilan ajralib turgan Tomas Aleksandr Dyuma bir qancha janglarda koʻrsatgan jasoratlari uchun general unvoniga loyiq koʻriladi va Napoleonning yaqin odamlari safidan joy oladi.

 

Biroq Tomas Aleksandrning yulduzlik davri uzoq choʻzilmadi. U 1798-yilda Misrga qilingan yurishda Napaleon armiyasi harbiy harakatlarda faol qatnashadi. Qohira va bir qancha muhim strategik shaharlarni qoʻlga kiritilishida jonbozlik koʻrsatadi. Biroq Napaleon Yevropada muvaffaqiyatsizlikka uchrab Fransiyaga qaytishga majbur boʻlganidan soʻng Misrni boshqarish vakolati boshqa bir qoʻmondon Kleber qoʻlida oʻtadi. Tomas ham uning yonida Misrni nazorat qilishga masʼul qilib tayinlanadi.

 

Qoʻmondon Kleber va Tomas birgalikda bir qancha janglarda Misrni Buyuk Britaniya, Misr mamluklari va Turk sultonining hujumlaridan asrab turgan vaqtda Kleber oʻldiriladi. Shundan soʻng Misr Buyuk Britaniyaning shturmiga duchor boʻladi. Yoʻqotishlar haqida xabar topgan Napaleon Misrni nazoratdan chiqib ketishidan xavfsiraydi va omon qolgan sarkardalarni ortga qaytishiga buyuradi. Napaleonning asl maqsadi Misrni himoya qilolmagan sarkardalar oʻrniga boshqalarni yuborish edi. Shunday boʻladi ham. General Tomas Aleksandr Dyuma kemada ortga qaytar ekan Oʻrta Yer dengizida hujumga uchrab, Neapol shahrigacha shikastlangan kemada qiyinchilik bilan yetib keladi. Tomasni Neapolda zindonga tashlashadi. Shu vaqtda Napaleon Bonapart oʻzining sodiq askarini qutqarish uchun 1 dona maktub yozsa bas edi. Biroq Napaleon general Tomasni hibsdan ozod qilish uchun harakat qilmaydi. Qamoqxonada uning joniga bir necha marta suiqasdlar qilinadi.

 

Ogʻir sharoitda sogʻligi tezda yomonlashgan Tomas 1801-yilda aynan shu vaj bilan zindondan ozod etiladi. Bu orada imperator Napaleon Bonapart Tomas bilan butkul aloqalarni uzgan va endi kasalmand boʻlib qolgan Tomas Aleksandr Dyuma oilasi bagʻriga qaytadi. Besh yillik kasallikdan soʻng 1806-yilda vafot etadi. Oilasiga aytarli hech qanday moddiy boylik berolmagan Tomas Aleksandrning ikki farzandi bor edi, qizi — Aime va oʻgʻli Alensandr. Keyinchalik Aleksandr ulgʻayib mashhur adib Aleksandr Dyumaga aylanishi va uning oʻgʻli ham Aleksandr Dyuma farzandi sifatida mashhur adib boʻlganligi sizga yaxshi maʼlum.

 

Tomas Aleksandr Dyuma hayoti oʻta qiyinchilik bilan boshlangan va umrining oxirida yana nochor ahvolda vafot etganligiga qaramay u tarixda oʻz nomini munosib qoldira olgan. Jumladan Parijda 1836-yilda bunyod etilgan “Zafar arkasi” yodgoriligining janubiy qismida Tomas Aleksandr Dyumaning tasvirini koʻrish mumkin. Bundan tashqari 2009-yilda Parijda general Aleksandr Dyumaga atalgan 5 metrli haykal yasalgan. Netflix tomonidan Napoleonga bagʻishlab ishlangan filmda ham Tomas Aleksandr Dyuma obrazi mavjud.

 

Umid qilamizki ushbu maqoladan soʻng siz bilgan mashhur Dyumalar soni yana 1 nafarga ortdi.

 

Nusratjon QODIROV.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19032
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19032
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15731
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi