“Uning oʻrnida men ham boʻlishim mumkin edi”, “Imkoniyatni qoʻldan boy beryapman”. FOMO sindromi sizda ham kuzatiladi(mi)?


Saqlash
17:02 / 09.02.2024 752 0

Bugungi turmush tarzingiz bir vaqtlar sizga orzu edi. Hozirgi ish joyingizda ishlash uchun sevgan sohangiz boʻyicha taʼlim olgansiz. Yutuqlaringiz bir qator. Xullas, hammasi siz qachonlardir tuzgan rejalar boʻyicha ketyapti.

 

Shunga qaramay, holatingizdan qoniqish hissi yoʻq. Xuddiki sizdan boshqa barchada shaxsiy va kasbiy rivojlanish kuzatilyapti. Odamlar kundan-kunga yangi bilimlar oʻrganib, zamonaviy sohalarda oʻzini sinab koʻryapti. Buning ortidan daromadlari ham ancha yuqorilagan. Sizni esa yil boshida tuzgan roʻyxatingizdan sanoqlisiga “bajarilgan” belgisi qoʻyildi. Yangi sohani oʻzlashtirish va oylik daromadingizni falon miqdorga olib chiqish punktlari boʻlsa, haligacha оchiq...

 

Bu hislar sizga tanishmi? Sizningcha, ular dangasalik yoki boshqalardan kamroq ishlayotganingiz ortidan paydo boʻlyaptimi? Yoʻq, muammo bunda emas. Sizdagi holat FOMO (fear of missing out) yoki imkoniyat va maʼlumotlardan chetda qolish qoʻrquvi deyiladi.

 

Bu qoʻrquv ayniqsa, koʻp vaqtini internetda oʻtkazadiganlar orasida uchrab, atrofdagilar uning ishtirokisiz foydali tajriba va maʼlumotlarga ega boʻlayotganday tuyulaveradi.

 

Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda doimiy aylanayotgan “Oʻzingizga boʻlgan ishonchingizni 5 kunlik treningimiz orqali oshiring!", “Zamonaviy sohani 1 oyda oʻrganib, daromadingizni 3 baravar yuqoriga olib chiqing!» deydigan soxta motivator, psixologu mutaxassislar, ularga ishonib, kursga aʼzo boʻlgan, natijada goʻyoki hayotini tubdan oʻzgartirib yuborgan sodda odamlar fikri – kuzatuvchilarda “uning oʻrnida men ham boʻlishim mumkin edi, imkoniyatni qoʻldan boy beryapman” degan oʻylarni keltirib chiqaradi.

 

Buning oqibatida, imkoniyat va xohishlarga toʻgʻri kelmaydigan yillik yoki haftalik reja va “maqsadlar” tuziladi. Tabiiyki, ularning amalga oshish ehtimoli past boʻlib, natija kishini yanada hafsalasiz, chorasizdek his qilishiga sabab boʻladi.

 

 

Bu his qanday paydo boʻladi?

 

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, FOMOʻni shaxsiy hayotdan yetarlicha qoniqmaslik va yomon kayfiyat keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, uning shakllanishiga bevosita taʼsir qiluvchi aniq omillar ham mavjud.

 

Bular:

 

Ijtimoiy tarmoqlar. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va FOMO oʻrtasida uzviy bogʻliqlik aniqlangan. Bu sindromga ega odamlar doimiy ravishda boshqa odamlarning hayotida nima sodir boʻlayotganidan xabardor boʻlish, ular bilan aloqa qilishga ehtiyoj sezadi va qondirish uchun internetda imkon qadar faol boʻlishga intiladi. Biror voqelikni oʻtkazib yuborsa, oʻziga aloqasi boʻlmasa ham achinadi. Tarmoq foydalanuvchilari esa odatda, hayotining imkon qadar ijobiy tomonini koʻrsatib, reallikdanda faol boʻladi. Natijada, kuzatuvchilarning oʻz hayoti oddiy va zerikarli tuyuladi. Bunday qoʻrquv odamda FOMOʻni qoʻzgʻatadi.

 

Yolgʻizlik. Yolgʻizlik va yolgʻiz qolishning farqi bor, ikkinchisida siz ongli qaror qilgansiz. Yolgʻiz qolish foydali boʻlishi mumkin. Yolgʻizlik esa aksincha, depressiya yoki yaqinlaridan ayrilish kabi bir qator salbiy oqibatlar ortidan keladi. Odam oʻzini ilojsiz, imkoniyatlardan cheklangan yoki yetarlicha foydalanolmayotganday his qiladi.

 

Bezovtalik. Turli asabiy xatti-harakatlar ortidan keladigan ichki vahima holati FOMOʻni yuzaga keltiruvchi navbatdagi omildir. Eng yomoni, bezovtalik va asossiz xavotirlardan aziyat chekuvchi odamlar stressni yengish, miyani tinchlantirish uchun ijtimoiy tarmoqlar bilan ovunishga harakat qiladi.

 

Qisqa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlardan surunkali foydalanish – FOMOʼga olib keladi, FOMO esa bezovtalikka sabab boʻladi.

 

FOMOʼning salbiy jihatlaridan yana biri shundaki, u odamning oʻzi sevgan ishi bilan xotirjam shugʻullanishiga xalal beradi, chunki xayolida yaqinlari uning ishtirokisiz biror yerda vaqt oʻtkazayotgani yoki ular erishgan muvaffaqiyatlar aylanaveradi.

 

FOMO bilan “kasallangan” odam qisqa muddatli eʼtibor, maʼnosiz bandlik ortidan keladigan bilimlarga qaram boʻlib boradi. Oʻz qiziqishlaridan chalgʻib, atrofidagi jarayonlarga aralashishga urinadi. Oqibatda energiya foydasiz ishlarga sarflanadi va harakatlar maqsadli emas, oʻzini ovutish uchungina bajariladi. Natijada, odam faollik imitatsiyasiga uchrab, vaqti va umrining shunchaki oʻtib ketishiga sabab boʻladi.

 

Faollik imitatsiyasida odamning faolligi biror maqsadga xizmat qilmaydi, u shunchaki boʻsh qolmaslik uchun boʻlar-boʻlmas ishlar bilan oʻzini band qilishga urinadi.

 

Oramizda FOMOʼga uchraganlar bormi?

 

Albatta, bor. Va ular biz oʻylaganimizdanda koʻpchilikni tashkil etadi. Qiziq boʻlishi mumkin, ammo aynan siz ham bu sindromga chalinganlar qatorida boʻlishingiz mumkin.

 

Chunki bugun ijtimoiy tarmoqlar kun tartibimizning ajralmas qismiga aylanib qolgan. Kun davomida boʻlayotgan voqea-hodisalarni yaqinlarimizga reallikda emas, onlayn olamdagi doʻstlarimiz bilan internetda boʻlishishga urinamiz. Yangiliklar ham endi televizor yoki gazetalardan koʻra, internet orqali keng tarqala boshladi. Asosiy maʼlumotlar almashinuvi reallikdan virtualga “koʻchib boʻldi” va dunyo boʻylab FOMOʼning rivojlanishiga qulay “sharoit” shakllandi. Tabiiyki, sindromga chalinganlar ham koʻpaydi.

 

Noreal maqsadlar, foydasiz urinishlar va oʻzini doimo boshqalar bilan taqqoslashini normal deb bilgan, oʻzidagi oʻzgarishlarni qanday nomlashni bilmaydiganlar koʻpchilikni tashkil etsa kerak. Ammo maʼlumotlar isteʼmoliga doimiy ehtiyoj, foydali davra va atrofdagilardan ortda qolayotganlik hissini sezib, uni toʻgʻri baholay olganlar ham oz emas.

 

Masalan, Abdulatif Adhamov ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni boshlagach, oʻzida FOMO belgilarini seza boshlagan:

 

“Imkon qadar koʻproq maʼlumot olish, hamma narsani bilish istagi borgan sari kuchayib borardi. Kunimning katta qismi yangiliklar oʻqish bilan oʻta boshlagan. Keyinchalik, barcha xabarlarni kuzatishga boʻlgan istak menda ruhiy depressiya keltirib chiqardi. Avvaliga eʼtibor qilmadim. Keyinroq boshqa salbiy belgilar ham paydo boʻla boshladi: kimdir uchrashuv yoki biror tadbirga meni taklif etmasa, ruhiy xavotir paydo boʻlardi”, — deydi Adhamov.

 

Ushbu holatlar sindromning asosiy belgilari ekanini psixolog Boboyor Turayev ham taʼkidlaydi:

 

“FOMO oʻzini biror narsadan chetda qolayotganday his qilish, asossiz shoshish va sabrsizlik bilan ortiqcha maʼlumotlar isteʼmoliga ruju qoʻyish belgilari bilan namoyon boʻladi”.

 

Abdulatif Adhamov FOMOʼdan qanday qutilgan?

 

Abdulatif eng avvalo, xabarlarni doimiy kuzatib borishni toʻxtatgan. Oʻzining ishtiroki boʻlmagan davralar haqida oʻylamaslikka harakat qilgan. Keyinchalik, bir oʻzi yashab, faqatgina shaxsiy maqsad va muammolari yoʻlida harakat qila boshlagan. Shu tariqa, sindrom oʻz-oʻzidan yoʻqolib borgan.

 

Zafarbek Kamilov esa “FOMO nima? degan savolni koʻrgach, bu haqda maʼlumot izlay boshlagan. Qidiruv natijasida paydo boʻlgan sindrom belgilari oʻzida kuzatilayotgan baʼzi holatlarni yodiga solgan:

 

“Oʻzimdan qoniqmasdim, doʻst va tengdoshlarimdan ortda qolayotgandek edim. Balki, bu bolalikdagi travmalar bilan ham bogʻlidir – ota-ona farzandini boshqalar bilan solishtirishi, misol qilib koʻrsatishi va boshqa shu kabi holatlar odam oʻzini tengdoshlaridan ortda qolayotganday his qilishiga sabab boʻlishi mumkin”, — deydi Zafarbek.

 

Maqola qahramonlari oʻzini tushunib, toʻgʻri baholay olgani ham aslida, yutuq. Chunki sindrom avvaliga ruhiy, keyinchalik jismoniy kasallanishga ham olib keladi. Bu fikr tasdigʻi sifatida Boboyor Turayev shunday deydi:

 

“FOMOʼning ogʻir oqibatlari sifatida, agressiya, ruhiy buzilishlar va stress holatlarini sanash mumkin. Uning ortidan tanada yuz beruvchi kasalliklar paydo boʻladi, chunki asab tizimidagi har bir oʻzgarish salomatlikka jiddiy taʼsir koʻrsatadi”.

 

FOMOʼdan qanday qutilish mumkin?

 

Shaxsiy hayotni oʻzgalar bilan taqqoslash, “kerakli” joylarda “muhim” shaxsga aylanishga intilib, ijtimoiy bosim ostida qolish – hech qanday foyda bermaydi. Ulardan voz kechish miyaga qoʻshimcha imkon, vaqt va kuch beradi.

Masalan, atrofdagilar yangi chiqqan filmni muhokama qilsa, unga qoʻshilish “majburiyati”ni miyangizdan chiqarib tashlang.

 

Balki, sizga kinodan koʻra teatr yoki koʻrgazmaga borish maʼquldir.

 

Bordiyu, sanʼatga umuman qiziqmasangiz, bu ular oldidagi darajangizni pasaytirib qoʻymaydi. Sizdagi xususiyatlar ularda, ularniki esa sizda yoʻqligini normal qabul qilish kerak.

 

Telefonomaniya yoki FOMOʼni aniqlashning bir usuli

 

“Bugungi kunda telefonlar asosiy maʼlumotlar manbayi, odamlarda ularga qaramlik kuzatilmoqda. Bu esa xuddi narkomaniyaga oʻxshaydi – telefoni oʻchib yoki yoʻqolib qolsa, butun dunyodan uzilib qolganday oʻzini yomon his qila boshlaydi”, — deydi Turayev.

 

Uning fikricha, kishida sindrom bor-yoʻqligini ham shu usulda tekshirish mumkin: agar odam telefonsiz birdaniga yomon holatga tushib qolsa, buni FOMOʼning belgisi deyish mumkin (albatta, muhim vaziyatlar bundan mustasno). Aksincha oʻzini xotirjam tutsa, demak u FOMOʼga uchramagan.

 

Muammodan qutilish uchun quyidagi tavsiyalar foyda beradi:

 

— Internetdagi “soxta” hayot bilan real hayotingizni solishtirishni bas qiling;

— Ijtimoiy tarmoq bildirishnomalarini (uvedomleniye) oʻchirib qoʻying;

— Vaqtingizni imkon qadar yaqinlar va oilangiz bilan oʻtkazing;

— Ijtimoiy tarmoq va messenjerlardan faqat muhim yozishmalar va uchrashuv belgilash uchun foydalaning;

— Uchrashuvlar, ovqatlanish vaqti yoki boshqa ish qilayotganda telefonga chalgʻimaslik uchun oʻzingizda kuch toping;

— Oʻzingizni raqamli detoks bilan sinab, siylab turing;

— Minnatdorchilikni oʻrganing. Oʻzingizda bor narsalar birdaniga yoʻq boʻlib qolsa, nimalar oʻzgarishini oʻylang va boriga shukr qiling.

 

Yuqoridagilarga amal qilish FOMOʼga uchramaslikka yoki undan qutilishga samarali yordam beradi. Ularga qoʻshimcha ravishda, psixolog sindromdan qutilish uchun kishi oʻzida iroda va intizom xususiyatlarini chiniqtirishi zarurligini aytadi. Aks xolda, FOMO bilan butun umr birga yashashga toʻgʻri keladi.

 

Muqaddas MUSAYEVA

"Oyina.uz"

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20028
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17712
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//