Tizimli tafakkur nima?


Saqlash
13:11 / 05.11.2021 2169 0

Zamonaviy gnoseologiyada tizimli tafakkur borliqdagi murakkablikni o‘rganishda adekvat tafakkur tarzi sifatida tadqiq etilmoqda. Tizimli tafakkur nima? Bir qator tadqiqotlarda u shunday ta’riflanadi: “tafakkurning eng rivojlangan shakli” (Аверьянов А. Системное познания мира: методологические проблемы. Москва, “Политиздат”, 1985. Стр. 263); “aqlning sifat jihatdan yangi holati” (Толкачев В. Роскошь системного мышления. Санкт-Петербург, “Эмпатия”, 1999. Стр. 347); “atrof muhitni tasvirlash va bilishning yangi usuli bo‘lib, u narsa va hodisalarning o‘zaro bog‘liqligiga e’tibor qaratadi. Zamonaviy olam shitob o‘zgarmoqda, murakkablashmoqdaki, tizimli tafakkur oldimizdagi bor imkoniyatlarni yaxshiroq ko‘rish, qo‘llash va boshqarishga yordam beradi” (Медоуз Д.  Азбука системного мышления. Москва, БИНОМ. “Лаборатория знаний”, 2011. Стр.150).

Tizimli tafakkur muqobili – fragmental (uzuq-yuluq, noto‘liq) tafakkurdir. Fragmental tafakkur narsa va hodisani qismlarga ajratib o‘rgansa, tizimli tafakkur obyekt qismlarini yaxlit qamrab oladi. Bir necha asrlar ilgari Xitoy faylasufi Lao Szi fragmental yondashuvning cheklanganligini ta’kidlagan: “Inson olamni qismlarga bo‘lar ekan, u nafaqat ilohiy, insoniy qonunlarni ham anglashdan to‘xtaydi”.

Faqat qismlarni tahlil etish butunni tushunishga yordam bermaydi, zero, butun qismlarning o‘zaro ta’siri orqali aniqlanadi. Alohida olingan qism butun haqida aytarli tasavvur bermaydi. Fragmental tafakkur yordamida biz narsa va hodisaning kichik qismi haqidagi axborotnigina olamiz. Fragmental tafakkur orqali kishi biron masalaning yagona yechiminigina ko‘radi, uning boshqa yechimlarini ko‘rmaydi. Masalan, tadqiqotchi biron muammoni yechishda uning sababini bitta omil bilan bog‘laydi, sabab-oqibatning qat’iy determinizmi bilan ish ko‘radi. Muammoning faqat yagona yechimi ustida bosh qotirib, yangicha yechimlarni e’tibordan soqit qiladi.

Shunday xitoy masali bor: qadimda bir dehqon yashagan ekan. Uning ajoyib oti bor ekan. Bir kuni ot qochib ketibdi-yu dehqon o‘zini baxtsiz his qila boshlabdi. Bir muddatdan so‘ng ot o‘zi bilan yovvoyi otni ergashtirib qaytibdi. Dehqon yana o‘zini baxtiyor sanay boshlabdi. Ammo uning yolg‘iz o‘g‘li yovvoyi otni qo‘lga o‘rgataman deb, yiqilib majruh bo‘libdi. Dehqon o‘zini yana baxtsiz his qilibdi. Unga ikkita ot nega kerak, axir, yolg‘iz o‘g‘li majruh-ku! Shu orada imperator urush uchun askar to‘play boshlabdi va qishloqdagi barcha yigitlarni olib ketibdi, ammo dehqonning o‘g‘li majruhligi bois urushdan qolibdi. Dehqon o‘zini yana baxtiyor his eta boshlabdi.

Mazkur masalda o‘zaro zid narsa-hodisalar bir sharoitda yaxshi va foydali bo‘lsa, boshqa sharoitda yomon va foydasiz bo‘lishi mumkinligi, yaxlitlikning biron qismini mutlaq yaxshi yoki yomon deb baholash xato ekani, balki ular butunda bir-biriga o‘tishi, bir-birini taqozo etishi ifodalangan.

Iqtisodiy muammolar, atrof-muhit ifloslanishi, jahon hamjamiyatidagi ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar haqida mutaxassislar ko‘p gapirmoqda, yechimlari ustida bosh qotirmoqda, ammo ular haligacha topilgani yo‘q. Boisi murakkab tizimlarni an’anaviy tafakkur tarzi yordamida anglash, tushunish dargumon. Demak, o‘zgacha tafakkur tarziga zarurat tug‘iladi. Ana o‘sha tafakkur tarzi – tizimli tafakkurdir.

Tizimli tafakkur narsa-hodisalar o‘rtasidagi ziddiyatlarni bir-birining inkori sifatida emas, balki yaxlitlikni quruvchi elementlar sifatida ko‘rishni taqozo etadi. Olam yaxlit tizim ekan, u haqdagi dunyoqarashimiz ham tizimli bo‘lishi zarur. Shunda olam haqidagi bilimlarimiz adekvatlik kasb etadi.

Birinchi prezident Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat –  yengilmas kuch” asarida moddiy va ma’naviy olam o‘zaro uyg‘unlikda, yaxlitlikda mavjudligi, ular bir-birini taqozo etishi haqidagi g‘oyani ilgari suradi: “Odamning kundalik hayoti va faoliyatida moddiy va ma’naviy asoslar bir-biriga nisbatan qanday o‘rin tutishi, ularning qaysi biri ustuvorlik kasb etishi haqida turli-tuman, ba’zan esa ziddiyatli fikr va qarashlar mavjud bo‘lganini va bunday tortishuvlar hozirgacha davom etayotganini kuzatish qiyin emas... Ana shunday tushuncha va tasavvurlar asosida keyinchalik materializm va idealizm kabi ta’limotlar maydonga chiqdi...

Ushbu masalaga chuqurroq va atroflicha nazar tashlaydigan bo‘lsak, avvalo shuni aytish kerakki, bu ko‘hna dunyo, biz yashayotgan hayot yagona, yaxlit bir voqelikdir. Shunday ekan, moddiy ehtiyojlarni insonning ruhiy olamiga qarama-qarshi qo‘yish, ularning birini ustun deb bilgan holda, tiriklikning asosiy maqsadi sifatida qabul qilish qandaydir biryoqlama qarash ifodasi, deb aytsak, xato bo‘lmaydi (Karimov I. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2008. 47-48-betlar).

Shu kabi g‘oyalar axloqshunoslikda ezgulik va yovuzlik, estetikada go‘zallik va xunuklik, ma’naviyatda donolik va nodonlik kategoriyalariga kengroq qarashni o‘rgatadi. Ya’ni, tizimli tafakkur mazkur juft kategoriyalar bir-birini inkor etuvchi emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi, taqozo etuvchi, birisiz ikkinchisi mavjud bo‘lmasligi, ular yaxlitlikning qismlari ekanligini ko‘rsatadi. Masalan, Sharqning buyuk mutafakkirlaridan biri Jaloliddin Rumiy “Agarda inson o‘ta dono bo‘lib, nodonlikdan butkul ozod bo‘lsa edi, shu donolikning o‘zi uni vayron qilar edi. Demak, nodonlik abadiy, chunki u mavjudlikning davomiyligini ta’minlaydi. Donolik bilan nodonlik almashib turadi, nodonlik donolikka kun va tun bir-birini to‘ldirgan kabi yordam beradi” (Modernizatsiya jarayonining falsafiy-metodologik tahlili. Mas’ul muharrir M. Abdullaeva. Toshkent “Noshir”, 2010. 19-20-betlar), deya ta’kidlaydi.

Tizimli tafakkur, shuningdek, falsafaning fundamental masalalariga ham yangicha nazar bilan qarashimiz lozimligini uqtiradi. Jumladan, insonning mohiyatini anglashda ba’zi falsafiy ta’limotlar aqlni (Dekart), irodani (Shopengauer), sezgilarni (J.Lokk) ustun qo‘yadi. Bunday yondashuvlar, fikrimizcha, fragmental, ya’ni analitik yondashuvdir. Zero, ular bilishda aql va sezgini bir-biridan ajratadi va faqat bittasigagina ustunlik beradi.

Bizningcha, hozirgi kunda xolizm (tizimli yondashuv) va elementarizm (fragmental yondashuv) usullarini birgalikda qo‘llash – zamonaviy gnoseologiyaning shakllangan tamoyilidir. Reduksionizm, mexanitsizm metodologik usullari fragmental tafakkurga xos. Sababi reduksionizm murakkablikdan oddiylikka o‘tishga asoslangan metodologik usuldir. Ya’ni murakkab yaxlitlikni bilish uchun u oddiy qismlarga ajratib o‘rganiladi. Bunday yondashuv klassik fanga xos edi.

Tizimli yondashuv asoslari:

– tizimning yaxlitligi;

– tizimda butun va qismning o‘zaro aloqasi;

– butunning qismga nisbatan birlamchiligi;

– tizim strukturasining ierarxikligi;

– tizim, uning strukturasi, elementlarining dinamikligi;

– tizim ehtimoliy holatlarining bir qiymatli emasligi, tashqi muhit bilan bog‘liqligi va o‘rganilayotgan tizimning xaotikligi (Лившиц В. Основы сис­темного мышления и системного анализа. Москва, Институт экономики РАН, 2013. Стр.18).

Xulosa qilib aytganda, murakkab muammolarni yechishda, to‘g‘ri yechim izlab topishda tizimli tafakkur samarali instrument bo‘lib xizmat qiladi. Bunday tafakkur yuritishda har bir muammo tizimli xarakterga ega ekani e’tirof etiladi va uni hal qilishda birgina emas, ko‘plab muammolarni yechish talab etiladi. Tizimli muammolarni yechish ham tizimli tafakkurga bog‘liq. Zero, zamonaviy voqelikdagi ko‘plab muammolar, inqirozlarning kelib chiqishi ham tizimli tafakkurdagi oqsoqlik bilan bog‘liqdir.

Marat NIYOZIMBETOV,

O‘zMU doktoranti,

falsafa fanlari nomzodi 

“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 2-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19060
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15752
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi