Bu kashfiyot olimlar tasavvurini o‘zgartirdi. Avazbek Nosirovning Dubna birlashgan yadro tadqiqotlari institutidagi tajribalari


Saqlash
16:02 / 14.02.2024 552 1

O‘ttiz yildan ziyod umri dunyoning eng mashhur ilmiy markazlaridan biri – Dubna birlashgan yadro tadqiqotlari institutida (Rossiya) o‘tayotgan o‘zbek olimi, fizika-matematika fanlari doktori Avazbek Nosirov otasi bilan bo‘lgan suhbatni shunday eslaydi:

 

Umrimning ko‘p qismi musofirchilikda o‘tdi. Meni eng iztirobga solgan narsa ota-onamdan olisda bo‘lganim. Garchi ukalarim o‘rnimni bildirmay, ularga yaxshi qarashgan bo‘lsa-da, o‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa deyishganidek, bosh farzandning o‘rni bo‘lak ekan. Otam meni yurtga qaytarishni istab, rahmatli shayximiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning huzuriga boshlab borgan (hazratning otasi bilan qo‘shni turganmiz, u kishi masjidimizda imom edi, otam ikkalasi yaqin do‘st bo‘lishgan. Hozir ikkalasining qabrlari ham yonma-yon). “Bunga aytsangiz, biz ham qariyapmiz, endi qaytib kelsa, shu yerda ishlasa” degan. Shayx hazratlari “Ilm yo‘lida bo‘lsa sira qaytarmang” deb javob bergan. Otam “Gapingizni oladi deb sizga aytsam...” deb sal ranjigan. Ammo yuragim doim O‘zbekistonda...”.

 

Avazbek Nosirov 1982-yildan buyon yadro-yadro to‘qnashuvidagi jarayonlar mexanizmi bo‘yicha ilmiy faoliyat olib boradi. 1987-yili Dubnada Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida “Og‘ir ionlar bilan to‘qnashuv reaksiyalarida ko‘p nuklonli o‘tishlar” mavzusida nomzodlik va 2004-yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida “Og‘ir ion reaksiyalarida ko‘p nuklonli o‘tishlar va qo‘shilish-bo‘linish jarayonlarini yarim mikroskopik tavsiflash usuli” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

 

Avazbek Nosirov chet ellik olimlarning eksperimentlari natijasini tahlil etishda ular bilan hamkorlik qiladi. Italiyaning Messina universiteti fizika fakulteti olimlari professor Jiorjio Jiardina, doktor Juzeppe Mandalio, Germaniyaning Yustus Libix  universiteti olimlari, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston olimlari bilan ham xalqaro hamkorlikda ishlaydi. U dunyodagi eng nufuzli 20 ta ilmiy jurnalning retsenzenti.

 

Uning ilmiy kashfiyoti 62 yildan buyon dunyo fizik olimlarining yadrolar to‘qnashganda to‘la qo‘shila olmasligi haqidagi tasavvurini o‘zgartirdi. U turli yadro fizikasi markazlarida olingan tajriba natijalarini o‘zimizning olimlar yaratgan nazariy fizika modeli doirasida tushuntirib bera oldi. Bu haqidagi ilmiy maqola 2023-yil bahorida fiziklarning nufuzli “Physics Letters B” jurnalida chop etildi. U Rossiyadagi Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida 2023-yilning birinchi yarmidagi eng yaxshi nazariy maqola deb tan olindi.

 

Avazbek Nosirov garchi Dubnada yashab faoliyat olib borsa-da, har yili ikki marta O‘zbekistonga kelib, yosh olimlar bilan ishlaydi. U Birlashgan yadro tadqiqotlari institutining ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha 1992, 2004, 2016-yillardagi oliy mukofotiga munosib ko‘rilgan.

 

* * *

Olimlar... Kim o‘zi ular? Siz-u bizdan ularning farqi nimada? Aslida haqiqiy olim hamma qatori oddiy odam. Ammo boshqalardan farqi doim o‘ziga “Nega? Qanday qilib? Nima uchun? Aniqmi?” degan savollarni berib, voqea-hodisalarga boshqacharoq ko‘z bilan qaraydi. Hayotimiz davomida, turmushimizda ularning mana shu qiziquvchanligi mevasidan bahramand bo‘lamiz, ixtirolaridan hayratlanamiz, foydalanamiz.

 

Avazbek Nosirov o‘z dunyosi va prinsiplariga sodiq, odamiylikni olimlikdan yuqori qo‘yadigan qobil farzand, mehribon ota va bobo, fidoyi olim, sadoqatli do‘st. Kamtarligi, halolligi bilan do‘stlari orasida hurmat qozongan. Garchi O‘zbekistonda yashamasa-da, bundan qirq yil oldin o‘qishni bitirgan kursdoshlari bilan hozirgacha aloqani uzmay, yilda bir ko‘rishib, yaxshi-yomon kunlarida yonida turadi. Andijonning Buloqboshisidan chiqqan bu olim Karimjon ota va To‘tiyoxon ayalarning o‘n ikki farzandining to‘ng‘ichi.

 

 

Katta arava qayerga yursa...

 

– Otam uzoq yillar kolxozda rais bo‘lib ishlagan, – deydi Avazbek Nosirov. – Elning dardi, davlatning rejasi, mahalla-ko‘yning tashvishidan ortmasa-da, erta ketib, kech qaytsa-da, bizning o‘qishimiz, odob-axloqimiz, muammolarimiz haqida onamdan surishtirardi. Onam maktabda o‘qimagan, lekin savodi bor, farosatli, tadbirli ayol edi. “Siz akademiksiz” derdim onamga. Chunki o‘ta diplomat, qayerda nimani gapirish, qayerda jim turishni bilardi, vaziyatdan kelib chiqib ish tutardi. Biror marta birovning ko‘nglini og‘ritmagan xushmuomala ayol edi. Mehri bilan birga qattiqqo‘lligi ham yetarlicha, ko‘chada bolalar bilan yoqalashib kelsak, o‘zimizni urishardi. O‘n ikki farzandning yettitasi o‘g‘il. Qattiq intizom bo‘lmasa, shunday natijalarga erisharmidik? Deyarli hammamiz o‘qishlarni qizil diplomga bitirganmiz, oilada to‘rttamiz fizik. Otam beshinchi ukamni qishloq xo‘jaligi institutiga yo‘naltirgan. U ota kasbini davom ettirib kam bo‘lmadi. Onam uy yumushlari, mol-holga qarashdan tashqari, darsimizni vaqtida bajarish va kitob mutolaasiga ham vaqt ajratishimizga sharoit qilib berardi. “Bosh farzandsan, sen qaysi yo‘ldan ketsang, ukalaring ham senga ergashadi, akalik mas’uliyati katta” der edi ota-onam.

 

Ota tarafdan ham, ona tarafdan ham bobo-buvilarim ilmli, donishmand odam bo‘lishgan. Mulla Nosir bobom o‘z nomi bilan mulla edi. Onamning otasi Ibrohim hoji ham katta tadbirkor, taqvoli odam bo‘lgan. Bolaligimizda o‘ynab borsak, oldiga o‘tirg‘izib hikmatli so‘zlar, rivoyatlar aytib berib bizga tarbiyaviy soat o‘tardi. Keyinchalik mening ilmiy faoliyatim, olimligimdan faxrlanardi, “Odamlar sen haqingda gapirsa xursand bo‘laman” derdi rahmatli. U kishi 80 yoshida hajga borib, o‘sha yerda vafot etgan.

 

Otam rais bo‘lgan. Boy yashaganmiz deyolmayman. U kishi halol, birovning haqqiga xiyonat qilmaydigan odam edi. Uyimizda ortiqcha pul ham bo‘lmagan. Hech esimdan chiqmaydi, bir gal onam “bozorga borib kel” deb pul bergan. Men o‘yinqaroqlik qilib, onamning gapini anglab-anglamay bozorga borib, ikkita sovunning o‘rniga ikkita qovun ko‘tarib kelganman. Onam rosa koyib, “borib almashtirib kel, mening boshqa pulim yo‘q” degan. Bormayman deb yig‘lab turib olganimdan keyin buvimning rahmi kelib, choponini boshiga tashlab o‘zi bozorga ketgan. Rahmatli Nazira buvimning menga mehri bo‘lakcha edi, ilmni qadrlardi. “Bolam, hali bir kuni kitob chiqarsang, bir chetiga mening ham ismimni yozib qo‘y” derdi. Inshoolloh, qachondir ko‘rgan-kechirganlarim haqida kitob chiqarsam, buvimning orzusini amalga oshirmoqchiman.

 

 

Buloqboshidan Dubnagacha

 

– Bolaligimda o‘zimdan ikki yosh katta Muhammadsoli degan jo‘ram bo‘lardi. Juda tarbiyali, mehnatkash va sofdil bola edi. Do‘stim maktabga bora boshlaganda unga qiziqib, men ham uning kitoblaridan foydalanib, harf taniganman. Birgalikda yo ularning, yo bizning hovlimizda dars qilardik.

 

Maktabdan keliboq darrov darslarimni qilib, ertangi mashg‘ulotga tayyorgarlik ko‘rardim. Darsxonamizda javonda Kaykovusning Qobusnomasi turardi. Har ko‘zim tushganda qayta-qayta o‘qib qo‘yardim. Endi o‘ylab qarasam, biz o‘g‘il bolalar tarbiyasi uchun muhim bo‘lgan bu kitobni ota-onam bekorga qo‘yib qo‘yishmagan ekan. 8-sinfdan boshlab fizikadan olimpiadaga qatnasha boshlaganman. O‘sha yiliyoq fizika fani bo‘yicha olimpiadaning tuman va viloyat bosqichlaridan o‘tib, respublika bosqichida 3-o‘rinni egalladim. Birinchi marta Novosibirsk shahrida o‘tkazilgan Butunittifoq fizika olimpiadasida faxrli o‘rinni egallab, maqtov qog‘ozi va kitoblar bilan taqdirlanganimda onam judayam sevingan. Albatta, bu yutug‘imda fizika o‘qituvchimiz Umarov Toshtemir domlaning hissasi katta. Darsdan keyin domlam bilan qo‘shimcha shug‘ullanardik, u kishi juda kuchli masala kitoblaridan foydalanishni o‘rgatardi. 9- va 10-sinflarda esa olimpiadaning hamma bosqichlarida birinchi o‘rinni egallab, Leningradda (hozirgi Sankt-Peterburg shahri) bo‘lib o‘tadigan Butunittifoq fizika olimpiadasiga yo‘llanma olganman.

 

Maktabni oltin medal bilan bitirganim uchun imtiyoz bilan Toshkent davlat universitetining fizika fakultetiga o‘qishga qabul qilinganman.

 

 

Yoshlar, oson yo‘lni tanlamang!

 

– Hozirgi yoshlarning ko‘pchiligi (hammasi ham emas) ilm o‘rganishning osonroq yo‘lini qidiradi, biror masala ustida uzoq bosh qotirishmaydi. Ma’ruzani ham doskadan rasmga tushirib olib tayyorlanishadi, internetdan qidirishadi, xullas, mehnat qilishga erinishadi. Eng oqsaydigan tarafi – til bilmaydi, o‘rganishga harakat ham qilmaydi. Esimda, 8-sinfdalik chog‘im Butunittifoq fizika olimpiadasi g‘oliblaridan bo‘lganim uchun meni Moskvadagi fizika-texnika institutining sirtqi fizika-matematika maktabiga qabul qilishgan va har chorakda fizika, matematika va geometriyadan nazorat ishlari jo‘natib turishar edi. Men o‘zbekcha o‘qiganim uchun dastlab rus tilidagi masalalar shartini tushunib olishim qiyin bo‘lgan. Hatto Andijon shahridagi pedagogika institutiga borib, domlalardan yordam so‘raganman. Sekin-asta o‘zim uddasidan chiqadigan bo‘ldim va masala-misollarni to‘g‘ri yechib, daftarlarimni pochta orqali Moskvaga jo‘natadigan bo‘ldim. Ataylab shuning uchun o‘ris tilini o‘rgandim.

 

To‘rt-besh baholar bilan o‘sha sirtqi maktabni bitirganman. Shuning uchun mening fizika va matematika bo‘yicha bilimim tengdoshlarimnikiga qaraganda ancha yuqori bo‘lgan. O‘shanda tushlarimda qushdek uchib yurganimni ko‘rganman. Onamga aytsam, Bu biliming bilan, xudo xohlasa, sen hayotda ham, ilm-fanda ham yuqori pog‘onalarga ko‘tarilasan deb ta’bir qilardi. Ollohga shukur, onalarning farzandi haqidagi orzulari, duolari ijobat bo‘lmay qolmaskan, rahmatli onamning ishonchi, alqashlari menga kuch berib, 1976-yili o‘qishimni Toshkent davlat universiteti fizika fakultetidan Moskva davlat universiteti fizika fakultetiga ko‘chirdim, ya’ni 1976–1980-yillari u yerda o‘qib oliy ma’lumot oldim.

 

Moskvada o‘qib yurganimda doim o‘zimga o‘zim “Seni O‘zbekistonda ota-onang, ukalaring, qarindoshlaring, do‘stlaring kutayapti, ularning sendan umidi katta” deya dalda berib turardim. Bo‘sh vaqtim deyarli bo‘lmagan. Sport bilan shug‘ullanib, yugurar edim, qishda chang‘i uchardim. O‘sha paytda olingan hayotiy dinamika hali ham davom etayapti. Atrofimdagi insonlar, hamqishloqlarim va qarindoshlarimning ishonchini oqlashga harakat qilish menga doim ilhom beradi.

 

 

Oilam

 

– Mening shu darajaga yetishimda ota-onamning tarbiyasi, mehri, ustozlarimning beminnat xizmati va xotinimning o‘rni beqiyos. Chunki xonadonimdagi xotirjamlik, iliqlik ayolim Masturaxon bilan bog‘liq. U judayam sabr-toqatli ayol. Mening borimga ham, yo‘g‘imga ham chidab, qo‘llab, ilm qilishimga sharoit yaratib bermaganida olim bo‘lishim oson emasdi. Chunki arzimagan maosh bilan ijarada yashashning o‘zi bo‘lmaydi. Hatto oylik yetmaganidan Rossiyada vetnamliklardan oyoqkiyim olib sotib kun ko‘rgan paytlarimiz ham bo‘lgan.

 

Ikkita o‘g‘lim bor. Bosh farzandim Behzodjon ham fizikadan yaxshi o‘qirdi, ammo uning o‘smirlik pallasi mening qiyin davrimga to‘g‘ri kelgan, shunda u “Ota, men boshqa sohani tanlay qolay, siz o‘n so‘mlik ish qilib, besh so‘m maosh olasiz, men o‘n so‘mlik ish qildimmi o‘z ulushimni olishim kerak” deb iqtisod yo‘nalishini tanladi. Jahon iqtisodi va diplomatiya universitetida ikki yil o‘qib, Yaponiyaga grant yutdi va o‘sha yerga o‘qishga ketdi. Hozir Yaponiyada yashaydi. Kelinimiz Manatsu bilan shirindan shakar Azizullo va Komila degan nabiralarimizni tarbiyalashayapti. Kelinimiz yapon, ammo o‘zbekka rosa o‘xshaydi, islom dinini qabul qilgan. Bizning qadriyatlarimizni hurmat qiladi, juda aqlli, farosatli ayol. Har yili kelib ketishadi. Farzandlariga uyda o‘zbekcha gapirishadi. Nabiram Azizullo men bilan internet orqali gaplashib turadi. Mening soham bilan bog‘liq savollari bo‘lsa murojaat qiladi, yordam beraman. Ularda beshinchi sinf bolasiyam atom haqida taqdimot tayyorlab topshirarkan.

 

Ikkinchi o‘g‘lim Nusratillo mening sohamda o‘qidi. Institutni bitirib u ham xorijga ishga taklif qilingan.

 

 

Dunyoning qay burchida bo‘lsam ham...

 

Oilamizda pulni muhim deb bilish, pulga ruju qo‘yishdan qaytarilganmiz. Nafs tarbiyasi muhim bo‘lgan. 1994-yili meni Dubnaga taklif qilishgan bo‘lsa, o‘ttiz yildan ziyod o‘sha yerda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayapman. Shuncha payt mobaynida Rossiya fuqaroligini olish xayolimga ham kelgani yo‘q. Bir yilda ikki marta ish safari bilan kelib O‘zFA Yadro fizikasi institutida talabalarim bilan ishlab ketaman.

 

To‘g‘ri, ahvolim yaxshilangach, ota-onam, yaqinlarimga iloji boricha har tomonlama yordamlashishga, e’tibor qaratishga harakat qildim. Biroq baribir ko‘p vaqtimni ular bilan o‘tkaza olmaganim armon bo‘ladi. Biz, yetti o‘g‘il, ota-onam qarib qolganida (otam 91, onam 82 yoshga kirib vafot etgan) bir haftada bir martadan navbat bilan qarashga kelishib olganmiz. Tabiiyki, mening galimda men yetib kelolmasdim, o‘rnimga navbatchilikni ukalarimdan birovi qilib turardi. Lekin bir-ikki oy muddatga kelgan paytimda albatta qilgan progullarimni ishlab berardim. Onamga men bilan gaplashib turishlari uchun telefon olib bergandim. “Bolam, mabodo sen qo‘ng‘iroq qilib qolsang ko‘rmay qolamanmi deb telefonni doim o‘zim bilan olib yuraman” der edi rahmatli.

 

Dunyoning qaysi burchida bo‘lsam ham ota-onamning o‘gitlari, duolari qulog‘imda jaranglab turaveradi. Teran nigohlarini his qilaman. Inson yoshi o‘tavergach shuni anglab yetarkanki, biz qayerda bo‘lmaylik, qaysi kasb egasi bo‘lmaylik, o‘z ilmimiz, o‘z hunarimiz bilan vatan uchun qo‘limizdan kelguncha nimadir qilishimiz, qoldirishimiz kerak ekan.

 

Shahnoza ROFIYEVA tayyorladi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.

“Olimlik va odamlik mezonlari” maqolasi

1 Izoh

Мирзаев

19:02 / 14.02.2024

Juda ajoyib hayot yo'li, Avazbek akani akademik bo'lishlarini yaratgandan tilayman. Maqola muallifiga kattakon rahmat.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19071
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19071
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15765
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi