O‘zlik degan darsga kechikmaylik!


Saqlash
17:02 / 15.02.2024 881 1

Ushbu mulohazalar O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy axborot vositalari universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbek tili haqidagi chiqishlari va unga rossiyalik Yevgeniy Primakovning bildirgan e’tirozidan so‘ng qog‘ozga tushdi.

 

Bugun insoniyat dunyoda yiliga o‘ndan ziyod til yo‘qolib borayotgan, mamlakatlar o‘rtasidagi chegaralar va dunyo xaritasining rangi o‘zgarayotgan, millatlar globallashuvning salbiy jihatlarini (xuddi tanaga quvvat beruvchi malhamdan yuz burib, vujudini toliqtiradigan, tez qaritib ado qiladigan sun’iy shirinlikka o‘ch bolakay singari) o‘zlashtirayotgan murakkab jarayonni boshdan kechirmoqda. O‘zidan, kelajagidan umidi bor xalqlar bu vaziyatda eng avvalo o‘z ona tilini, til orqali milliy ruhini, yuksak ruhiyati tufayli esa mustaqilligini asrab qolish uchun kurashayotir. Ming turli reklamalar, taklif etilayotgan xizmatlar, liboslar, hatto taom turlari shaklida boshqa xalqlarni o‘ziga qaram qilish avjga chiqdi. Urushning bir-biriga o‘q otmasdan turib sodir etiladigan mug‘ombirona tarzi urfga kirdi.

 

Shu asnoda bugungi vaziyatimiz haqida ham ikki og‘iz gap aytib o‘tish zarur.

 

O‘z tilini unutgan, unutayotgan, unutishga moyil, o‘zi mansub tilning ustidan kuladigan kishida hech qanday or-nomus yo‘q, bunday kimsaning hech qanday muqaddas narsasi bo‘lmaydi. Jamoat joylarida, turli yig‘inlarda ruscha, turkcha gapirib, o‘zbekcha savolga ham ataylab ruscha javob qiladigan o‘zbeklarni ham ko‘rib qolamiz. Bundaylar yoshlarimiz orasida ham bor. “Men falon xorij tilini o‘rganyapman, shunga shunchami?” deydiganlar ham topiladi. Ammo aslida unday emas. O‘z tilidan uyaladi ular, o‘rischa yoki turkchi gapirsa aqlli, zamonaviy bo‘lib qoladigandek hisoblashadi o‘zlarini. Bu yoshlarning bu ahvoliga ham kattalar aybdor. Negaki, bolani tili aya-dada, deb chiqqan kundanoq rus, ingliz tilidagi bog‘chalarga, keyinroq rus maktablariga beryapmiz. Bola qaysi tilda gaplashishni o‘rgansa, o‘sha tilga mansub xalqning ruhida ulg‘ayishini hisobga olmayapmiz. Shaxsiy tajribadan ayonki, xorijiy tilni, kompyuter texnologiyalarini, zamonaviy ilmlarni o‘rganishga kech qolmas ekan odam, ammo o‘zbeklik, milliy ma’naviy qalbda jamg‘ariladigan ilm – O‘zlikni o‘z vaqtida o‘zlashtirmasa, keyin juda kech bo‘ladi. Xo‘rozqand chet elniki bo‘lsa, yotib yalashni xush ko‘radigan tabiatli kishilar soni ortib ketyapti. Ana shu kabi odamlar orasida ulg‘ayayotgan yigitchaga “Eng katta orzung nima?” deb savol bersangiz, u ikkilanmay “Grinkard yutib, Amerikaga ketish” deb javob beradi. Butun hayoti ko‘z oldida yastanib turgan o‘smirning orzusi grinkard. Pul topish, ko‘proq topish... shu bilan orzu tugayapti. Katta odam bo‘lish, kimlargadir foydasi tegish, vatanga xonisanillo xizmat qilish degan gaplar bu yigitchaga kulguli tuyulayapti. Bu sekin ta’sir qiluvchi og‘udek asta-sekin, xalqni ichkaridan yemirib boradi.

 

Gapirsa – gap ko‘p!

 

Sherzodxon Qudratxo‘janing o‘zbek tiliga hurmatsizlik qilmaslik lozimligi to‘g‘risidagi chiqishini men bir so‘z bilan ifodaladim: U o‘z haqini talab qildi! O‘zbekiston degan vatanda turib, davlat tili bo‘lgan o‘zbek tiliga bildirilgan sovuq munosabatni ichkuyarlik bilan baholadi u.

 

Sobiq SSSR davrida yozilgan tarixga suyanib, shu kitoblardan iqtibos olib yashayotgan, hanuz nelarnidir qumsayotgan kishilar oddiy xalq maqolini yodga olishi kerak: O‘tgan qishning sovug‘i yo‘q!

 

Bu ibora yodimizga parchalanish arafasida turgan Sho‘ro imperiyasining mazlum o‘lkalarga qilgan oxirgi qatag‘onlarini eslatishi shart. Ruscha bilmagan kishi ishga olinmagan, hatto jamoat transportidan tushirib yuborilish darajasiga yetgan, xalqning neki milliy qadriyati bo‘lsa, toptalgan (janoza, Navro‘z, namoz va hokazo...) bir davrni ko‘rgan kishilar hali keksayib ham ulgurgani yo‘q.

 

Mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy, madaniy aloqalar bardavom va adolatli bo‘lishi lozim. Buning uchun har kim o‘zi tanlagan yo‘li va pozitsiyasiga ega, shunda sobit bo‘lish shart. Hali dunyoning ko‘plab davlatlari xaritadan joy olmagan paytlarda o‘zbek tilida asarlar bitilgani, tarix yozilganini va mustabid davr juda katta oltin merosni yoqib-kuydirib, soxtalashtirib yo‘q qilganini bilish har bir o‘g‘il-qizga ham farz, ham qarzdir.

 

Shu narsalarni bilmay turib esa g‘urur yuksalmaydi, o‘zini hurmat qilish hissi qo‘zg‘olmaydi. Bu narsani ayniqsa, millat ziyolilari, qolaversa bolasini rus maktabiga pul berib bo‘lsa ham joylab qo‘yayotgan kishilar bilishi zarur.

 

O‘z-o‘zidan savollar tug‘iladi: Nega Sherzodxon Qudratxo‘ja domlaning ikki og‘iz gapi ayrim bosqinchilik ruhidagi rus siyosatchilariga malol keladi, nega birgina Shahidlar xiyobonida qatl etilgan 14 yarim mingdan  ziyod (!) o‘zbekning gavhardek farzandlarining tarixi o‘rganilsa, ular xizmat qilgan til himoya qilinsa birovlarga og‘ir keladi?

 

Bu savollarga xalqimizning ziyolilari, bog‘chadagi tarbiyachidan, muallimdan tortib adib-u shoirlarigacha o‘z javobi bo‘lishi zarur. Qachongacha Shayboniy yomon, Mirzo Bobur yaxshi, Qodiriy yaxshi, uni qamatganlar yomon, deb tarixni noqobillik bilan kovlab, o‘zlikning, millatning yaxlitligini xavf ostida saqlash kerak? Buning o‘rniga yakka musht bo‘lib dunyoga – bo‘layotgan turli tahdidlarga javob izlash kerak emasmi?

 

Xulosa shulki, Sherzodxon Qudratxo‘janing ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishini o‘zbekona oriyat bilan qabul qilish, qo‘llab-quvvatlash zarur!

 

Shodmonqul SALOM,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir

1 Izoh

Ahliddin

20:02 / 15.02.2024

Juda to'g'ri

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 279
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17501
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//