Mustabid tuzum davrida suratga olingan “Bobur” seriali saboqlari


Saqlash
09:02 / 19.02.2024 515 0

Bir asar tarixi

 

Mustabid tuzumda oʻz yurti tarixi haqida badiiy asar yozishga bel bogʻlagan shoir, yozuvchi borki ikki oʻt orasida qovurilardi. Bir tomonda haqiqat tigʻi, ikkinchi tomonda “dorning ogʻochi”... “Navoiy” romani Oybekni, “Mirzo Ulugʻbek” dramasi  M.Shayxzodani, Ibn Sino, Beruniy, Forobiy kabi buyuk allomalarga bagʻishlangan “Jayhun ustida bulutlar” kitobi Mirkarim Osimni, “Ulugʻbek xazinasi” romani Odil Yoqubovni mana shu ikki oʻt orasiga tashlagani kabi, Pirimqul Qodirov ham Boburga bagʻishlangan asari  uchun ne savdolarni boshdan oʻtkazmagan, deysiz. Bu asarlar asosida kino yoki telefilm suratga olish esa undan-da ogʻir edi. Oyina.uz navbatdagi “Bir asar tarixi” ruknida “Yulduzli tunlar” romani va u asosda yaratilgan koʻp qismli televizion film tarixiga toʻxtaladi.

 

Roman haqiqatlari

 

“Yulduzli tunlar” tarixiy romani 1972-yilda yozib tugallangan boʻlsa-da, uning nashr etilishiga olti yil toʻsqinlik boʻldi.  Bu haqda muallifning oʻzi asarning mustaqillik yillarida qayta nashri soʻz boshisida shunday yozgan edi: “1979-yilda rahmatli Sharof Rashidovning yordami bilan roman kitob boʻlib chiqdi. 1981- yilda unga Davlat mukofoti ham berilganligi mustabid tuzum zolimlarining qahrini keltirgan boʻlsa kerak. Ular “paxta ishi”, “oʻzbek ishi” degan dahshatli tuhmatlar davrida Amir Temur va Bobur mirzoga qarshi yangi hujumlar uyushtirib, meni ham roman bilan birga loyqa sellar girdobiga tortib tushirishga urinib koʻrdilar”.

 

Asosan “Boburnoma”ga tayangan Pirimqul Qodirov faqat va faqat haqiqatga suyanishga, Bobur shaxsiga mustabid tuzum koʻrsatmalariga koʻra “bosqinchi” shoh niqobini yopishtirmaslikka, shu bilan birga Boburni haddan ortiq ideallashtirmaslikka harakat qildi. Shuning uchun ham bu asar hanuzgacha tarixiy faktlarga boyligi, haqiqat va  badiiy toʻqima muvozanatini saqlaganligi bilan eʼtirof etiladi.

 

“Yulduzli tunlar” nashr etilganidan soʻng asarning shuhrati katta boʻldi. Asar tarixiy biografik roman ixlosmandlari orasida qoʻlma qoʻl oʻqildi. Tarixga haqiqatparvar yozuvchi nigohi ila xolis baho berilgani sababli roman xalqning sevimli asariga aylandi, adabiyotshunos va tarixchilar tomonidan yuksak bahosini oldi. Asarni varaqlasak, 1494-yildan 1530-yillar oraligʻidagi juda katta hajmdagi tarixiy voqelik Pirimqul Qodirovning yuksak badiiy mahorati bilan ifodalangani guvohi boʻlamiz.

 

12 yoshida otasi Umarshayx mirzoning bevaqt oʻlimidan soʻng taxtga oʻtirishga majbur boʻlgan Boburni beklar oʻz tomonlariga ogʻdirishga harakat qilishlari, oʻgay ukasi – oʻzidan ikki yosh kichik Jahongir mirzoni unga qarshi qoʻyishlari, gʻalaba u tomonda boʻlganda uni alqashlariyu, magʻlubiyatga uchrasa xoinlik qilishlari, Shayboniyxon temuriylarning soʻnggi avlodlarini birma bir yoʻq qilishi, Boburning boshiga oltin vaʼda etilishi, Samarqand qamalida  opasi Xonzoda begim oʻzini qurbon qilib, ukasini asrab qolishi voqealari tarixning oʻzi chalkash dramatik voqeliklarga boyligini isbot etadi.

 

Mazkur asar orqali Bobur oʻzbek xalqining chin qahramoni boʻlib boʻy koʻrsatgan edi. Asarni oʻqigan har oʻquvchi qalbini faxr va iftixor hissi qamrab oladi. “Yulduzli tunlar”ning nashri Bobur ijodiga, “Boburnoma”ga  boʻlgan qiziqishni kuchaytirib yuborgan  boʻlsa, “Bobur” serialining  namoyishi bu qiziqish va muhabbatni yuz chandon oshirdi.

 

“Bobur” teleseriali tarixi

 

1990-yilda Oʻzbekiston hali sobiq sovet  mamlakatlari tarkibidan chiqmagan bir paytda “Bobur” televizion koʻp qismli filmining namoyish etilishi juda katta voqea boʻldi. Aslida bu videofilm ustida 1984-yilda ish boshlangan edi. Ammo, ayrim sabablarga koʻra jarayon toʻxtab qoladi. Maqsud Yunusov intervyulardan birida “Bobur” serialining epizodlaridan birini suratga olib, yozuvchi Pirimqul Qodirovga koʻrsatganini, yozuvchi telerejissyorning mehnatlarini qadrlagan holda, oʻzining qimmatli maslahatlarini ham ayamaganini aytib oʻtgan.

 

“Bobur” serialiga qadar xalqqa manzur boʻlgan bir necha televizion filmlar suratga olgan Maqsud Yunusovning ijodiy tajribasi katta edi. Rejissyor “Yulduzli tunlar” romanini inssenirovka qilib, telessenariy yozadi. Respublikaning barcha shahar va viloyat teatrlaridan aktyorlarni tanlaydi. Uzoq muddat tayyorgarlikdan soʻng, oʻsha vaqtda Surxondaryo viloyat teatrida ishlayotgan Muhammadali Abduqunduzovga Bobur rolini ishonib topshiradi.