Qantar og‘gan kun. Tabiat hodisalari haqida bobolar sinovidan oʻtgan prognozlar


Saqlash
10:02 / 22.02.2024 754 1

Qantar og‘sa, qor turmas.

O‘zbek xalq maqoli

1

Ohuning soyasi haqida eshitganingiz bordir?

 

Ko‘z ilg‘amas soniyalarda qora beradi-da, o‘tadi, ketadi.

 

Qish kunlari shunga mengzaydi.

 

Bir tutam, birgina tutam, ammo tunlari...

 

Kechasi bilan u yonboshidan bu yonboshiga ag‘darilaverib zerikkan nabiram tong g‘ira-shirasida dik etib o‘rnidan turadi-da, deraza qaraydi:

 

– Qoyil, Ayoz bobo zo‘r rassom ekan, qor bosgan o‘rmon suvratini chizib ketibdi.

 

Tabiat qiyosi yo‘q musavvir, uy ichidagi harorat va tashqaridagi sovuq havo ikki tarafdan oynaga ta’sir qilib, qalin qor bosgan archazor tasviri hosil bo‘lgan. Nabiram unga sinchiqlab tikilib, bakovul bo‘ri, yasovul tulki, qoqimchi qarg‘a, chaqimchi chumchuq suvratlarini topib oladi.

 

2

– Bu yil dehqon ham, chorvador ham noshukrlik qilmasa bo‘ladi, – deydi suhbatdoshim Oqmamat Xo‘jamov. – Hatto cho‘l hududlarida yerga bir-ikki qor tushdi, kunosha yomg‘ir sevalab turibdi, qurg‘oqchil kelgan yillardan xudoning o‘zi asrasin. Fevralning boshida qishning katta chillasi chiqib, qilichini yalang‘ochlab kichik chilla kiradi, u yigirma kun davom etadi, dalv oyi tugab, hut doxil bo‘lganidan so‘ng ham o‘n besh kun qish bor, ilk bahordagi ahman-dahman, Navro‘z qaroqchi, Ajuz momo ham ko‘p o‘yin ko‘rsatadi. Nasib etsa, bu yil yog‘ingarchilikning kami qolmaydi.

 

Hisobdonlik Oqmamatning qonida bor, otasi Jabbor domla juda hokisor inson edilar. U kishining bir g‘alati odatidan doimo hayron qolardim. Bo‘sh vaqti bo‘lganidan maktab hovlisidagi daraxtlar orasida kuymalanar, kaftini shamol yo‘nalishiga tutib, yerga tuproq to‘plab, orasiga qo‘l tiqib, nimalarnidir o‘zicha hisob-kitob qilar, keyin daraxtlarning tanasiga, yon daftarchasiga belgilar qo‘yardi. Ko‘pincha bu belgilar dumaloq, to‘g‘ri va egri chiziqlardan iborat bo‘lardi.

 

Bir gal belgilar sirini so‘raganimda:

 

– Doira shakli kun issiq, quyoshli kelganini, to‘g‘ri chiziq havo osuda, mo‘tadil bo‘lganini, egri chiziqlar qaysi tomonga egilganiga qarab shamol yo‘nalishini bildiradi, – deb javob bergandi domla.

 

– Buni belgilarsiz ham ko‘rib turibmiz-ku, – e’tiroz bildirdim, shuning nimasi qiziq degan ohangda.

 

– Ammo olti oydan so‘ng shu kunning ob-havosi qanday bo‘lganini bexato eslash qiyin, bular menga tabiat turlanishini hisob-kitob qilish uchun kerak.

 

Darhaqiqat, qish oylarida Jabbor domlaning qachon qor yoki yomg‘ir yog‘ishini, qachon quruq sovuq bilan o‘tishini oldindan aytib berganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman.

 

– Otam rahmatli hisobdon hisobidan adashmaslik uchun sinchi va kuzatuvchan bo‘lishi, kamida bir to‘liq muchal, ya’ni o‘n uch yillik muttasil tajribani umumlashtirib bilishi kerak deyardilar, – suhbatimizni davom ettirdi Oqmamat. – Ilgari qishlog‘imizda hisobdon kishilar ko‘p bo‘lgan, haligacha pomuqlik chorvadorlar “Xo‘jamquli kalning hisobi bo‘yicha” deb bobomni eslab turishadi. Hozir bu borada Soat bobo Vazirov, Sana bobo Eshonqulovga teng keladigani yo‘q. Hisobdonlar yoz bilan qish, bahor bilan kuz oylarining kunlarini olti oy ilgarigisi bilan taqqoslashadi.

 

Ba’zan esa sinchkov, kuzatuvchan kishilarga ob-havo o‘zgarishlarini tabiatning o‘zi aytib berarkan. Masalan, xalq orasida “Oy qo‘tonlasa oyda, Quyosh qo‘tonlasa kunda yog‘ar” degan gap bor. Buni har bir kishi o‘zi tajribada sinab ko‘rishi mumkin ekan. Izg‘irinli, sovuq tunda oy atrofida kattakon yorug‘ doira hosil bo‘lsa oyning, kunduzi quyosh atrofida shunday doira ko‘zga tashlansa, quyoshning qo‘tonlagani bo‘larkan.

 

Tag‘in bir nechta misollar:

 

– Qor-yomg‘ir yog‘ib turganda chumchuqlar tevarak atrofdagi daraxtlar shoxiga tarqalib, quvnoq chirqillay boshlashi tez orada havo ochilib, kun isib ketishidan;

 

– aksincha, bulutli kun chumchuqlar daraxt shoxida to‘da bo‘lib xurpayib, tek tursa-da, birin-ketin hammasi yerga qo‘nib, to‘proq titkilashsa, so‘ngra bir xavfni sezgandek gurra uchib daraxtga qo‘nsa, shu holat bir zayl davom etaversa yoki qishning issiq kunlari chumchuq, ola qarg‘a, mayna kabi qushlar tez-tez ariq yoki ko‘lmak suvlariga cho‘milsa, havo buzilib, yog‘ingarchilik boshlanishidan darak berarkan.

 

Sinchilarga hatto mo‘ridan chiqayotgan tutun ham sir ochar ekan. Qor yog‘ayotgan palla tutun qiyshaymay to‘g‘ri ko‘tarilsa, tez orada qor tinib, havo ochilar, tutun mo‘ridan chiqishi bilan pastga ursa, havo buzilib, qor yoki yomg‘ir yog‘arkan.

 

Tajribali qo‘ychivonlardan biri aytgan gap yodimda qolgan:

 

– Cho‘ponlikdan obro‘ topaman, degan kishi hisob-kitobdan, sinchilikdan xabardor bo‘lishi kerak. Ayni qish chillasi ertalab qo‘tondan chiqarilgan suruv kunchiqarga qarab o‘rlasa, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, xavotirga tushmay, otar izidan boraverish kerak. Agar surumga chiqarilgan suruv kunbotarga yo‘l olsa, ehtiyot bo‘lgan, jonning bir muddatlik huzurini o‘ylamay, qo‘ylarni shamolga qarama-qarshi tomonga og‘dirish lozim, chunki oldinda katta qor yoki yomg‘ir bor, u boshlanib qolsa, shamol oqimida osongina o‘tovga qaytib kelinadi. Qo‘y yerdan bosh ko‘tarmay, shoshilib o‘tlayversa ham, suruvni qo‘ra tomonga burgan afzal, chunki bu yog‘ingarchilikdan darak.

 

3

Sinchilarning hisob-kitobi bo‘yicha o‘lkamizda dekabr oyining beshinchi kuni qish boshlanadi, shundan o‘n besh kun o‘tib, eng qisqa kun va eng uzun kecha – yaldoda katta chilla kiradi. U qirq kun – fevral oyi boshigacha davom etib, o‘rnini yigirma kunga cho‘ziladigan kichik chillaga bo‘shatib beradi.

 

Rivoyat etishlaricha, katta chilla kichigiga o‘rin berarkan:

 

– Men kattaligimni qilib bo‘ldim, endi sen o‘zing bilasan, – deyar ekan.

 

Shunda kichigi savol berarkan:

 

– Xo‘sh-sh, menga nimalarni qoldirdingiz?

 

Kattasining javobi quyidagicha bo‘larkan:

 

– Nortuyaning o‘rkachida qoldi, ukam, olarsan;

 

Er yigitning yuragida qoldi, ukam, olarsan;

 

Bo‘y qizlarning bilagida qoldi, ukam, olarsan...

 

Bu degani “Mening sinovimga shular dosh berdi, senam bir silkitib ko‘r-chi”, degani bo‘larkan. Navqiron kichik chilla akasining topshirig‘ini bajarish uchun qor, ayozli izg‘irin bilan hamlaga o‘tarkan.

 

Kichik chilla dala mehnatkashlari uchun eng og‘ir sinov kunlari sanaladi, tajribali dehqonlar uning qisqa fursatli quyoshli kunlarida ham uyda oyoq cho‘zib o‘tirmay, ariq-zovurlarni tozalab, ichki suv yo‘llarini sozlaydi, texnikani ekish mavsumiga shaylaydi. Bog‘bonlar novda uyg‘onmasidan mevali daraxtlarni butash, shakl berish ishlarini tugatish choralarini ko‘radi. Cho‘pon-cho‘liqlar qo‘ylarni qishlovdan to‘liq va sog‘lom olib chiqish, xususan, qo‘zilatish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun otarga vaqti-vaqti bilan surum beradi.

 

4

Otam aytib bergan ibratli voqealarni haligacha tez-tez eslab turaman, bir gal u kishi shunday hikoya qilgandi:

 

– Oltmish sakkizning kuzagi va qishining boshlanishi kutilganidan ham qurg‘oqchil kelgandi. Chorvadorning ko‘ngli notinch, axir bahorning fayzini qishning yog‘ini belgilab berishi unga qo‘sh panjasining o‘n barmog‘idek ayon. O‘shanda “O‘zbekiston” qorako‘lchilik-naslchilik zavodining markazi Jeynov qishlog‘ida joylashgan, aksariat otarlar esa Pomuq yaylovlarida qishlovni o‘tkazayotgan edi. Xo‘jalik firqa qo‘mitasiga rahbarlik qilardim. Ahvol shu zaylda ketaversa, erta bahorda ham qo‘ylarga qo‘ldan ozuqa berishga to‘g‘ri kelishini o‘ylab tashvishga tushgandik. Xayriyat, fevralning ilk kunlaridan izini uzmay qor yog‘ishni boshladi.

 

Shunday izg‘irinli qor yog‘ayotgan kunlarning birida yaylovdan tashvishli xabar keldi, bir otar qo‘y, cho‘pon-cho‘lig‘i bilan dom-daraksiz ketgan emish. Hamma oyoqqa turdi. Chor tarafga tarqab izladik, natija bermadi, bo‘ronda tumshug‘ingning ostidan uzoqni ko‘rolmaysan. Yarim tun shu otarning o‘toviga to‘plandik.

 

– Endi nima bo‘ladi, qo‘ylar-ku sadqaisar, odamlar muzlab qolmasmikin, – barchamizning tilimiz uchida turgan savolni o‘rtaga tashladi kimdir.

 

Birimiz olib, birimiz qo‘yib, adashgan cho‘pon-cho‘liqlarga salkam aza ochib turganimizda barmoq bukib nimalarnidir hisob-kitob qilib o‘tirgan Sultonyoz Qurbonov bamaylixotir so‘z ochdi, ko‘p singir odam edi rahmatli:

 

– Bunisi ularning o‘ziga bog‘liq, tun yarimigacha tinmay suruvga surum berib, keyin uxlab qolishgan bo‘lsa, ham jin chalmaydi, yerning tafti ilitib, omon qolishlariga yordam beradi.

 

Shunday izg‘irinda-ya? – ishonqiramadik u kishining aytganlariga.

 

– Adashmasam, bu kun fevralning sakkizinchi kuni-ya, – bir-bir yuzimizga qaradi Sultonyoz aka.

 

– Shunday, shunday, – dedik nimaningdir ilinjida.

 

– Nasib etsa, yarim tun qantar og‘adi, qantar oqqandan keyin esa yer bag‘ri isiydi.

 

Darhaqiqat, tong azonlab maydonlashga chiqqan sheriklarimizdan biri shundaygina o‘tovga yaqin joyda suruv hamda cho‘pon-cho‘liqlar g‘uj bo‘lib yotishgani xabarini keltirdi. Shosha-pisha uning iziga tushdik. Borib qarasak, cho‘pon-cho‘liqlar qaltirib turishgan bo‘lsa-da, sog‘-omon, suruv but ekan. Ularni yerning yuzaga urgan ichki harorati muqarrar halokatdan asrab qolgan, qantar oqqan kun edi...

 

5

Nurmamat boboning gap xaltasi ochilsa, turgan-bitgani hikmat, yangidan-yangi ibratli voqealar chiqib kelaveradi:

 

– 1969-yili fevral oyining ilk kunlaridan biri edi, ertalabdan ko‘kni lak-lak qora bulutlar qoplab olganidan sevinchim cheksiz. Maydalangan xashak tig‘iz joylangan telejka tirkalgan traktor kabinasida olis yaylovlardan biriga yo‘l oldik. U paytlar cho‘l tugul, qishloqda ham asfalt yo‘llar yo‘q, qum tepalar ichiga kirib borganing sayin egri-bugri yo‘llar biri ikkinchisini kesib o‘tadi, borayotgan manzilining hadisini olmagan kishi ovora-yu sarson bo‘lib adashishi hech gap emas. Buning ustiga, elakdan elangan undek yog‘a boshlagan qor ko‘p o‘tmay zabtiga olib, uch-to‘rt qadam narini ilg‘ab bo‘lmaydigan darajaga yetdi.

 

“Biroz tezlikni oshirmasangiz, hademay yo‘lni topish amrimahol bo‘lib qoladi, shekilli” – shoshiltiraman traktorchi yigitni. “Eng yuqori tezlikda boryapman, undan ortig‘iga imkonimiz yo‘q”,  deydi u. Xullas, qancha urinmaylik, olg‘a borishga imkon qolmadi, sovuqning zabtidan yerga tushgan qor muzga aylanib borar, hosil bo‘lgan sirpanchiqda traktor baland qirlarga o‘rlab chiqolmas, adashib ketish xavfi ortib borardi. “Bo‘pti, orqaga bur, quyosh qoraymasdan qishloqqa yetib olaylik, ertaga bir gap bo‘lar”, dedim chorasizlikdan.

 

Yo‘lda suruvni bo‘ronga qarshi surishga urinayotgan Rashid cho‘ponga duch keldik. “Nima bo‘ldi, nega suruvni yog‘inga qarshi haydamoqchi bo‘lyapsan”, deb so‘radim undan. “Ertalab yog‘ingarchilik bo‘lmaydigandek ko‘ringandi, o‘tovdan sal uzoqlashib ketibman”, deya gunohkorona ming‘irladi bosh cho‘pon. “Necha yildan buyon qo‘y boqyapsiz?” “Yigirma yilcha bo‘ldi, suruv izidan yurganimga”. “Nahot shuncha yillik tajriba bilan ob-havo o‘zgarib turgan vaqt qo‘ylarni shamol yo‘nalishiga haydamaslik kerakligini bilmasang” – jig‘ibiyronim chiqdi.

 

Cho‘pon, traktorchi, uchovlashib ikki-uch soat tabiiy ofat bilan kurashib, jon azobida suruvni otarga yetkazib keldik. Bu mahal Rashidning yonashik cho‘poni – Jumageldi Vazirov allaqachon qo‘ylarini qo‘tonga qamab, choy ichib o‘tirgan ekan. Cho‘ponlar bilan bir piyola choy ichib, telejkaga ortilgan xashakni tushirib, qishloqqa qaytdik...

 

6

...Fevral oyining yana bir tongi nabiramning shodon qiyqirig‘idan uyg‘onib ketdim:

 

– Bobo, turing, qor yog‘yapti, paxtadek momiq, oppoq qor.

 

Nabiram aytgan oppoq qor allaqachon yer yuzasini qoplagan, kichik chilla o‘z amalini boshlab yuborgandi...

 

Abdunabi ABDIYEV

1 Izoh

To`xtasin

19:02 / 22.02.2024

Maqolning to`liq varianti: "Qantar og`gach qoziq ustida qor turmas"

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19072
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19072
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15768
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi