Oʻzbekistonning “yumshoq kuchi”


Saqlash
10:02 / 23.02.2024 1202 0

2016-yil prezidentlik lavozimiga kelgan Shavkat Mirziyoyevning islohotlari natijasida tarixiy Turkiston mintaqasining qalbidan joy olgan Oʻzbekiston nomi tez-tez tilga olinmoqda. Bu holat ushbu mamlakat oʻzining muazzam taʼsir imkoniyatlarini anglab yetgani va ularni namoyish eta boshlagani bilan izohlanadi. “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi bilan muhim yangilanish jarayonini boshlab bergan Shavkat Mirziyoyev siyosati allaqachon olimlarning tadqiqot mavzusiga aylanib ulgurdi. Oʻzbekiston yetakchisining tashabbuslaridagi oʻrnak olinishi kerak boʻlgan muhim jihatlardan biri “yumshoq kuch” siyosatidir.

 

Konstruktiv va muvozanatli tashqi siyosat olib borayotgan prezidentning murosa-madoraga asoslangan diplomatiyasi 7 yil avval mintaqada mavjud boʻlgan keskin muhitni bartaraf etdi. Oʻzbekiston nafaqat qoʻshni davlatlar bilan barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirdi, balki Turkiya, Ozarboyjon va Vengriya kabi olis qardoshlari bilan ham aloqalarini yuqori darajaga koʻtarishga muvaffaq boʻldi. Qolaversa, Sh. Mirziyoyev maʼmuriyati rivojlangan davlatlar bilan ham namunali aloqalarni yoʻlga qoʻyib, muvozanatli siyosat olib borishga eʼtibor qaratmoqda.

 

Bu jarayonda Oʻzbekiston tomonidan yumshoq kuch elementlaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan siyosatning muvaffaqiyatlari yaqqol koʻzga tashlanadi. Chunki yangicha boshqaruv davrida mamlakat barcha sohalar qatori tarix, madaniyat va turizm yoʻnalishlarida ham jiddiy rivojlanish jarayoniga qadam qoʻydi. Natijada, Oʻzbekiston xalqaro jamoatchilik hurmatiga sazovor, sayyohlar, investorlar va tadqiqotchilar uchun jozibali hamda taʼsirchan mamlakatga aylanishning uddasidan chiqdi.

 

“Yumshoq kuch”ning ahamiyati

 

1980-yillarning oxirida Garvard universiteti professori Jozef Nay tomonidan fanga kiritilgan “yumshoq kuch” tushunchasi biror mamlakatning oʻz siyosiy, iqtisodiy manfaatlarini roʻyobga chiqarish va boshqa mamlakatlarning munosabatiga taʼsir qilish uchun oʻzaro madaniy taʼsir, jozibador qadriyatlar va diplomatik munosabatlardan keng foydalanish qobiliyati sifatida taʼriflangan. Yumshoq kuchning muvaffaqiyatli amaliyotlarini butun dunyoda uchratish mumkin. Markaziy Osiyoda bu boradagi ilk namunali faoliyatlar Oʻzbekistonda olib borilayotganini taʼkidlash lozim. Mamlakatning boy merosi, ortib borayotgan madaniy hamkorliklari, izchil va tinchliksevar tashqi siyosati allaqachon muhim jozibali unsurlarga aylanib ulgurgan. Oʻzbekiston cheksiz madaniy boyliklar, sayyohlik imkoniyatlari, ulkan iqtisodiy salohiyat, mehnatkash aholi, tarixiy shaxslar va strategik joylashuvga ega. Oʻzbekiston rahbariyati xalqaro jamoatchilik nazarida sezilarli yutuqlarga erishdi.

 

Oʻzbekistonning brend shaharlari

 

Har bir zaminida tarix ufurib turgan Oʻzbekistonning qadimiy shaharlari yumshoq kuch elementlarining eng muhimlaridan biri hisoblanadi. Bu shaharlar tarixda ham shoir va yozuvchilar ijodida tez-tez tilga olingan. Hofiz Sheroziyning “Agar koʻnglimni shod etsa oʻshal Sherozlik turk jononi, Qaro xoliga baxsh etgum Samarqand-u, Buxoroni!..” misralari bundan roppa-rosa olti asr oldin yozilgan. Oʻzbekistonda bu kabi sheʼr, qoʻshiq va dostonlarga mavzu boʻlgan oʻnlab dongʻi ketgan shaharlar mavjud. Soʻnggi paytlarda Sh. Mirziyoyevning tashabbuslari bilan bu shaharlar qayta tiklanib, diplomatiya, turizm, taʼlim, festival va kongresslar markaziga aylantirilmoqda. Samarqandda barpo etilgan “Boqiy shahar majmuasi” va qad rostlagan yangi mehmonxonalar fikrimizni tasdiqlaydi. Bugungi Samarqand ham ajoyib oʻtmishga, ham zamon talablarini oʻzida mujassam etgan, yuksak saviyadagi tadbirlarni oʻtkazish uchun barcha zarur sharoit va infratuzilmaga ega noyob shahardir. Oʻzbekiston hukumati tomonidan koʻplab xalqaro sammitlar va davlat tashriflari uchun aynan Samarqand shahrining tanlayotgani ham ana shu oʻzgarishlar samarasidir. Bularning barchasi davlatning yumshoq kuch siyosati bir qismidir.

 

Samarqandning 2023-yilda Jahon sayyohlik poytaxti sifatida tanlangani va UNESCO oʻzining Bosh konferensiyasi sessiyasini 40 yil ichida birinchi marta xorijda, aynan Samarqandda oʻtkazishga qaror qilgani bejiz emas. Ayni paytda Oʻzbekiston Buxoro, Xiva, Qoʻqon, Shahrisabz kabi brend shaharlarini ham xuddi shu yoʻnalishda rivojlantirish orqali oʻzining yumshoq kuchini boyitib bormoqda. Afgʻoniston bilan chegaradagi Termiz shahri ham tarixiy vazifani bajarmoqda. Bu kent Afgʻonistonda taʼlim olish imkoniyatini topa olmagan yigit va qiz talabalar uchun ziyo markaziga aylandi. Bu kabi oʻzgarishlar natijasida yangi Oʻzbekiston tez orada Buyuk Ipak yoʻlining eng yorqin marvaridlarini namoyish etuvchi noyob manzilga aylanishi shubhasiz.

 

Oʻzbekistonning madaniy qadriyatlari

 

Yumshoq kuchni tashkil etuvchi yana bir muhim omil bu madaniyatdir. Mamlakatning tili, adabiyoti, sanʼati, sporti, gastronomiyasi, tabiati va boshqa madaniy unsurlari uning xalqaro doiradagi jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar jarayonida madaniy qadriyatlarni namoyish etuvchi xalqaro festivallar va tadbirlar soni koʻpaygani eʼtiborga molik. Bunday tadbirlar madaniyat va sanʼatni targʻib qilish bilan birga, sayyohlarga oʻzbek sivilizatsiyasi durdonalarini yaqindan kuzatish imkonini ham beradi. Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan xalqaro festivallarda baxshichilik, raqs anʼanalari, hunarmandchilik, gulchilik, gastronomiya, kino, ipakchilik kabi qadriyatlar keng tarannum etilmoqda. Ularning bevosita hukumat ragʻbati va koʻmagida oʻtkazilayotgani esa, Oʻzbekiston yumshoq kuchning madaniy asoslarini rivojlantirishga qatʼiy qaror qilganidan dalolatdir. Prezidentning 2023-yil iyuldagi qarori bilan oʻzbek askiya va milliy qiziqchilik sanʼatini targʻib qilish maqsadida har ikki yilda bir marta oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Tabassum” xalqaro kulgi festivali esa bu yoʻnalishdagi soʻngi muhim yangiliklardan biri boʻldi.

 

Tabassum diplomatiyasi

 

Yangi Oʻzbekistonni obroʻ-eʼtiborini tobora yuksaltirib borayotgan yana bir muhim xususiyatlardan biri bu mamlakatning murosa va yechimga asoslangan tinchliksevar tashqi siyosatidir. Sh.Mirziyoyevning chet elga tashriflari va xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlarida eʼtiborga sazovor boʻlgan jihat u kishining yuzidan aslo arimaydigan tabassumdir. Zero, bir oʻzbek maqolida aytilganidek, “Ochiq yuz – oshdan shirindir”. Xorijiy davlat rahbarlarining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida diplomatik nafosatni eng yuqori darajada aks ettiruvchi kutib olish dasturlari ham eʼtiborga molik. Rasmiy dasturlardan tashqari, Oʻzbekistonning boy qadriyatlarini aks ettiruvchi madaniy chiqishlar barchani hayratga soladi. Xitoy, Fransiya va Qatar yetakchilarining Samarqandga tashriflari chogʻida, shuningdek, Ozarboyjon va Turkiya Prezidentlarining tarixiy Xiva shahrida kutib olinishida namoyish etilgan tantanali madaniy dasturlar namoyishi xalqaro ommaviy axborot vositalari tomonidan havas bilan kuzatilgani rost.

 

Yangi Oʻzbekistonning insonparvarlik diplomatiyasi

 

2023-yil 6-fevral kuni Turkiyaning Qahramonmarash shahrida sodir boʻlgan va 11 viloyatni oʻz taʼsiriga olgan mudhish zilzilalardan soʻng yangi Oʻzbekistonning insonparvarlik diplomatiyasi yaqqol namoyon boʻldi. Zarur resurslar safarbar etilib, oʻzbek qutqaruvchilari Toshkentdan uchib bordi. Xatayning Ovakent mahallasidagi jabrdiydalarga koʻmak koʻrsatilib, yaradorlarni davolash, och qolganlarni toʻydirish, sovuq qotganlarni isitish kabi insonparvarlik va hamjihatlik faoliyatlarini amalga oshirdi.

 

 

Yangi Oʻzbekiston maktablari

 

Prezident Sh.Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan soʻng alohida eʼtibor qaratilib, izchil rivojlanayotgan soha – ilm-fan va taʼlimdir. Oʻtgan yili yangilangan Oʻzbekiston Konstitutsiyasidagi eng muhim oʻzgarishlardan biri ham oʻqituvchilarning kasbiy maqomiga alohida eʼtibor qaratilgani boʻldi. Yangi davrda poydevori qoʻyilgan va tarixda boʻlgani kabi yurtning porloq kelajagini barpo etuvchi iqtidorli oʻquvchilarni tarbiyalashga qaratilgan Prezident maktablari ham bu borada eʼtiborga molik yangilikdir.

 

Oʻzbekiston ilm-fan va taʼlim sohasida erishayotgan yutuqlarini qoʻshni va qardosh davlatlar bilan oʻrtoqlashishni ham eʼtibordan chetda qoldirayotgani yoʻq. 2020-yil Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Tojikistonda maktab qurilib, tojik xalqiga sovgʻa qilingan boʻlsa, 2022-yil Qirgʻizistonda Oʻzbekiston mablagʻlari hisobidan maktab barpo etilgan edi. Shuningdek, ishgʻoldan ozod qilingan Qorabogʻda Oʻzbekiston rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan va 1000 nafarga yaqin oʻquvchi tahsil olishiga moʻljallangan maktabda joriy yil taʼlim jarayoni boshlab yuborildi. Maktabga ham olim, ham davlat arbobi sifatida jahon tarixida muhim oʻrin tutgan buyuk siymo Mirzo Ulugʻbekning nomi berildi. Ushbu taʼlim diplomatiyasi oʻzbek madaniyati va tarixini qadrlaydigan, Uchinchi Renessans davrini tushunadigan va Oʻzbekistonga doʻst boʻlgan ziyolilar va olimlarni tayyorlashga xizmat qiladi.

 

Yuqoridagi maʼlumotlardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston yumshoq kuch siyosatini muvaffaqiyatli va namunali shaklda olib borayotganini taʼkidlash zarur. Umuman olganda, bunday siyosat muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, hamkor davlatlarning qardoshlarimiz bilan yaqinlashish istagi ortib, islohotlar xalqaro miqyosda tan olinadi. Inchunin, yumshoq kuch nuqtayi nazaridan qaraydigan boʻlsak, 2023-yilni yangi Oʻzbekistonning eʼtirof sanasi deb hisoblashimiz mumkin. Zero, Prezident Sh. Mirziyoyevning ketma-ket ikki nufuzli xalqaro tashkilot mukofotlari – Mustaqil davlatlar hamdoʻstligining faxriy nishoni va Turkiy davlatlari tashkilotining “Turk dunyosi Oliy ordeni” bilan taqdirlangani Oʻzbekiston rahbarining 7 yillik muvaffaqiyatli faoliyati natijasidir.

 

Ahmet AKALIN,

Turkiya Televideniye va

radio oliy kengashi (RTÜK)

mutaxassisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19970
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17623
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//